Davlatimiz rahbari ma’naviyat, tarbiya masalasiga jiddiy e’tibor qaratib, bu mavzuda o‘tkazilgan alohida kengaytirilgan videoselektorda qator muammolarni ochib tashlaganiga hademay bir yil bo‘ladi. O‘sha kuni oramizda “ma’naviyat o‘zi kerakmi-yo‘qmi”, deydiganlarning borligi afsus ila ta’kidlandi. Vaholanki, buni tilga chiqarmasak-da, aksariyatimiz uzoq yillar ma’naviyat masalasiga sustkashlik qilib kelganimiz shunday deyish bilan barobar edi.
Ko‘plab mahalla raislari, hatto tuman hokimigacha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga eng keyingi darajadagi masala sifatida qaragan paytlar ham bo‘ldi. Shu kabi beparvolik, bepisandlik oqibatida gazak olgan og‘riq nuqtalarimiz o‘sha kungi achchiq, ammo asosli dalillardan yanada zirqirab ketdi. “Boshqa xalqlar katta-katta marralar sari intilayotgan bir paytda ma’naviy jihatdan g‘aflatga botib, “uxlab yotish”ga, loqayd bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Barcha fojia va muammolar, Vatanga, millatga, kelajakka xiyonat aynan loqaydlikdan boshlanadi”, degan gaplar har qancha loqayd, mudroq qalbni ham hushyor torttiradiki, ayrim soha mutasaddilari, viloyat, tuman hokimlarining bir seskanib tushgani rost. Xalq tili bilan aytganda, yig‘ilishdan so‘ng bundaylar ko‘zlarini kattaroq ochib, astoydil bezovtalanib qoldi. Aslida, bu borada barchamiz hushyor tortib, mas’uliyatni zimmamizga barobar olishimiz kerak. Muhimi – ko‘pchilik buni anglab yetayotganida. Binobarin, bugun ma’naviyat sohasida tizimli ishlar, sezilarli siljishlar kuzatilmoqda.
Jumladan, Prezidentimiz barpo etish zarurligini ta’kidlagan – kutubxona, musiqa xonasi, tadbirlar zallari, hatto ixcham muzeyigacha mavjud bo‘lgan ko‘rkam va qulay, zamonaviy ma’naviyat maskanlari bugun Andijon, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida xalqimiz ma’naviyatini boyitishga xizmat qila boshladi.
Birinchilardan bo‘lib ish boshlagan Andijondagi ma’naviyat maskani – Ma’rifat uyidagi shart-sharoitlar bilan tanishib, ijodkorlar bilan suhbatda bo‘ldik.
Yurakning tubidan boshlansa har ish...
Andijon shahri markaziga yarashib turgan ma’naviyat maskani uzoq yillar noqulay sharoitlarda ishlagan ijodkor-u viloyat faollarini bir joyga jamladi. Binoga kirishingizdanoq charog‘onlik qalbingizni yoritib, Prezidentimizning “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan so‘zlari ko‘zga tashlanadi.
Aprel oyida foydalanishga topshirilgan bu binoning 1-qavatida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi uchun 8 ta xona ajratilib, ularning barchasi zamonaviy mebel va texnika bilan ta’minlandi. Shinamgina kutubxonani go‘zal tarbiya, axloq-odobga doir kitoblar nurlantirib turgandek. Bolani go‘dakligidan tarbiya qilishga mo‘ljallangan “Ota-ona baxti”, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ma’naviy tarbiyalashga ko‘maklashuvchi “Fazilatli avlod” kabi qo‘llanmalar hech kimni befarq qoldirmasa kerak. Bunday qo‘llanmalarning markaz tomonidan maktab, bog‘chalarga yetkazilayotgani ayni muddao. “Islom ma’rifati va hozirgi zamon” kitobi esa viloyatdagi umumta’lim maktablarida ishlayotgan ijodiy-madaniy targ‘ibotchilarga qo‘llanma sifatida tarqatildi.
