Piter Pen avlodlari – nega odamlar hech kim boʻlishni tanlashmoqda?


Saqlash
12:48 / 15.07.2024 915 0

Umrida Jeyms Barrining mashhur “boqiy bola”si – Piter Pen haqida eshitmagan inson boʻlmasa kerak. Piter hech qachon katta boʻlmasligi, yelkasida hech qanday masʼuliyat yoʻqligi sabab insonda uning oʻrnida boʻlib qolish orzusi uygʻonadi beixtiyor. Qizigʻi shundaki, borib-borib bu orzu-havaslar reallikka aylanadi, deb kim ham oʻylabdi deysiz? 

 

Atrofingizda karyera qilishni istamaydigan, oila qurishdan qoʻrqadigan, farzandli boʻlish haqida xayoliga ham keltirmaydigan insonlar bormi? Bunday insonlar Piter Pen sindromiga chalingan boʻlib, ushbu holat Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan kasallik sifatida qayd etilmagan boʻlsa-da, psixologlarning fikricha, kelajak uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin ekan.

 

 

Ushbu atama ilk bor 1983-yil Den Kili tomonidan qoʻllangan. Den “Piter Pen” spektakli tomoshasidan soʻng “Piter Pen sindromi yoxud ulgʻaymaydigan erkaklar” nomli asar yozib, unda ulgʻayishni umuman xohlamaydigan yoshlar jamoasini tasvirlab beradi. Bunday qatlam hayotda shunchaki hech kim boʻlishni tanlashadi. Butun dunyoda ular NEETlar (not in education,employment or training) deb atalib, ularning asosini 15-24 yoshlilar tashkil qiladi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, Z avlod (1997-2012-yillar)ning har beshdan biri Peter Pen avlodlari boʻlib, hayotdagi va jamiyatdagi har bir narsaga umidsiz qarab, “oʻqib, ishlab, rivojlansak-da hech narsaga erisholmaymiz” gʻoyasi bilan yashovchilardir.

 

Xoʻsh, bu yerda hamma ayb ulardami? Oʻzini izolyatsiyaga olish, hamma narsaga qoʻl siltash shunchaki erinchoqlik va tanballikdanmi? Yoki “Bersang yeyman, ursang oʻlaman” shaxsiyatiga qandaydir tashqi omillarning ham sababi bor deb oʻylaysizmi? Afsuski, bu masala chuqur oʻrganilmagan boʻlib, asosiy sabab –ijtimoiy zoʻriqish va u keltirib chiqaradigan quyidagi bir qator oqibatlar boʻlishi mumkin:

 

 

Begonalashuv – inson jamiyatdan va undagi insonlarga begonalashadi. Masalan, bir vaqtlar juda qadrli maskan boʻlgan ishxonasi va kasbdoshlari ahamiyat kasb etmay boshlaydi. Chunki u oʻz mehnati uchun yetarlicha qadr topmagan, munosib ish haqi olmagan, Yulo Vooglayd taʼrifi bilan aytganda, “oʻz mehnatining mazlumiga aylangan”. Bu esa katta umidsizlikka yoʻl ochib, insonni harakatsiz holgacha keltirgan.

 

Uzoqlashish – bu burchakka tiqilish, hamma narsadan: oiladan, ishdan, doʻstlardan oʻz-oʻzini chetlashtirishdir. Masalan, oiladagi yoki ishda uning oʻrni boʻlmasa, boshliq “bugun falonchi qaror qabul qilindi, erta yigʻilishda bunisini koʻrib chiqamizʼʼ desa, doʻstlar usiz uchrashuv joyini hal qilsa, hech qaysi jihatda uning shaxsiy fikri bilan hisoblashilmasa, kishida uzoqlashish paydo boʻladi. Endi unga karyera, yaqinlar, yaxshi yashash ahamiyatsizday tuyula boshlaydi. Tadqiqotlarga koʻra, maktablar Piter Pen sindromiga olib boruvchi “maʼnaviy zaharlanish oʻchogʻi” ekani aniqlangan. Shu boisdan ham taʼlim maskanida muhit qoniqarsiz boʻlsa, bolaning bir kun “qorni ogʻriydi", ertasi kun “shamollaydiʼʼ. Kichikligidan boʻynidagi masʼuliyatlardan qochishga oʻrgangan bola alaloqibat umrining oxirigacha shu holda qoladi, na oʻzi uchun, na jamiyat uchun hech narsa qilgisi kelmaydi.

