Eronga prezident bo‘lgan ozarboyjonlik islohotchi mamlakat siyosatiga qanday ta’sir ko‘rsata oladi?


Saqlash
15:54 / 10.07.2024 808 0

U uchinchi urinishdan so‘ng prezident bo‘ldi

 

Islohotchi, jarroh, etnik ozarboyjonlik Mas’ud Pezeshkiyon Eronda o‘tkazilgan muddatidan oldin prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi.

 

Ikki turdan iborat bo‘lgan prezidentlik saylovlari so‘nggi paytlarda Eronda eng raqobatbardosh saylovga aylandi. Saylovchilar ko‘p yillar davomida birinchi marta nafaqat Eron elitasining konservativ qanoti vakiliga, shuningdek, mamlakat taraqqiyotining muqobil variantini taqdim eta oladigan islohotchilar uchun ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

To‘g‘ri, eng muhim hukumat qarorlarini qabul qilish mexanizmi oliy rahbar Ali Xomanaiy qo‘lida bo‘lgan sharoitda yangi prezident Mas’ud Pezeshkiyon uchun siyosiy vektorni o‘zgartirish qiyin bo‘ladi. Xo‘sh, u qanday qilib Eronning to‘qqizinchi prezidenti bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi? Mamlakatning ichki va tashqi siyosatida nimalarni o‘zgartirishi mumkin?

 

Eronda Nega muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazildi?

 

Shu yilning 19-may kuni Eronning sakkizinchi prezidenti Ibrohim Raisi aviahalokatda vafot etdi. Eron Islom Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, prezidentlik vakolatlari o‘tgan vitse-prezident Muhammad Moxber muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.

 

 

Ovoz berishning birinchi bosqichi 28-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. O‘shanda nomzodlarning hech biri mutlaq ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmagani bois, bir haftadan keyin ikkinchi tur o‘tkazilishi belgilangan edi.

 

Mas’ud Pezeshkiyon qanday natija bilan g‘alaba qozondi?

 

Ikkinchi tur natijalariga ko‘ra, nomzod Mas’ud Pezeshkiyon 16,4 million ovoz yoki umumiy saylovchilarning 54,8 foizini to‘pladi. Uning raqibi, Oliy rahbarning Milliy xavfsizlik oliy kengashidagi vakili Said Jaliliy esa atigi 13,5 million ovoz (44,3 foiz) oldi.

 

 

Qizig‘i shundaki, ikkinchi turda saylovchilarning deyarli 50 foizi qatnashgan. Bu birinchi davradagi saylovchilar ishtirokidan 10 foizga yuqoridir.

 

Yangi prezident Eron elitasining qaysi qismiga mansub?

 

Mas’ud Pezeshkiyon Eron elitasining islohotchi qanoti vakili, ichki siyosatda liberalroq kurs tarafdori sanaladi.

 

Masalan, u ayollarga kengroq erkinlik berish tarafdori va qizlarning hijob kiymagani uchun hibsga olinishini nomaqbul deb atadi.

 

“Biz hijob to‘g‘risidagi qonunni hurmat qilamiz, lekin ayollarga nisbatan hech qanday tajovuzkor yoki g‘ayriinsoniy xatti-harakatlar bo‘lmasligi kerak”, deb ta’kidladi siyosatchi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida.

 

Islohotchilar konservatorlardan nimasi bilan farq qiladi?

 

Islohotchilar ham, ularning konservativ muxoliflari ham 1979-yilgi Islom inqilobi tamoyillariga sodiq qoladilar va Eron siyosiy tizimini tubdan o‘zgartirish niyatida emaslar.

 

 

Islohotchilik yo‘nalishi tarafdorlari faqat respublika institutlari – prezident va parlamentning mamlakatni boshqarishdagi ahamiyatini kuchaytirishga intiladilar, lekin Eron oliy rahbari, ma’naviyat yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiyning rolini shubha ostiga qo‘ymaydilar.

 

Nima uchun islohotchilar g‘alaba qozondi?

 

Islohotchilarning g‘alabasi fundamentalist Ibrohim Raisi hukumatining qattiqqo‘l yo‘lidan to‘plangan norozilikka sabab bo‘ldi, deydi sharqshunos olim, Milliy tadqiqot universiteti Iqtisodiyot oliy maktabi gumanitar fanlar fakulteti katta o‘qituvchisi Ilya Vaskin.

 

Uning fikricha, 2022-yilda 22 yoshli Mahsa Aminining hijob kiymagani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olinishi va o‘limi tufayli boshlangan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng eronliklar hokimiyat uchun saylovda nomzodlar orasida islohotchilar harakatining vakili paydo bo‘lganligi sababli o‘z munosabatini bildirishga tayyor bo‘lishgan.

 

Shu bilan birga, ekspertning fikricha, konservatorlar Mas’ud Pezeshkiyonga raqib bo‘la oladigan bitta kuchli nomzodni ko‘rsata olmagan. Ikkinchi turda ham konservativ saylovchilar unchalik mashhur bo‘lmagan Said Jaliliy siymosi atrofida birlashmagan.

 

Prezident Eron siyosiy tizimida qanday rol o‘ynaydi?

