2024-yilda Chig‘atoy ulusi tashkil topganiga 800 yil to‘ldi. Qizig‘i shundaki, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida Jo‘ji ulusining 800 yilligi keng nishonlanmoqda, konferensiyalar o‘tkazilmoqda, kitoblar chiqmoqda. Qozog‘iston tarixida yirik rol o‘ynagan davlat arboblari Alixan Bukeyxanov, Shokan Valixanov, Yermuxan Bekmaxanov, Sanjar Asfandiyarov Jo‘jixon avlodiga borib taqaladi. Bizda esa bu tarixiy voqea nimagadir umuman eslanayotgani yo‘q, afsuski.
Ma’lumki, 1224-yilda Chingizxon o‘z imperiyasini to‘rt qismga bo‘ldi va Movarounnahr, Yettisuv va shimoliy Afg‘onistonning bir qismini Chig‘atoyga ulus qilib berdi. Nimagadir, oxirgi 75 yilda Chig‘atoy ulusiga juda kam ahamiyat berilgan, tarixiy tadqiqotlar yo‘qsil, OAVda va siyosiy tadbirlarda Chig‘atoy ulusi haqida oz gapiriladi. Buning asosiy sababi tarixiy ongimizda va tarixiy tadqiqotlarda Chig‘atoy ulusi haqida yaxlit va tushunarli ma’lumot yetishmasligi yoki Chig‘atoy ulusi haqida noto‘g‘ri va noilmiy ma’lumotlar mavjudligida, nazdimda. Aytib o‘tish joizki, Chig‘atoy ulusi rasman 1224-yildan 1370-yilgacha mavjud bo‘lgan. Mazkur ulus parchalangandan so‘ng Sharqiy Turkistonda esa XVII asrgacha hukmronlik qilganlar. Qizig‘i shundaki, Chig‘atoy ulusi bevosita va bilvosita Amir Temur faoliyati va Temuriylar siyosati, iqtisodi va madaniyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Quyida, qisqacha Chig‘atoy ulusi haqida fikr bildiraman va tariximiz va hozirgi kunimizda bu ulusning ta’siri haqida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tmoqchiman.
Chig‘atoy ulusining tariximizdagi ahamiyati haqida
Mashhur filolog va bloger Eldor Asanov Chig‘atoy ulusi haqida shunday yozadi: “Ko‘plab manbalarda O‘zbekistonda hukmronlik qilgan sulola vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri Chingizxon avlodlari xisoblanadi, ular Chig‘atoy ulusi, Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Mang‘itlar. Bundan kelib chiqadiki, qarib 700 yil mobaynida mo‘g‘ullar O‘zbekistonni boshqargan”. Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yillardan beri ko‘plab postlar qo‘yilmoqda, ayniqsa feysbukda. Masalan, Rustam Iqbol yozmoqda: “Chingizxon bosqinidan so‘ng O‘zbekiston hududining katta qismi Chingizxonning ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy (1183–1242) qo‘l ostida bo‘lgani sababli uzoq muddat bu mulkni Chig‘atoy ulusi deb ataganlar va ular gapirgan tilni keyinchalik chig‘atoy deb atashgan. Usmoniylar, Safaviylar, Qojorlar va boshqa qo‘shni davlatlar ham o‘z tillarini farqlab turish uchun bizning hududimizda ishlatiladigan badiiy tilni “Chig‘atoy tili” yoki “lahjasi” deb nomlaganlar. Sohibqiron davrida 1404-1405-yillar Samarqandda safarda bo‘lgan ispan elchisi Don Ryui Gonzvales de Klavixo ham mahalliy turkiy xalqlarni chig‘atoylar deb atagan. XX asr boshlarida bir guruh o‘zbek ziyolilari, jadid bobolarimiz tuzgan adabiy-badiiy to‘garakni ham behuda “Chig‘atoy gurungi” deb atashmagan. Qo‘shni davlatlarda ham Movarounnahr va Xurosonda qo‘llangan, Alisher Navoiy go‘zal asarlar bitgan turkiy tilni chig‘atoy tili deb atashgan”.
Nimagadir, Chig‘atoy ulusi tarixi bizning ilmiy doiralarda ancha kam tadqiq qilinmoqda. Maxus Chig‘atoy ulusi tarixi mavzusi ustida tarixchilar Gulmira Achilova, Sevinch Ulashova, Sanjar Bekmuradovlar ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Lekin shunga qaramay, Chig‘atoy ulusi tarixiga e’tibor ancha kam.
