Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” asarida “Kitob” degan kattagina bo‘lim bor. Buni asr-asrlar kitob, yozuv nimaligini bilmagan, XX asrga kelibgina o‘z alifbosiga ega bo‘lgan tog‘li bir xalqning vakili bitgan. U dog‘istonliklarning asr-asrlar o‘qish-yozishni bilmaganidan o‘kinadi: “Algebra yaratilgandi, biz esa hali sanashni bilmasdik. Dunyoda mashhur dostonlar bitilgandi, biz esa hali “ona” degan so‘zni ham yoza olmasdik”. Bu sohibi qalam kitobni shunchalar ulug‘laydiki, hatto “Agar Eron shohi Dog‘istonga qilich va urush olovi bilan emas, Firdavsiyning donishmandligi, Hofizning sevgisi, Sa’diyning hikmatlari bilan kelganda tumtaraqay qochmagan bo‘lardi”, deb hisoblaydi.
Shu so‘zlarni o‘qir ekansan, xalqlarning tarixiy taraqqiyotda tutgan o‘rnini aynan kitobga munosabatiga qarab ham belgilash mumkin, degan xulosaga keladi kishi. Beixtiyor bundan qariyb uch ming yil muqaddam ona zaminimizda dunyoga kelgan “Avesto” ko‘z o‘ngingda gavdalanadi. Keyin birin-ketin “Sahihi Buxoriy”, “Devonu lug‘atit-turk”, “Qutadg‘u bilig”, “Qisasi Rabg‘uziy”, “Temur tuzuklari”, “Ziji Ko‘ragoniy”, “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Boburnoma”, “O‘tkan kunlar”… yodga tushadi.
Ha, biz tarixda ko‘p buyuk kitoblar bitgan xalqmiz.
Dunyo biz bilan gaplashganda buni yodda tutadi, albatta.
Xalq va kitob
O‘zbekiston Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida” 2017-yil 12-yanvardagi farmoyishi o‘zo‘zidan qabul qilingani yo‘q. Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 4-noyabr kuni Nurota tumanida Navoiy viloyati saylovchilari vakillari bilan uchrashuvida shunday fikrlar bayon etildi: “Odamlarning ongu tafakkuri, dunyoqarashini o‘zgartirish, ma’naviy saviyasini yuksaltirish haqida gapiramiz. Lekin bu borada eng oddiy va ayni paytda, eng ta’sirchan vosita bu – kitob emasmi? Men shunga aminman – kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo‘lmaydi. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘q”.
Biz deyarli barcha sohada davlat tashabbuskor bo‘lishiga o‘rganib qolgan xalqmiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun kitob targ‘ibi davlat siyosatining tarkibiy qismiga aylandi. Shu ma’noda, davlat rahbari farmoyishi barchamizni kitobga munosabatimizni qayta ko‘rib chiqishga undaydi.
Ushbu qonunosti hujjati bilan tanishar ekanmiz, ko‘z oldimizga hammadan burun Alisher Navoiy siymosi va bu ulug‘ zot yaratgan kitoblar keladi. Chunki millatimiz merosida Navoiy asarlaridan buyukroq manba yo‘q. Shu bois biz xalq sifatida kitob va kitobxonlik masalasini buyuk bobokalonimizdan ayri tasavvur eta olmaymiz. Sirasini aytganda, bundan buyon o‘zbek kitobxonligi umumiy saviyasini Navoiyni tushunish darajasi bilan o‘lchash lozim, bizningcha.
Navoiyni Navoiy qilgan – kitob!
Ona tilimizda Alisher Navoiydan ko‘p va xo‘b kitob yozgan yana kim bor?
Ungacha ham, undan keyin o‘tgan besh asrdan oshiqroq davr mobaynida ham bu ulug‘ zot erishgan yuksak cho‘qqiga chiqa oladigan ijodkor paydo bo‘lmadi.
Baralla ayta olamizki, Navoiyni Navoiy qilgan ham aynan kitob edi. Chunki u o‘zigacha yashab, turkiy, forsiy va arabiy tilda ijod etgan deyarli barcha qalamkashlar ijodi bilan tanishgan edi.
O‘tgan asrning birinchi yarmida atoqli olim Yevgeniy Bertels “Navoiy kutubxonasini o‘rganish kerak” degan masalani o‘rtaga tashlagan edi. Bu, Navoiy o‘qigan kitoblar ro‘yxatini tuzib, ularning shoir yaratgan asarlar bilan aloqadorligini aniqlashtirish kerak, degani edi. Ayni yo‘nalishda ancha ishlar qilindi. Lekin bu vazifa hali-hanuz uzil-kesil bajarilgani yo‘q. Qilishimiz zarur bo‘lgan yumushlar – qilingan ishlardan ancha ko‘p.
Murg‘ak qalbning mutolaaga muhabbati
Alisherning otasi – G‘iyosiddin Kichkina temuriylar saltanatining sodiq mulozimlaridan biri edi. Onasi ham ana shu xonadon xizmatida bo‘lgan ayollardan edi. G‘iyosiddin Kichkina oilasida ilm-u ma’rifat, xususan, adabiyotga kuchli mehr ustuvor edi. Alisherlar xonadonida tez-tez ma’rifiy suhbatlar bo‘lib o‘tar, ular tabiiy ravishda she’rxonlikka aylanib ketar edi. Bo‘lajak mutafakkirning tog‘alari – Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar ham shoir edi. G‘aribiy musiqa ilmini puxta bilar, yaxshi sozanda ham edi. Ikki tog‘aning turkiy she’rga mayli kuchliroq edi.