Bu yerda har bir xodim uchun barcha sharoitlar yetarli. Monitoring bo‘limi 50 dan ziyod tashkilotda, muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar monitoringini olib boryapti. Shuningdek, haftada bir yoki ikki kun ma’naviyat soatlari tashkil etilayotganidan tashkilot rahbarlari ham xursand. Zero, jamoada muhit yaxshi bo‘lmasa, rahbarda halovat bo‘lmaydi. Ayni paytda muassasalarda ham viloyat ma’naviyat maskanidagi kabi ma’naviyat xonalari tashkil qilinyapti.
– Ma’naviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosardan tashqari targ‘ibotchi ham bo‘lishi uyg‘onish davriga qo‘yilayotgan poydevordir, – deydi Yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Qo‘chqorova. – Maktablarga sof ijodiy muhit kirib kelsa, bu allomalarimiz orzu qilgan buyuk insonlar kamol topishida muhim omil bo‘ladi.
– Ma’naviyat haqida ko‘p gapirsak-da, unga amal qilmay qo‘ygandik, – deya gap boshlaydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Murod G‘ofurov. – Ta’lim-tarbiya, kattaga hurmat, kichikka izzat masalasi og‘riqli bo‘lib qolgandi. Insonga barcha sharoitni bir kunda yaratib berish mumkin, ammo ma’naviy dunyoni boyitish uchun yillar kerak bo‘lar ekan. Mamlakatimizdagi keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyatini aholining turli qatlamlariga tushuntirish, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda xalqning birdamligi va daxldorligini kuchaytirish, ma’naviy-ma’rifiy sohada yuz berayotgan o‘zgarishlarni ko‘rsata olish kabilarning barchasi kuchli ma’naviy targ‘ibotni talab qiladi. Shu ma’noda ham 200 mingdan ziyod aholisi bor tumanlarga ma’naviyat bo‘yicha bosh va yetakchi mutaxassis lavozimi ajratildi. Avval viloyat bo‘limida 4 tagina shtat bo‘lgan bo‘lsa, hozir 8 nafar xodim ishlayapti. Joriy yilda Bo‘ston tumanida 900 million so‘m, Marhamat tumanida esa 7 milliard so‘m sarflab bunyod etilgan ma’naviyat maskanlari ish boshladi. 2022-yilda 6 ta, 2023-yilda ham 6 ta maskan foydalanishga topshiriladi. Ayni tumanlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, targ‘ibotlar salmog‘i ham, saviyasi ham ancha yuqorilagani ko‘zga tashlanyapti. Shuningdek, shahrixonlik targ‘ibotchilar jamlanib, lapar, xor guruhlarini tashkil qilgani boshqa targ‘ibotchilarni ham ruhlantirishi aniq.
Andijon davlat universiteti professori To‘lanboy Ortiqovning ma’naviyatga oid uchta kitobi “Ijod” fondi tomonidan nashrga tayyorlanyapti.
Ma’naviyat markazi nafaqat muassasa va tashkilotlar, balki mahallalarda bo‘layotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lamini ham monitoring qilib, munosib baholab kelyapti. “Bir nuroniy – besh nafar yoshga ma’naviy homiy” yo‘nalishida tarbiyaga muhtoj ko‘plab yoshlar to‘g‘ri yo‘lga solindi, oilalardagi salbiy munosabatlarga barham berilyapti. Kitobxonlik aksiyalari, adabiy-badiiy kechalar, targ‘ibot tadbirlari, uchrashuv-muloqotlar hamda davra suhbatlari 4 ta oliy o‘quv yurti, 764 ta umumta’lim maktabi va 537 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida ta’lim-tarbiya olayotgan andijonlik ertamiz egalarining nurli kelajagini ko‘zlab tashkil etilyapti. Ayni kunga qadar 1400 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbir, badiiy kecha, mushoiralar o‘tkazildi. Bu esa soha xodimlariga yaratilayotgan qulayliklar, munosib sharoitlar samarasidir.
