Haqiqat vaqti-soati bilan har bir xonadonga so‘roqsiz kirib keladi


Saqlash
15:06 / 13.06.2024 388 0

O‘z istaklaringiz bilan yashash xudbinlik emas. Boshqalarning sizdek o‘ylash, fikr yuritish va yashashini istash, shunga majbur etish chinakam xudbinlikdir.

Oskar Uayld

 

***

Haqiqat vaqti-soati bilan har bir xonadonga so‘roqsiz kirib keladi. Chaqirilmagan qo‘noq hech kimni ayamaydi. Yashirinishga, qochishga urinamiz, ammo u endi avvalgidek yashashimizga yo‘l qo‘ymaydi.

Andrey Biljo

 

***

Ziyolilik va xushmuomalalik fazilatlari surbetlik, odobsizlik va zo‘ravonlik illatlari bilan yuzma-yuz kelganda gohida ojiz qoladi. Chindan ham, tarbiyasiz va razil kimsalarga qanday muomala-munosabatda bo‘lmoq kerak? Ular qo‘llayotgan usuldami? U holda yomonlardan farqimiz qolmaydi-ku?! Bu muammo ommaviy tus olganidan xabari ham bo‘lmagan buvim qo‘shnilar uning uyidan o‘g‘irlab olgan choyshablarni quritgani dorga yoyganda tashqariga chiqmoqqa uyalardi.

Vladimir Bukovskiy

 

***

1980-yili 48 yoshimda meni SSSRdan haydab solishdi, fuqarolikdan ham mahrum etishdi. “Qayta qurish” boshlangandan so‘ng 1989-yili quvg‘indan Moskvaga qaytdim. Yonimda olmon pasporti. Mamlakatga kirishda anketa to‘ldirish lozim ekan. So‘rovnomada “Avval Sovet Ittifoqida bo‘lganmisiz? Necha marotaba? Qancha muddat?” degan savollar bor ekan. Men bunday deb yozdim: “Ha, bo‘lganman. Bir marta. 48 yil”.

Vladimir Voynovich

 

***

Bizni idora etayotganlarda na haqiqat, na aql, na adolatga tayangan kuch va na sog‘lom g‘oya bor. Shunday ekan, ular nimaga tayanib bizni boshqarmoqda? Albatta, bizning nodonligimizga tayanib!

Vasiliy Shukshin

 

 

***

Ziyoli deganda ko‘z oldimizga ko‘p kitob o‘qigan, badastir ta’lim olgan, chet mamlakatlarga sayohat qilgan va bir necha tilni biladigan inson keladi. Biroq odam shularning bariga ega bo‘laturib ham ziyoli bo‘lmasligi va, aksincha, o‘shalardan mosuvo inson ich-ichidan ziyoli bo‘lishi mumkin. Ziyolilik faqat keng bilimda emas, balki boshqalarni tushunish iqtidoridadir.

Dmitriy Lixachyov

 

***

Yetmish yoshdan oshib saksonga yaqinlashgan do‘stimning maktubidan parcha: “Osmonni yelkamda ushlab turmaganimni anglab yetdim... O‘tayotgan kunimni umrimning so‘nggi lahzalari deb bilmoqni o‘rgandim. U haqiqatan ham yorug‘ dunyodagi oxirgi kunim bo‘lishi mumkin”.

Entoni Hopkins

 

***

“Nega meni yoqtirmay qoldi? Axir, unga biror yomonlik qilmadim-ku?” deya hayron bo‘lib yurgan odamlarni ko‘p uchratasiz. Unutmangki, siz o‘z samimiyatingiz va a’lo xulqingiz bilan o‘sha kimsaning qabohatga to‘la borlig‘ini inkor etarak uni “haqorat” qilgansiz.

Andre Morua

 

***

Otlar kechuvda almashtirilmaydi. Ammo aravakash almashtirilsa foydadan xoli bo‘lmaydi.

 

***

Yoshlikning romantizmi o‘rniga albatta qarilikning revmatizmi keladi.

