– Qulluq bo‘lsin!
– Qulluq, qulluq, – deymiz qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib.
Lekin “qulluq”qa javoban nega “qulluq” deyilishini o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Bir qarashda birinchi va ikkinchi jumladagi “qulluq” bir so‘zday, ammo birinchi “qulluq” aslida “qutlug‘”, singarmonizm ta’sirida keyinchalik “qulluq”qa aylangan, shevalarda bu so‘z “qulli”, “qullig‘” deb ham aytiladi, qozoq va qirg‘izlarda – “quti”, uning o‘zagi qadimgi turkiy so‘z – “qut”, Koshg‘ariy bobomiz unga “Devonu lug‘otit-turk”da shunday izoh beradi:
“Qut – baxt, davlat. قُتْلُغْ “qutlug‘” ham shu so‘zdan yasalgan. She’rda shunday kelgan:
Qut quvïg‘ bӭrsä iżim qolïңa,
Ko‘ndä ïshï jo‘ksäbän juqar ag‘ar, –
Ma’nosi: “Baxt-u omad bersa Egam quliga, kunda ishi yuksabon, yuqori ko‘tarilar” (DLT. I. 311). “Devon”da boshqa bir she’rda “qutlug‘” so‘zi “barakali, qutli” ma’nosida kelgan: “Qïshqa ӭtin, kӭlsä qalï qutlug‘ jaj”, – “Qishga tayyorlan, kelsa agar barakali yoz” (DLT. I. 111).
Umuman, “qut” so‘zi ilgari nihoyatda faol bo‘lgan, undan “qutaldi”, “qutatti” (“qutli bo‘ldi”) kabi fe’llar, “qutandï” (“qutlangan”), “qutadg‘u” (“qutga eltuvchi”) kabi sifatdoshlar ham yasalgan. Hozir ham “qutlamoq”, “qutlov” kabi so‘zlarni qo‘llaymiz.
Xullas, birinchi “qullug‘”imiz aslida – “qutlug‘”, endi ikkinchi “qulluq”qa kelsak, uning o‘zagi – “qul” va “Devon”da unga: “Qul jag‘ï ït böri”, – “qul – yog‘iy, ya’ni dushman, it – bo‘ri”, maqoli keltiriladi. Bu maqol qul hech qachon egasiga do‘st bo‘lmaydi, imkon topsa uning molidan olib, qochish payiga tushadi, it ham yeydigan narsa topsa undan o‘zini tiya olmaydi, degan ma’noda aytilgan (DLT. I. 324).
“Qul” deganda dastlab umuman erkinliklarga ega bo‘lmagan eng quyi tabaqa vakili tushunilgan, ammo keyinchalik bu so‘z falsafiy ma’no kashf eta boshlagan, masalan, “Qutadg‘u bilig”da “qul” – “Allohning quli”, “banda” ma’nosida kelgan:
“Kerǝk emdi qulqa өzi qulluqin
Tүgǝl qilg‘u bulsa bayat tavfiqin”, –
Ma’nosi: “Banda Tangri tavfiqiga erishgan bo‘lsa, endi u o‘z bandalik burchini tugal bajarishi kerak” (QB. 1971. 722).
Keyinchalik tasavvufda “qul” muhim istilohga aylandi, xususan turk mashoyixlari va ularga ergashgan shoirlar “Allohning quli” bo‘lishni yuksak maqom bilib o‘zlarini, deylik, Qul Xoja Ahmad, Qul Ubaydiy kabi atadilar. Boburning bir g‘azalidagi: “Shahmen elga, vale senga quldurmen”, satri ham shu ma’noda. Navoiy asarlarida ham “Shohkim matlubig‘a qulluq buyurg‘ay, ishq emas”, kabi misralar ko‘p uchraydi. Maxtumquli, Qurbonquli, Qulmuhammad kabi “qul”ni kishi otlariga qo‘shish udumi ham Islomdan keyingi davrlarda boshlangan.
Shunday qilib, o‘tgan asrlarda “qul” so‘zi ikki qarama-qarshi qutbni: to‘g‘ri ma’noda – erksiz, tutqun shaxsni; ko‘chma, falsafiy-tasavvufiy ma’noda – yuksak ma’naviy maqomni bildiradigan bo‘ldi, borgan sari avvalgi salbiy ma’no kuchsizlanib, falsafiy ma’no quyuqlasha bordi, Allohning quli bo‘lish – bu sharaf, baxt, shu nuqtada “qul” so‘zi hatto “baxt”, “davlat” ma’nosidagi qadimiy turkiy so‘z – “qut”ga yaqinlashib qoldi.
“Qulluq” so‘zining ham dastlabki ma’nosi – qullik, erksizlik, tutqunlik, lekin Allohga qullik qilish – bu sharaf, keyinchalik bu uning ijtimoiy ma’nosiga ham ko‘chgan. “Qulluq” aslida “qulluq qilmoq” iborasining qisqartmasi, ya’ni hukmdor sinf vakiliga minnatdorchilik bildirish uchun “qul bo‘lib xizmatingizni qilaman” degan ma’noda “qulluq qilaman”, “qullug‘ingizni qilaman” deyilgan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga shunday izoh beriladi: “qulluq – 1. minnatdorlikni ifodalovchi so‘z; rahmat, minnatdorchilik; qulluq qilmoq – qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib minnatdorchilik izhor qilmoq, ta’zim qilmoq: “Hasan ovchi darvozagacha qulluq qilib, orqasi bilan yurib bordi va posbonlar qarshisida o‘zini rostladi. Sh.Toshmatov. Erk qushi” (O‘TIL. II. 1981. 616). Mazkur misolni qulluq qilish odobi yoki etiketining klassik namunasi deyish mumkin.
Bugun esa “qulluq” deganda kimningdir xizmati, “qulligi”ni qilish tushunilmaydi, balki hozirda uning faqat “rahmat”, “minnatdorchilik” ma’nosi saqlanib qolgan. Endi yana so‘zimiz boshida keltirilgan misolga e’tibor qaratamiz:
– Qulluq bo‘lsin (qutlug‘, qutli, baxtli, barakali, davlatli, muborak bo‘lsin)!
– Qulluq (rahmat, minnatdorman)!
Abduvohid HAYIT
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q