Koʻp asrlar davomida din Markaziy Osiyo jamiyati maʼnaviy va ijtimoiy-siyosiy hayotining ajralmas qismi boʻlib kelmoqda. Mintaqadagi diniy qarashlarning asosiy xususiyati sinkretizm – turli xil eʼtiqodlar va qadriyatlar uygʻunligidir.
Mintaqa oʻzining geografik va geosiyosiy oʻrni tufayli turli sivilizatsiya va madaniyatlar, shuningdek, diniy qarashlar hamda eʼtiqodlar oʻrtasidagi uchrashuv va muloqot joyiga aylangan.
Turli madaniyat va konfessiyalar vorisi boʻlgan Markaziy Osiyo xalqlari bugun ham Osiyo va Yevropa unsurlarini oʻzida mujassam etgan noyob madaniy mozaikani tashkil etadi. Mintaqada deyarli barcha dinlar, jumladan, zardushtiylik, buddaviylik, moniylik, nasroniylik va islom rivojlangan. Davlat dini qolgan taʼlimot va oqimlarni siqib chiqargan boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, bu yerda barcha dinlar tinch-totuv yashaganini koʻrish mumkin.
Buddaviylik Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarda katta rol oʻynab, nafaqat ijtimoiy taraqqiyotga, balki falsafiy gʻoyalarning tarqalishiga ham taʼsir koʻrsatdi. Mintaqa xalqlari buddaviylik dinini ilk oʻrta asrlarda, Kushon podshohligi davrida qabul qila boshlagan. Podsho Kanishka Birinchi davrida buddaviylikka alohida eʼtibor berildi. Bu davrda Kushonlar davlatining chegarasi Sharqiy Hindistondan Markaziy Osiyogacha, shu jumladan, Sharqiy Turkistonning ayrim hududlarigacha choʻzilgan (Б.Ғофуров. Таджики. Древнейшая, древняя и средневековая история. Душанбе, 1989. Стр. 214–217).
Hududda buddaviylik bilan bir qatorda zardushtiylik ham rivojlangan. Koʻpgina olim va tadqiqotchilar Markaziy Osiyo, xususan, qadimgi Xorazmni zardushtiylik vatani deb hisoblaydi. Arxeologik tadqiqotlar zardushtiylik taʼlimoti va uning olovga sigʻinish anʼanalarini ibtidoiy xorazmliklarning diniy qarashlari bilan bogʻlaydi. Ushbu dinda tabiat va u inʼom etgan neʼmatlar yuksak qadrlangan. Zardushtiylikning asosiy axloqiy talabi hayotni asrab-avaylash va yovuzlikka qarshi kurash edi.
Moniylik zardushtiylik va buddaviylikdan bir qator qarashlarni oʻzlashtirib, Markaziy Osiyoda oʻz oʻrnini topdi. Bu eʼtiqod ikki qarama-qarshi tamoyil – yaxshilik va yomonlikning tabiatda hamda inson qalbida oʻzaro kurash olib borishi gʻoyasini ilgari suradi.
Markaziy Osiyo aholisi orasida moniylikning tarqalishi haqida koʻplab faktlar mavjud. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy yozganidek, “Musulmon boʻlmagan dunyoga kelsak, Xitoy, Tibet va Hindistonning bir qismi aholisi boʻlgan sharqiy turklarning koʻpchiligi Moniy va uning taʼlimotiga eʼtiqod qiladi” (Abu Rayhon Beruniy. Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Toshkent, 1957. 213-bet).
Markaziy Osiyoda shakllangan diniy bagʻrikenglik makoniga mazlum nasroniylarning koʻchib kelishi ham ajablanarli hol emas. Bu yerga kelgan birinchi nasroniylar Sharqiy Suriya (nestorianlar), Gʻarbiy Suriya (yakobitlar), shuningdek, pravoslav melkit cherkovlariga qarashli edi. IV-V asrlarda ular Vizantiya tomonidan taʼqib qilinib, keyinchalik Sharqqa koʻchishga majbur boʻlgan va Markaziy Osiyoda qoʻnim topgan. Marv yepiskopligi haqida birinchi eslatma milodiy 334-yilga toʻgʻri keladi. Sosoniylar hukmronligidagi Eron madaniyati markazlaridan biri boʻlgan Marvda XI asrda pravoslav mitropoliti xizmat qilgan. Samarqandda esa XIII asrda nestorian mitropolitining qarorgohi boʻlgan (В.Бартольд. О христиантстве в Туркестане в домонгольский период. Москва, 1928. Стр. 514).
Markaziy Osiyoda boshqa dindorlar orasida yahudiylar jamoasi ham oʻz oʻrnini topdi. Yahudiylar Markaziy Osiyoga miloddan avvalgi V asrda kelib oʻrnashgan. Ularga oid birinchi arxeologik dalillar 1954-yilda Turkmanistonda – Marv va Bayramalida olib borilgan qazishmalar paytida topilgan. Ular qadimgi ibodatxonalar qoldiqlari va yahudiy yozuvlari hamda ismlari boʻlgan kulolchilik parchalaridan iborat edi. Bu topilmalarning barchasi miloddan avvalgi II va I asrga, yaʼni Yunon-Baqtriya va Parfiya podsholiklari davriga toʻgʻri keladi (М.Дегтяр. Евреи Узбекистана – конец эпохи. https://www.cac.org.ru).
