“Saylovlarda yutish uchun ishlaydigan siyosatchi emas, keyingi avlod uchun ishlaydigan davlat arbobi kerak” — mamlakatlar tarixidagi ilk ayol prezidentlar


Saqlash
20:41 / 06.07.2024 813 0

Xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni, siyosat olamidagi mavqeyini oshirish va qoʻllab-quvvatlash tendensiyasi dunyo miqyosida oʻz natijalarini koʻrsata boshladi. Endi ayollar faqatgina uyning saranjom bekasi, boʻlajak olim-ulamolarning tarbiyachisi emas, balki siyosat olamida ham muhim rol ijrochisiga aylanib bormoqda. Masalan, kuni kecha Meksikadagi prezidentlik saylovlarida Klaudiya Sheynbaum gʻalaba qozondi. Ayol rahbar saylanishi mamlakat tarixida birinchisi boʻlsa-da, dunyo miqyosida bu yangilik emas: bugungi kunda 5 ta mamlakatning boshqaruv lavozimida ilk bor ayollar faoliyat yuritmoqda.

 

SALOME ZURABISHVILI

 

Gruziyaning ilk ayol prezidenti. U 1952-yil Parijda, 1921-yil Gurjistonni tark etgan siyosiy muhojirlar oilasida dunyoga kelgan. Zurabishvili Nyu-York va Parijdagi taʼlim muassasalarida oʻqib, Fransiya Tashqi ishlar vazirligining bir qancha yoʻnalishlarida faoliyat yuritgan.

 

 

Keyinchalik Gruziyaga Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi boʻlib kelgan Salome Zurabishvili, sobiq prezident Mixail Saakashvili va Fransiya prezidenti oʻrtasidagi kelishuvidan soʻng, Gruziyaning tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlanadi. Tayinlovning ertasi kuni unga prezidentning maxsus topshirigʻi bilan, Fransiya fuqaroligini saqlagan holda, Gurjiston fuqaroligi beriladi.

 

2010-yilga kelib, Zurabishvili siyosatdan ketganini maʼlum qilib, mamlakatni ham tark etadi. Shundan keyin BMT Xavfsizlik kengashining Eronga qarshi sanksiyalar boʻyicha komissiyasiga rahbarlik qilib, 2013-yilda navbatdagi prezidentlik saylovlarida oʻz nomzodini ilgari surish uchun Gruziyaga qaytadi. Biroq ikki mamlakat fuqaroligiga ega boʻlgani sababli saylovda qatnasholmaydi.

 

Zurabishvili maqsadidan qaytmaydi: 2018-yilgi prezidentlik saylovlariga bir necha kun qolganida Fransiya fuqaroligidan voz kechishga ariza berib, 6-avgust kuni yakka tartibda oʻz kandidaturasini ilgari suradi. Uni davlat rahbari lavozimi uchun oʻzidan nomzod qoʻymayotgan “Gruziya orzusi” nomli partiya qoʻllaydi. Zurabishvili saylovning ilk bosqichida 38,64%, ikkinchi turda esa 59,52% ovoz bilan gʻoliblikka erishadi va 2018-yilning dekabridan prezidentlik lavozimiga rasman kirishadi.

 

Salome Zurabishvili saylovoldi vaʼdalarida hududlarni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlarni Gruziyaga qaytishini osonlashtirish hamda madaniyat, meditsina va turizmni rivojlantirishini aytgan. Saylov natijalaridan keyin Zurabishvili oʻz gʻalabasini Yevropa va Gʻarb yutugʻi sifatida koʻrayotganini taʼkidlaydi.

 

 

KATERINA SAKELLAROPULU

 

1956-yil Gretsiyada tugʻilgan Sakellaropulu 2020-yilning mart oyida mamlakat prezidentligiga saylangan.

 

 

Sakellaropulu 1978-yil Afina universitetining yuridik fakultetini tamomlab, professional faoliyatini Davlat kengashi (Yuqori maʼmuriy sud)ning sudya yordamchisi sifatida boshlaydi. Bir muddat oʻtib, sud raisining kichik maslahatchisi, keyin esa sudning ilk ayol raisiga aylanadi.