 

 

Anomiya – jamiyatda qatʼiy ishlovchi normalarning yoʻqligi oqibatida insonda paydo boʻladigan ijtimoiy zoʻriqish. Bu dunyoni saqlab turuvchi eng oliy kuch adolat ekanini esga olsak, insonda uning borligiga shubha uygʻonsa, qolgan hech narsaga nisbatan ishonchi qolmaydi. Kishi uchun muvaffaqiyatli karyera, baxtli oila, namunali farzandlar tushunchalari oʻz maʼnosini yoʻqotadi.

 

Yulo Vooglaydning yozishicha, anomik zoʻriqish, shuningdek, inson qadriyatlari-yu meʼyorlari bir-biriga zid keluvchi rollarni, masalan, ishxonada zolim ichki ishlar xodimi, uyda esa “mehribon” ota rolini bajarganda ham vujudga kelishi mumkin. Bundan tashqari, inson bir vaqtning oʻzida ikkita lavozimda ishlasa va ularning hech biridan voz kechishni istamasa anomik zoʻriqish vujudga kelishi mumkin. Bu odam psixikasiga salbiy taʼsir koʻrsatib, oxiri bu shaxs hamma masʼuliyatni yelkasidan soqit qila boshlaydi.

 

 

Rollar uygʻunligi va ziddiyati – jamiyatda har bir insonning oʻz rollar jamlanmasi bor. Masalan, uyda turmush oʻrtogʻiga nisbatan rafiqa, farzandiga ona, universitetda talaba. Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, kimdir oʻqituvchi boʻlsagina, boshqa bir inson talaba boʻladi. Agar odamlar rollarini yaxshi ado etmasa, bu albatta, qarama-qarshi rol vakiliga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi. Rollar mexanizmining tartibsizlanishi yoki buzilishi ham Piter Pen avlodlarini yetishtirishi mumkin.

 

Konformizmda inson jamiyatdagi stereotiplar taʼsirida mustaqil boʻlishga jurʼat qilolmaydi yoki koʻpchilik kabi oʻzini tutishni xohlaydi, hamma qatori yurishni istaydi. Karyera qilish yoki qilmaslik, oila qurib uni masʼuliyat bilan boshqarib, goʻzal hayot tarzi yaratish yoki aksi boʻlishi tamoman farqsizday tuyuladi.

 

Indolentlik – kishi oʻzi istagan va davlat tomonidan taʼminlanishi vaʼda qilingan narsalar real hayotda amalga oshishi imkonsiz ekani anglab yetganda paydo boʻladigan zoʻriqish. Bu jarayonda u aslida ishtirok etishni istamayotgan, ammo boshqalar maslahat bergan narsalarni qilmaslikka undaydigan ruhiy hollar paydo boʻla boshlaydi. Masalan, “Yaxshi oʻqisang, katta olim boʻlasan”, yashash uchun yetarlicha pul topasan hayoting farovon boʻladi" kabi soʻzlar uning uchun “puch yongʻoqdekʼʼ tuyuladi. “Vatandoshlik dasturiʼʼ kitobida bu haqida shunday yozilgan: “Yillar davomida yoshlar uchun barcha eshiklar ochiqligi singdirilgan, lekin, aslida, hech kim ularni koʻzi toʻrt boʻlib kutmayotganini aniqlagan universitet bitiruvchilari indolentlikning maʼlum bir bosqichida boʻladilar”.

 

 

Piter Pen sindromining omili sifatida bu kabi ijtimoiy zoʻriqish holatlariga koʻplab misol keltirish mumkin. Ammo yagona yechim Yulo Vooglayd aytganidek, “Imon, ishonch, sevgi”. Sindromga chalinib yakkalangan, hayotni maʼnosizday his qilayotgan shaxs, nazarimda, butun eʼtiborini oʻzini topishga qaratishi lozim. Agar inson oʻziga nisbatan gʻamxoʻrlik, himoya etilayotganini his qilsa, ruhiy tushkunlikdan qutulib, kelajak tomon harakatlana oladi. 

 

Mehrinoza FARMONOVA

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

17:10 / 29.10.2024 0 204
General Jo‘rabekning qotili kim?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 20966
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//