Ana shunday muhitda o‘sgan Alisher uch-to‘rt yoshida she’r yodlay boshlaydi. U yodlagan ilk bayt Amir Qosim Anvorning:
Rindemu oshiqemu jahonso‘zu joma chok,
Bo davlati g‘ami tu zi fikri jahon chi bok?! –
degan misralari edi. G‘azal matlasi bo‘lmish bu satrlar “Rindmiz, ya’ni hur fikrlilarmiz, oshiqlarmiz, jahonga o‘t qo‘yganmiz-u to‘nimizni yirtganmiz, (ey yor, ya’ni ey Olloh), sening g‘aming davlati bilan fikrimiz band ekan, jahonni o‘ylab nima qilamiz?!” degan mazmunda.
Alisher to‘rt-besh yoshida maktabga borgan. U olti yoshga to‘lgan 1447 yili Xuroson podshosi Shohrux Mirzo vafot etdi. Shu tariqa Hirotda temuriylarning toj-taxt uchun kurashi avj oldi. Poytaxt ahli bu notinchliklardan qochib, atrof shahar va qishloqlarga ravona bo‘ladi. Bundaylar orasida G‘iyosiddin Kichkinaning oilasi ham bor edi. Alisherlar oilasi Iroqqa ko‘chadi. Yo‘lda Taft shahriga qo‘nib o‘tishadi.
Navoiyning o‘zi “Majolis un-nafois” tazkirasida eslab o‘tishicha, olti yoshlarida Taftda mashhur tarixchi, Sohibqiron Amir Temur haqidagi ulkan “Zafarnoma” kitobini yozgan Sharofiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Yarim kechasi bu yerga yetib kelgan karvon aynan Yazdiy xonaqohi yoniga joylashadi. Ertalab bolalar o‘ynagani xonaqohga kiradi. Ulug‘ olim musofirlar haqida bilish uchun bolalardan birovi uning yoniga kelishini so‘raydi. Shunda Alisher uning oldiga boradi. Nimani so‘ragan bo‘lsa, javob beradi. Bu yog‘ini Navoiyning o‘zidan eshitaylik: “Tabassum qilib, tahsin qildilar. Dag‘i so‘rdilarki: “Maktabg‘a boribmusen?” Dedimkim: “Boribmen”. Dedilarkim: “Ne yergacha o‘qibsen?” Dedimki: “Taborak” surasig‘acha”. Dedilarkim: “Bu jamoat atfolidin biz tilaganda sen kelib, biz bila oshno bo‘ldung, sening uchun fotiha o‘quli”, deb o‘z fotihalarig‘a musharraf qildilar” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 13-tom. Toshkent, “Fan”, 1997. 31-bet).
Bu tasodifiy uchrashuv chog‘ida muarrix olim hirotlik bolakayning ziyrakligi, o‘tkir zehni, kuchli aql-u farosatiga qoyil qoladi. Alisher nuroniy zotga Qur’onning “Taborak” surasigacha o‘qiganini aytadi. “Taborak” – “Mulk” surasining ikkinchi nomi. Bilasizki, Kalomulloh jami o‘ttiz juz, ya’ni poradan iborat. “Taborak” surasi bilan esa yigirma to‘qqizinchi juz boshlanadi. Demak, Alisher olti yoshida o‘ttiz pora Qur’onning yigirma sakkiz porasini o‘qib tushirgan edi.
“Lison ut-tayr” dostonida yozilishicha, maktabda o‘qib yurgan kezlari muallim bolalarning har qaysisiga badiiy kitoblardan birini o‘qishni buyuradi. Kimdir Sa’diy Sheroziyning “Guliston”ini, boshqa birov uning “Bo‘ston”ini tanlaydi. Yosh Alisher esa Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”ini o‘qishga tushadi. U doston mutolaasiga shu qadar berilib ketadiki, ota-onasi bundan qattiq xavotirlanadi. Oxiri ular bolaning qo‘lidan kitobni olib, yashirishadi. “Foydasi yo‘q edi, – deb yozadi Navoiy, – chunki men uni to‘liq yodlab olgan edim”.
Xo‘sh, sabiylik chog‘idanoq shakllangan bunday yuksak darajadagi kitobxonlik qanday samara berdi?
Ko‘p she’rni yod bilish har qanday shoir uchun juda-juda asqatadi. U satrlar tizishga, qofiyalar topishga qiynalmaydigan bo‘ladi. Salohiyati yuksaladi. Hozirgi til bilan aytganda, she’r bitishda avtomatlashish jarayoni yuz beradi. “Agar bir so‘zni bir bor qo‘llab, unga bir necha ma’no yuklashga asoslangan iyhom san’ati bilan yozish talab qilinganida ham, kuniga yuz baytni osongina holva yegandek bita olaman”, deb yozadi Navoiy keyinchalik:
Agar xossa ma’ni gar iyhom erur,
Aning kunda yuz bayti halvom erur.