 

Sakellaropulu shuningdek, Davlat kengashi sudyalar uyushmasining bosh kotibi, keyinchalik uning prezidenti boʻlib ham faoliyat koʻrsatgan. 2005-2014-yillarda Milliy sudyalar maktabida ekologik huquqlar boʻyicha dars berib, 2010-2013-yillarda oʻsha maktabning imtihon va oʻquv kengashiga kiradi.

 

Keyinchalik Gretsiya ekologik huquq jamiyatiga rahbarlik qilib, atrof-muhitni himoya qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalari va shahar rejasi haqida bir nechta mualliflik maqolalarini chop etadi.

 

Sakellaropulu ona tilidan tashqari, ingliz va fransuz tillarini biladi.

 

Prezident boshqa hamkasblari kabi, shaxsiy tashabbusi bilan davlat rahbariyati tomon intilmaydi. Uning nomzodini 2020-yilda Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis taklif qiladi (Mamlakatda prezident parlament tomonidan saylanadi). Uning soʻzlariga koʻra, “Mamlakatni ayol kishi boshqaradigan vaqt kelgan”. Sakellaropulu Vazir taklifini qabul qilarkan, “Zamonaviy grek ayollariga mamlakatdagi adolat kabi hurmat koʻrsatishi”ni taʼkidlaydi.

 

Prezidentlikka tayinlov uchun unga 300 nafar deputatdan 200 tasining qoʻllovi kerak boʻlardi: Ovoz berishda 294 nafar parlament aʼzosi ishtirok etib, Katerina 261 ta ovoz bilan prezidentlikka saylangan.

 

Prezident kelajakdagi faoliyatining asosiy yoʻnalishi oʻlaroq xavfsizlik, aholining ijtimoiy himoyasiz guruhlarini qoʻllab-quvvatlash va atrof-muhitni himoya qilish kabilarni sanagan.

 

MAYYA SANDU

 

2020-yildan buyon Moldova prezidenti sifatida faoliyat yuritadi.

 

 

Sandu 1972-yil Moldova Sovet respublikasida, ishchilar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi veterinar-shifokor, onasi – maktabda oʻqituvchi boʻlgan. Mayya maktabni tamomlab, Moldova iqtisodiyot Akademiyasida birinchi oliy taʼlim darajasini olgan. Magistratura bosqichini esa Moldova Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasida oʻqigan. 2010-yilda esa taʼlim darajasini yana boyitishga qaror qilib, Djon Kennedi nomidagi Garvard institutida davlat boshqaruvi boʻyicha taʼlim oldi. Hozirda u moldovan tilidan tashqari, rus, rumin, ispan va ingliz tillarini biladi.

 

Mayya Sandu siyosiy faoliyatni hayotidagi ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab olgan. 2020-yilning 1-noyabrida Moldovada prezidentlik saylovlarining 1-bosqichi boʻlib oʻtdi. 99 foiz byulletenlarni saralash davomida maʼlum boʻlganki, Sandu 36% ovoz bilan asosiy raqibi, oʻsha vaqtdagi Prezident Igor Dodondan oʻzib ketgan. Ikkinchi turda esa 57,75% ovoz bilan gʻalaba qozongan.

 

Bugungi kunda u mamlakatini Yevroittifoqqa olib kirish uchun zarur choralarni qoʻllab kelmoqda.

 

NATASHA PIRС-MUSAR

 

2022-yildan buyon Sloveniya prezidenti.

 

 

Natasha Pirс-Musar 1968-yil Sloveniyada, ishchilar oilasida tugʻilgan. U Prezidentlikka qadar huquq va jurnalistika sohasida faol xizmat koʻrsatgan.

 

Natasha Pirс-Musar 1992-yil Lyublyana universitetining yuridik fakultetini tugatib, 2015-yil Vena Universitetida huquq boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoyalaydi. Britaniyadagi Solford universitetida jurnalistika sohasi boʻyicha taʼlim olib, Sloveniya milliy telekanalining yangiliklar dasturida boshlovchi sifatida 10 yil, boshqa mashhur tijoriy telekanalda 5 yil faoliyat koʻrsatadi. Bundan tashqari, BBC, Sky News, CNN, Granada TV, Reuter TV kabi taniqli telekanallarda ham amaliyot oʻtagan. Prezident hozirda xorvat, serb, rus va ingliz tillarini biladi.

