Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston” asari o‘z davrida ma’lum bo‘lgan turli ilm sohalariga oid ma’lumotlarni o‘zida mujassam qilganligi bilan diqqatga sazovor. Hindlarda ma’lum va amaliyotda joriy bo‘lgan dinlar va diniy qonun-qoidalar shular jumlasidandir. “Hindiston” asari[1] tarkibiy jihatdan sakson bobdan tashkil topgan bo‘lib, shulardan o‘n yetti bobi diniy mavzularga bag‘ishlangan. Bular: 2-bob – “Hindlarning tangri haqidagi tushunchalari bayoni”, 5-bob “Ruhlarning ahvoli va ularning olamda tanosuh yo‘li bilan bir vujuddan boshqa vujudga ko‘chib yurishlari haqida”, 6-bob “Mahshar, jannatdan iborat mukofot va do‘zaxdan iborat jazo o‘rinlari haqida, 10-bob “Hindlardagi diniy yo‘l-yo‘riq va qonun qoidalar manbai hamda ba’zi shariat hukmlarining bekor qilinishi haqida”, 11-bob “But sanamlarga ibodat qilishning boshlanishi va ularning tasvirlanishi haqida”, 12-bob “Hindlarning vedalari, puranalari va diniy kitoblari haqida”, 61-bob “Shariat va astronomiyaga ko‘ra vaqtning egalari va bu bilan bog‘liq boshqa masalalar haqida”, 65-bob “Qurbonliklar haqida”, 66-bob “Haj va muqaddas joylarni ziyorat qilish haqida”, 67-bob “Sadaqa va mol-mulk solig‘i haqida”, 68-bob “Halol va harom hisoblangan yegulik va ichimliklar haqida”, 69-bob “Hindlarda nikoh va homiladorlik davri masalalari”, 70-bob “Sudlanish da’volari haqida”, 71-bob “Jazolash va gunohlarni yuvish haqida”, 72-bob “Meros masalalari va marhumning meroslaridagi haqqi”, 73-bob “Marhumning o‘z jasadiga nisbatan haqini ado etish va tiriklarning ham o‘z vujudiga nisbatan haqlari haqida”, 74-bob “Ro‘za va uning turlari haqida” mavzularidir [1: 43-48].
Maqolamizda “Hindiston” asarida zikr qilingan hindlardagi oila va nikoh mavzusi masalalarini, mazkur masalaning musulmonlarda hal qilinishi uslublarini Burxonuddin al-Marg‘inoniyning “al-Hidoya” asari asosida qiyosiy tahlil qilishni maqsad qildik.
Ma’lumki, har bir millat oila va nikoh masalasini muayyan qonun-qoidalar asosida tartibga soladi. Shu bilan bir qatorda har bir millatning o‘ziga xos diniy rasm-rusumi va odati bor. Bu o‘rinda shariatga bo‘ysunib, xudo buyrug‘ini bajarishni da’vo qiluvchilar alohida o‘rin tutadilar. “Hindiston” asarida o‘sha davrda hindlarda mavjud bo‘lgan bolalarni yoshlikdan uylantirish odati haqida ma’lumot keltiriladi. Unga ko‘ra o‘g‘il bilan qizning otasi ikkovi unashib, o‘zaro nikoh to‘xtamini bajo keltiradi [1: 357]. Bunda brahmanlar qurbonlik marosimini o‘tkazadi, ota-onalar esa brahmanlarga sadaqa berib, xursandchilik tantanalari o‘tkaziladi. “...o‘g‘il va qizlar o‘rtasida mahr tayin qilinmaydi, (ammo yigit taraf) xotin uchun o‘z himmatiga yarasha ko‘rmana va naqd pul hadyalar beradi” [1: 357]. Hindlarning odati bo‘yicha kuyov tomon bergan narsalarini hech qanday sharoitda qaytarib olmaydi. Ammo xotin o‘z roziligi bilan qaytarib berishi mumkin.
Islom dinida hindlardan farqli ravishda nikoh marosimida mahr belgilanadi [2: 59-62]. Berilgan mahr (naqd pul, ko‘chmas mulk va h.z.) har qanday holatda ham qaytarib olinmaydi [2: 63-68]. Ammo ayol o‘z ixtiyori bilan qaytarib berishi mumkin.