Navoiy “Mantiq ut-tayr” dostonini to‘liq yodlab olganida necha yoshda bo‘lgani haqida manbalarda ma’lumot yo‘q. “Lison ut-tayr”da uning o‘zi maktabda o‘qib yurgan kezlari (“tufuliyat chog‘i maktab aro”) yodlaganini aytadi, xolos. Mutaxassislar, harholda, bu mahalda o‘n yoshlarda bo‘lganini taxmin qilishadi. Lekin navoiyshunoslikdan uzoq mualliflarga oson chog‘i, qo‘rqmasdan-netmasdan “Navoiy hazratlari yetti yosh(lar)ida Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini yoddan bilganlar”, deb yozaverishadi (Sattorov Sh. Mir Alisher Navoiy haqida 15 ma’lumot, 10 hikmat va bir rivoyat. “Janob”, 2017-yil 1-son, 6-bet).
Bu borada bir kishigina xato qilsa hech gap emas. Lekin boshqa bir yerda ham “Alisher yetti yoshida “Mantiq ut-tayr”ni yod olgan”i aytiladi (“Jomboy tongi”, 2015-yil 7-fevral).
Navoiyga munosabatda bunday taxminlarga o‘rin bermaslik kerak. Yoshini kichraytirib ko‘rsatish bilan shoirning obro‘yi ortib qolmaydi ham.
Kitobxonlik – yosh tanlamas
“Beshikdan qabrgacha ilm o‘rgan”, degan mashhur hadisi sharif bor. Navoiy ham bunga qat’iy amal qilgan zotlardan biri.
G‘iyosiddin Xondamir “Xulosat ul-axbor fi bayoni avval il-axiyr” asarida keltirgan bir ma’lumot Atoulloh Husayniyning olimlikda naqadar yuksak qadr topganidan dalolat beradi: “Sabot va matonat bilan ilmda shunday oliy darajaga yetdiki, 902 (milodiy 1496/97 – S.O.)-yili bir necha oy davomida amirning (Navoiy – S.O.) dargohidagi oliyjanob majlislarda dars o‘qidi, ul hazratning o‘zlari ham qo‘llarida qog‘oz va qalam bilan mavlono muallimning shogirdlari qatoridan o‘rin oldilar”.
Qarang, Navoiydek buyuk qalam sohibi ayni kamolotga yetgan davri – ellik olti yoshida qo‘lida qog‘oz-u qalam bilan bir necha oy Atoulloh Husayniy qoshida adabiyotshunoslikdan dars tinglabdi! Bu nafaqat Sharq, balki jahon adabiyoti va adabiyotshunosligi tarixida ham noyob hodisa bo‘lsa ajab emas. Holbuki, shungacha Navoiy adabiyotshunoslikka oid “Majolis un-nafois” tazkirasini (1491-yili) ham, aruz nazariyasiga oid “Mezon ul-avzon” risolasini (1493/94-yili) ham yozib bitirgan edi.
Filologiya fanlari doktori Rahim Musulmonqulov Navoiy shu darslarni tinglagandan keyingi yillarda “Majolis un-nafois”ni qayta tahrir qilgani (1498/99), “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni yozgani (1499), “Xazoyin ul-maoniy” chorkitobi “Debocha”sini yangidan bitganini (1492/99) ta’kidlaydi.
Shukrki, bugun Navoiyning to‘liq asarlari nashriga egamiz. Shuning uchun shoirga turli sohalarda bevosita ta’lim bergan ustozlari aynan kimlar ekanini aniqlashtirish imkoni bor. Chunki ulug‘ bobokalonimiz hech bir ustozini unutmagan, ularning har biri haqida ma’lumot berib ketgan. Buni alohida qayd etayotganimizning sababi bor. Har bir ustoz shogirdiga kitob vositasida ta’lim bergan.
Navoiy Samarqandda Abullaysiydan ta’lim olgan. “Majolis un-nafois”da bu haqda uning o‘zi, jumladan, bunday deb yozadi: “Xoja Fazlulloh Abullaysiy – Samarqand akobiridindur. ...Faqir ikki yil alarning qoshida sabaq o‘qub erdim, oncha (Nashrda “ancha” tarzida xato berilibdi, biz tuzatib yozdik. “Oncha” hozirgi tilimizda uchraydigan “shunchalik” so‘ziga to‘g‘ri keladi – S.O.) iltifotlari bor erdikim, “farzand” der erdilar” (Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to‘plami. 13-tom. Toshkent, “Fan”, 1997. 33-bet).
Navoiyning bevosita ustozlari masalasi – ilmimizda alohida o‘rganishga loyiq mavzu. Hozir “Xamsat ul-mutahayyirin” risolasiga suyangan holda birgina ustozi va piri Abdurahmon Jomiy huzurida Navoiyning shogird sifatida o‘qigan kitoblari ro‘yxatini tuzib chiqaylik: Jomiy qalamiga mansub “Qofiya”, “Muammo” (ikkinchi risolasi), “Aruz”, “Lavoeh”, “Lavome’”, “Sharhi ruboiyot”, “Ashi’a”, “Nafahot ul-uns min hazarot il-quds”, “Shavohid un-nubuvvat” asarlari; Xoja Muhammad Porsoning “Qudsiya”si, Faxriddin Iroqiyning “Lamaot”i, Xoja Ubaydulloh Ahror Valiyning “Volidiya”si, Xoja Abdulloh Ansoriyning “Ilohiynoma”si.