Shiroqdek jasoratli bo‘lishimiz kerak
Mustaqilligimizning 30 yillik to‘yi qashqadaryoliklarga qo‘shaloq tantana bo‘ldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan to‘yga to‘yona bo‘lgan Ma’naviyat maskani Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida qad rostladi. Uch milliard ikki yuz million so‘m evaziga bunyod bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy binoning 1-qavatida 100 o‘rinli majlislar zali va dam olish foyesi, 2-qavatida kichik anjumanlar zali va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining viloyat bo‘limi xodimlari uchun 4 ta xizmat xonasi mavjud. Bino to‘liq zamonaviy axborot vositalari bilan ta’minlangan.
Bo‘lim boshlig‘i Lola Saodatova to‘lqinlanib gapirgan har bitta so‘z uning yuragidan chiqayotgani rost. Ayniqsa, shu paytgacha sharoiti bo‘lmagan binolarda, bir xonaga tiqilib ishlagan ma’naviyatchilar, ijod ahlining quvonchidan so‘zlar ekan: “Kulgili bo‘lsa ham bir gapni aytay, tashkilotlarning ma’naviyat xonalarini tekshirib, kamchiliklarni aytardig-u, o‘zimizning xonamiz yo‘q edi. Internet, inventarlarni-ku, qo‘yavering. Yozuvchilar uyushmasi bo‘limi ham tashkilotlarning bir burchagiga bitta gilam to‘shab kun ko‘rib kelardi. Bugun ular ham, biz ham – barcha ijodkorlar keng, yorug‘ xonalarda ishlayapmiz. Endi faqat fidoyilik ko‘rsatish qoldi”, dedi.
Lola opa avvalgiday 300-400 kishini majburlab o‘tqizib, ma’ruza o‘qish usuli eskirdi, bugun ma’naviy targ‘ibot ham innovatsiyani talab etyapti, deydi. Ma’naviyat maskanining faollar zalidagi stullarni istalgan shaklda joylashtirish mumkin. O‘rindiqlar oldingiday bir joyga qotirib qo‘yilmagan. Shuningdek, sahna ham innovatsion – o‘ziyurar. Bunday sharoiti bor joyda o‘tkaziladigan tadbirlarga odamlar ham havas bilan keladi. Binoning o‘zidan ham zavq oladi.
Yangi bir inshootni ma’naviyat maskaniga aylantirgan shahrisabzliklar endilikda ma’naviy targ‘ibot ishlarini innovatsion tarzda olib bormoqda. Nasib qilsa, 2022-yilda Kasbi, Mirishkor tumanlarida ham shunday maskanlar ish boshlaydi. Prezidentimiz yuqorida aytilgan videoselektor yig‘ilishida “Hech kimga sir emas, ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish kishidan katta bilim va salohiyat, mahorat va tinimsiz aqliy mehnatni talab etadi. Lekin, afsuski, biz ko‘p yillar ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirishga yetarli e’tibor qaratmadik. Endi ana shu muammoni hal etish vaqti keldi”, degan edi. Shu paytgacha viloyat bo‘limigina byudjetdan maosh olar edi. Tuman, shahar bo‘limlaridagi xodimlar esa jamoatchilik asosida ishlab keldi. Bugun ma’naviyat sohasida shtat birliklarining ko‘paytirilgani, umumta’lim maktablariga ham alohida targ‘ibotchilar ajratilgani muammolarni hal etish yo‘lidagi ezgu ishlardir. Ayni paytda Qashqadaryodagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha 1120 nafar targ‘ibotchi faoliyat yurityapti.
Zo‘ravonlikka uchrab, himoya orderi berilgan xotin-qizlar bilan tashkil etilayotgan suhbatlar bugunning eng kechiktirib bo‘lmas vazifalaridan. Aslida oiladagi janjallarning sababi, zo‘ravonliklarning oqibati jaholatga borib taqaladi. Shuning uchun jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga intilyapti. Ma’rifat esa kitoblar orqali dilga jo bo‘ladi. Ayniqsa, bugunning ma’naviyatchisi, targ‘ibotchisi ko‘p ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Viloyat hokimiga grant loyihasini kiritib, 30 million so‘m yutib olgan viloyat bo‘limiga 300 ta yangi kitob keltirildi. Bunday grant loyihasi yana tayyorlanyapti.