Diniy simbioz va bagʻrikenglik gʻoyalari mintaqada islom taʼlimotining shakllanishiga ham taʼsir qilmay qolmadi. VIII asrda Markaziy Osiyoda keng tarqalgan islom dini mahalliy axloqiy meʼyorlar, milliy anʼanalar, madaniyat va turmush tarzi bilan uygʻunlashib, oʻzining bagʻrikeng taʼlimoti bilan mashhur boʻlgan hanafiy mazhabi shaklida mustahkam oʻrnashdi.
Mintaqaga islom dinining kirib kelishi ilmga turtki berdi, uning qamrovini kengaytirdi va tashqi dunyoga tarqatdi. Hududda taʼlim va fanga alohida eʼtibor qaratildi. Musulmonlar davrida astronomiya, matematika, tibbiyot, farmakologiya va geografiya boʻyicha tadqiqotlar yuqori choʻqqiga chiqdi. Abu Muso al-Xorazmiy, Al-Forobiy, Ibn Sino, Al-Beruniy kabi buyuk allomalar hamda Buxoro, Marv, Samarqand, Fargʻona kabi shaharlar islom olamining koʻzga koʻringan timsollariga aylandi. VII asrdan XV asr oxirigacha boʻlgan davr jahon tarixida islom olami yutuqlari davri sifatida qayd etildi (M.Azimov. History of Civilization of Central Asia. London, 1997. R. 39).
Mintaqa tarixida musulmon hukmdorlarning boshqa din vakillariga nisbatan bagʻrikeng munosabati haqida koʻplab misollar uchraydi. Xususan, tarixiy manbalar X–XIII asrlar koʻplab gʻayriislomiy eʼtiqod vakillari uchun yuksalish davriga aylanganidan dalolat beradi. Yahudiy jamiyati vakillaridan biri R.Beneman Buxoroda birinchi sinagoga VIII asrda qurilgani, yahudiylar oʻz diniga erkin eʼtiqod qilganini taʼkidlab, bunday yozadi: “Oʻrta asrlarda Yevropa va Vizantiyada quvgʻinga uchragan yahudiylar Markaziy Osiyoda boshqa dinlar kabi huquqlarga ega edi”.
Marko Polo (1254–1324) Samarqand orqali Xitoyga sayohati chogʻida Buxoro va Samarqandda zardushtiylar bilan uchrashgan. Unga koʻra, “Soʻgʻdiyona butunlay islomiy boʻlmagan” (J.Farok. Contractor Zoroastrianism and the Search for Identity in Central Asia. Journal Parsiana. R. 140).
Islom umumbashariy din sifatida butun insoniyatga muhabbat va mehr-shafqatni oʻrgatadi. Bu boshqa din vakillarining eʼtiqodi va urf-odatlariga aralashishni man etib, har bir shaxsning urf-odatlari, shaʼni va mulkini asrashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Bu xususida Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Dinda majburlash yoʻqdir. Haq yoʻl zalolatdan ajrab boʻldi. Kim togʻutni inkor etib, Ollohga iymon keltirsa, u haqiqatan nihoyatda mustahkam bir tutqichni ushlagan boʻladi. Olloh eshituvchi, bilguvchidir” (Baqara surasi, 256-oyat).
Boshqa bir oyatda: “Agar Parvardigoringiz xohlaganida edi, (barcha) odamlarni bir ummat (bir din) qilgan boʻlur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil eʼtiqodda) boʻlib borurlar (Hud surasi, 118-oyat).
Markaziy Osiyo musulmon hukmdorlari Qurʼoni karim bilimdoni sifatida oʻzga din vakillariga qarshi zulm qilmaganlar, konfessiyalararo toʻqnashuvlarga yoʻl qoʻymaganlar. Taniqli tarixchi olim Boʻriboy Ahmedovning taʼkidlashicha, buyuk sarkarda Amir Temur bir haqiqatni yaxshi anglagan – jamiyat iymonsiz, dinsiz, ishonchsiz yashay olmaydi. “Temur tuzuklari”da “Men islomni hamma joyda va hamisha qoʻllab-quvvatladim” degan taʼkid mavjud. Amir Temurning Qurʼonni yoddan bilgani, diniy bahslarda ulugʻ allomalar bilan tengma-teng bahslashgani uning maʼnaviyati, eʼtiqodi, dini naqadar pok va mukammal ekanini koʻrsatadi. Amir Temur islom dinining eng muhim jihati – musulmonlarni tinchlik, farovonlik, ijtimoiy adolat, eʼtiqod yaxlitligi va maʼnaviy poklikka xizmat qilishga safarbar etishida, deb hisoblagan.
Demak, konfessional sinkretizm mintaqa tarixida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan. Bu hodisa zamonaviy Oʻzbekistonda kuzatilayotgan ijtimoiy-diniy holatga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.
Temur AHMEDOV,
Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va
mintaqalararo tadqiqotlar instituti boʻlim rahbari
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q