
“Maʼnaviyat festivali” – nafaqat mezbon Qoraqalpoq xalqiga, balki ijodiy jamoa va tashkilotchilarga ham maʼnaviyat, maʼrifat va albatta, madaniy hordiq ulashmoqda
“Maʼnaviyat festivali”ning Qoraqalpogʻistondagi navbatdagi kuni odatdagidan-da sermahsul oʻtdi.
Ijodiy jamoa “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish uchun Kegeyli tumani tomon yoʻl oldi.
Birinchi manzil – tumandagi Yoshlar ishlari agentligi boʻldi. Ilk loyiha – “Milliy birdamlik” doirasida xonandalar mashhur qoʻshiqlari, shoir-shoiralar ajoyib sheʼrlari, teatr aktyori va boshqa ijodkorlar esa bayram tabrigi, tilaklari va mamlakat bilan bogʻliq iliq xotiralari bilan davraga bayramona kayfiyat ulashdi.
Mehmonlar shuningdek, millat tarixi, gʻururi va madaniyati haqida gapirib, eʼtirof etdi.
“...Bir narsani bildimki, bu yurtdagi har bir inson qahramon ekan”, deya gap boshladi birinchilardan soʻzga chiqqan falsafa fanlari doktori, shoira Shahlo Ahrorova.
Tadbirda tomoshabinlar shoʻx qoʻshiqlarga raqsga tushib, fidokorona yordam bergan tashkilotlar tuman hokimi tomonidan esdalik sovgʻa va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
“Maʼrifat soati” Xalqobod MFYdagi kutubxonada boʻlib oʻtdi. Ushbu manzilda avvaliga Qoraqalpoq xalqining boy madaniyatini aks ettirgan qoʻl ishlari koʻrgazmasi bilan tanishildi. Keyin esa minglab adabiyotlar joy olgan kutubxonada sheʼrxonlik va samimiy suhbat boʻlib oʻtdi.
Binoning turli tadbirlar uchun moʻljallangan faye qismida esa xonandalar mehmon va tomoshabinlarni oʻz diltortat xonishlari bilan kutib oldi.
Ijodiy jamoa tadbirlardan ortib, ziyorat va Qoraqalpoqning boy tarixini oʻrganish uchun Ishanqalʼa obidasiga bordi. Ushbu yodgorlik bilan Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Halila Dauletnazarov tanishtirdi.
Ishanqalʼa bir vaqtlar masjid, madrasa, kutubxona, talabalar yotoqxonasi va karvonsaroy vazifasini oʻtagan. Bugungi kunda ushbu manzil hech qanday restovratsiyasiz, asl holida saqlanib turibdi.
Festival yakuni doimgidek, gala-konsert bilan nihoyasiga yetdi. Tomoshabinlar qoʻshiqlarni birga xirgoyi qilib, raqsga tushdi. Bir soʻz bilan aytganda, “Maʼnaviyat festivali” aholining koʻnglini koʻtarish va maʼnaviyat ulashish hamda madaniy hordiq chiqarish maqsadini aʼlo darajada uddaladi.
“Maʼnaviyat festivali”ning Namanganning eng chekka hududlarigacha tashrifi
Namanganning eng chekka hududlaridan biri hisoblanuvchi, qoʻshni respublikadan 500 metrlik masofa ajratib turuvchi “Hazratishoh” qishlogʻi ahli uchun bugun oʻzgacha kechdi.
Boisi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati a’zolari qishloq ahli bilan uchrashuvga kelib, samimiy suhbat qurishdi. Ular tomonidan oʻqilgan sheʼrlar, ijro etilgan qoʻshiqlar yosh-u qariga birdek yuqori kayfiyat ulashdi.
Chortoq tumanida oʻtkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali”ning navbatdagi manzili esa Madaniyat markazi boʻldi. “Uch avlod uchrashuvi” loyihasida Sotsiologiya fanlari doktori Mavluda Gʻafforova, shoir Ahtamqul Karim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Madina Toʻxtayeva, Mehriddin Rahmatov, Toshpoʻlat Matkarimovlar tuman ahli bilan milliy oʻzlik, oilaviy qadriyatlar haqida suhbatlashdi.
Shuningdek, targ‘ibotchilar guruhi “Ma’naviyat festivali”ning “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida To‘raqo‘rg‘on tumani “Axsikent” tarixiy obidasi hamda “Yakkatom” mahallasida qad rostlayotgan “Yangi Axsi” majmuasini ziyorat qilishdi.
