Vazir hokimni taqdirlashi ijtimoiy tarmoq faollarining “jigʻiga” tegdi. Oʻzi nima boʻlgan edi?


Saqlash
00:44 / 12.07.2024 3124 0

2023-yil, avgust oyi. Yangi oʻquv yili oldidan ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik maktab direktorining fikrlari katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan edi. Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarovaning Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimovni taqdirlagani yana eski mavzuning yodga olinishiga sabab boʻldi. Xoʻsh, nega hokimning taqdirlanishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda? Gap oʻzi nimada? Oyina.uz nashri voqealar xronologiyasini sizga taqdim etadi.

 

Hokim va maktab direktorining “bahs”i

Bundan bir yil oldin ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunovaning viloyat hokimi bilan janjallashgani aks etgan video tarqaldi.

 

Gap shundaki, videoda Ulugʻbek Qosimov direktorni oʻrnidan turgʻazib, “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblab, izza qilishga uringan. Biroq rahbar ayol ham gapdan qolmagan.

 

Mening nima aybim borki, ishdan olyapsiz? Muhitni buzding, deysiz, nima muhitni buzdim men? Maktabning tomorqasigacha sotib yuborishyapti, shuncha yozyapmiz, indamaydi hech kim. Ahvolni oʻrganadigan odam yoʻq, hammasining tili bir. Oʻzi 20-fevralda ishga kelgan boʻlsam, nima qilibman men?”, degan maktab direktori.

 

Viloyat hokimi esa direktorning soʻzlarini eshitishni istamay, bir necha bor “haqqi yoʻq” ekanligini taʼkidlaydi.

 

“Nima uchun haqqim yoʻq ekan? Miltiq boʻlsa, otib tashlang meni. Avval borib koʻring, maktabning nima muammosi borligini biling. Bularning hammasining tili bir, meni sudlangan deyapti. Qachon sudlandim men?…

 

Janob viloyat hokimi, miltiqni olingda, meni otib tashlang. Sizga toʻgʻri maʼlumot kiritadigan odamning oʻzi yoʻq ekan yoningizda. Haqiqatni endi men aytaman, shu yerda oxirigacha oʻtiraman va hamma gapni eshitaman. Viloyat hokimiga toʻgʻri maʼlumot kiritish kerak edi”, deydi direktor.

 

Gap oʻzi nimada?

Hech bir ish besabab boʻlmaganidek, ayoldagi jasorat ham oʻz-oʻzidan yuzaga chiqib qolmagan. Umida Tursunova aslida 2021-yilda ham mazkur maktabda direktor lavozimida faoliyat yuritgan. Ammo bir guruh oʻqituvchilar uning ustidan rasmiy idoralarga shikoyat qilishgan hamda OAV orqali surishtiruv oʻtkazishga urinishgan. Oradan maʼlum vaqt oʻtgach uning ishdan olinishi noqonuniy deb topiladi hamda 2023-yil 10-fevral kuni qayta lavozimiga tiklanadi. Ammo bu kursini uzoq muddat egallay olmadi.

 

Qamoq yechimmi?

Yana majlislar zaliga qaytamiz. Majlisdan ayolni ichki ishlar xodimlari olib chiqib ketgan. Barchasi shu bilan tugamagan. Barchaga tanish ssenariy: hokimga qarshi gapirgan ayol hibsga olinadi, uning ortidan turli mish-mishlar tarqatila boshlaydi. Shuni taʼkidlash lozimki, qonun ustuvor jamiyatda tortishuv sabab kimdir qamalishi, tekshiruvlar boshlanishi kabi holatlar oʻrinli emas. Boisi hokim ham qonun oldida teng. Uning kimnidir haddini bildirib qoʻyishga haqqi yoʻq, aslida.

 

Hilola Umarovaning chiqishi

Shundan soʻng, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri “uygʻondi”. Hilola Umarova ham holatga munosabat bildirib, Umida Tursunova maʼmuriy qamoq jazosidan ozod qilinganini va holat shaxsan uning nazorati ostida ekanini telegram kanalida maʼlum qilgan.

 

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori bilan bogʻliq vaziyatni shaxsan oʻz nazoratimga oldim. Maktab direktori ayni damda maʼmuriy qamoq jazosidan ozod etildi. Shu oʻrinda taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs oʻz muomala madaniyati bilan barchaga oʻrnak boʻlishi lozimligini eslatib oʻtmoqchiman”, deb yozadi u.

 

Voqeadan bir kun oʻtgach esa Umarovaning sobiq direktor bilan telefon orqali muloqot qilgani aks etgan video tarqaldi.

 

Nimasi ajablanarli?

9-iyul kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Surxondaryo viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimovni “Taʼlim homiysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi. Taqdirlandi-yu, ijtimoiy tarmoqlarda yana direktor hamda hokimning suratlari aylana boshladi.

 

Maktab direktori bilan qoʻpol muomalada boʻlgan hokimni “Taʼlim homiysi” deb eʼtirof etilishi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida eʼtiroz va keng muhokamaga sabab boʻldi. Bu harakatni pedagog, oʻqituvchilarga nisbatan hurmatsizlik, deb baholashmoqda. Vazirlik bu masalada hech qanday munosabat bildirmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//