“Tay ag‘a”ning  “tog‘a”ga aylanishi – etimologiya


Saqlash
23:47 / 12.07.2024 987 0

Bilasizmi, o‘zbek tilida qarindoshlikni bildiruvchi so‘zlarning ko‘pligi so‘zlovchi uchun ancha qulaylik tug‘diradi. Deylik, birgina “tog‘a” deyish bilan gap onaning aka/ukasi yo ona tomondan erkak qarindosh haqida ekanligi anglashiladi. Ota qarindoshlarni esa “amaki” deymiz. Ingliz, fransuz, rus va hokazo tillarda bu qulaylik yo‘q, ya’ni ularda “tog‘a” va “amaki” bir so‘z bilan ifodalanadi (ingliz: “uncle”; fransuz: “oncle”; rus: “дядя”).

 

Manbalarga tayanib aytish mumkinki, ilgari turkiy tillarda bunday so‘zlar yana ham ko‘proq bo‘lgan. Lekin, afsuski, ularning aksari boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar evaziga unutilgan. Deylik, “amaki” ham yarim arabiy, yarim forsiy so‘z (am+ak+i), bugun biz ota qarindoshlarni: “amaki aka”, “amaki uka”, “amaki buva”... deymiz. Ammo “amaki” hali ham shevalarga butunlay singib ulgurmagan, aytaylik, hozir ham shevalarda otaning aka-ukasi yoki amakilarga “aka” deb murojaat etiladi.

 

Xo‘sh, “amaki” tilimizga o‘zlashmasdan oldin shu ma’nodagi boshqa bir turkiy so‘z bo‘lganmi?

 

Ha, bo‘lgan. Qadimgi turkiyda “ab”, “aba” so‘zlari – “ota”, “bobo” ma’nolarini bildirgan. Aytaylik, tug‘ishgan aka, ukaga nisbatan “aka”, “uka”, “og‘a”, “ini” deyilsa, ba’zi turkiy lahjalarda ularning oldiga “ab” so‘zini qo‘shib: “abag‘a” (ab og‘a), “abaka” (ab aka), “avaqa” kabi so‘zlar yasalgan. Ya’ni, bu so‘zlar aynan otaning aka-ukalari, ota tomondan erkak qarindoshlarga nisbatan ishlatilib, bugungi “amaki” ma’nosini bildirgan.

 

Ona qarindoshlarni atash uchun esa maxsus “tay” old qo‘shimchasidan foydalanilgan. Deylik, “tay og‘a” – tog‘a, “tay ota” – ona tomondan bobo, “tay ona” – ona tomondan buvi, “tay äjä” – onaning opasi yo singlisi, xola va hokazo. Qirg‘iz tilida hozir ham “xola, ya’ni onaning opasi yo singlisi” ma’nosidagi “taeje” so‘zi saqlangan. “O‘zbek xalq shevalari” kitobida keltirilishicha, Namangan hududida yaqin yillargacha ham “ona qarindosh” ma’nosida “tay” so‘zi va shu so‘z ishtirokidagi “tay ɔtǝ”, “tay ɔnǝ” kabi so‘zlar qo‘llanilgan (O‘XShL. T. 1971. 355-bet). “Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida turli turkiy tillardagi: “tayaba” (xakas: “ona tomondan bobo”), tayne (oltoy: “tay ona”), “dayka” (gagauz: “day aka”), “täinäk” (shor: “ona tomondan buvi”) kabi so‘zlar keltiriladi (ЭСТЯ. III. 128).

 

Mutaxassislarga ko‘ra, qadimgi turkiy yoki prototurk tilida “tay” (“day”) so‘zi – “ona” ma’nosini anglatgan bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, “tog‘a” ham “tay” va “og‘a” so‘zlarini qo‘shish yo‘li bilan yasalgan deb qaraladi. “O‘zbek tilining etimologik lug‘ati” muallifi Shavkat Rahmatullayev bu evrilishni shunday ko‘rsatadi: tay + ag‘a = tayag‘a > ta:g‘a > tâg‘ä (O‘TEL. I. 352).

 

“Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘z: “tag‘ay” (تَغاىْ) shaklida keltiriladi. (Ammo “Devon”ning o‘zbekcha nashrida uning “amaki” deb izohlanishi, bizningcha, to‘g‘ri emas, Basim Atalayning turkcha nashrida esa – “dayi”, ya’ni “tog‘a” deb to‘g‘ri o‘girilgan (DLT. III. 256; DLT. III. 238).