Viloyat radiosida ham ma’naviyat bo‘limi tomonidan tanlov e’lon qilingan. G‘oliblarga kitob sovg‘a qilinadi. Umuman, viloyatdagi har qanday tadbirda faollarga, albatta, kitob ulashiladi. Yaqinda esa hududda mavjud 6 ta oliygoh talabalari o‘rtasida ham “Faol kitobxon talaba” tanloviga start berildi. Eng yuqori o‘rin olgan talabaga kompyuter jamlanmasi va’da qilingan. Shuningdek, g‘olibga “Ma’naviyat kubogi” ham topshiriladi.
– Kitoblari emas, kitobxonlari ko‘p mamlakat maqtanishi kerak, – deydi Lola Saodatova. – Shuning uchun kitobxonlik tadbirlariga astoydil kirishganmiz. “Bir ziyoli – besh nafar yoshga ma’naviy homiy”, “Bir nuroniy – besh nafar yoshga ma’naviy homiy” loyihalari g‘oliblari ham munosib taqdirlanadi. Ayni paytda “Jaholatga qarshi ma’rifat” haftaligi ketyapti. Tadbirlarimizga banklar, tibbiyot muassasalari to‘laqonli jalb etilgan. Chunki bular aholi bilan eng ko‘p ishlaydigan tizimlar. Taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – ma’naviyat va ma’rif sohadagi islohotlarni amalga oshirish ekanidan juda xursand bo‘ldim. 30 yil shu sohada ishlab, unga qattiq bog‘lanib qolganman. Biz qurolsiz askarmiz. Biz fikr chegarasini qo‘riqlaymiz. Birorta xato o‘tib ketmasligi kerak. Bugun vatanparvar farzandlari ko‘p bo‘lgan mamlakat eng qudratli hisoblanadi. Harbiylar ma’naviy tayyorgarlikka jangovar tayyorgarlikdan kam e’tibor bermaydi. Men o‘zimizni Shiroqqa qiyoslayman. Ma’naviyatimiz, milliyligimiz, o‘zimizga xos tarbiyamizni saqlab qolishda biz ham uning kabi fidoyi bo‘lishimiz kerak.
“Sharqdan nur” taratayotgan maskan
Prezidentimiz 2020-yil 19-yanvar kuni videoselektor o‘tkazgan bo‘lsa, 20-yanvar kuni Navoiy viloyatining ma’naviyat maskanini qurish ishlari boshlab yuborildi.
“El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi”, deganlaridek, hech narsadan xabari yo‘q ba’zilar shahar markazidagi tashlandiq bir bino katta tadbirkorga sotildi, degan gaplarni ham tarqatgandi. Ammo hozirgi kunda 2,5 gektar joyda bunyod bo‘lgan bino yonidan o‘tgan har qanday kishi mumtoz kuy yoki qo‘shiq ohangi, vatan haqidagi she’rning jarangini eshitib, yo bo‘lmasa ijodkor bolasini yetaklab kelayotgan ota-ona, targ‘ibotchini ko‘rib, bu bino bejiz qurilmagani, u kimlarningdir ko‘ngli orziqib, yuragi talpinadigan maskan ekanini tushunib yetadi. Boisi, bir-biridan yiroq, tarqoq bo‘lgan viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazi, madaniyat boshqarmasi, maqomchilar ansambli shu binoga jam bo‘ldi. Har kuni bir tadbir. Ijod nafasi shundoqqina ufurib turibdi. Ichkariga qadam qo‘ygan kishining ko‘zi hazrat Navoiydan keltirilgan bayt-u davlatimiz rahbarining “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi odamiylik, gumanizm” degan ezgu so‘zlariga tushadi. Kimlardir cho‘l deb o‘ylaydigan Navoiyning Nurota tog‘i aks etgan surat uning To‘dako‘l, Aydarko‘l, Sarmishsoy kabi bo‘stonlari ham borligiga ishora qilayotganday. 