Sharq Gomerlarini tinglamayotganimiz bizni san’atdan yiroqlashtiradi


Saqlash
16:16 / 11.07.2024 503 0

Bu yilgi maqom festivalining aynan Zominda boʻlgani koʻpchilikni hayratlantirdi. Aayniqsa, dunyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan mehmonlarda oʻzgacha taassurot qoldirdi. Bahavo, betakror bu diyorning ikki ming yilliklarga borib taqaladigan tarixi maqomlar bilan qayta uygʻondi, maqomlar kabi jonlandi, maqomlar kabi yuksaldi.

 

Xorijdan kelgan bir mehmon “Zomin Oʻzbekiston Shvetsariyasi” deganini eshitgandim, ammo koʻrish nasib qiladimi, yoʻqmi, nomaʼlum edi. Darhaqiqat, har ikkala diyorda boʻlgan insonning bu oʻxshatishi shubhaga oʻrin qoldirmaydi. Biroq asrlar allalagan togʻlarning, 2500 yillik tarixning sir-u sinoatlarini hech qaysi makon bilan qiyoslab boʻlmasligini har bir festival ishtirokchisi, ayniqsa, xorijlik mehmonlarimiz alohida eʼtirof etishdi.

 

Bilamizki, musiqa, qoʻshiq insonga yaxshi kayfiyat bagʻishlaydi, ruhiy dunyosini boyitib, tafakkurini bezaydi. Kuy-qoʻshiq har bir insonning milliyligini ham belgilaydi.

 

Koʻpchilik qatori menga ham nihoyatda qiziq: shu qadar murakkab va gʻoyaviy boy boʻlgan insonni musiqa, qoʻshiq, sanʼat zabt etishining oʻzi bir ilm emasmi? Yoki maqomga yashiringan tarixning sir-sinoatlarini qaysi notaga solish mumkin?

 

Insoniyat maʼnaviyatining kaliti deb qaraladigan musiqani, qomusiy bilimlar majmuasi boʻlmish maqomni maʼnaviy ustoz, beqiyos tarbiyachi deb, atash mantiqan toʻgʻri boʻlmaydimi, boʻladi albatta.

 

Oʻzbek xalqining 3-4 ming yilliklarga borib taqaladigan oʻtmishidagi “Avesto”, “Bexistun”, “Denkart” kabi qadimiy kitoblarda, Orxun Yenisey bitiklarida, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Hindiston” asarlarida, “Devonu lugʻotit-turk”da keltirilgan maʼlumotlar musiqa ajdodlarimiz ruhiyatining ovozi boʻlganini anglatadi.

 

Yirtqich hayvonlarni yuvosh, asov daryolarni sokin qilib qoʻyadigan musiqa ilmi ajdodlarimizni bir umr oʻziga mahliyo etib kelgan. Ushbu ilmni rivojlantirishga homiylik qilish esa har bir mutafakkirga, olim-u fuzaloga sharaf hisoblangan.

 

Qadim dunyoning qamishdan yasalgan nayi hanuzgacha insoniyat qoʻlida ardoqlanib kelinarkan, kuy-qoʻshiqni ruhimizga madad deb, bilar ekanmiz, demak maʼnaviyatimiz ustuni hali mustahkam.

 

Ammo, ming afsuski, maqom sanʼati muhtaram Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, ustoz sanʼatkorimiz Yunus Rajabiydan soʻng katta tanaffusga yuz tutdi.

 

Biz 90 dan ortiq asarlarini musiqaga joʻrovoz ijro etib, afinaliklarning olqishiga sazovor boʻlgan, 13 marta gʻoliblik gulchambarini taqqan Esxilni tanidik. Lekin Ergash Jumanbulbul, Poʻlkan Shoir, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli kabi katta-katta dostonlarni yoddan aytib beradigan Sharq Gomerlarini tingmayotganimiz, nafaqat tinglamayotganimiz, balki ularning xonishlarini ongli ravishda his etmayotganimiz, onalarimizning alla aytishmayotgani, musiqa maʼrifatiga begonalashayotganimiz, bizni maqomdan, xalq ogʻzaki ijodi boʻlgan sanʼatimiz tarixidan yiroqlashtirmoqda.

Kuni kecha dunyo mamlakatlaridan kelgan sanʼat ixlosmandlari milliy maqom maktabimizning tarixi bilan yaqindan tanishgach, oʻzbek madaniyatining ustunlik jihatlarini yana bir bor eʼtirof etishdi. Zominning qadimiy xalq ogʻzaki ijodi namunalari bilan tanishib, maqomchilikda yana bir ulkan maktabni koʻrishdi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Farobiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mutafakkirlarimizning maʼnaviyatni musiqa beshigida tugʻilishi va ulgʻayishi toʻgʻrisidagi ilmiy asarlari mohiyatini qayta kashf etishdi.

 

Darhaqiqat, maqomlarimiz milliy musiqamiz va milliy qoʻshiqlarimizni uygʻunlashtirgan, millat maʼnaviyatini tarbiyalaydigan bebaho merosimiz sifatida qaralgani bois, uni rivojlantirish allomalarimiz uchun sharafli va masʼuliyatli vazifa hisoblangan.

 

Buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimizning musiqaga, maqomga nisbatan ehtiromi, uni rivojlantirishga homiylik sifatida asarlar bitgani millat tarbiyasiga munosabat deb qaralgan. Musiqa, maqom har bir davrda millatimizning goʻzal fazilatlari manbayi boʻlib kelgan. Ijodkorga ilhom, olimga ilm bergan musiqa, maqom ularning eng yaqin doʻstiga aylangan.