 

“Devon”da “tag‘ay” shaklining keltirilishi uning birlamchi ko‘rinishi “tag‘ay” bo‘lganmi yoki “tay”mi? degan savol tug‘diradi. Agar olmon turkshunosi Gerhard Dorfer mulohazalariga tayanilsa, “tag‘ay” birlamchi bo‘lishi ham mumkin (tag‘ay > ta:ay > tay).

 

Biz “tag‘ay” shaklini turkshunoslikka oid yana bir muhim manbada uchratdik. Bu manba XIII-XIV asrlarda yevropalik missionerlar tomonidan kumonlar, ya’ni Qirim yarimorolida yashagan turkiy xalqlar, asosan qipchoqlar o‘rtasida nasroniylikni joriy etish maqsadida tuzilgan lug‘at – “Kodeks kumanikus”dir. Unda ushbu maqolada mushohada etilayotgan ikki so‘z: “abag‘a” hamda “tag‘ay” so‘zlari uchraydi. “Kodeks”da “abag‘a”– “abaga” shaklida keltirilgan va lotinchada “auunculuc”, ya’ni: “amaki” deb, “tag‘ay” (“tagay”) esa “consanguineus”, ya’ni “qondosh” deb izohlangan. Bu ikki so‘zning mazkur lug‘atda keltirilishi XII-XIII asrlarda “abag‘a” va “tag‘ay” qipchoq turkchasida faol bo‘lgani va keng tarqalganini ko‘rsatadi.

 

Shu o‘rinda yana bir muhim manba xususida to‘xtalib o‘tish joiz. Ma’lumki, XIII asrdan Misrda kelib chiqishi qipchoq turklaridan bo‘lgan mamluklar hukmronligi boshlanadi va bir necha asr davom etadi. O‘sha davrda turk tilini arablarga o‘rgatish yoki turk tilli hukmdorlarning arab yerlaridagi hukmronligi uchun qo‘laylik yaratish maqsadida bir necha turkcha-arabcha lug‘atlar yaratilgan. Shunday lug‘atlardan biri XIV asrda Jamoliddin at-Turkiy tomonidan bitilgan “Kitabu bulg‘atul-mushtaq fiy lug‘atit-turki val-qifchaq” (“Turk va qipchoq tillarini o‘rganishni istovchilar uchun yetarli darajada bo‘lgan qo‘llanma”) asaridir. Mazkur lug‘atda ham “tay” (“طاى”) va “tay yeze” (“طاى ازا”) so‘zlari keltirilgan va “tay” – “ona tomondan qarindosh” deb, “tay yeze” (tayeje) – “xola” deb izohlangan.

 

“Tay”, “tag‘ay” so‘zlari faqat qipchoq va qarluq lahjalari emas, balki o‘g‘uz turkchasida ham keng tarqalgan. Faqat u o‘g‘uzlarda, jumladan Xorazm shevasida ham, “tay” emas, “day”, ya’ni “d”lashgan shaklda, “tog‘a” esa – “da:yi” deb talaffuz etiladi. Ma’lumki, qorluq va qipchoq shevalaridagi “t” tovushi o‘g‘uz shevalarida ko‘pincha “d”ga aylanib, “g‘” tovushi ba’zan talaffuz qilinmaydi. Shu qoidaga ko‘ra, “dayi” so‘zining kelib chiqishini mutaxassislar shunday tushuntiradi: dastlab “tag‘ay” so‘ziga uchinchi shaxs egalik qo‘shimcha “i” qo‘shilib “tag‘ayi” (“tog‘asi”) hosil bo‘lgan, o‘g‘uz shevalarida “t” tovushi “d”lashib, “g‘”ning tushib qolishi natijasida “da:yi” shakliga kelgan. “ Этимологический словарь тюркских языков” lug‘atida “day” o‘zagidan yasalgan qator so‘zlar keltiriladi: “да:йы” – “tog‘a”, “дайка” (дай+ака) – “tog‘a”, “дайза” (дай+эжа) – “xola”, diyaza, diyeze, deyze, dēze – bularning hammasi “xola” ma’nosida (ЭСТЯ. III. 127).

 

O‘g‘uzcha “dayi” keyinchalik fors tiliga ham “doyi” (دايی) shaklida o‘zlashgan va hozirgi kunda Eronda “doyi” deganda “tog‘a” tushuniladi.

 

Abduvohid HAYIT

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23939
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//