Leonid Shebarshin

 

***

Ne tongki, nokaslar o‘z kirdikorini barcha zamonlarda din, axloq va vatanparvarlik bilan niqoblaydi.

Heynrix Heyne

 

***

Odamlarga quchog‘ingizni qancha keng ochsangiz, sizni chormixga tortmoq shunchalar oson kechadi.

Fridrix Nitshe

 

***

Chan Kayshining o‘g‘li Xitoy rahbari Mao Szedunning qatag‘on siyosatini qoralab, millatdoshlariga yo‘llagan maktubida “Shunday mamlakatda yashamoqdasizki, sizlarga hatto sukut saqlash ham taqiqlangan” deb yozgan ekan.

 

***

Fransiya imperatori Napoleon III ning yaqin qarindoshlari bir jinoiy ishga aralashib qoladi. Imperator Oliy sud raisini huzuriga taklif qilib, “Bir xizmat qilib yuboring” deya, xesh-aqrabosini jazodan qutqarib qolishni so‘raydi. “Sud xizmat ko‘rsatmaydi, hukm chiqaradi”, deydi sudya.

 

***

Xudoning bir-u borligini rad etgan, Rossiyada sovet hokimiyatini o‘rnatgan inqilobchi, davlat va siyosat arbobi Nikolay Buxarin 1937-yili o‘limidan oldin jallodning oyog‘i ostiga yiqilib, shafqat so‘rab iltijo qiladi, insoniy or-nomusini yer-la yakson etadi. So‘nggi rus podshosi Nikolay Ikkinchi oila a’zolari bilan birga qatl uchun yerto‘laga olib tushilganda esa o‘zini vazmin va mardonavor tutadi... Qissadan hissa: “Siyosatchi uchun o‘lim hayotdan ko‘ra ham muhim bo‘lishi kerak!”

Edvard Radzinskiy

 

***

Taras Shevchenko kundaligiga yozib ketgan quyidagi hodisadan mutaassir bo‘lganman: “Dekabr oyining qahratonida anhor bo‘ylab ketib borardim. Qarshimdan bir yalangoyoq chiqib, sadaqa so‘radi. Uzun chakmonimning bog‘ichini yechib pul olib berishga erindim. Seni xudo siylasin, deb yo‘limdan qolmay ketayotgan edim, birdan suvning shaloplagan ovozi eshitildi. Ortimga qaytdim. Boyagi tilanchi muz o‘yiqqa tushib, cho‘kib ketibdi... Shu kundan e’tiboran yo‘limda uchragan har bir soyilga xayr-sadaqa qilmoqqa odatlandim. Tilanchi aynan menda insonga xos shafqatsizlik chegarasini o‘lchab ko‘rishga qaror qilgan bo‘lsa-chi, deb o‘ylardim...”

Sergey Dovlatov

 

***

Halokatga uchragan “Titanik” kemasida millioner Jon Jeykob Astor IV ham bor edi. Bisoti “Titanik” kabi o‘ttizta kema qurishga yetardi. O‘lim xavfi bilan yuzma-yuz kelgan 47 yoshli ishbilarmon qutqaruv qayig‘idagi o‘rnini ikki bolakayga bo‘shatib beradi. Amerikadagi “Macy’s” do‘konlar tarmog‘ining egasi Isidor Shtraus va uning rafiqasi ham qayiqdagi joyini boshqalarga tuhfa qiladi.

 

Bu odamlar ma’naviy tutumlaridan chekinmoqdan ko‘ra boylig-u hayot bilan vidolashmoqni afzal ko‘rgan. Ular tanlagan yo‘l insoniylik qanchalar ulug‘ qadriyat ekanini tasdiqlaydi.

 

***

Afrikaning qay bir mamlakatida sherlar sulloh itlar to‘dasi yordamida ovlanadi. Kuchuklar shiddat bilan chiyillab akillaydi va sher... halok bo‘ladi. “O‘rmon hukmdori” qo‘rquvdan emas, balki nafrat va jirkanishdan jon taslim etadi.