Hindlarning nikoh udumida er bilan xotin o‘rtasini o‘limdan boshqa hech narsa ayira olmaydi. Chunki hindlarda taloq qilish yo‘q [1: 357]. Islom shariatida er-xotin o‘rtasidagi nikoh rishtalarini qonuniy yo‘l bilan bekor qilish yo‘llari va talablari belgilangan [2: 139-143].
Hindlarning odatida xotinning eri o‘lsa, uning ikkinchi erga tegishi mumkin emas, u ikki narsadan birini tanlab olishga ixtiyorli hisoblanib, birinchisi umri bo‘yi erga tegmay bevalikda o‘tish, ikkinchisi o‘zini olovga tashlab kuydirish bo‘lgan. O‘sha davrda so‘nggisi afzalroq hisoblangan, chunki u shunday qilmasa, umri azobda qolgan [1: 358]. Musulmonlarda shar’iy nikoh xoh taloq tufayli, xoh erning vafoti munosabati bilan bekor bo‘lgandan keyin yangi nikoh munosabatiga kirish mumkin.
Hind podshohlarida esa ular o‘lgandan keyin, tasodifiy zinolikka tushib qolishlaridan saqlash maqsadida xohlasa ham, xohlamasa ham xotinlarini rasm bo‘yicha kuydirib yuborish odati bo‘lgan. Ulardan hech birini tirik qoldirmaganlar. Faqatgina qari bo‘lsa yoki bolasi bo‘lib, bolalari uni xatoga tushishdan saqlab qolishga kafil bo‘lsalar, shundagina o‘ldirmay qoldirganlar. Erkaklarda esa bittadan to to‘rttagacha xotin olish huquqi bo‘lib, to‘rttadan ortig‘i harom, ya’ni taqiqlangan. Hindlarda xotinlar sonini to‘rtta bilan cheklash qoidasi qachon joriy qilingani haqida asarda ma’lumot berilmagan. Biroq ruxsat etilgan xotinlar soni turli tabaqalar uchun turlicha bo‘lgan[2] [5: 522].
Johiliyat arablarida erkaklarga xotinlar soni cheklanmaganligi odati islom dini kelguncha davom etgan [4: 520]. Bu odat Qur’on oyati bilan taqiqlangan[3] [6]. Islomda ozod erkak to‘rttagacha, qul odam esa ikkita xotinga ega bo‘lish huquqi belgilangan [2: 22-23]. Islom dinining bunday ko‘rsatmasi hozirgi kunda qanchalik g‘ayritabiiy ko‘rinmasin, o‘z davri uchun bu qonun ijobiy qadam edi. Chunki islomdan oldin Arabiston yarim orolida yashovchi qabilalarda erkaklar bir vaqtning o‘zida bir necha xotinga erlik qilishi mumkin bo‘lgani holda, taloqlar soni cheklanmagani sababli ayollarning haq-huquqlari mutlaqo muhofaza qilinmagandi. Natijada, eri istasa ayol bir umr uning ixtiyorida qolishga majbur edi.
Hindlarning nikoh qonunlarida begonalarga uylanish qarindoshga uylanishdan afzalroq hisoblanib, uzoq bo‘lgan qarindoshlarning nasabi yaqin qarindoshlardan afzal sanalgan. Shuningdek, qiz nabira va qiz evaralariga nikohlanish qat’iyan harom (taqiqlangan) bo‘lganidan, onasi, buvisi va bu ikkovining onasiga ham uylanish taqiqlangan. Ota-onadan ikki tarafga ayrilgan bo‘g‘inlar opa-singil, ularning qizlari, amma, xola va bu ikkovining qizlariga nikohlanishi ham yuqoridagidek taqiqlangan [1: 358].
Johiliyat arablarida opa-singilni bir nikohda jamlash, otadan beva qolgan o‘gay onaga erining farzandlari egalik qilishi va hatto unga uylanishlari odati bo‘lgan [4: 529]. Islom dinida esa bunday ishlar taqiqlanganligi fiqhiy asarlarda, jumladan, “al-Hidoya”da “Nikoh kitobi”ning “Nikohi harom qilingan ayollar” bo‘limida belgilab qo‘yilgan [2: 10-11] hamda ularning shar’iy manbalari ko‘rsatilgan[4] [6].