 

Eron Prezidenti vakillik funksiyalarini bajaradi va kuchli prezidentlik vakolatiga ega bo‘lgan bosh vazirga o‘xshaydi. Mamlakatning amaldagi rahbari oliy rahbar bo‘lib, ichki va tashqi siyosatning umumiy strategiyasi u tomonidan belgilanadi.

 

Eronda prezident faqat ikkinchi muhim siyosiy shaxs bo‘lib, davlatning umumiy yo‘nalishi bilvosita unga bog‘liq. Biroq, ko‘proq konservativ yoki liberal siyosatchining prezidentlikka saylanishi Eron rahbariyatidagi turli guruhlar o‘rtasidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi mumkin.

 

Yangi prezident aslida nimaga ta’sir qilishi mumkin?

 

Islohotchining hokimiyatga kelishi Eronda 2022-yilgi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin yomonlashgan ijtimoiy keskinlikni yumshatishi mumkin. Shu bilan birga, yangi prezident o‘z faoliyatida islohotlarni amalga oshirishi kutilmaydi, u oliy rahbarning allaqachon shakllangan strategiyasiga tayanadi.

 

 

“Mas’ud Pezeshkiyon ba’zi ijtimoiy erkinliklarni ta’minlay olishi mumkin. Ammo u kuchsiz prezident bo‘ladi, chunki Xomanaiy va uning ittifoqchilari prezidentdan ancha qudratli”, degan eronliklar “Reuters” jurnalistlariga.

 

Shu bilan birga, yangi prezident, masalan, namoyishchilarni afv etish imkoniyatini izohlar ekan, “Agar men biror narsa qilishni xohlasam, menda vakolat yo‘q”, degan.

 

Biroq, yangi prezident 85 yoshli Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rniga nomzod tanlashda muhim rol o‘ynashi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

 

Tashqi siyosatda nima o‘zgarishi mumkin?

 

Mas’ud Pezeshkiyon G‘arb davlatlariga nisbatan pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatga amal qiladi. Xususan, u Eronga qarshi sanksiyalarni AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar orqali yengib o‘tish mumkin, deb hisoblaydi. Uning fikricha, 2015-yilgi yadroviy kelishuvni tiklash ustida ishlash kerak. Ushbu kelishuvda Eron sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadroviy dasturining tinch xarakterini kafolatlagan edi.

 

“U muloqot o‘rnatishga harakat qilishi, G‘arb vakillari bilan uchrashishni boshlashi mumkin”, deydi Rossiya xalqaro ishlar kengashi eksperti Nikita Smagin.

 

Lekin shu o‘rinda u ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Eron bilan munosabatlarni rivojlantirishda hech qanday xohish yo‘qligini ta’kidladi.

 

Mas’ud Pezeshkiyon qanday qilib siyosatchiga aylandi?

 

Eronning saylangan prezidenti 1954-yilda shimoli-g‘arbiy Mehobod shahrida etnik ozarbayjonliklar oilasida tug‘ilgan. U Eron Tibbiyot fanlari universitetini kardiojarrohlik ixtisosligi bo‘yicha tamomlagan. 19801988-yillardagi Eron-Iroq urushida harbiy shifokor sifatida qatnashgan.

 

 

1990-yillarda u ta’lim sohasida muhim lavozimlarni egallay boshladi. Masalan, u Tabriz tibbiyot fanlari universiteti prezidenti bo‘lgan. Shundan so‘ng asta-sekin siyosiy faoliyatini boshladi. Liberal prezident Muhammad Xotamiy hukumatida Pezeshkiyon birinchi marta sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlangan va 2001–2005-yillarda u ushbu vazirlikni boshqargan.

 

Hukumat almashganidan keyin bo‘lajak prezident bir necha bor parlamentga saylangan, 2016–2020-yillarda esa spiker o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

 

Qizig‘i shundaki, Mas’ud Pezeshkiyon avvalroq prezident bo‘lishga harakat qilgan – u 2013-yilgi saylovlarda ishtirok etgan, biroq nomzodini qaytarib olgan. 2021-yilgi saylovlarda siyosatchi yana nomzod sifatida qatnashishga urinib ko‘rdi, biroq uning nomzodi ro‘yxatga olinmagan.

 

Shaxsiy hayoti haqida nimalar ma’lum?

 

Pezeshkiyonning rafiqasi ginekolog bo‘lgan. 1993-yilda avtohalokatda u xotini va bir farzandidan ayrilgan. U qolgan ikki o‘g‘li va qizini yolg‘iz o‘zi katta qilgan va boshqa turmush qurmagan. Qizi Zahra Pezeshkiyon Sharif texnologiya universitetida kimyo bo‘yicha magistrlik darajasini olgan va “Jam Petrochemical” kompaniyasida ishlagan.

 

Fazliddin ABILOV,

jurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:07 / 30.07.2025 0 59
Mehmonning darbadar kunlaridan rivoyatlar

Til

17:07 / 29.07.2025 0 172
Eski turklarda “qoʻniq” madaniyati tarixi

San’at

13:07 / 25.07.2025 0 298
Dunyo xunuk edi…





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//