Edvard Radzinskiy

 

***

Bilib qo‘yingki, hali-hamon sha’ningizga maqtov yog‘ilayotgan bo‘lsa, demak, rohi rostni topmagansiz. Aksincha, maddohlarga maqbul yo‘ldasiz.

 Fridrix Nitshe

 

***

Axborot urushida haqiqatni gapirayotgan tomon yengiladi. Chunki to‘g‘riso‘z odam faqat haqiqat bilan cheklanadi. Yolg‘onchi esa og‘ziga kelganini aytaveradi.

Robert Shekli

 

***

Barcha mavjudotlar ichida insongina kulish qobiliyatiga ega. Holbuki, uning kulmoq uchun vaj-sabablari qanchalar oz!..

Ernest Heminguey

 

***

Tarixning eng achchiq saboqlaridan biri shuki, bizni uzoq vaqt mobaynida ahmoq qilib, aldab kelgan bo‘lsalar, yolg‘onning yolg‘onligini isbotlovchi dalillarni-da rad etishga moyil bo‘lib qolamiz. Bizga endi haqiqatgo‘ylik begona. Yolg‘on bizni har tomondan qurshab oladi. Sodda va laqma bo‘lganimizni tan olish – hatto o‘z-o‘zimizga – g‘oyat alamli va azobli kechadi.

Karl Sagan

 

***

O‘zingizga jafokash, qurbon etilgan odam maqomini nisbat berishdan qoching. Ahvolingiz qanchalik yomon bo‘lmasin, bunga tashqi kuchlarni: tarixni, davlatni, rahbariyatni, irqingizni, ota-onani, bolalikni, tarbiyangizni (bu ro‘yxat tugamaydi!) ayblashdan tiyiling. Aybni birovning gardaniga yuklagan chog‘da ishonch-u qat’iyatingizni barbod qilasiz... Sirasi, hayotni faqat huzur-halovati uchun emas, qiyinchiliklari uchun ham qadrlang. Har safar mushkul ahvolga tushib qolganingizda, tamoman umidsizlik sizni qurshab olganda, ko‘ngilsizlik yoki qiyinchiliklar girdobi o‘z domiga tortganda esda tuting: hayot siz bilan o‘zi yaxshi biladigan yagona tilda gaplashayotir.

Iosif Brodskiy

 

***

Men muvaffaqiyatga erishish sir-asrorini bilmayman, biroq muvaffaqiyatsizlik “formulasi”ni yaxshi bilaman, bu – hammaga yoqish istagi.

Ernest Heminguey

 

***

O‘z fikringizga ega bo‘lmoq uchun jasur, uni yashirmoq uchun esa donishmand bo‘ling.

Alan Rikman

 

***

Kimki olomonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishning uddasidan chiqsa, osongina uning xo‘jayini bo‘ladi. Kimki olomonni es-hushini yig‘ib, aql-idrok bilan ish tutishga o‘rgatishga chog‘lansa, uning qurboniga aylanadi.

Gyustav Lebon

 

***

Odamlar bo‘ladiki, qalbi ummon tubidek toza va chuqur – sho‘ng‘ib ketgingiz keladi. Odamlar borki, sassiq ko‘lmakka o‘xshaydi – engil-boshingizni bulg‘amaslik uchun aylanib o‘tasiz.

 

***

Bilimli insonni nega ko‘pchilik xushlamaydi? Gap shundaki, kitobxon, keng bilimli inson yomon xaridorga aylanadi: u kir yuvish mashinasi, avtomobil kabi matohlarni hadeb xarid qilavermaydi, ular o‘rniga Motsart yoki Van Gog yoinki Shekspir asarlarini afzal biladi. Bundan esa iste’molchilik iqtisodiyoti zarar ko‘radi, bozor egalarining daromadi kamayadi. Shu bois ular odamlarning bilimli va madaniyatli bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Zero, intellektdan mahrum to‘dani manipulyatsiya qilish oson.