Hindlarning ba’zilari nikohda tutishi mumkin bo‘lgan xotinlar soni tabaqalarga bog‘liq bo‘lishini aytganlar. Har bir tabaqa o‘z tabaqasidagilardan yoki o‘zidan past bo‘lgan tabaqalardan uylanishi durust bo‘lib, past tabaqadagi odamning o‘z tabaqasidan yuqorisiga uylanishi ravo emas deb hisoblangan. Bolalar otasining emas, balki onasining tabaqasiga mansub qilingan. Masalan, agar brahmanning xotini brahman bo‘lsa, tug‘ilgan bola ham brahman bo‘ladi, agar xotin shudra bo‘lsa, bola ham shudra bo‘ladi. Odatda brahmanlarga o‘z tabaqasidan boshqa tabaqaga o‘tish taqiqlanmagan, biroq ular bunday qilmaganlar va boshqa tabaqa ayollarga uylanmaganlar [5: 624-636].
Islomda nikohdagi tenglik, ya’ni bo‘lajak kuyovning qizga moddiy va ma’naviy jihatdan munosib bo‘lishi tushunchasi bor. Bu xususda Payg‘ambar alayhissalom ayollarni faqat o‘zlariga teng bo‘lgan kishilarga turmushga berish kerakligi haqida aytganlar [2: 43]. Bundan tashqari, nasabda, dinda va mulkdagi tenglik ham e’tiborga olinadi.
Oila va nikoh masalalari barcha xalqlarda u yoki bu darajada ma’lum aхloqiy va ma’naviy mezonlar kasb etgunga qadar muayyan bosqichlardan o‘tgan. “Hindiston” asarida zikr qilinishicha, Panchhar mintaqasidan to Kashmirgacha bo‘lgan tog‘larda yashovchi aholi tug‘ishgan birodarlari bilan ko‘plashib bitta xotin tutishni lozim va farz deb bilishgan.
Arablarda ham islomdan oldingi johiliyat zamonida o‘g‘il otasining ayoliga yoki ota o‘g‘lining xotiniga uylanishi, bir necha kishi bitta xotin bilan er-xotin munosabatida bo‘lishi odatlari bo‘lgan. Ayrim qabilalarda bunday nikohdan tug‘ilgan bola ayolning ko‘rsatmasi bilan u ishora qilgan biron erkakka berib yuborilgan yoki bunday bolani onasi nasabiga aloqador etib onasi bilan qoldirilgan. Bunday “nikoh”larning xatarli tomoni bir tomondan bolaning asl nasabini belgilab bo‘lmasligi va natijada qon aralashi bois insoniyat nasliga putur yetishi bo‘lsa, ikkinchi tomondan bu xildagi nikoh natijasida qiz tug‘ilsa, uni otasi etib belgilangan odam ko‘pincha uni o‘ldirib yuborgan [4: 529].
Islom dini ayolning homilasi bo‘lgan holda uning nasabini shubhasiz aniqlash maqsadida nikoh buzilgan muddatdan boshlab uch oy davomida boshqa nikohga kirmay, o‘zini kuzatish, idda saqlash qoidasini amaliyotga kiritgan[5] [2: 325; 7]. Johiliyat arablariga ham bunday odat tanish bo‘lgan, lekin aksariyat qabilalar unga rioya qilmagan. Faqat Arabiston yarim orolining shimoliy hududlarida yashagan ismoiliyya qabilalari rioya kilganlar.
Islom dinida nasabni belgilashda qat’iy talablar qo‘yilishi insoniyat nasliga bevosita tahdid bilan bog‘liq bo‘lgan. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, oila va nikoh masalasida qat’iy cheklovlarning bo‘lmasligi inson naslining buzilishiga va oxir oqibat qirilib ketishgacha olib borishi mumkin ekan. Shu boisdan islom dinida nikoh munosabatlariga kirish mumkin bo‘lgan toifalar qat’iy belgilab qo‘yildi: “Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohlaringizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir” (“Niso” surasi, 22-oyat).
Bundan tashqari, Payg‘ambar alayhissalomning: “Bir ko‘krakni emib mahram bo‘lganlar; bir qorindan tug‘ilganlik sababidan mahram bo‘lganlar kabidir” degan hadislari ham bor [2: 16].
