Kattalar aybdor: Bola harflarni tanimagan paytidan kitobni sevishga ulgurishi kerak


Saqlash
19:22 / 28.06.2024 871 0

AQSH statistikasiga ko‘ra, har 10 mahbusdan taxminan 7 nafari ma’lumotni birlashtirish yoki sintez qilishni talab qiladigan vazifalarni bajarishda qiynaladi.

 

Biron jinoyatga qo‘l urgan voyaga yetmaganlarning 85 foizi o‘qish va tushunishda qiynaladi, bu esa savodxonlik darajasi pastligi va jinoyatchilik darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’kidlaydi.

 

Maktabgacha yoshda erta o‘qish amaliyotiga jalb qilingan bolalarning jinoyat olamiga aralashish ehtimoli kamroq bo‘lar ekan.

 

Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik, xususan, bolalar begʻaraz isteʼmol qilayotgan internet maʼlumotlari mazmuni taʼsirida ham kuchayishini tadqiqotlar ko‘rsatmoqda. Bizning bolalarni juda ham ijobiy, ham salbiy ta’sir ko‘rsatadigan internet o‘rab olgan. Bugungi kunda bolalarni axborot oqimidan jismonan ajratib qo‘yishning ma’nosi ham, imkoniyati ham yo‘q. Ilgari televizor, kino, kitoblar, kutubxonalar, maktablar va bolalar bog‘chalari bunga mas’ul bo‘lib, bolalarga taqdim etiladigan kontentni tartibga solar edi.

 

Bugungi kunda taqiqlar va to‘siqlar bu muammoni hal qila olmaydi! Jamiyat bolalarda ma’lumot kompetensiyasini rivojlantirishi kerakligini tushunishi kerak. Ma’lumot kompetensiyasi deganda bolaning ma’lumotlarni tushunish, tanqidiy tahlil qilish va saralashni o‘rganishi va undan mas’uliyat bilan foydalanish qobiliyatiga aytiladi. Inson ma’lumotlarsiz yashay olmaydi.

 

Savol va qiziqishlariga ota-onasidan ko‘ra internetdan tezroq javob olish mumkinligi sababli bola ko‘proq internetga yuzlanishni boshlaydi. U topayotgan ma’lumotlar to‘g‘ri va sifatli ekanidan xotirjam bo‘lsak bo‘ladimi? Agar bolada kerakli darajadagi ma’lumot kompetensiyasi rivojlanmagan bo‘lsa, u yuqori ehtimol bilan internetdagi unga salbiy ta’sir etadigan ma’lumotga duch keladi.

 

Bolalardan boshlaylik!, Yella Lepman. Xalqaro bolalar kitoblari kongressi – IBBYning asoschisi urushdan keyingi davrda go‘zal mamlakatni faqat bolalar yaratishi mumkinligiga ishongan.

 

Aynan kitob bolani savol berishga, izlanishga, ma’lumotni saralashga, tahlil qilishga va javob topishga o‘rgata oladi. Ammo bugun O‘zbekiston bolalarida kitobdan javob topish va shunga odatlanishga imkon mavjudmi?

 

Birinchi navbatda shunday savol tug‘iladi: Bizda kerakli javoblarni bera oladigan kitoblar yetarlimi? Masalan, urush, munosabatlar, o‘lim, sevgi, his-tuyg‘ular, menga nima bo‘ldi, onamga nima bo‘ldi, nima uchun qushlar uchadi, filga xartumi nima uchun kerak, nega men yig‘layman, nega meni urdi, qachon quyosh botadi kabi savollarga. Yoki bizning farzandlarimiz va ularning ota-onalari o‘qiganlarini tushunish, kitobning mohiyati va g‘oyasini topish uchun zarur ko‘nikmalarga egami? PISA natijalariga ko‘ra, bunday ko‘nikmalar bizda yo‘q.

 

O‘qilgan narsani tushunish, mohiyati va g‘oyasini tahlil qilish ko‘nikmalarini shakllantirishni juda erta – bolalik davridan boshlash kerak. Aynan maktabgacha yoshda onasi rasmli kitob o‘qib berayotgan bola uni onasi bilan muhokama qilib, tushunish va tahlil qilishni o‘rganadi. Bu jarayon erta yo‘lga qo‘yilsa, kelajakda u odatga aylana oladi. Shunda majburiy emas, balki haqiqiy kitobxonlik madaniyati shakllanadi, bunda bola sifatli materialni izlashga, tanlashga va o‘qishga odatlanadi. Aks holda, bola shunchaki axborot axlatining iste’molchisi bo‘lib ulg‘ayadi.

