Yozgi mutolaa uchun eng yaxshi to‘qqiz fantastik kitob


Saqlash
19:17 / 09.07.2024 1548 0

Bolaligimda fantastik janridagi asarlarni judayam yaxshi koʻrib oʻqirdim. Ulardagi biz bilgan dunyodan oʻzgacha, yangicha voqeliklar yoki kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan jarayonlar tasavvur dunyoyimni boyitib, rang-barang qilib yuborardi. Bugun ana shunday, o‘zim sevib o‘qigan va ta’sirlangan eng yaxshi fantastik janrdagi kitoblarning bir nechtasini tavsiya qilaman.

 

1. “Odam-amfibiya”, Aleksandr Belyayev

Argentinalik doktor va jarroh Salvador oʻgʻli Ixtiandrning umrini saqlab qolish uchun uning tanasiga akula jabrasini joylashtiradi. Tajriba muvaffaqiyatli yakunlanadi, ammo Ixtiandr endi okeandan tashqarida uzoq payt yura olmasdi, aksar vaqtini suvda oʻtkazishga majbur boʻlardi. Marvarid ovchisi Pedro Zurita esa Ixtiandr haqida bilib qoladi va uning gʻayriinsoniy qobiliyatlaridan foydalanmoqchi boʻladi…

 

2. “Timeless: Rubin kitobi”, Gir Kristen

 

Londonda yashaydigan 16 yoshli Gvendolin Sheppard ismli qiz tasodifan oʻzining katta buvisidan meros qolgan noyob vaqt aro sayohatchi geniga ega ekanini aniqlaydi. Endi qiz har kuni oʻtmishga sayohatga otlanar va turli sirlarni oshkor qilardi.

 

3. “Suv ostida 80 ming kilometr”, Jyul Vern

 

1866-yil bir necha davlat kemalari nomaʼlum dengiz maxluqini uchratishganini aytishadi. Natijada AQShning Nyu-York shahrida maxluqni topib, yoʻq qilish uchun ekspeditsiya uyushtiriladi. Roman hikoyachisi professor Pyer Aronaks ham ekspeditsiyaga taklif qilinadi. Unga kanadalik garpunchi Ned Land va Aronaksning xizmatkori Konsel ham qoʻshiladi. Va hammasi shundan keyin boshlanadi…

 

4. “Doktor Moro oroli”, Gerbert Uells

 

Roman bosh qahramon Eduard Prendik tilidan hikoya qilinadi va unda kema halokatga uchrab, sirli orolga tushib qolishi haqida soʻz boradi. Bu orolda oʻzining gʻayri-insoniy tibbiy tajribalari bilan dong taratgan doktor Moro qoʻnim topgan edi. Romanda azob, shafqatsizlik, axloqiy masʼuliyat, inson oʻzligi hamda odamning tabiiy jarayonlarga aralashuvi fojialari mahorat bilan tasvirlangan.

 

5. “Omen”, Devid Zeltser

 

U 6-oyning 6-kuni soat 6:00 da tugʻilgan. Vahiy kitobida bashorat qilinganidek, dunyoning oxiri, yaxshilik va yomonlik kuchlari oʻrtasidagi soʻnggi toʻqnashuv keladi va uning boshlanishi shayton oʻgʻlining inson qiyofasida tugʻilishi boʻladi. Asarni oʻqirkansiz, bu maʼlumotlarni nega keltirganimni bilib olasiz…

 

6. “Oxirzamon nishonalari”, Chingiz Aytmatov

 

Roman voqeasi oʻta shiddatli psixologik mojarolar va toʻqnashuvlar zaminiga qurilgan. Yer kurrasi axloqiy muammolar sinab koʻriladigan poligonga aylangan. Insoniyat halokat yoqasiga borib qolgan. Bu halokat tashqaridan kelgan emas, balki bani odamning xatti-harakatlari, munofiqligi, xudbinligi, axloqsizligi oqibatida yuzaga kelgan. Dunyo bedavo dardga chalingan, agar insoniyat ijtimoiy xastaliklardan forigʻ boʻlmas ekan, intiqom muqarrardir. Kitobni oʻqirkansiz, alamli oʻylar ichingizni kemira boshlaydi.

 

7. “Koinot oqimlari”, Ayzek Azimov

 

Asar bir xalqning ikkinchi xalq ustiga bostirib borishi va yoppasiga qul qilishi, ularning mehnatidan foydalanib, faqat oʻzi “non va yogʻ”ga ega boʻlishi haqida hikoya qiladi. Bunday mustamlakachilik oxir-oqibatda qanday oqibatlarga olib kelishini esa mutolaa davomida bilib olasiz.

 

8. “Raqamli qalʼa”, Den Braun

 

“Raqamli qalʼa” deb ataluvchi oʻta maxfiy dastur yaratuvchisi vafotidan soʻng, unga kirish paroli ham izsiz gʻoyib boʻladi. Endi Milliy xavfsizlik agentligi chetdan yordam olishga majbur… Asar insonlarning elektron xavfsizligi haqida hikoya qiladi.

 

9. “Koʻmilgan dev”, Kazuo Ishiguro

 

Oʻrta asr. Angliya, qirol Arturdan keyingi davr. Keksa juftlik – Aksel va Beatris koʻp yillar davomida koʻrmagan oʻgʻillarini izlash uchun yoʻlga otlanishadi. Ular yashaydigan qishloqni qandaydir sirli tuman qoplagan, natijada aholi oʻtmishini unutadi va hatto bir soat oldin ularga nima boʻlganini ham eslay olishmaydi. Ammo ular qalban oʻgʻillari borligini his qilib turishardi. Asar qiziqarli syujeti va sirliligi bilan o‘quvchini “ushlab” turadi.

 

Jasurbek BOZORBOYEV,

bookbloger

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//