Bundan tashqari, Navoiy ustozining “Haft avrang”i dostonlarini muallif sifatida o‘qiganlarida quloq tutgani yoki “quloq tutquvchilar madadi uchun alar majlisida” o‘zi o‘qib berganini aytadi.
Demak, kitob o‘qish bilan kitob o‘qishning ham farqi bor ekan. Xususan, ustoz hamkorligida kitob o‘qish an’anasi amalda qanday buyuk hosilalar berganini birgina Hazrat misolida ham ko‘rish mumkin.
Navoiyga o‘z asarlari orqali ustozlik qilganlar yana qancha. Masalan, “Xamsa”ni yozish uchun u o‘zidan oldin yaratilgan Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Ashraf, Xoju, Abdurahmon Jomiy “Xamsa”larini izchil o‘rgangan. Ular orasidan har bir asari uchun namuna tanlab, o‘shalarga javob bitgan. O‘zining ta’kidlab o‘tishicha, “Hayrat ulabror” Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror”i, “Farhod va Shirin” Xusrav Dehlaviyning “Shirin va Xusrav”i, “Layli va Majnun” Xojuning “Gavharnoma”si, “Sab’ai sayyor” Ashrafning “Haft paykar”i va “Saddi Iskandariy” Abdurahmon Jomiyning “Xiradnomayi Iskandariy”iga nazira tarzida bitilgan. Umrining oxirlarida yaratilgan “Lison ut-tayr” dostoni esa Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr”iga “tarjuma rasmi bila” javob edi.
G‘azal bobida esa Navoiy Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyni ustozlari sifatida sanaydi (Is’hoqov Yo. Alisher Navoiyning ilk lirikasi. Toshkent, “Fan”, 1965. 13-bet).
Mutafakkir bobomiz kitob yozgan zotlarni juda-juda ulug‘laydi. Bu “Majolis unnafois” va “Nasoyim ul-muhabbat...” asarlarida, “Xamsa” dostonlari hamda “Lison ut-tayr”da o‘zidan oldingi salaflari ta’rif-tavsifida yorqin namoyon bo‘lgan.
Dunyoni lashkar emas, kitob zabt etadi
“Farhod va Shirin”dagi faxriyasida shoir qaysi mamlakatga bir farmon yuborgan bo‘lsa, uni zabt etish uchun bir devon jo‘natganini bitadi:
Ne mulk ichraki bir farmon yibordim,
Aning zabtig‘a bir devon yibordim.
Navoiyning devonlari mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ulkan vazifa bajargan. E’tiborlisi, bu jarayon shoir vafotidan keyin ham davom etib kelayotir. Hozirgi paytda ham uning asarlari qaysi tilga tarjima qilinsa, bu amalda o‘sha mamlakat bilan adabiy-madaniy hamkorliklarimiz ravnaq topayotganidan dalolat beradi.
Navoiy Hirot ilmiy-ijodiy muhitining haqiqiy rahnamosi edi. Kitob yozib, uni Navoiyga bag‘ishlash Xuroson mamlakatida o‘ziga xos bir musobaqa va an’anaga aylangan edi.
Bu buyuk zot talay mualliflarni muayyan mavzularda kitoblar yozishga da’vat etgan. O‘z-o‘zidan, bu mualliflar ham bitgan yangi asarini Hazratga bag‘ishlagan.
G‘iyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” asarida erinmasdan Navoiyga bag‘ishlangan kitoblar ro‘yxatini keltiradi. Jami – 21 asar. Ular orasida Husayn Voiz Koshifiyning “Tafsiri forsiy” (“Qur’onning forsiy tafsiri”), Imom Navvaviyning “Sharhi “Arba’in” (“Qirq hadis” sharhi”), Mavlono Abdurrazzoq Kirmoniyning “Risolaye dar ilmi farosat” (“Farosat ilmi to‘g‘risida bir risola”), Mavlono Nizomiddin Ahmad Pir Shamsning “Tarjimai arabiyoti “Nafahot...” (Jomiyning “Nafahot ul-uns min hazarot il-quds” tazkirasi arabcha qismining tarjimasi) kabi mashhur va e’tiborli kitoblar bor (G‘iyosiddin Xondamir. Makorim ul-axloq. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2015. 35-36-betlar). Navoiyga bag‘ishlangan kitoblar ro‘yxati shu bilangina tugamaydi. Xondamir bu sanoqni yana davom ettiradi (o‘sha asar, 51-52-betlar).
