O‘ylab ko‘rsam, yozuvchi ahlining aksari qalamini avval jurnalistikada charxlab, so‘ng yozuv stoliga astoydil o‘tirgan va katta asarlarga qo‘l urgan ekan. Ungacha esa halovatdan xoli, sarguzashtlarga boy hayotning achchiq-chuchugini obdan tatib, mahoratini oshirgan. Muxbirlik ularga tezkorlik, tartib-intizom, qisqa-lo‘ndalikni o‘rgatgan.
Kitob javonimda ijodini jurnalistikadan boshlagan ana shunday nomdor adiblarning asarlari bisyor.
“Endi adashsang gar qayga borgaysan?!”
Olim Toshboyev. “Oybolta ostidagi olomon”. Toshkent, “Ilm-Ziyo-Zakovat”, 2022.
Bu kitobni hayajonlanmasdan o‘qishning iloji yo‘q. Avvalo, qamrovning kengligi, tahlilning teranligi, dalillarning mustahkamligi hayratga soladi. Bordi-yu kitob muallifi taniqli adabiyotshunos, adib va jurnalist emas, deylik, advokat bo‘lganida, na biror prokuror va na biror sudya uning dalillarini rad eta olardi degan xayollarga borasiz. Mahkamada fikrini rad etib bo‘lmas dalillar bilan “mixlab”, hammani joy-joyiga o‘tqazib qo‘yardi!
Muallif – tilga tushgan “Ultontoz” romani, adabiyotshunoslikda o‘ziga xos yangilik bo‘lgan “Abadiy zamondosh” monografiyasi va “Botindagi bo‘ron” kitoblarining muallifi Olim Toshboyev. Ilm, badiiyat va publitsistika chorrahasidagi asarini yozmoq uchun u naqadar ko‘p zahmat chekkanini faqat tasavvur qilish mumkin. 1981–1991-yillari O‘zbekistonda kechgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlarni sinchiklab o‘rganish va tahlil qilish, Moskvada chop etilgan yetakchi bosma nashrlardan to viloyat va respublika ommaviy axborot vositalarigacha – yuzlab nomdagi gazeta-jurnallarni, video va audio tasmalarni birma-birma varaqlab, o‘qib, ko‘rib va eshitib chiqish osonmi?! Qani edi shunchaki varaqlash, o‘qish, tomosha qilish yoki tinglash bilan ish bitsa! Sahifa-sahifa ko‘chirmalar, tarjimalar va tahlillar... sarg‘ayib, ilvirab qolgan botmon-botmon chang bosgan qog‘oz, xira tortib ketgan plyonka deganlari... Buning uchun tadqiqotchiga keng bilim, katta g‘ayrat-shijoat, cho‘ng sabr va mustahkam iroda kerak, albatta. Ammo bulardan ham avval o‘z xalqiga, Vataniga, eng muhimi, adolatga mehr-sadoqat, shuning barobarida jur’at va jasorat zarur.
Men odatda kitobni o‘zimga yoqqan jumlalar, fakt va raqamlar ostiga chizib, hoshiyaga belgilar qo‘yib mutolaa qilaman. Olim Toshboyevning romani va monografiyasi kabi bu asarining ham chizilmagan sahifasi deyarli qolmadi.
Hayajonim boisi – qalamga olingan hodisalarning aksariga o‘zim guvoh bo‘lganim emas, qirq yil nari-berisida o‘tgan o‘sha voqealar silsilasida muallif yuzimizga tutgan ko‘zgudagi tasvirlar va fikrlarning, nadomatlar bo‘lsinkim, achchiqligi!
Bu kitob nima uchun yozildi o‘zi? Kattaroq ilmiy daraja yoki unvon ilinjidami? Balki mukofoti naqd buyurtma asosidadir? Yo‘q!
Muallifning javobiga e’tibor bering: “1991-yil avgustining 31-kunigacha bo‘lgan besh-o‘n yillik davr, tabiiyki, o‘y-fikri bor odamni qiziqtiradi. Mening ham ko‘nglimda talay savollar bor edi. Lekin kimdan so‘ramay, tayinli bir javob ololmadim. Ha, bor-yo‘g‘i kechagi kun – Mustaqillik arafasidagi hayot birpasda ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilibdi”.
E’tiroz bildirish qiyin.
“Yarmi kommunist, yarmi komsomol, qolgan yarmi esa pioner va oktyabryat” bo‘lgan, dahriylik bayrog‘ini baland ko‘targan respublikaning o‘sha zamondagi kechmishlari bugungi yoshlarni qo‘yaturaylik, hatto “tirik guvohlari”ning ham xayolidan faromush bo‘la boshlagandek. Eslasak, shu darajada omiligimizdan uyalib ketishimiz tayin.
O‘sha dolg‘ali davr haqida gap ochilganida bilgichlar O‘zkompartiyaning 1984-yil 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan XVI plenumini tilga olishni xush ko‘radi. Keyinchalik muarrixlar millatimizga qarshi navbatdagi qatag‘onga “fatvo” bergan bu tadbirni “O‘zbekistonga KPSS niqobidagi fashistlar bosqinining debochasi” deb ta’rifladi. Yo‘q-yo‘q, O‘zbekiston to‘plar, tank-u samolyotlardan emas, yagona va qudratli firqaning shapaloqdekkina nizomidan “o‘qqa tutiladi”. Maqsad ayon: buyuk bir millatni johil olomonga aylantirish. O‘sha hujumdan o‘n sakkiz millionli xalqning ma’naviy dunyosi vayron bo‘ladi...”