 

Maqom ijrochiligi qonunlarini buzganlarni jazolash toʻgʻrisida maxsus buyruq chiqargan yagona hukmdor sifatida tarixda qolgan Feruz maqomdagi qaysidir asarni notoʻgʻri ijro etgan, maqom qonunini buzgan bir musiqachining uyi tomini buzdirishga buyruq bergani, bu esa sozanda uchun yaxshigina saboq boʻlgani haqidagi rivoyatning oʻzi maqomning xalqimiz hayotida nechogʻli muhim oʻrin egallaganini koʻrsatadi.

 

Bashariyatga aql-zakovat ulashgan Ibn Sino Abu Nasrdan soʻng musiqa ilmida yangi davrga asos solgan alloma hisoblanadi. Yoshligidanoq musiqa ilmini puxta egallagan olim musiqani matematikaning boʻlimi sifatida eʼtirof etadi.

 

Maqom iborasi hali keng tarqalmagan bir davrda “Navo”, “Roh”, “Parda” nomlari bilan yurtilgan musiqa namunalari haqida ilmiy asarlar yozadi.

 

Ibn Sinoning oʻz davri musiqiy sanʼatkorlari ehtiyoji uchun yozgan “Shifo” kitobi “Musiqa ilmi” bobining bugungi kunda London, Hindiston, Qohira kabi mashhur kutubxonalari nusxalari borligi milliy maqomimiz nafaqat millatimizni, balki koʻplab dunyo ahlining maʼnaviy tarbiyachisi, musiqiy asarlarining doyasi boʻlganini tuyamiz.

 

Birgina onalarning allasi haqida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida yozilgan quyidagi jumlalar allaning tarbiyaviy ahamiyatini ilmiy asoslab bergan: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun, unga ikki narsani qoʻllamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat boʻlib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga boʻlgan isteʼdodi hosil boʻladi”.

 

Olim tomonidan beshik qoʻshigʻi boʻlgan allaning ovoz pardalari, yaʼni inson ovozi barcha cholgʻularning otasi sifatida eʼtirof etilib, xalq ogʻzaki ijodiga mansub bolani yoʻrgaklash, beshikka solish, uxlatish, uygʻongan bolani yoʻrgakdan yechib olishdagi ohangdor soʻzlar ham musiqaning, maqomning boʻlagi deya qaralishi maqom nafaqat sanʼat, balki tarbiya omili ekanini tushunamiz.

 

Bugun bolalarimiz tarbiyasida kuzatilayotgan oqsoqliklarga sanʼat orqali nuqta qoʻyish imkoniyatining borligi haqidagi mulohazalar ilgarilay boshlaydi.

 

Mamlakatimizda maqom festivali har kuni, har bir xonadonda davom etishi mumkin-ku! Onalarimiz farzandlariga alla aytishni qatʼiy odatga aylantirsalar, taʼlim sohasida musiqaviy tarbiya dasturlari yaratilsa, ayniqsa, oliy taʼlim dargohlarida milliy cholgʻulardan ijodiy imtihonlar joriy etilsa, maʼrifat targʻibotchilari safiga sozandalarni kengroq jalb etish orqali mahallalarda musiqiy maʼrifat kechalari tashkil etilsa, milliy maqom, xalq ogʻzaki ijodi namunalari asosida aynan mahallalarda koʻrik-tanlovlar oʻtkazilsa, ayni muddao boʻladi.

 

Maqomlarimizning maʼnaviy tarbiyachi sifatidagi jihatlarini ochib berish boʻyicha ilmiy ishlar, tadqiqotlarni kengaytirishimiz, ajdodlarimizning mazkur sohadagi meroslarini targʻib etishimiz ularning ishlarini munosib davom ettirishimiz uchun imkon ochadi.

 

2003-yil noyabr oyida “Shashmaqom” UNESKO tomonidan “Insoniyatning ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi” deb tan olingani, 2008-yili umumjahon Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgani maqomni noyob xazina sifatida saqlash, himoya qilishdan koʻra, uni yanada rivojlantirishni talab etmaydimi?

 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori aynan oʻzbek xalqi madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʼati oʻzining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlarini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va targʻib qilish, maqom sanʼatini koʻp asrlik ijro yoʻllarini puxta oʻzlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga oʻrgatish boʻyicha yangi imkonlar eshigini ochmaganmidi?

 

Davlat rahbari mamlakat maqom sanʼati ustalari bilan uchrashib, maqom sanʼati istiqbollari, xalqaro maqom sanʼati anjumanini yuksak saviyada oʻtkazish borasida suhbatlashgani negizida ana shunday jonkuyarlikni his etishimiz lozim.

 

Binobarin, Maqom festivali kabi anjumanlarning oʻtkazilishi milliy oʻzlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuygʻular ruhida tarbiyalash, tafakkurini yuksaltirishda sanʼatning keng imkoniyatlaridan foydalanish, xususan, tarixning maʼrifatli davrini qayta jonlantirish boʻyicha masʼuliyatli vazifalarni koʻtaradi.

 

Bugungi globallashuv davrida, Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek masʼuliyatli vazifani bajarishimizda maqomni jonlantirishimiz farzandlarimiz ruhiyatiga, joniga vatanparvarlikni beshikdan singdirishimiz imkonini beradi, oilalarimizda sanʼatsevarlikni shakllantirishimiz oʻzaro mehr-muhabbatni kuchaytiradi. Sanʼat, madaniyatning zamirida yotgan maʼrifatparvarlikning xonadonlarimizga, taʼlim dargohlariga keng kirib kelishi tarbiyaviy sohadagi koʻplab muammolarimizga ham yechim sifatida xizmat qilishi shubhasiz.

 

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

rahbarining birinchi oʻrinbosari

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//