Navoiy ko‘plab asarlarning yozilishiga sababchi, tashkilotchi, tashabbuskor va homiy ham bo‘lgan. Bu yerda birgina misol keltiramiz. Navoiy piri va ustozi Abdurahmon Jomiyni avliyolar haqida tazkira yozishga da’vat etadi. 1471/72-yili tugallangan “Nafahot...” tazkirasi shu tariqa dunyoga kelgan. Oradan 24 yil o‘tib – 1495/96-yili Navoiy mazkur tazkirani ayrim qisqartirish va qo‘shimchalar bilan turkiyga tarjima qildi. Bu asarga “Nasoyim ul-muhabbat va min shamoyim ul-futuvvat” (“Ulug‘lik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari”) deb nom berdi. So‘fiylar haqidagi bu turkiy tazkira islomning boshlanishidan to XV asr ikkinchi yarmigacha o‘tgan talay shayx va avliyolar haqida ma’lumot beruvchi boy manba hisoblanadi.
Buyuk kitobxon
Navoiy hayotining so‘nggi 15 yili nihoyatda qizg‘in ijod davri bo‘ldi. Merosining kattagina qismini aynan shu 45 yoshdan keyin yaratdi.
Navoiyning asarlari yaratilishi ketma-ketligiga nazar tashlasak, u shoshilib, ulgurib qolishga intilib, juda qattiq ishlagani ma’lum bo‘ladi. “Lison ut-tayr”da muallifning “Yosh oltmishga to‘lmoqda, niyat qilganim shu dostonni hozir yozmasam, bitilmay qolib ketadimi, deb qo‘rqaman”, degan mazmundagi fikri ham bor.
Shoir sevimli qahramonlarining bolalik davrini tasvirlar ekan, ularning ilm-u ma’rifatga, demakki, kitobga muhabbatini ayricha mehr bilan qalamga oladi. Ko‘ngildan kechadiki, muallif ular bahonasida o‘z bolaligini tasvirlagandek bo‘ladi.
Farhod ham ilmparvar yigit edi. O‘n yoshga yetganida u o‘rganmagan ilm qolmagan edi. Bu borada Shirin ham Farhoddan aslo qolishmaydi. Saroyda uning o‘n dugonasi bor edi. Har biri bir fan sohasida kamolotga yetgan qizlar edi.
“Farhod va Shirin”da shahzoda Abulfavoris Shohg‘arib Bahodirga nasihat bobi keladi. Unda shoir Iskandarning aynan ilm-u hunar egallagani uchun ham quruqlik va dengizga ega chiqqanini bitadi-da, keyin shoh va olim Mirzo Ulug‘bek ta’rifiga o‘tadi.
Temurxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek, –
deb boshlanadigan olti baytli parchada ulug‘ shoir Mirzo Ulug‘bekni Husayn Boyqaroning o‘g‘li – Abulfavoris Shohg‘arib Bahodirga namuna qilib keltiradi. Ne-ne zamondoshlari o‘tib ketgani, ularni hech kim yodga olmayotganini qayd etib, lekin bu olimning ilmga intilgani, ko‘zi oldida osmon past bo‘lganini esga soladi. Uning jahon ichra yana bir osmon bo‘lgan rasadxonasi olamning ziynati hisoblanishi, osmon ilmini o‘rganib, “Ziji Ko‘ragoniy” deb atalgan kitob yozgani, qiyomatga qadar olimlar uning hukmlaridan foydalanib, xulosa bitishini ta’kidlaydi.
Bu satrlarda mutafakkirning kitobni naqadar ulug‘lagani, shahzodani ham shunday ilmga da’vat etayotgani ko‘rinib turibdi.
Bunday buyuk kitoblarni yozish uchun, avvalo, buyuk kitobxon bo‘lish kerak edi.
Shoir o‘zidan oldingi turkiy, forsiy va arabiy she’riyatning barcha daholari asarlarini suv qilib ichganiga hech kimda shubha bo‘lmasa kerak. Biroq bobokalonimiz zamonasi qalamkashlari asarlaridan ham to‘liq xabardor bo‘lgan. Axir, “Majolis un-nafois”dagi sakkiz majlisda ijodlari qisqa-qisqa tahlil etilgan shoirlarni eslang. Muallif Husayn Boyqaro tavallud topgan 1438-yildan to asar tugallangan 1498-yilga qadar o‘tgan turkiyzabon va forsiyzabon qalam ahli haqida (459 shoir!) erinmay ma’lumot berib o‘tadi. Buncha ma’lumotni yig‘ish, tartibga solish, mualliflarning eng go‘zal baytlarini tanlash, ularning har biriga xos munosabat bildirish uchun naqadar buyuk kitobxon bo‘lish kerak edi.
Navoiyning o‘zigagina xos mutolaa usuli bo‘lgani aniq. Shulardan biri yodlash qobiliyati edi. Ikkinchisi – material yig‘ish mahorati. Shoir o‘qiganlari asosida ijodiy niyatiga mos ravishda ko‘p material yig‘ib borgan. Uchinchisi – saralash salohiyati. Shoir o‘qigan va yiqqan materiallarini jiddiy saralagan. Kitobxonligining sanaganimiz keyingi ikki xususiyati haqida “Majolis un-nafois” muqaddimasida bunday deb yozadi: “Jam’ qililg‘ay va har qaysining natoyiji tab’idin biror nima nishona yo‘sunluq yozilg‘ay”. Bu yerda gap shoirlar haqidagi ma’lumotlarni bir yerga to‘plash va ular ijodidan namunalarni misol tariqasida keltirish xususida borayotir.