“Hindiston” asarida keltirilgan hindlardagi nikoh va oila munоsаbatlaridagi qoidalarning islom dinida belgilangan qonunlar bilan qiyoslashdan quyidagicha xulosalar chiqarish mumkin:
– insoniyat yer yuzining qaysi qismida va qaysi davrlarda, qaysi din va diniy tasavvurlarga ergashib yashashidan qat’iy nazar umuminsoniy qadriyatlarga xos bo‘lgan axloqiy mezonlar doirasida bo‘lishga intilgan (oilani nikoh asosida barpo etish, nikohda ayollarning mulkiy manfaatlarini ta’minlash, mahr masalasi);
– bashariyat naslining davomiyligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan (hindlarda begonalarga uylanishni qarindoshga uylanishdan afzal bilish tamoyili, musulmonlarda mahramlik tushunchasi joriy qilinganligi);
– oila va nikoh institutiga putur yetkizuvchi zino – erkak va ayol o‘rtasidagi g‘ayriqonuniy yaqinlikka nisbatan murosasizlik (hindlarda xotinlarini zinodan saqlash maqsadida eri o‘lgandan keyin ularni o‘tga tashlashlari, islom dinida zino uchun jiddiy jazolar, jumladan o‘lim jazosi belgilanganligi);
– jamiyatda erkaklar bir paytning o‘zida cheklanmagan miqdorda ayollarga egalik qilish amaliyotiga barham berish maqsadida xotinlar sonini cheklash (hindlarda turli tabaqalar uchun xotinlar soni bittadan to‘rttagacha, musulmonlarda ozod erkak uchun to‘rttagacha, qullar uchun ikkitagacha);
– oila va nikoh munosabatlarini qonun doirasida bekor qilish taloq institutini joriy qilish (“Hindiston” asarida hindlarda taloq qilish yo‘qligi zikr qilinadi, islom shari’atida uch taloq qoidasi amalga kiritilgan)[6] [2: 139-143].
Oila va nikoh sohasida hindlar va musulmonlarning muayyan darajada mushtarak jihatlari bo‘lishi bilan bir qatorda, musulmonlardan farqli jihatlari ham bor va ular quyidagilar:
– hindlarda nikoh marosimida mahr belgilash odati yo‘q (ammo yigit taraf xotin uchun o‘z himmatiga yarasha ko‘rmana va naqd pul hadyalar beradi);
– nikoh munosabatlarini qonuniy yo‘l bilan bekor qilish – taloq tushunchasi yo‘q (shu sababli eri o‘lgan ayol o‘zini olovga tashlashi lozim)[7] [5: 624–636];
– turmushdan ajrashib, yangi oila qurishga ruxsat etilmaydi (odatda xotinning eri o‘lsa, uning ikkinchi erga tegishi mumkin emas, u umri bo‘yi erga tegmay, bevalikda o‘tishi yoki o‘zini olovga tashlab kuydirishi kerak);
– fohishabozlik uchun, demak, zino uchun qattiq jazolanmaydi (bu podshohlar tomonidan g‘aznani to‘ldirish vositasi deb qaralgan).
Abu Rayhon Beruniy yashagan davrda hindlarda oila va nikoh masalalarida mavjud bo‘lgan qoidalarning shari’at mezonlari bilan mushtarak va farqli jihatlarining qisqacha tahlilidan olingan xulosalar shulardan iborat. Abu Rayxon Beruniy so‘zlari bilan aytganda, bunday yomon odat va haqsizliklarni zikr qilishimizdan maqsad, haq yo‘lning husni bilinsin va unga solishtirganda, nohaq yo‘lning yomonligi ko‘proq ko‘rinsin.
Odiljon QORIYEV,
tarix fanlari nomzodi
[1]Asarning to‘liq nomi “Kitab tahrir ma li-l-Hind min ma’qula maqbula fi-l-aql av marzula” (Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini anglatadigan kitobi). Qarang: Abu Rayhon Beruniy. Hindiston. Tanlangan asarlar. 2-jild. Toshkent. “O‘zbekiston”, 2022. – B. 5
[2] Shudraning bittadan, vayshiyaning ikkitadan, kshatriyning uchtadan va brahmanning to‘rttadan ortiq xotini bo‘lishi mumkin emas.
[3]“Niso” surasi, 23-oyat.
[4]“Niso” surasi, 23-oyat.
[5] “Baqara” surasi, 228-oyat.
[6] Johiliyat (islomdan oldingi davr) arablarida taloq tushunchasi bo‘lgan. Biroq taloqlar soni cheklanmagani bois, erlar xotinlari bilan uzil kesil ajrashmay ayollarini bir umr azoblab yurganlar.
[7] Bu odat “sati” deb nomlanib, unga ko‘ra tul xotinlar yondirilgan. Manbalarda bu odat dastlab kshatriylar oilasida amal qilgani va umuman u juda ham ommalashmagani aytiladi.
Adabiyot
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q