 

Bolalarga mo‘ljallangan kitoblar bolaning tasavvuri, nutqi va muloqot qobiliyatini rag‘batlantirishi kerak, shunda syujet ular uchun qiziqarli bo‘ladi, ya’ni ularning psixologik va kognitiv rivojlanishiga mos keladi. Bu esa bolaning fikrini oziqlantirishi, u nima haqida gapirayotganini tushunishi va gapira olishiga yordam beradi. Bola harflarni tanimagan paytidan kitobni sevishga ulgurishi kerak.

 

Erta bolalik davrida rasmli kitoblar bilan ishlagan bolalar maktabdagi tengdoshlariga qaraganda ancha muvaffaqiyatli bo‘ladi hamda tushunish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi (tushunish ko‘nikmalari – bu o‘quvchi matndan ma’no yaratish va ma’lumot olish uchun foydalanadigan strategiyadir). Ya’ni, PISA reading testida baholanadigan ko‘nikmalar. Rasmli kitoblar bolalar tafakkurining eng samarali stimulyatorlaridan biridir. Yuqori sifatli rasmli kitoblar bolaning kognitiv, hissiy, ijodiy va til rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Ota-onalarning bolalarga kitob o‘qishi bolaning o‘zini o‘qishga, harflar va rasmlar, harflar va tovushlar o‘rtasidagi munosabatlarga, shuningdek, atrofdagi dunyoga qiziqishini o‘stirib beradi. Bolalarda tasniflash, taqqoslash, tahlil qilish, tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish kabi ko‘nikmalar yig‘iladi, bu shaxsiyat, o‘zini o‘zi qadrlash va tasavvurni shakllantirishda juda muhimdir. Aynan bolalar kitoblari bolalarga kundalik tashvishlar, his-tuyg‘ular va vazifalarni qanday yengish kerakligini ko‘rsata oladi. Ular bolalarga boshqa odamlarni va o‘zlarini tashqaridan ko‘rishga yordam beradi. Shunga ko‘ra, aynan bolalar kitoblari bolalikdan boshlab kuchli va kognitiv rivojlangan va XXI asrda zarur bo‘lgan ma’lumot kompetentsiyasiga ega bo‘lgan shaxsni yuzaga keltiradi.

 

Ertaga farzandlarimizni salbiy va baʼzan shafqatsiz ma’lumot axlatlaridan himoya qila olamizmi? Savodsiz yoshlarimiz ko‘payaversa, ular orasidagi jinoyatchilikni, kamaytira olamizmi? Hozir 5-6 yoshga to‘lgan bolalar esa 10 yildan so‘ng internet mahsulotiga aylanmasdan, internet va boshqa bosma materiallardan erkin va o‘ziga ziyonsiz foydalana oladimi?

 

Bizda shunday kitoblar bormi? O‘zbekistonda “O‘yinchog‘imni qaytarib ber”, “Dadam qayerda?”, “Buvim qayerga ketgan?”, “Nega do‘stim meni bog‘chada urdi?”, “Semizman”, “Chiroyli emasman”, “Nega mening ikkita ko‘zim bor?”, “Raketa nima?”, “Dinozavrlar qayerda yashaydi?”, “Panda qayerda yashaydi?”, “Nega sinfdoshim yura olmaydi?”, “Nega onam meni urishdi?”, “Men yaxshimanmi?”, “Men yomonmanmi?” va hokazo yana minglab mavzulardagi kitoblar nashr etilyaptimi? Yoki yana 50 yil davomida faqat folklor ertaklari bilan qanoatlanamizmi?

 

Bizda “Beshik to‘y”ga tagliklardan tort yasashning o‘rniga qimmatbaho bolalar kitoblar to‘plamini sovg‘a qiladigan boylar bormi? Bolaning tug‘ilishi uchun bolalar kitoblarini sovg‘a qilishni kim urfga chiqaradi?

 

Ba’zi odamlar xayoliy dunyoni izlaydi, boshqalari haqiqiy dunyoni xohlashadi. Bolaligidan unga tushunarsiz va qiziqish uyg‘ota olmagan she’r yod olishga mahkum bo‘lgan bola, uning ma’nosini tushunmaganligi uchun kitobni mutlaqo yomon ko‘rib qolishi mumkin.

 

Bolaning psixologik, kognitiv rivojlanishiga mos keladigan, uning tasavvurini, qiziqishini uyg‘otadigan kitoblarni tanlashda o‘qituvchilar va ota-onalarning o‘rni katta.