Navoiyni bugungi ko‘z bilan o‘qiylik
Navoiy bilan bizni, eh-he, qancha-qancha zamonlar-u necha-necha makonlar ajratib turadi. Bu zot asarlaridagi asl ma’noni tushunish uchun o‘sha zamon va o‘sha makonga “qaytish” kerak. Aks holda, qattiq adashamiz.
Navoiyga hozirgi zamon qoliplari bilan yondashib, undan g‘oya qidirish – mutlaqo xato usul. Sho‘ro davrida shunday qilindi. Masalan, sobiq Ittifoq federativ davlat, kuchli bir imperiya edi. Shu bois, xo‘jako‘rsinga bo‘lsa ham, xalqlar do‘stligi g‘oyasini o‘lib-tirilib targ‘ib etdi. Amalda millatlararo tenglik ta’minlanmagan, dilda tamoman boshqa maqsad-muddaolar yotgan bo‘lsa ham, tilda millatlar o‘rtasidagi do‘stlik tarannum qilinaverdi.
“Farhod va Shirin”ga ham shu qolip bilan yondashildi: “Ana, xalqlar do‘stligi-yu mana, xalqlar do‘stligi! Bundagi geografik kenglikni qarang! Farhod – xitoylik, uning sevgilisi bo‘lmish Shirin – armaniyalik, uning qadrdon do‘sti Shopur – eronlik!” deb bong urildi.
Hozirgacha ham bu doston haqidagi ommaning sodda tasavvurlari shunga o‘xshash soxta qarashlardan nariga o‘tmay kelayotir. Dostonning ruscha, tojikcha va ozarboyjoncha tarjimalari asosida dissertatsiya yoqlagan mutaxassis sifatida ishonch-la aytamanki, dostonda bunday talqindagi xalqlar do‘stligi g‘oyasi yo‘q. Farhodning xitoylik, Shirinning armaniyalik va Shopurning eronlik bo‘lishi asarda tamoman boshqa g‘oyaviy-badiiy maqsadlar uchun xizmat qilgan. Bu borada batafsil tushuntirish berish uchun alohida tadqiqot kerak.
Sho‘ro davrida O‘zbekistonimizda qo‘riq yerlarni o‘zlashtirib, u yerlarga Amudaryo va Sirdaryo suvini olib borish bosh masalalardan biriga aylandi. U qildik, bu qildik, ishqilib, Orolni o‘z qo‘limiz bilan quritdik. O‘sha kezlarda “Farhod va Shirin” juda-juda asqatdi o‘ziyam! Chunki dostonda Farhodning kanal qazib, suv keltirishi tasviri bor edi-da. Urush yillari katta hashar bilan ishga tushirilgan GESning nomini ham “Farhod” deb qo‘ydik.
Holbuki...
Dostonda Farhod cho‘lga suv chiqargani yo‘q. Qaytanga, bir kishining orzu-havasi uchun xalq azob-uqubat chekdi. Gap shundaki, Armaniya hukmdorining erkatoy jiyanchasi bo‘lmish Shirin tog‘ning tepasida o‘ziga qasr qurdirmoqchi bo‘ldi. Qasr tiklansa-yu, suv bo‘lmasa, uning qasrligi qayerga borar edi?! Erkatoyning maylicha, shu imorat atrofidan suv aylanishi kerak. Suv esa uzoqda. Tog‘ning nari yog‘ida bir buloq bor. Uni odamlar “Ayn ul-hayot”, ya’ni “Hayot bulog‘i” deb atashadi. Qasrgacha orada o‘n yig‘och masofa bor.
Uch yildirki, ikki yuz usta tog‘da ariq qazidi. Har tesha urganda no‘xatday-no‘xatday tosh uchadi, xolos. Inson zoti bunday azobni ko‘rgan emas edi. Uch yilda bor-yo‘g‘i ikki-uch yuz qadam qazildi. Sinmagan tesha-yu metin qolmadi. Ustalar bu ishning og‘irligidan qon yig‘ladi, lekin ishboshilar zug‘umini qo‘ymadi. Azob-uqubat shu darajaga yetgan ediki, ustalar dardlarini Farhodga to‘kib soldi. Ammo Mehinbonu-yu Shirin ularning uzrini qabul qilmadi. Farhodning ularga rahmi keldi. Ana o‘shanda Farhod mashhurdan-mashhur:
Hunarni asrabon netkumdur oxir,
Olib tufroqqamu ketgumdur oxir, –
degan so‘zlarini aytdi-da, ishga kirishib ketdi. Qorandan o‘rgangan hunarlarini qo‘llab, har o‘n-o‘n besh teshadan bir katta tesha, har o‘n-o‘n besh metindan bir katta metin va boshqa asboblar yasab, tog‘ qazishga kirishdi. Bir kunda bir o‘zi ikki yuz usta uch yilda qazganchalik ariq qazdi. Ana shu shov-shuvli xabar saroyga yetib, Mehinbonu bilan Shirinning o‘zi Farhodni ko‘rgani keldi.