 

Avval biror partiya aʼzosi boʻlmagan, huquq va jurnalistika faoli Pirс-Musar 2022-yil iyunida prezidentlik saylovida qatnashmoqchiligini maʼlum qiladi. Buning uchun u mustaqil nomzod sifatida 5 000 tadan kam boʻlmagan imzo yigʻishi kerak boʻlgan va buning uddasidan chiqib, uning nomzodi muvaffaqiyatli roʻyxatdan oʻtadi. Prezident oʻsha davrda bergan intervyularidan birida saylov va nomzodlar haqida gapirarkan, shunday deydi:

 

“… Mamlakatga kelasi saylovlarda yutish uchun ishlaydigan siyosatchi emas, keyingi avlod uchun ishlaydigan davlat arbobi kerak”.

 

Prezident saylovoldi vaʼdalarida Sogʻliqni saqlash, pensiya reformasi, iqlim va xavfsizlik va kiberxavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratishini aytgan. Bundan tashqari, hokimiyatda qanday siyosiy kuch borligidan qatʼiy nazar, zarur loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini taʼkidlagan.

 

Shu tariqa, Natasha Pirс-Musar saylovning birinchi bosqichida 26,87%, ikkinchi bosqichda esa 53,89% ovoz bilan gʻalabaga erishadi. 2022-yilning 23-dekabridan prezident sifatida rasman faoliyatini boshlaydi.

 

KLAUDIYA ShEYNBAUM PARDO

 

1962-yil 24-iyun kuni novator olimlar oilasida dunyoga kelgan. Otasi – kimyogar va tadbirkor boʻlgan, onasi esa tibbiyot va biologiya bilan shugʻullangan.

 

 

Sheynbaum yoshligidan tirishqoq boʻlib, atrofdagi nohaqliklarga oʻz pozitsiyasini bildirishga doim tayyor boʻlgan: 1987-yil yanvarida Meksika milliy-avtonom universitetida talabalar taʼlim pulini oshirish rejasiga qarshi protest qiladi. “Norozilik bayrogʻini dekanatga kim osadi?” – liderlar oʻrtasiga tashlangan bu savolga fizika fakultetining 24 yoshli talabasi “Men!” deb javob beradi. Bu bir qancha vaqt oʻtib, Meksikaning birinchi ayol rahbariga aylangan kamtar olim Klaudiya edi.

 

Klaudiya 2 farzandning onasi, shu bilan birga, biomuhandislik boʻyicha professor va 9 milliondan ortiq aholisi boʻlgan Meksika shahrining sobiq meri boʻlgan. U 2024-yilning oktyabridan boshlab prezidentlik faoliyatiga rasman kirishdi.

 

Sheynbaum 130 million aholiga ega Meksikaga juda murakkab sharoitda rahbarlikka keldi: aholining 36 foizi qashshoqlikda yashaydi, ayollarni  ayovsiz oʻldirish yuqori darajaga kelgan, uyushgan jinoiy zoʻravonliklar ham davom etib, AQSH chegarasidagi keskinlik darajasi oʻsib bormoqda.

Shunga qaramay, prezident xalq manfaatlari uchun kurashishga tayyor. U oʻz tadqiqotlarini davlat siyosatida qanday qoʻllashni biladigan olim sanaladi.

 

Yuqorida oʻz mamlakati tarixida davlatning eng masʼuliyatli vazifasini bajarayotgan ilk ayol prezidentlargina sanab oʻtildi. Ulardan tashqari, davlat boshqaruviga ikkinchi boʻlib kelgan prezidentlar, bosh vazir va oʻz boshqa lider statusidagi ayollar ham yetarlicha. Ular bilan kelasi maqolalarda tanishishingiz mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 24245
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//