Chig‘atoy ulusining qisqacha siyosiy tarixi
Chig‘atoy vafotidan so‘ng Mangu qoon va Botuxon Chig‘atoy ulusini mulk sifatida tugatib, uni Tuli va Jo‘ji vorislari o‘rtasida taqsimlashga kelishib olishgan. 1251-yil imperiya poytaxti Qoraqurumda bo‘lib o‘tgan qurultoyda Mangu qoon etib saylangach, chig‘atoy xonzodalarning ko‘pchiligi O‘ktoy qoon avlodlari qatori qatl qilingan. Chig‘atoy ulusini Mangu qoon va Botuxon bo‘lishib olganlar. Movarounnahr Botuxonga qaram bo‘lib qolgan. XIII asrning 60-yillarida Chig‘atoyning 6 farzandi Baydarning o‘g‘li Olg‘u (1261–1965) chig‘atoylar hokimiyatini qayta tiklashga erishadi. Olg‘u vafot etgach, uning vorislari – Muborakshoh va Baroqxon mahalliy aholi bilan yaqinroq munosabatda bo‘lish maqsadida musulmon dinini qabul qilganlar. 1266-yil Chig‘atoy ulusi xoni qarorgohi Yettisuvdan Movarounnahrga – Ohangaronga ko‘chiriladi. Movarounnahr XIV asr boshlariga kelib o‘zini o‘nglay boshladi, jumladan Andijon va Qarshi shaharlariga asos solindi, Kebek davrida pul islohoti o‘tkazildi. U ikki xil kumush tanga: yirik – dinor va mayda – dirhamlarni zarb ettirdi. Dinor 2 misqolga teng, dirham esa misqolning 1/3 ga teng edi. Ayni shu davrda mo‘g‘ullarning turklashishi, o‘troqlashishi va Islomga kirish hollari butun mamlakat bo‘ylab kuzatildi. Baroqxon hukmronligi vaqtida Xaydu ko‘rsatmasiga muvofiq Mas’udbek tomonidan Buxoro qayta tiklanadi. Farg‘ona vodiysida yangi shahar Andijonga asos solinadi. Kebakxon (1318–1326) davrida qarorgoh Qashqadaryoga ko‘chiriladi, qadimiy Nasaf yaqinida Qarshi shahri barpo etiladi. Ulus Erondagi kabi ma’muriy birliklar hamda soliq undiriluvchi tumanlarga (Farg‘ona va Qashqarda – o‘rchin) taqsimlanadi, yagona pul birligi – kebakiyga o‘tiladi. Ammo mo‘g‘ul mulklarini birlashtirish va markazlashtirish maqsadida o‘tkazilgan ma’muriy va moliyaviy islohotlar siyosiy tarqoqlikka barham berishga qodir emas edi. XIV asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusi Movarounnahr va Mo‘g‘ulistonga bo‘linib ketgan. 1370-yil Movarounnahrda Amir Temur saltanatining o‘rnatilishi chig‘atoiylar hokimiyatiga barham berdi.
Chig‘atoy ulusi siyosiy hayotida ayollar o‘rni
Chig‘atoy ulusida, umuman Mo‘g‘ullar Imperiyasida ayollarning o‘rni yuqori bo‘lgan. Asosiy diqqatni tortadigan joyi shuki, turli mo‘g‘ul xalqlari orasida asl avlod vakillari bo‘lgan ayollar jamiyatning siyosat, iqtisodiyot yoki din kabi turli sohalarida faol ishtirok etgan taniqli shaxslar bo‘lganliklarini aks ettiradi. Ushbu hududlarning aksariyatida ayollarning jamiyat uchun ahamiyati regent sifatida namoyon bo‘ladi. Xonning merosxo‘ri nomi bilan siyosiy faoliyat olib borgan. Masalan, ulusning hukmdori sifatida bir ayol O‘rgina Xotun (1251–1260) siyosiy boshqaruvda paydo bo‘ladi. Jamol al-Qarshiy Qora-Xulaguning zavjasi O‘rgina Xotun yosh bo‘lgan o‘g‘li Muborakshoh IV nomidan taxtni boshqargani xususida aytadi hamda uning hukmronligi – 9 yil va bir necha oyga qadar davom etgani haqida ma’lumot beradi. Mirzo Ulug‘bek ham unga quyidagicha ta’rif beradi: “U Qora Halokuxonning xotini edi. Undan Muborakshoh degan bir o‘g‘il qoldi. Eri vafotidan keyin o‘g‘li yosh bo‘lgani uchun uning nomidan saltanat ishlarining mutasaddisi bo‘ldi. U g‘oyatda viqorli, xushxulq xotun edi. Musulmonlarning barcha ishlariga mayl ko‘rguzardi. Musulmonlar mol-u joni rioyati va muhofazasida biror daqiqa ham kechikmasdi”. O‘rgina Xotun o‘n besh yildan ko‘proq vaqt davomida Markaziy Osiyoda faol siyosat olib bordi. Bu vaqt ichida u ulusning oliy hokimiyati sifatida tan olingan, O‘rta Osiyoni ketma-ket to‘qqiz yil davomida yagona hukmdor sifatida tinchlik bilan boshqargan va ikki fuqarolik urushidan muvaffaqiyatli chiqqan boshqaruvchi sifatida tan olindi.