“Maʼnaviyat festivali”da qatnashayotgan bir guruh olimlar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari festivalning “Ma’rifatli oila” loyihasi doirasida Namangan tumanining “Sho‘rqo‘rg‘on” mahallasida yashovchi To‘xtaxon Rahimova xonadonida ham bo‘lishdi. Targʻibotchilarning mezbon bilan suhbati yakunida ayaga salomatlik tilanib, hadyalar berildi va esdalikka suratga tushildi.
Namangan viloyatidagi “Nanay” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida esa unutilmas uchrashuv oʻtkazildi. Oromgohda bugun 450 nafar bola dam olishmoqda. “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati a’zolari ularning kunlik dasturi bilan tanishib, qanday kitob oʻqishyotgani, qaysi milliy oʻyinlarni oʻynayotganlari bilan qiziqdi.
“Bolalar bilan gaplashib, ularning oʻqiyotgan kitoblarining harbiy, texnika sohasi va sheʼriyatga qiziqishlarini payqadim. Oromgohlar dasturini tuzishda biz xalq oʻyinlarini ham kiritishni taklif bergandik. Bugun bolalar bilan gaplashib, ular 17 ta xalq oʻyinlarini oʻynashyotganini aytishganida juda xursand boʻldim”, deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Moʻminova.
Festival Namangan viloyatida davom etmoqda va “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati a’zolari yana minglab yurtdoshlarimiz qalbiga ziyo ulashgani Norin va Uchqoʻrgʻon tumanlariga yoʻlga chiqdi.
Har ikkala tumanda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati a’zolari uch avlod vakillari bilan uchrashishdi.
Katta avlod vakillarining sohada erishgan yutuqlari, fikrlari tinglandi. Tadbirlar soʻnggida sanʼatkorlar tomonidan qoʻshiqlar ijro etildi.
Yangi Namangan tumanida esa xususiy korxonada “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishchi-xodimlar bilan muloqot o‘tkazdi.
Har bir o‘zbekistonlik, avvalo, o‘z yurtini yaqindan bilishi lozim
Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyatiga ham “Ma’naviyat festivali” doirasida bir guruh ijodkorlar, xususan, shoirlar, ziyolilar, san’at sohasi vakillari tashrif buyurishgan.
Festival doirasida tashkil etilgan tadbirlardan birida taniqli aktyor Hamid Toshpo‘latov inson avvalo o‘z yurtini yaqindan bilishi, uning tarixi bilan tanishishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Ko‘pchiligimiz xorijga safarga chiqishni orzu qilamiz. Borsak, rasmlarga tushsak, instagramga joylasak va layk yig‘sak...
O‘zbekistonni-chi?! O‘z yurtimizda sayohat qilish, uni boricha bilish, chet elliklar havas qiladigan tabiatini ko‘z-ko‘z qilsak-chi? Biz birlashsak O‘zbekiston nomi Shvetsariyadan oldin yangramaydimi? Men bugun yurtimizning o‘zim ko‘rmagan, bormagan joylari bilan tanishdim. Tandir go‘sht ta’mini ishonsangiz biror mangal go‘shtlardan topolmaysizlar. Kitob-u Dehqonobod havosi, tabiati manzarasi-chi?
Umuman men xorijga chiqmanglar, havas qilmanglar demoqchi emasman. Ammo, avvalo yurtimizning tarixi va bugunini bilishimiz kerak deb o‘ylayman”, deydi aktyor.
Viloyatda turli tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Xususan, “Uch avlod uchrashuvi” viloyatning deyarli barcha tumanlarida tashkil etildi. Unda keksalar o‘zlarining hayot tajribalarini aytib berishgan bo‘lsa, yosh avlod tomonidan turli qiziqarli o‘yinlar tashkil etildi.
“Ajdodlarga ehtirom” loyihasi doirasida esa Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy ziyoratgohiga tashrif buyurib, o‘tganlar haqqiga duolar qilindi.
Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi Miraki sanatoriysida tashkil etilgan tadbirda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari shoir Bobur Bobomurod, aktyor Hamid Toshpo‘latov, xonandalar Saidakbar Xolmatov, Baxrom Usmonov va Sardor Bekmurodovlar ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashishdi.
Muborak, Shahrisabz, Qamashi kabi tumanlarda gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Ularning har birida mingga yaqin aholi ishtirok etdi.
Tarix
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Falsafa
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q