 

Bugun biz oliy ta’limga e’tibor qaratyapmiz, treninglar tashkil qilmoqdamiz, internet o‘zbekcha materiallarga to‘lmoqda, ammo agar bolalik davridayoq ma’lumotni mohiyatini idrok etish va anglash, uni tushunish ko‘nikmasi shakllanmagan bo‘lsa, bugungi yaratilayotgan materiallarning barchasi bugungi bolalar ulg‘ayganida foydasiz, ba’zan hatto zararli bo‘lishi mumkinligini tushunamizmi?

 

Kitob arzon emas. Bolalar kitobi – yanada qimmatdir. Chunki u yuqori texnik va badiiy sifatni talab qiladi. Masalan, Janubiy Koreyada bitta bolalar rasmli kitobi taxminan 10–12 dollar turadi. Bunday kitob atigi bir necha marta o‘qilishi mumkin, shuning uchun har qanday ota-ona har 2 kunda yangi rasmli kitob sotib ololmaydi. Shu maqsadda Koreyada bolalar kutubxonalari faol ishlaydi. Ular juda ko‘p va har bir uydan piyoda masofada joylashgan bo‘lib, bolalarga xohlagancha kitobdan foydalanish imkonini yaratib beradi. Bundan tashqari, bolalar bog‘chalari va maktabda ham kutubxonalar tashkil etilib, ular mamlakat nashriyotlarida chop etilgan barcha bolalar kitoblarini fondiga oladi va bolalar orasida targ‘ib qiladilar. Bolalar adabiyotiga soliqni bekor qilishgan. Koreyada erta bolalikdan (3 yosh) bolalar kutubxonadan foydalanishni o‘rganadilar va kitob tanlashni va ijaraga olishni biladilar. Bolalar kutubxonalari fondi asosan milliy mualliflarning kitoblaridan tashkil topgan. Eng muhimi, Koreyada bolalarga kitob sovg‘a qilish zo‘r odat hisoblanadi.

 

Masalan, AQShda kam ta’minlangan va ijtimoiy zaif oilalarning farzandlarini o‘qishga jalb qilish maqsadida pediatrlar bola tug‘ilganda, emizish yoki jismoniy rivojlanish bo‘yicha maslahatlardan tashqari kitob o‘qishning foydasi haqida ham gapiradilar va kitobxonlikka oid tavsiyalar beradilar, bolalar kitoblarini sovg‘a ham qiladilar.

 

Kitobxonlik madaniyatini shakllantirish oson emas, lekin erta kitobxonlik madaniyatini shakllantirish oson. Buning uchun aynan erta kitobxonlik qanchalik muhim ekanligini barchamiz tushunishimiz kerak.

 

1. Kattalar bilan bolaning birgalikda rasmli kitob o‘qishi uning fikrlashini rag‘batlantiradi. Bola mutolaani eshitishi jarayonida uning miya hujayralari rag‘batlanadi, neyronlar aloqasi yuzaga keladi, kelajakda o‘rganish va intellektual qobiliyatlar uchun poydevor yaratiladi;

 

2. Bolalar hayotiga kitbolarning erta kirib kelishi ularda o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan muhabbatni kuchaytiradi, diqqatni jamlash qobiliyatini, og‘zaki nutq va savodxonlik ko‘nikmalarini yaxshilaydi;

 

3. Bolalar kitobi bolalarda ijodkorlik, qiziquvchanlik, mustaqillik, o‘ziga ishonch tuyg‘usini beradi, tasavvurni rivojlantiradi, empatiya, muammoni yechish kabi ko‘nikmalarni rivojlantiradi;

 

4. Bolalarga rasm va so‘zlar real narsalarning timsoli ekanligini tushunishga yordam beradi, ularning so‘z boyligini kengaytiradi va kitob konsepsiyalari bilan tanishtiradi;

 

5. Bolaligida erta kitobxonlik amaliyoti (ota-onalar bilan birgalikda kitob o‘qish, rasmli kitoblar bilan o‘ynash, rasmli kitoblarni ko‘rish)ga jalb qilinmagan bolalar  keyinchalik o‘qish ko‘nikmalari bo‘yicha ortda qoladi va maktab yillarida o‘rganishda qiyinchiliklarga ko‘p duch keladi.

 

 

Nima qilsa bo‘ladi?

 

Biz hali katta kitob bayramlari, ulkan taqdimotlar va millionlab nusxalarga ega kitoblar chiqishiga tayyor emasmiz. Bolalar kitobxonligini mahalliy darajada kichik qadamlar bilan rivojlantirish samaraliroq.

