Bayroq – milliy g‘urur va iftixorimiz timsoli


Saqlash
22:12 / 17.11.2021 19016 0

Tarixdan ma’lumki, Vatan ramzlari doimo ulug‘ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulug‘ maqsad yo‘lida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida e’zozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli o‘tmishi va buyuk kelajagi, asriy an’ana va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan.

 

Buyuk o‘tmish, shonli tarixga ega xalqimizning davlat barpo etish g‘oyasi, umuminsoniy qadriyatlapga sodiqligi, eng avvalo, o‘zining davlat ramzlarida aks etgan. O‘z ramzlariga ega bo‘lgan davlat o‘z taqdirini o‘zi belgilaydi.

 

Biz uchun mustaqillikning muqaddas ramzi – davlatimiz bayrog‘i doimo azizdir. Shu bois, bayrog‘imizga nazar solar ekanmiz, bayrog‘imiz baland-balandlarda hilpiraganda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhiy quvvatni, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini his etamiz.

 

Mustaqilligimiz timsoli bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgan. Ayniqsa, milliy bayrog‘imizning davlat idoralari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, xorijdagi elchixona va vakolatxonalarimiz binosida hilpirab turishi, turli bayram va tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini o‘zida namoyon etishi barchamizga iftixor baxsh etib, qalblarimizni yayratadi.

 

Yurtdoshlarimiz jahon maydonida ulkan g‘alabalarga erishgan chog‘ bayrog‘imizni ko‘klarga ko‘targanda, davlat gerbini o‘pib, peshonamizga to‘tiyo etganimizda, davlatimiz madhiyasi yangraganda beixtiyor qalblarimiz jumbushga kelib, ko‘zlarimizda sevinch yoshlari qalqiydi. Albatta, jasur Vatan o‘g‘lonlari yuksak g‘alabalar nashidasini nishonlashda davlat ramzlariga faxr bilan qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qiladilar. Biz uchun bayroq ozodlik timsoli, milliy iftixor ramzidir. Davlatimiz bayrog‘ini beixtiyor Vatan suratlariga qiyoslasak bo‘ladi. O‘zbekiston quyoshli o‘lka, buyuk tarix, ma’naviyat va madaniyat yaratgan zamindir.

 

Bugun Yangi O‘zbekiston dunyo sahniga kuchli salohiyat, munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon mamlakat sifatida jadal odimlamoqda.  Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – Yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi” (Vatanimiz mustaqilligi – biz uchun kuch-qudrat va ilhom manbayi, taraqqiyot va farovonlik asosi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi). Zero, bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan yangilanish va islohotlar dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini tobora mustahkamlashga zamin yaratmoqda.

 

Bugun Yangi O‘zbekistonni porlayotgan quyoshga qiyoslasak, undan taralayotgan ilm-u ziyo nuri ko‘hna zaminga merosdir. Davlatimiz bayrog‘i xalqimizning irodasini toblab, elni ezgulik, ulug‘ va buyuk maqsadlar sari birlashtirib xalqimizga ruhiy quvvat beradi. Milliy bayrog‘imiz juda chiroyli, unda ulug‘vorlik, ezgulik, tariximiz aks etadi. 

 

Tarixdan ma’lum – tug‘ini jonidan ortiq asragan To‘maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur kabi o‘nlab sarkardalar hayoti bugun bizga katta ibrat. Zero, Jaloliddin Manguberdi qo‘lida baland ko‘tarilgan bayroq tarix sahifalarini bezaydi, Shayx Najmiddin Kubroning vatanparvarlik jasorati ila ozodlik uchun “Yo vatan, yo sharofatli o‘lim” deya so‘zlagan otashin da’vati qalblarni jumbushga keltiradi. Amir Temur zakovati va sarkardalik mahorati uyg‘unlashgan bayroqda ulug‘ vatanparvarlik mujassam. Shonli tariximizning zalvorli sahifalarida hamon Amir Temurning buyuk qahramonligi xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka undaydi.

 

Buyuk sohibqiron Amir Temur g‘oliblik bayrog‘ini yuksak ko‘tardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulug‘ saltanat dovrug‘i dunyoda doston bo‘ldi. Bu davr davlatchiligimiz tarixiga zarhal harflar bilan muhrlandi. Temur saltanatida bayroq esa tom ma’noda mamlakat ramzi, ulug‘vorlik timsoliga aylandi. Jangchilarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning kayfiyatini ko‘tarish, irodasini chiniqtirish maqsadida jang maydonlari uzra baland hilpirab turgan. Shu tariqa Temur saltanatida bayroq davlatning mustahkam va qudratli ramzi ekanligini ifoda etgan.

