Oltoydan to Bolqon yarimoroligacha choʻzilgan ulkan hududlarda oʻnlab saltanat tuzgan turkiy xalqlar dunyo tarixiga sezilarli taʼsir oʻtkazgan edi. Ular nafaqat, oʻz davlatchilik tizimi va anʼanalariga, balki oʻziga xos meʼmoriy uslublariga ham asos solgan. Chunonchi, bugungi kunda turkiy davlatlarda butun jahon taniydigan, yiliga millionlab sayyohlar tashrif buyuradigan va deyarli mamlakat ramziga aylangan bir qancha mashhur obidalar bor.
Sulton Ahmad masjididan Rumiy maqbarasigacha. Turkiya
Zamonaviy Turkiya davlati oʻzining qadimiy yunon va Vizantiya davriga doir obidalari bilan dunyoga mashhur boʻlsa-da, bu yerda turkiylar qurgan binolar ham anchagina. Istanbul va butun Turkiya ramzlaridan biriga aylangan Sulton Ahmad yoxud Moviy masjid shunday inshootlardan biri. 1609-1616-yillarda usmonlilar sultoni Ahmad I tashabbusi bilan bunyod qilingan ushbu masjid oʻzining 6 ta minoraga ega ekani bilan musulmon olamidagi boshqa masjidlardan farqlanadi. Uning qurilishida eng sifatli marmar va keramikadan foydalanilgan. Inshoot arxitekturasi usmoniy va vizantiya meʼmorchilik uslublari qorishmasi hisoblanadi.
Sulton Ahmad masjidi
Turli hisob-kitoblarga koʻra, Sulton Ahmad masjidiga har yili 100 million atrofida sayyoh tashrif buyuradi. Turkiyada turkiylar qurgan yana bir mashhur bino – bu Koʻniyo shahridagi Mavlono majmuasidir. Saljuqiy sulton Alovuddin Kayqubod I taklifiga binoan Koʻniyoga kelgan Jaloliddin Rumiy bu yerda otasi qabri ustiga maqbara qurdiradi. Rumiyning oʻzi ham vafotidan soʻng aynan shu yerda dafn etiladi. Uning qabri ustiga qurilgan maqbara keyingi asrlarda soʻfiy darvishlarining asosiy manzillaridan biriga aylanadi va hozirga qadar bu anʼana davom etmoqda.
Mavlono maqbarasi yoniga keyinchalik, sulton Sulaymonning xotini Hurram sulton maqbarasi, darvishlar hujralari va favvoralar qurilgan. Bu obidaga yiliga 500 mingdan koʻproq turist keladi. Shuningdek, Turkiyada mashhurligi va goʻzalligi yuqoridagilardan qolishmaydiga Toʻpqopi saroyi, Shahzoda masjidi va Anitkabir kabi yana oʻnlab yodgorliklar mavjud.
Qozogʻiston. Buyuk avliyo mavzesi
Qozogʻiston tarixiy meʼmorchiligining eng yorqin namunasi, shubhasiz, Turkiston shahrida joylashgan Xoʻja Ahmad Yassaviy maqbarasidir. Yassaviy tariqati asoschisi hisoblanuvchi Ahmad Yassaviy nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom dunyosida oʻz oʻrniga ega olim va avliyo boʻlgan. 1395-yilda Toʻxtamish ustidan gʻalaba qozongan Amir Temur gʻalaba sharafiga Turkiston shahridagi Yassaviy qabri ustiga katta maqbara qurdiradi. Manbalarga koʻra, Temurning shaxsan oʻzi qurilish ishlarida qatnashgan va bino tarhini chizishda ishtirok etgan. Maqbara ajoyib arxitekturaga ega boʻlib, uning qurilishida hatto fil suyagidan foydalanilgan. Binoning asosiy gumbazi balandligi 44 metrga yetadi.
Maqbara yonida yana bir nechta binolar, xususan Ishimxon, Robiya sulton-begim, Tavakkalxon, Qosimxon maqbaralari, juma masjidi joylashgan. 1989-yilda, Qozogʻiston hukumati tomonidan ushbu inshootlarni birlashtiruvchi “Hazrat sulton” muzeyi tashkil etilgan.