Vladimir Arnold

 

***

Amerikalik yozuvchi Mark Tven hali tanilmagan chog‘ida kechki ziyofatlardan birida yonida o‘tirgan xonimga “O, naqadar go‘zalsiz!” deya xushomad qiladi. “Siz haqingizda bunday deya olmayman!” deydi xonim bepisandlik bilan. “Menga o‘xshab yolg‘ondan bo‘lsayam lutf qilsangiz bo‘ladi-ku!” deydi hozirjavob adib.

 

***

O‘z oilangni yaxshi ko‘rish uchun begona oilalardan nafratlanishning hojati yo‘q. Vatanparvarlik bilan millatchilikning farqi katta. Birinchisining mohiyatida Vatanga muhabbat mujassam bo‘lsa, ikkinchisida boshqa xalqlarga nisbatan nafrat mavjud.

Dmitriy Lixachyov

 

***

Bizning butun fazilatimiz – tafakkur qilish layoqatimizda namoyondir. Bizni makon va zamon emas, faqat fikr yuksakka ko‘taradi, chunki makon va zamon nazdida biz arzimas zarramiz, xolos.

Blez Paskal

 

***

Dunyoning ishlarini tuzatmoqqa kirishishdan avval o‘z uyingdagi ahvolga uch karra nazar sol.

 Xitoy maqoli

 

***

Xasta bo‘lmas sog‘lom vujud, ketmas boylik va abadiy hokimiyat yo‘q. Bularning barchasi omonat! O‘z hayotini o‘tkinchi matohlarga bag‘ishlagan inson qo‘rquv, halovatsizlik, azob va qayg‘u og‘ushida yashashga mahkum.

Epiktet

 

***

Tarixiy tajribadan ma’lumki, ma’nisiz, aniqroq aytganda, telbavor, ahmoqona g‘oyalar ommaning qalbi va ongini osonlikcha egallaydi.

Vladimir Voynovich

 

***

 Ustritsalar (dengiz mollyuskasi) chig‘anoqlarini oy to‘lganda ochadi. O‘sha pallada qisqichbaqa ustritsaga tosh otadi. Ichiga kirib qolgan tosh sababli chig‘anoq qayta yopilmaydi. Shu tariqa ustritsa qisqichbaqaning yengil o‘ljasiga aylanadi. Sergaplarning qismati ham shunday...

Leonardo da Vinchi

 

***

Biror millatga ustunlik berilgan yoki ma’lum bir millatga mansublik gunoh sanalgan mamlakat – baxtsizdir!

Robert Rojdestvenskiy

 

***

Kishi ruhan va qalban qanday bo‘lsa, olam va odamda ham o‘sha xarakter, tarbiya va tiynatni ko‘radi.

Antuan de Sent-Ekzyuperi

 

***

Odatda aybsiz odamlar vijdon azobida ko‘proq qiynaladi.

Erix Mariya Remark

 

***

Ona Zaminimizga xavf solayotgan, insoniyatni, balki butun tiriklikni jismonan mahv etadigan eng dahshatli ofat – atom urushi ham, haroratning keskin ko‘tarilishi ham emas. Insoniylikni yo‘qotish ulkan antropologik halokatdir.

Chingiz Aytmatov

 

***

Qadimgi yunonlarda fikrlash layoqati buyuk in’om sanalgan. So‘ng u baxt timsoliga, keyinchalik esa kasallikka aylandi. Bugunga kelib u... baayni jinoyat hisoblanadi.

Erix Mariya Remark

 

***

Ma’naviy yuksak bo‘lmoq – ruhan erkin va ozod bo‘lmoq demakdir. His-tuyg‘ularini jilovlay bilmagan, mudom g‘azab va qo‘rquvga asir inson hech qachon ruhan ozod bo‘lolmaydi.

Konfutsiy

 

Rus tilidan Jaloliddin SAFOYEV tarjimasi

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Chaqirilmagan qo‘noq”

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

12:07 / 19.07.2024 0 401
O‘zidan yiroqlashayotgan millat og‘rig‘i

Jarayon

13:07 / 18.07.2024 0 722
Tuxumni sindirish g‘ujuri (Fotohikoya)





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20001
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 17661
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//