 

·                   Rasmli kitoblar bilan ishlashni maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limi dasturiga, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash dasturiga kiritish zarur. Rasmli kitoblar bolaning kichik yoshidan ta’limda integrallashgan yondashuvni rivojlantirish uchun yordam beradi. Masalan, kaktuslar haqidagi rasmli kitobni o‘qib, biz bulling (bulling ijtimoiy termin: birovning ustidan kulish, zo‘zaronlik, haqoratlash) mavzusini ham, kaktuslar mavzusini ham tabiatshunoslik nuqtai nazaridan muhokama qilishimiz mumkin.

 

·                   Bolalar kitoblari trendga aylanishi kerak. Men kitob do‘koniga kirib, farzandi uchun kitob sotib olishdan xursand bo‘ladigan juda kam blogerlarni taniyman. Million kuzatuvchiga ega yulduzlar farzandlariga bolalar kitobi sovg‘a qilishni trendga aylantirsalar, ko‘pchilik ulardan o‘rnak oladi. Bolalar internet gadosiga aylanib qolmasliklari uchun kattalar bir-birining farzandiga qimmatbaho kitoblarni sovg‘a qilish odatini kiritishi va bundan maqtanishi kerak.

 

·                   Teleseriallar va filmlar kadrlari fonida hech bo‘lmasa rasmli kitoblarni o‘qib mazza qilayotgan bolalarni muntazam ravishda ko‘rsatish kerak.

 

·                   Beshik to‘yidagi yoki tug‘ruqxonadan olib chiqish bayramlaridan chiqqan videolarda nafaqat chang bosgan o‘yinchoq qahramonlarni yoki lentaga o‘ralgan tagliklarni, balki bolalar kitoblarini ham ko‘rsatish kerak.

 

·                   Tuman hokimligi, mahallalar har yili mahalliy nashriyotlar bilan joylarda kitob yarmarkalarini o‘tkazishi kerak. Mualliflarni taklif qilish lozim. Bu “Ma’rifat va ma’naviyat” bo‘limi uchun qo‘shimcha ish bo‘lsa-da, kitob targ‘iboti tufayli ular kelajakda ma’lumot kompetensiyasiga ega bo‘lmagan internetga g‘arq bo‘layotgan o‘smirlar bilan ishlamaydi. Kitobxon bolalardan kitobxon o‘smirlar o‘sadi.

 

·                   Davlat darajasida O‘zbekistonda alohida “Bolalar kitobi kuni” e’lon qilinishi kerak, bu kun har kim o‘zining yoki birovning farzandiga kitob sovg‘a qiladi. 1-iyun – Bolalar kunida emas, 1 aprel – Xalqaro bolalar kitobi kunida ham emas, balki alohida boshqa bir kunda.

 

·                   Bolalar bog‘chalarida va maktablarda kitob sovg‘a qilish kunlarini e’lon qilish. Bu kunda bolalar bir-birilariga kitob ulashadilar. Bu shunchaki pulni ishlatish emas, balki kitob qimmatli narsa ekanligini anglab ulg‘ayadigan bola uchun sarmoyadir.

 

·                   Telekanallarda har kuni kech payt bolalarga rasmli kitob o‘qib berish va har bir ota-onani shunga undash kerak.

 

·                   O‘zbekistonda faoliyat yurgazayotgan IBBY seksiyasi har yili mamlakatda nashr etilayotgan eng yaxshi kitoblar va tarjimasu zarur bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini e’lon qilishi kerak. Boshqa ko‘plab mamlakatlarda IBBY bo‘limlari buni amalga oshiradilar.

 

Kitoblarga pul yo‘q deb ayta olmaymiz. Talab taklifni shakllantiradi. Bugun, bilishimcha, masalan, “Akademnashr” nashriyotida bolalar uchun 10 ming so‘mdan boshlanadigan sifatli kitoblar bor. Qimmatbaho kitoblarni esa biz maxsus sanalarda yaqinlarimizga sovg‘a qilishimiz mumkin.

 

Har birimiz kitobxon millatning rivojlanishi uchun mas’ulmiz. Chunki 12 yoshgacha bo‘lgan bolaning faoliyatiga biz – ota-onalar, katta yoshlilar javobgarmiz.

 

Bugun Milliy gvardiya maktabda davomatni tekshiradi, lekin oiladagi zo‘ravonlik yoki boshqa voqealar (sababchisi savodsiz ota-onalar) tufayli ertaga bog‘chadagi davomatni tekshirishga o‘tishidan ko‘ra bolalar kitobxonligini rivojlantirish osonroq emasmi?

 

Dinara MOʻMINOVA,

pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22029
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//