Ko‘p holatlarda mo‘g‘ul hukmdorlari onasining e’tiqodi o‘g‘illarining e’tiqodiga mos kelmasligi tasdiqlangan. Shuningdek, ko‘plab nasroniy bo‘lgan mo‘g‘ul ayollari ba’zan islomiy binolar va musulmon ulamolarning homiysi bo‘lishgan. Masalan, Ibn Batuta ham O‘rta Osiyoga bo‘lgan tashrifida mo‘g‘ul ayollarining qurdirgan xonaqohlari, masjid va madrasalari hamda zoviyalar haqida aytib o‘tadi. Ularni oliyhimmat, hotamtoy deb tasvirlaydi. Hatto bir safar Xorazmda bo‘lganida amirning To‘rabeka nomli zavjasi o‘zi qurdirgan zoviyada ziyofat bergani va turli sovg‘a-salomlarni tuhfa etgani xususida yozib qoldiradi.
Chig‘atoy ulusida migratsiya va geosiyosat
Tarixchi Sevin Ulashova yozishicha, Chingizxon va o‘g‘illari Sharqiy Turkistonni ishg‘ol etgach, Movarounnahr va Xurosondagi ko‘pgina shaharlarning musulmon aholisini sharqqa ko‘chirib, Beshbaliqdan Xonbaliqqa (Pekin) qadar cho‘zilgan shimoliy Xitoy mintaqalariga joylashtirdilar. Shuningdek, Chingizxon vorislari davrida rivoj topgan Turkiston-Xitoy tijorati ham Xuroson va Movarounnahr savdogarlarini bu yerga jalb qildi. Natijada, bu hududda Movarounnahrning shahar va qishloqlari nomi bilan bog‘liq kasabalar, xususan, Pekinga yaqin joyda samardandlik muhojirlarning “Samarqand” nomli kasabasi paydo bo‘ldi. Movarounnahr qo‘lga kiritilgach, mo‘g‘ullar mahalliy aholini, xususan, tojiklarning aksariyatini Sharqiy Turkiston va shimoliy Xitoy hududlariga ko‘chirdi. Natijada, Movarounnahrda forsiyzabon aholi kamayib, turklashish jarayoni kuchaydi.
Xulosa o‘rnida
Chig‘atoy ulusida aslzodalar ko‘pchiligi xristian, moniy yoki buddizm dinlari namoyondalari bo‘lib, diniy va madaniy nuqtai nazardan bag‘rikeng bo‘lishgan. Bu tamoyil hozirgi O‘zbekiston bag‘rikenglik siyosatiga to‘liq javob beradi. Shuningdek, Chig‘atoy ulusida Yevroosiyo bo‘yicha savdo-sotiq rivoj topgan bo‘lib, migratsiya natijasida madaniy almashinuv kuchaydi. Hozirgi kunda ham yurtimiz aholisi faol mehnat migratsiyasini boshidan kechirmoqda. Yana bir muhim tarixiy fakt: aynan Chig‘atoy ulusida Markaziy Osiyoda turklashish jarayoni kuchaydi. Aynan o‘zlik masalasi birinchi o‘ringa chiqdi. Nazarimda, Chig‘atoy ulusi tarixini har tomonlama chuqur o‘rganishimiz lozim. Chunki, mintaqada kechayotgan barcha mafkuraviy, geosiyosiy va iqtisodiy muammolarning tarixiy ildizlarini ochib berishga ko‘maklashadi. Kerak bo‘lsa, Chig‘atoy ulusi tarixi bo‘yicha mintaqaviy konferensiyalar va yubileylar o‘tkazilsa, Markaziy Osiyo yoki yagona Turon g‘oyasi amalga osharmidi…
Baxtiyor ALIMJONOV,
tarix fanlari nomzodi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q