 

Amir Temur davlatida davlat bayrog‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi sifatida e’zozlangan. Jang-u jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli, jasur, botir va bahodirlarga hadya qilingan. Sohibqiron davlatida davlat tug‘i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Temur saltanatida jang-u jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida bayroq eng ishonchli jasur jangchilar tomonidan qo‘riqlandi. Amir Temur zamonida bayroqni past tutish yoki sarbozning qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bunga Amir Temur alohida e’tibor qaratgan. Bayroqning pasaytirilishi mag‘lubiyat va ortga chekinish ishorasi bo‘lgan. “Temur tuzuklari”da qayd etilishicha, dushman ustidan jasorat va mardlik ko‘rsatib, g‘alaba qozongan martabali amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora tuhfa etilgan.

 

Aslida Vatan bayrog‘ini ko‘zga surtish, uni to‘tiyo qilish, yurtni sevish, uning uchun jonini fido qilish – muqaddas burchdir. Zero, mardlik va buyuklik martabasi aks etgan bayrog‘imizga nigoh tashlar ekanmiz, beixtiyor u har bir vatandoshimiz qalbini g‘ururga to‘ldiradi. Shu bois, davlat ramzi sifatida bayroq buyuk kelajak va yorug‘ istiqbolni mujda qilayotgandek zalvorli hilpiraydi. Shuni alohida g‘urur va iftixor bilan aytishimiz mumkin, jonajon O‘zbekistonimiz bayrog‘i dunyodagi eng chiroyli va ko‘rkam bayroqlardan biridir.

 

Xorijda bo‘lganimizda hilpirab turgan bayrog‘imizga cheksiz g‘urur bilan nigoh tashlar ekanmiz, yuragimizda faxr tuyg‘usi uyg‘onib, ruhiyatimiz ko‘tariladi. Bayrog‘imiz timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida ham O‘zbekiston degan himoyachimiz, suyanchig‘imiz borligini his etamiz.

 

Ayniqsa, mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilingan kunni bayram sifatida nishonlash nafaqat mamlakatimizda o‘zgacha g‘urur va iftixor bilan, balki xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan ham keng nishonlanib kelinmoqda.

 

Davlatimiz rahbarining 2019-yil mart oyida Birlashgan Arab Amirligiga rasmiy tashrifi sharafiga hamda 2020-yil O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Dubay shahrida joylashgan dunyoning eng baland imorati – “Burj Halifa” (balandligi 828 metr)da O‘zbekiston bayrog‘i timsolining namish etilishi vatandoshlarimizga cheksiz hayajon va g‘urur bag‘ishlagani bejiz emas, albatta.

 

Davlat ramzlarimizga bo‘lgan hurmat va e’tibor kuchayayotgani, ularning huquqiy asosini, ma’naviy ildizlarini keng jamoatchilikka targ‘ib etish bugungi kun talabiga aylanmoqda.

 

Agar tarixga nazar tashlasak, bayroq – insoniyat tarixini o‘zida aks ettiradigan beqiyos timsoldir. Chunonchi, dastlabki bayroqlar olis o‘tmish qa’rida, eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo‘lib, ular qabilalarni bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida qo‘llanilgan. Keyinchalik ular hukmdorlar, lashkarboshilarning hukmronligini bildiradigan ramzga aylangan.

 

Hozirgi vaqtda esa bayroqlar davlat mustaqilligining asosiy ramzi sanalib, unda mamlakatning milliy mintaliteti va tarixi aks etadi. Bayroq qadim-qadimdan har bir xalq, millat uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Ajdodlarimiz ham yurt bayrog‘ini muqaddas bilib, uni ko‘z qorachig‘idek asragan. Bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.

 

Mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i sarhadimizda qadimdan mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda vatanimizning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan. Bayrog‘imizda yaxshilik, shon-shuhrat, sadoqat, poklik, xalqning tarixi va navqironligi aks etgan.

 

 Hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrog‘i mustaqillik va milliylikni o‘zida aks ettirib vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etadi. Albatta, mana shunday shirin lahzalar har bir vatandoshimizda yurtga bo‘lgan cheksiz mehr va sadoqatning yorqin namunasini namoyon etadi. Zero, davlat ramzlari ona Vatan kabi aziz va muqaddas bo‘lib unda xalq tarixi, buguni va kelajagi o‘z aksini topadi.  Xulosa qilib aytganda, davlatimiz bayrog‘i xalqimiz or-nomusini uyg‘otuvchi beqiyos kuch sifatida ozodlik, vatanni sevishga da’vat etib, milliy g‘urur, fidoyilik va vatanparvarlikni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Mansur MUSAYEV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti bo‘lim boshlig‘i, siyosiy fanlari

bo‘yicha falsafa doktori

 

Xudoynazar QO‘CHQOROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar

instituti mas’ul xodimi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//