Normurod akaning xarakterini bilgan odam uning asarlarini o‘qisa, undagi qahramonlar yozuvchining o‘zimi, o‘zini yozganmi, deb o‘ylab qoladi. “Chetdagi odam” hikoyasi gapimning isboti. Hikoyada bir personaj bor. Aslida personaj deb ham bo‘lmaydi, chunki hikoyada uning ismi keltirilmaydi, “chetda saqlanadi”, o‘rtaga olib chiqilmaydi. Bu odam erta vafot etgan do‘stining bolalariga moddiy ko‘mak berib turadi, lekin buni do‘stining onasidan boshqa hech kim bilmaydi. “O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin” naqliga amal qiladi. O‘sha ismi yo‘q “chetdagi odam” Normurod Norqobilning o‘zi desam, kim ishonib, kim ishonmaydi. Istehzo bilan kuladiganlar ham bo‘lishi mumkin. Bu tabiiy. Chunki bunday odamlar, ayniqsa, bugungi shiddatli zamonda anqoning urug‘iday gap. Ular eski odamlardek tuyuladi bugunning nigohida.
Ko‘pchilikka ma’lum, Normurod Norqobilov uzoq yillar O‘zbekiston televideniyesida faoliyat yuritgan. O‘sha mashhur “ikki daryo oralig‘ida” ko‘rsatuvining muallifi, boshlovchisi bo‘lgan. Dilorom Karimova, Rustam Holiqnazarov, Tohir Ergashev kabi rejissyor va operatorlar, o‘z kasbining ustalari bilan ko‘rsatuvni tayyorlagan. Ijodiy jarayondagi qiyinchiliklar, mashaqqatlar, tortishuvlar alohida mavzu. Bizning hozirgi gapimiz boshqa. Ko‘rsatuv ijodkorlaridan biri, mahoratli rejissyor (Ismi sharifini aytishni lozim topmadim, chunki bilmayman) otasi vafotidan qattiq ta’sirlanib yuragi ko‘tarolmaydi va o‘zi ham bevaqt vafot etadi. Uch nafar farzand yetim qoladi. Avvaldan ijarada yashagan, endilikda boquvchisiz qolgan oila yanayam tang ahvolga tushadi, buning ustiga ota tomon qarindoshlar ham bolalarni bee’tibor qoldirishib, o‘z kuningni o‘zing ko‘r qabilida ish tutishadi. Xullas, qarovsiz, uysiz-joysiz qolgan bu oilani Normurod Norqobilov o‘z qaramog‘iga oladi, shahar chetrog‘ida joylashgan ikki xonali uyini ularga yashash uchun beradi. Buning uchun u yerda yashab turgan jiyanlarini chiqarishga majbur bo‘ladi. Natijada jiyanlarning oldida “oqibatsiz” tog‘aga aylanadi. Keyinchalik, ular vaziyatni tushunib yetgunlaricha o‘rtadagi sovuqchilik arimaydi. Yetim bolalar bugun katta bo‘lib, o‘zlarini eplaydigan bo‘lib qolishdi. Do‘stning vafotiga yigirma yillar bo‘ldi-yov, menimcha. Lekin uy olishga imkoniyatlari yetmaydi. Hanuz o‘sha uyda istiqomat qilib turishibdi. Normurod aka shu paytgacha o‘sha uyga biron marta bormadi, lekin har maktab ochilishida, qish kirishidan oldin do‘stining to‘ng‘ich farzandini “Qo‘yliq” bozoridagi turargohga chaqiradi va yiqqanini, xaridini undan berib yuboradi. O‘zi bormaydi. Chetda turadi, “chetdagi odam” bo‘lib.
