
Qoraqalpog‘istonda “Ma’naviyat festivali”ning ikkinchi kunida nimalar bo‘ldi?
Festivalning navbatdagi kuni “Ma’naviyat kubogi”dan boshlandi. Ijodiy jamoa Qorao‘zak tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tgan sport musobaqalarida qatnashdi.
Istiqbolli sportchilar shaxmat, stol tennisi, futbol va boshqa sport turlari bo‘yicha bellashdi. Ijodiy guruh vakillari o‘quvchilarning kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyatiga tilakdosh bo‘ldi.
Maktab mas’ullari o‘quvchilarning darslardan tashqari foydali vaqt o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan xonalar, xususan, o‘zbek va qoraqalpoq tilidagi adabiyotlar jamlanmasi bo‘lgan sinf va kibersport uchun kompyuterlar bilan jihozlangan sinf xonalari bilan tanishtirdi. Ma’lumot berishlaricha, bu xonalarda dasturchilar va kibersportsmenlarini yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu maktab Qoraqalpog‘iston hududida so‘nggi 7 yillikda qurilgan ta’lim maskanlaridan biri bo‘lib, undagi zamonaviy inter’yer, jihozlar va boshqa imkoniyatlar mehmonlarning ham e’tiborini tortmay qolmadi. Bahodir Mirmaqsudov Kibersport va dasturchilik uchun mo‘ljallangan sinf xonasi bilan tanisharkan, ajoyib taklif bildirdi: Tariximiz, milliyligimiz, kerak bo‘lsa, matematika bilan ham bog‘liq savollar chiqib, to‘g‘ri topganlarga o‘sib boruvchi pul mukofoti, oxirgi bosqichda esa avtomobil sovrini beradigan dastur [o‘yin] bo‘lsa, yoshlar bunga qiziqib ham o‘qib, izlanadi. Kerak bo‘lsa, ota-onasi, yaqinlari bilan kitob varaqlay boshlaydi. Shu tariqa zarur ma’lumotlarni o‘zlashtirib boraveradi. O‘zbekiston uchun shunday dastur yaratilishi – bugungi kunda o‘yin shinavandasi bo‘lgan bolalarning ilmiy salohiyatini ham oshirishda foydali bo‘ladi, deydi aktyor.
“Inson qadri” loyihasida esa bir necha o‘quvchiga o‘quv-qurollari jamlanmasidan iborat sovg‘alar topshirildi. Ushbu loyihadan aholi orasida insoniylik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib qilish, shu orqali sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Navbatdagi manzil – O‘zbekiston qahramoni Gʻayratdin Xojaniyozovning xonadoni bo‘ldi. “Ma’naviyat festivali”ning Qoraqalpog‘iston respublikasidagi ijodiy jamoasini xonadon egalari va mahalliy yoshlar ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi.
Iliq xotiralarga boy uchrashuvda Gʻayratdin Xojaniyozovning mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasi alohida e’tirof etildi. San’at vakillari va ijodkorlardan iborat ijodiy jamoa suhbatdan so‘ng yoshlarga o‘z tilaklarini bildirib, marhumning yaqinlariga maxsus sovg‘alarini topshirdi.
Bugungi kunda marhumning bolaligi o‘tgan xonadon joylayshgan ko‘cha Gʻayratdin Xojaniyozov nomi bilan ataladi.
Mamlakat aholisining kayfiyatini ko‘tarish, jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash va har bir fuqaroda yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishni maqsad qilgan “Ma’naviyat festivali”ning ikkinchi kuni shunday o‘tdi. Kechki vaqtda uyushtirilgan gala-konsert qoraqalpoq aholisiga chinakam bayram kayfiyatini hadya etdi.
Mashrab yurtidagi ezgu ishlar davom etadi
Yurtga Boborahim Mashrab kabi daholarni bergan Namangan ahli azaldan sanʼatning, adabiyotning, maʼrifatning shaydosi. Shuning uchun ham bugun namanganliklarning koʻzlarida har doimgidan ham oʻzgacha ishtiyoq, quvonch bor. “Maʼnaviyat festivali” sabab bugun ular sevgan, kutgan shoir-yozuvchilar, xonanda, sanʼatkorlar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, jonli ijroda qoʻshiqlar tinglashdi.
Festivalning ikkinchi kunida “Kosonsoy”, “Toʻraqoʻrgʻon” va “Uychi” tumanlarida oʻnlab loyihalar oʻtkazildi.
Uychi tumanida “Maʼnaviyat festivali” koʻtarinki ruhda boshlandi. Tumanning “Hurriyat” hamda “Gulzor” mahallalarida “Uch avlod uchrashuvi” loyihasi boʻlib oʻtdi. Unda oʻz sohasida yuqori natijaga erishgan faxriylar o‘zlarining hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi haqida yoshlarga soʻzlab berishdi. Loyiha davomida avlodlar oʻrtasida shaxmat musobaqasi va milliy liboslar koʻrgazmasi oʻtkazildi, maʼrifat targʻibotchilari tomonidan sheʼrlar, kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.
Shuningdek, tumanda “Maʼrifatli oila”, “Maʼrifat soati”, “Inson qadri” loyihalari ham oʻtkazilib, xonadonlarga tashrif buyurildi, sovgʻalar ulashildi, tuman aholisiga koʻtarinki kayfiyat tuhfa etildi.