1992-yilda qadim tarixga ega bo‘lgan Karmana tumanida qurilgan muzeyning ahvoli haminqadar bo‘lib qolgandi. Eski bir binoga joylashgan muzeyga kirgan kishi g‘orga kirgandek his qilardi o‘zini. Ma’naviyat maskaniga ko‘chirib kelingach, u har qanday odamga estetik zavq baxsh etadi. Undagi eng qadimiy eksponat – eramizdan 100 million yil avvalgi Jarqo‘rg‘on tosh o‘rmoni. Ma’lumotlarga ko‘ra, qadimda meteorit tushgandan so‘ng bu o‘rmon tosh qotgan daraxtlarga, to‘nkalarga aylangan. Noyobligi shundaki, undagi bir daraxt ikkinchisiga o‘xshamaydi. Muzeyda o‘rmon yaqinida chindan ham dengiz bo‘lganini isbotlovchi chig‘anoqlarning 100 million yillik tosh qoldiqlari bor. Polshalik, amerikalik, chexiyalik arxeologlar bu borada tadqiqot ishlarini olib bordilar. Muzeyda, shuningdek, XIX-XX asr boshlariga daxldor liboslar, umuman, antik davrdan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan ekspozitsiya aks etgan. E’tiborlisi, So‘fi Olloyorning 1883-yili chop qilingan “Sabotul ojizin” kitobi ham bor. Shuningdek, majburiy kolxozlashtirish, quloqlashtirish, surgun davrlari ham aks etgan. Navbahor tumanining Uchtut qishlog‘idan topilgan, o‘rta paleolit davriga oid ibtidoiy odamlarning tosh qurollari ajablantiradi kishini. Sekin-asta tarixdan bugungi davrga kelar ekanmiz, 60 mingdan ortiq xodim ishlaydigan Navoiy kon-metallurgiya zavodi, “Navoiyazot” kabi yirik korxonalarning maketi, viloyat rassomlarining ishlari, navoiylik olimpiada chempionlari suratlari qalbda milliy g‘ururni uyg‘otadi.
“Sharqdan nur” deb nomlangan kutubxonada esa butun vujudingizga nur inadi go‘yo.
– Yoshlarimiz kitobdan taralib turgan nur tasviriga qarab, ilmning nurini his qilishsin, – deydi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Navoiy viloyat bo‘limi rahbari Akromjon Muqimov. – Zero, ma’naviyatni sotib olib bo‘lmaydi. Uni targ‘ibot, kitob mutolaasi, turli tadbirlar yordamidagina ongga kirita olamiz.
Kitob javonlarida bolalar adabiyoti, “30 yillikka 30 ta kitob” loyihasi asosida chiqarilgan kitoblar did bilan terib qo‘yilgan. Yangi siyosiy, badiiy, ilmiy, diniy adabiyotlar ko‘zni quvnatadi. Birinchi va ikkinchi Renessans davri allomalari haqidagi, 11 ta shahar-tuman tarixiga doir maxsus chop etilgan kitoblar diqqatga sazovor. Jadidlar, musiqa san’ati vakillari, maqom, teatr va san’at darg‘alari alohida-alohida joylashtirilgan. Infokiosk orqali kunlik yangiliklarni ko‘rish, hatto ko‘chirib olish ham mumkin.
Darvoqe, bu yerga kechasi kelsangiz, zamonaviy monitordan taralayotgan nur e’tiboringizni tortadi. Ma’naviyatni boyituvchi tarbiyaviy roliklar, viloyat yangiliklari sizni befarq qoldirmaydi.
Ha, bugun qaror va farmonlar, yig‘ilishlarda mutasaddilarga yuklatilgan vazifalar qog‘ozlarda qolib ketmayotganini xalqimiz amalda ko‘rib turibdi. Ma’naviyat, ma’rifat, san’at va madaniyatga oshuftalik qonimizda bor. Shunday ekan, bu yo‘nalishlarga bo‘layotgan yuksak e’tibor tufayli, ishtiyoqimiz, kuchimiz, imkoniyatimizni safarbar etib, ko‘zlagan marralarga, albatta yetamiz.
Munojat MO‘MINOVA
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2021 yil 17 noyabr, 231 (487)-son
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q