Bu yerda Navoiyning uchta maqsadi bor. Birinchisi – Farhodning elga rahmi kelgani, uning koriga yaragani, hunarini ishga solib, ezgu ish qilgani. Ikkinchisi – yaxshilikka yaxshilik qaytgani. Ya’ni elga qayishgan edi, buning savobi yetib, yorini topdi – Shirinning o‘zi uni ko‘rgani keldi. Uchinchisi – Shirin ham Farhodni sevib qolishi uchun, adabiyotdagi an’anaga ko‘ra, yigit biron bir “karomat” ko‘rsatib, qizning diqqatini jalb etishi lozim edi.
Alhosil, Farhod tog‘da ariq qazib, suvni Shirin qasri tomon oqizdi. Lekin bu yerda hech ham suv chiqarib, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish maqsadi yo‘q.
Navoiy – boshqa zamon kishisi, axir u XV asrda yashagan. U davr tushuncha-tasavvurlari har jihatdan bugungi tushuncha-tasavvurlarga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylash o‘ta soddalik bo‘lur edi. Demak, mutafakkirning ayrim hayotiy qarashlari, nuqtayi nazarlari bugungi tartib-qoidalar, hozirgi zamon kishilari ong-tafakkuriga, yashash tarziga to‘la mos tushmasligi mumkin va bu tabiiy. Shunday ekan, endi yana bir jihatga aniqlik kiritib olaylik. Mutafakkir bobomizning ayrim qarash, xulosa va talqinlari bugungi davrga mos kelmasa, marhamat, tadqiqotchi bunga munosabatini bildirishi, aynan ana shu mos kelmaslik sabablarini bayon etishi mumkin. Biroq bu uni teskari tushunishdan tamoman farq qiladi.
Uzoqqa bormay, “Mahbub ul-qulub”dan bir misol keltiraylik. Asardagi 27-fasl “Shaharda olib sotquvchilar zikrida” deb nomlanadi. Muallif ularni qattiq qoralaydi. Bu tanqid sho‘ro davri siyosatiga ham “labbay” deb javob bergan edi. Xo‘sh, hozir-chi?
Albatta, olibsotarlarning aldoqchiligi, katonni bo‘z, sholni to‘rqa, bo‘ryoni zarbaft puliga sotishi, insofsizligini qoralash hozir ham ahamiyatli. Biroq mana bu fikr hozirgi kunga to‘g‘ri kelmaydi: “Elga ziyon aning sudi (ya’ni foydasi), o‘ng‘oy (ya’ni arzon) olib, og‘ir (ya’ni qimmat) sotmoq aning maqsudi”. Chunki bozor iqtisodiyoti sharoitida katta bozorlardan ko‘tara savdo yo‘li bilan arzonroq olib, aholi yashaydigan hududlarda nisbatan qimmat narxda sotish orqali tadbirkorlik qilish bugungi qonunlarimizga hech ham zid emas. Bunday ish bilan shug‘ullanayotgan kishining foydasi aynan ana shu narxlar o‘rtasidagi farqdan kelib chiqadi. Kimdir Qo‘yliq ko‘tara bozoridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib, Sergeli ko‘pqavatli uylari orasidagi do‘konida sotadi, deylik. Albatta, ustiga narx qo‘yadi. Lekin bir qadamgina, shundoqqina uyingiz yonida sotilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, sal qimmatiga bo‘lsa ham, og‘rinmay xarid qilasiz. Qimmatligiga roziligingiz shundaki, bu olibsotar yo‘lingizni yaqin qildi, yo‘lkira sarflamadingiz, vaqtingiz tejaldi. Bu ham tadbirkorlik. Buning jamiyatga foydasi bor.
Demak, Navoiyni bugungi kun nigohi bilan o‘qish darkor.
Eng asosiy masalaga endi yetib keldik, chamamda. Bugun har birimiz Navoiyni o‘qishimiz kerak. Bu nomigagina aytilayotgan nasihat yoki balandparvoz bir shior emas. Biroq Navoiyni o‘qish oson ish emasligini ham hammamiz yaxshi bilamiz. Navoiyni o‘qish boshqa mualliflarni o‘qishdan keskin farq qiladi. Negaki, bu kitobxondan jiddiy tayyorgarlik talab etadi.
Navoiyni o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p imkoniyatlar mavjud. Buyuk mutafakkir hayoti va ijodi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘qitiladi. Shoirning ko‘plab she’rlari qo‘shiqlar orqali ham kitobxon ong-shuuriga yetib boryapti. Qolaversa, o‘zbek navoiyshunosligi o‘tgan bir asr mobaynida katta yutuqlarga erishdi. Lug‘atlar tuzildi. Xususan, to‘rt jildli “Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” bor. Yaqinda ikki jildli “Alisher Navoiy” ensiklopedik lug‘ati chop etildi. Dostonlari nasriy bayon qilindi. Lirik asarlarining sharhlari yuzaga keldi. Qancha-qancha tadqiqotlar yaratildi. Shoir asarlari ta’sirida adabiyotimiz va san’atimizda qanchadan-qancha yangi ijod namunalari paydo bo‘ldi. Ya’ni bugun shoirni anglash uchun ko‘pdan-ko‘p qo‘shimcha ilmiy-ma’rifiy manba va materiallarga egamiz. Navoiy asarlari mavzulari bo‘yicha multfilmlar ishlash ham jadallashib qoldi. Internetda shoirning asarlari matnini topish mumkin va hokazo. Ayrimlar hatto asarlarining ruscha tarjimasini ham o‘qiyapti. Chunki bu asarlar hozirgi rus tiliga o‘girilgan-da. Ularni asliyatga qiyoslab mutolaa qilayotganlar ham topiladi. Mayli-da, ixtiyori.