“Butun umr oʻqituvchilik qildim, kasbimga umrimni bagʻishladim. Bundan afsuslanmayman, chunki bugun taʼlim bergan oʻquvchilarim yurtimizga naf beruvchi insonlarga aylanishdi. Yurtimizda inson qadri oshib borayotgani meni xursand qiladi”, deydi 40 yil maktabda oʻqituvchilik qilgan Dedexon ota Niyazev.
Kosonsoy tumanida esa festival “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari va tuman sanatoriyasidagi nuroniylar uchrashuvidan boshlandi. “Sohil” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida esa bolalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. “Inson qadri” loyihasi doirasida tumandagi “Alisher Navoiy” mahallasida yashovchi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olindi.
Xonadon egalari “Ma’rifat” targʻibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov, Jamiyat a’zolari, sotsiologiya fanlari doktori Mavluda G‘afforova va professor Salohiddin Azizboyevlarning yoʻqlovidan koʻngillari togʻ qadar oʻsganini taʼkidlashdi.
Shuningdek, Kosonsoy milliy madaniyat markazida “Kinokarvon” loyihasi doirasida “Vatan ostonasi” filmi namoyish etildi.
Toʻraqoʻrgʻon tumanida ham “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” tadbirlari yanada mazmunli boʻlib oʻtdi.
Targ‘ibot guruh a’zolari “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inining “Ziyo” ko‘chasida yashovchi ibratli oilalar – Hamidullo Umarov, Salimaxon Nizomova, Shokirjon Bannoyev xonadonlarida uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Loyihada ishtirok etayotgan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati mas’ul xodimi Naimjon Niyazov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi To‘lqin Eshbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Muhabbat Abdullayeva, Toshpo‘lat Matkarimovlarning har bir chiqishlarini tuman ahli mamnuniyat bilan qarshi olishdi.
Har uchchala tumanda kechki vaqtda oʻtkazilgan “Vatan madhi” nomli konsert dasturlari namanganliklar uchun goʻzal tuhfa boʻldi.
Bir kunda 7 mingga yaqin aholi qamrab olindi
Qashqadaryoda “Ma’naviyat festivali” davom etmoqda. Festivalning ikkinchi kuni Kitob, Dehqonobod va Kasbi tumanlarida davom etdi. Tadbirlar “Ajdodlarga ehtirom” loyihasi bilan start oldi. Xususan, Kasbi tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar, avvalo, Begali Qosimov uy-muzeyida bo‘lishdi hamda mahalla ahli bilan uchrashib, ulug‘larning holidan xabar olishdi. Shundan so‘ng tumandagi “Obod mahalla markazi” bilan tanishishdi. Ushbu maskanning diqqatga sazovor jihati shundaki, unda 3 ta mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan, atrofida ko‘ngilochar joylar, shu bilan birga maktab va bog‘cha bor. Shu sababli ham ushbu tadbirda 1 yarim mingga yaqin aholi qatnashdi. Unda shoir Eshqobil Shukur uch avlod uchrashuviga to‘xtalib, ma’naviyat va ma’rifatning nega zarur ekanligi haqida fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
“Yaqinda yurtimizdagi OAVdan birida bir tajriba o‘tkazildi: ekranning bir tarafiga o‘zbek olimlarining kashfiyoti, bir tomoniga bozorda ikki xotinning soch yulishgani haqidagi xabar qo‘yildi. Olimlar kashfiyoti 5 ming marta ko‘rilgan bir chog‘da bozordagi tortishuv 2 million 500 ming marta ko‘rilibdi. Aynan shu tajribaning o‘ziyoq ma’rifat masalasi naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi”, deydi shoir.
Kitob tumanida ham xuddi shu kabi tadbir tashkil etildi. Unda poytaxtdan tashrif buyurgan ijodkorlar tumandagi mashhur Chinor atrofida otaxon va onaxonlar ishtirokida tarixni yodga olishdi.
Qayd etilishicha, ushbu chinor ichiga 80 kishini sig‘dirgan. Bir necha asr avval undan maktab o‘rnida foydalanishgan. Hozirda esa u turistlar diqqat markazida. Kitob tumaniga tashrif buyurgan ijodkorlar ishtirokida sportchi yoshlar bilan “Sport mening do‘stimsan” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.
Mahalladagi 45-maktabning sport zalida barcha sharoitlar mavjud. Bu yerda Ulug‘bek Jalolov sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha 300 nafardan ortiq yoshlarga murabbiylik qilib kelmoqda. Ayni vaqtda mahalla yoshlaridan tashqari qo‘shni Sariosiyo, Xo‘jailmkoni, Oqsuv, To‘pchoq, Saroy, Iskana mahallasi yoshlari ham mashg‘ulotlarga birdek qatnashib kelmoqda. Uchrashuv so‘nggida katta yutuqlarga erishgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar aql charxini yaxshi ko‘rishlari hech kimga sir emas. Kitobda ular ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi. Unda san’atkorlar bilan bir qatorda tuman aholisi ham faol qatnashdi.
Dehqonobod tumanida ham tadbirlar o‘ziga xos tarzda o‘tdi. “Inson qadri” loyihasi doirasida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari “Zavqiy” mahallasida istiqomat qiluvchi 102 yoshli Fayzulla bobo hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olishdi.
Shuningdek, uchta tumanda ham tadbirlar gala-konsertlar bilan yakunlandi. Har bir hududda 2 mingga yaqin aholi unda ishtirok etdi.
Tarix
Tarix
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q