Yozuvchining “Aka-ukalar” degan hikoyasi bor. Unda ham aynan yozuvchining o‘zi qahramon desak yanglishmaymiz. Normurod aka shunday eslaydi. Ko‘p qavatli uyda turaman. Bolalar qishloqqa ketishgan. Uyning ahvoli ham o‘ziga yarasha, ta’mir talab, abgor holatda. Ta’mirlashga hafsala yo‘q, qog‘oz-qalamni qizg‘onaman. Surxondaryo viloyatiga safarga ketishga tayyorgarlik ko‘rib turgan kunlarimda do‘kondan kelayotsam, ko‘chada bir yigit bilan uchrashib qoldim. Kayfiyati yo‘q, sekin surishtirib, qaysidir institutda sirtdan o‘qishini, yashash uchun ijara uy izlab yurganini, hozircha boradigan joyi yo‘qligini bilib oldim. Men bilan yuring-chi, deb uyga olib keldim. Shu kuni safarga chiqadigan bo‘lganim uchun unga kalitni tashlab vokzalga shoshilib jo‘nadim. Safarda o‘n kunlardan oshiq qolib ketdim. U yerda Abdinazar baxshinikida turdim. Safarim qarib, uyga qaytadigan kunlarda Abdinazar baxshi: “Siz el odamisiz, uyingizga keldi-ketdi ko‘p, uyni ta’mirlatib oling. Ko‘rgan ko‘zga uyat”, dedi-da, qo‘limga bir dasta pul tutqazdi. Men “xo‘p” dedim-u, ketar chog‘imda uning ko‘zini shamg‘alat qilib, biz o‘tirgan so‘ri-tokcha yonidagi daraxtga osib qo‘yilgan tuzxaltaga pulni solib, ustini tuz bilan yopib qo‘ydim. Baxshi meni uyini ta’mirlashga puli yo‘q deb o‘ylab, oshna-og‘aynilaridan shuncha pulni to‘plab qo‘ygan ekan.
Toshkentga qaytdim. Uyga kelganimda uy qulf ekan. Taqillatib tursam, qo‘shni tatar kampir chiqib qoldi. Qo‘lida kalit va bir parcha qog‘oz. “Shuni senga berib qo‘yishimni oytishdi”, dedi-da, qo‘lidagini menga tutqazib, eshigini yopib uyiga kirib ketdi. Uyga kirdim, kirdim-u, boshqa birovning uyiga kelib qoldimmi, deb o‘ylab qoldim. Uy chiroyli qilib, did bilan ta’mirlangan edi. Beixtiyor tuzdonga solib qoldirganim pul yodimga tushdi. Qo‘limdagi parcha qog‘ozga “Yaxshiligingizni unutmayman, tanimagan odamga joy berdingiz. Uyning ta’mirlanganiga kelsak, bir uka akasining uyini ta’mirlab bersa buning aybi yo‘q” degan so‘zlar yozilgan edi. Hikoya ham “Aka-ukalar” deb nomlangan.
Normurod Norqobilov ana shunday yozuvchi, u aldam-qaldamni bilmaydi. Qahramonlari ham o‘ziga o‘xshagan to‘g‘riso‘z, cho‘rtkesar, oqibatli.
Normurod akaning xarakterida, fe’lida yana bir o‘ziga xoslik bor. Bu odam birov bilan og‘ayni tutindimi, o‘ziga yaqin oldimi – qo‘lini mahkam ushlab oladi. Ikki kun qo‘ng‘iroq qilmasangiz o‘zi qo‘ng‘iroq qilib ahvolingizni so‘raydi. Ko‘p gapirmaydi ham, ovozingizni eshitgach ko‘ngli joyiga tushgandek tez xayrlashib go‘shakni qo‘yadi. Xullas, oqibatni unutmaydi.
“Chetdagi odam”, zabardast, mehridaryo, oqibatli, sermahsul yozuvchimiz xalqimizga yangi-yangi asarlar tuhfa qilaversin. Biz o‘quvchilar “chetda turib” asarlari sehridan bahramand bo‘laveraylik.
Davron ULUG‘MURODOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
San’at
Jarayon
Tarix
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q