Bularning bari, yalpi olganda, kitobxonni Navoiyga yaqinlashtirishga hissa qo‘shadi. Lekin bundan buyon bobokalonimiz asarlarini shunchaki o‘qishdan unda ilgari surilgan g‘oya va talqinlar, badiiy go‘zallik va donishmandlikni obdon uqishga o‘tishimiz kerak. Navoiyni sidqidildan o‘qiyman, degan har bir kitobxon o‘zini shunga chog‘lashi, bu ishga astoydil kirishmog‘i lozim. Hammasi niyatga bog‘liq. Shoir asarlari xolis niyatli kitobxonga yuz ochadi. Bunga chin dildan ishonish kerak.
Bu gaplarning hammasi yaxshi. Lekin, ochig‘i, oddiy o‘quvchilarni qo‘yaturaylik, bugungi aksar ziyolilarimiz ham Navoiyni o‘qimaganini barchamiz bilamiz. Ko‘pchiligimizning Hazratning hayoti va faoliyati, uning asarlari haqidagi tasavvurlarimiz maktabda o‘qiganlarimizdan nariga o‘tmaydi. Kimki bu so‘zlarimizga ishonmasa, xohlasa, o‘zi bir eksperiment o‘tkazsin. Stoliga oq qog‘ozni qo‘ysin-da, Navoiy haqida bori bilganlarini yozib chiqsin, qani, necha varaq to‘lar ekan?..
Nima qilmoq kerak?
Kasb taqozosiga ko‘ra, malaka oshirayotgan maktab muallimlariga dars beraman. Ba’zan bir tajriba o‘tkazaman. “Xamsa”ni tinglovchilardan birining qo‘liga tutqazaman-da, istalgan bir varag‘ini ochib, to‘rt-besh baytni o‘qib berishini iltimos qilaman. Keyin ma’nosini so‘rayman. Bir qism tushuniladi, albatta. Chalasini eshitib o‘tirgan tinglovchilardan ayrimlari to‘ldiradi ham. Keyin boshqa bir tinglovchi o‘qiydi. Shu tariqa o‘qish saviyasi ham, tushuntirish darajasi ham oz-ozdan ko‘tarila boradi. Dars oxiriga kelib, xayolimda hamma navoiyxon bo‘lib qolayozadi. O‘qiyotganlar notanish so‘zlar ma’nosini ham, matn umumiy mantig‘idan kelib chiqib, anglay boshlayotganday tuyuladi hatto.
Iste’dodli rejissyor Avliyoquli Xojaquli bilan hamkorlikda, asosan, “Lison ut-tayr”, qisman, “Mantiq ut-tayr” dostonlari asosida “Qush tili” spektakli ssenariysini tayyorladik. Navoiy va Attor satrlarini o‘zgartirmasdan qo‘lladik. Asar sahnaga qo‘yilganida Milliy teatrni to‘ldirgan tomoshabinlar shu qadar ta’sirlandiki, ayrimlar hatto yig‘lab yubordi. Albatta, asar mazmun-mohiyatini tushunishda teatr san’atining xizmati katta, rejissyorning mahorati, aktyorlarning mohirona ijrosi ham bunga yordam berdi. Biroq so‘z so‘zligini qildi – Navoiyning fikri, maqsad-muddaosi uning o‘z so‘zlari orqali yetkazildi.
Demak, Navoiyning kitobini oching-u o‘qiyvering. Maqolda aytilganidek, ish ishtaha ochadi – o‘qiganingiz sari o‘qigingiz kelaveradi. Keyin o‘zingiz lug‘at, sharh, tahlil... qidira boshlaysiz.
Shuni unutmaylikki, Navoiyni o‘qish biz ko‘nikkan oddiy kitoblarni o‘qishdan keskin farq qiladi. Ulug‘ shoir asarlarini o‘qish mehnat, zahmat talab etadi. Maqola avvalida eslaganimiz Rasul Hamzatov “Mening Dog‘istonim”da “Kitob o‘qish – yozuvchi uchun ish bilan baravar”, deydi. Navoiyni ham yozuvchiday mas’uliyat bilan o‘qishga to‘g‘ri keladi. Amin bo‘ling, tilimizda biron bir kitobni mutolaa qilib, Navoiydan olganchalik bahra topmaysiz. Barcha rohat esa ana shu mashaqqatli mehnatning ortidan keladi.
Navoiyni o‘qigan odam, shubhasiz, insoniylikni anglay boshlaydi, o‘zini ma’naviy yuksakliklarda his qiladi.
Sultonmurod OLIM
“Tafakkur” jurnali, 2017-yil 2-son,
“Navoiy qanday mutolaa qilgan?” maqolasi
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q