Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim oʻz davrining yirik maʼrifatparvar va ilmli kishilaridan biri boʻlib, mirzolik va parvonachilik lavozimidan toki viloyatlarda bek va amir devonida devonbegi mansabigacha koʻtarilgan shaxs edi. U 1848-yilda Buxoro shahrining Joʻybor mavzeidagi Chaqar guzarida amaldor oilasida tugʻilgan. Uning ajdodlari ham Buxoro amirligining yuqori mansablarida ishlagan ilmli kishilar boʻlgan. Mirzo Salimbek yigirma yoshida amakisi Abdulaziz biy ibn Olimbek dodxoh yordami bilan Nahrpoy va Ziyovuddin bekligiga borib, Ostonaqulbekning mirzoxonasida mirzolik vazifasida ishlaydi. Keyinchalik amir Muzaffarning farmoyishi bilan (1873–1985) Toshkentga rus maʼmurlarining xatti-harakati va ayniqsa, Buxoro amirligi borasidagi siyosatini kuzatib borib amirga maʼlum qilib turish uchun yuboriladi.
Amir Muzaffar tomonidan Turkiston general-gubernatori Chernyayevni kuzatib yuborish va uning oʻrniga keladigan gubernator Rozenbaxni qabul qilish munosabati bilan Toshkentga joʻnatilgan elchilar guruhida hamda amir Abdulahadxon tomonidan 1885-yilda Piterburgga joʻnatilgan elchilar delegatsiyasi tarkibida Mirzo Salimbek ham bor yedi. Shuningdek, Turkiston general-gubernatori Rozenbax Charikovni Buxoroga vakil qilib tayinlaganda, amir Muzaffar Salimbekni Toshkentga Buxoro amirining doimiy vakili qilib joʻnatgan edi (1880–1983).
Mirza Salimbek 1876-yilda amir Muzaffar topshirigʻi bilan ilk marotaba Toshkentga joʻnatiladi, u yerda 12-yil yashaydi va amirning maxfiy topshiriqlarini bajaradi. Shu yillarda (1878) Abdurazzoq ota ismli toshkentlik savdogarning qiziga uylanib undan 8-nafar farzand koʻradi. 1885-yili u Somjin tumaniga amlokdor qilib tayinlangan edi. Toshkentdagi xizmat vazifasi nihoyasiga yetgach uning martabasi yil sayin ortib boradi. 1888-yilda amir Abdulahadxon tomonidan Buxoro shahrining mirshabboshisi lavozimiga tayinlanadi va 5 yil davomida shahar xavfsizligini taʼminlaydi. Shu orada Buxoroning Masjidi baland guzarida oʻz mablagʻlari hisobidan pishiq gʻishtdan bir qavatli madrasa ham qurdiradi. Mazkur 13 hujrali madrasaga ko‘p miqdordagi yer suv va doʻkonlardan iborat mulklarni vaqf qilib, darslik kitoblari bilan ham taʼminlaydi.
Salimbek madrasasi
Undan soʻng Yakkabogʻ (1893–1998), Nurota (1898–1902), Boysun (1902–1905), Sherobod (1905–1909), Shahrisabz (1910–1914) va Chorjoʻy (1920) viloyatlarining hokimi vazifalarida ishlaydi. 1913-yil fevral oyida Romanovlar sulolasining 300 yilligini nishonlash uchun Peterburgda tashkil etilgan tadbirda Said amir Olimxon va Buxoro delegatsiyasi imperator Nikolay II qabulida boʻladi. 22-fevral kunida Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan qurilishi boshlangan jome masjidining rasmiy ochilish marosimida tarkibida Mirzo Salimbek ham bor delegatsiya qatnashadi.