Muallif to‘g‘ri ta’kidlaganidek, yangi “urush”ning yo‘nalishi uchta edi: dinni va musulmonlarni ta’qib qilish; milliy an’ana, urf-odat va qadriyatlarga qarshi o‘t ochish; malakali milliy mutaxassislar va rahbar kadrlarni mahv etish.
Islomiy nikohdan o‘tish, marhumlarga janoza o‘qish, Olloh degan ulug‘ kalomni tilga olish, Navro‘zdek qadimiy bayramni nishonlash baayni jinoyatga tenglashtiriladi. Alqissa, kompartiya serquyosh o‘lkani xudosizlar makoniga aylantirmoqqa kirishadi.
Ma’naviy-ma’rifiy istiloning tezpishar “meva”laridan bir-ikki misol. Istiqlolgacha “Qishloq haqiqati” nomi bilan chop etilgan gazetaning “Ateist” sahifasida e’lon qilingan “Ishontirish kuchi” maqolasida Bulung‘ur tumani partiya qo‘mitasining kotibi V.Usmonov bunday yozadi: “...kommunistlarning diniy marosimlar, rasm-rusumlarda ishtirok etishi kabi hollar uchramoqda. Jumladan, “Selxozximiya” birlashmasi ishchisi, KPSS a’zosi B.Normatov ota-onasini Payariq rayonidagi Xo‘ja Ismoil maqbarasiga ziyoratga olib borgan. Bu ko‘ngilsiz holga munosib baho berildi: rayon partiya komiteti byurosi B.Normatovga hisob kartochkasiga yozish sharti bilan qattiq hayfsan e’lon qildi”.
Istiqloldan keyin obod maskanlardan biriga aylantirilgan Imom Buxoriy qadamjosiga bugun butun dunyodan kelayotgan minglab ziyoratchilar kuni kecha ushbu dargohga qadam qo‘yganlar ta’qib qilinib, ne bir ko‘rgiliklarga giriftor etilganini bilmaydi, albatta. Hozir bul tabarruk qadamjo ziyoratiga kelayotganlar orasida o‘sha sobiq kommunist B.Normatov va unga firqaviy jazo tayinlaganlar yoki ularning farzandlari duoi fotihalar qilib yurgan bo‘lsa ne ajab!
“Toshkentmramor” ishlab chiqarish birlashmasi bosh texnologi, partiya tashkiloti sekretarining o‘rinbosari M.Kuchakboyev uyida xudoyi qilgani uchun partiya safidan badarg‘a qilinadi. Partiya safidan ketdingmi, kapang kuydi degani! Qamalmasang ham, egallab turgan lavozimingdan mosuvo bo‘lasan va ko‘chada qolasan. Odamlar seni ko‘rsa yetti chaqirim naridan aylanib o‘tadi. Ne tongki, savob-sadaqa qilganning ham kuni shunday bo‘lgan!..
Sovet siyosatining eng ayanchli jihati – adolatning yuziga tupurilgani, yolg‘on va ko‘zbo‘yamachilik avj olgani, ro‘yo davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani... E’tibor berilsa, yetmish yil hukmfarmoligi davomida sho‘ro saltanati rahbarlari tiriklikda olqishlarga ko‘milgan, ta’bir joiz esa, xalq ularga sajda qilgan. Ko‘zi tuproqqa to‘lishi bilan esa kecha maqtab, ko‘klarga ko‘targanlar endi o‘sha “dohiy”larga tavqila’nat yog‘dirgan.
“Odam qiyofasidagi vahshiy tergovchilar tirik jonni emas, balki temirni ham eritishga va sindirishga qodir ekanini o‘z boshimdan kechirdim”. Bu – boya eslaganimiz XVI plenumda ma’ruza qilgan va mustabid Markazdan kadrlar masalasida rasman yordam so‘ragan O‘zbekistonning sobiq rahbari Inomjon Usmonxo‘jayev “Yosh leninchi” gazetasi muxbiri Ziyovuddin Ortiqxo‘jayevga 1991-yili bergan intervyudan bir iqtibos. Moskva im qoqsa, sallaning o‘rniga kallani ham olishga tayyor irodasiz avboshlarning kasriga o‘sha yillari O‘zbekistondan to‘rt yarim mingdan ziyod rahbar hibsga olingan. Qamalganlarning o‘rniga Markazdan minglab “yuksak salohiyatli” kadrlar yuborilgan. Chigirtkadek yopirilib kelgan “desantchilar” yurtni g‘orat qilib, cho‘ntagini qappaytirgan. Mansab-martabasi oshib, yelkasidagi “yulduz”lari soni ortgan.
1984–1990-yillari O‘zbekiston va o‘zbek xalqi haqida Markaz matbuotida chop etilgan haqoratomuz maqolalarning faqat sarlavhasini sanab chiqish uchunoq necha oy fursat kerak. Afsuski, so‘nggi yillarda imperiyaparastlar ichida yana eski xastalik xuruj qila boshladi. Moskvada o‘zbekka ta’na toshini otganki bor, yana shon-shuhratga burkanmoqda...
Kitobda darj etilgan voqealar bugun kimlargadir ayanchli haqiqat, boshqalarga uzoq o‘tmishdagi cho‘pchaknamo gap, yana birovlarga kulgili latifa bo‘lib tuyulishi mumkin. Bolsheviklar xuntasi qo‘lida o‘yinchoq va qurol bo‘lgan avom esa nafrat emas, achinishga loyiq, nazarimizda.
Go‘yo ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lib jaranglayotgan tadqiqotdan chiqadigan xulosa: endi adashmaylik, o‘zganing bo‘yiga qarab to‘n bichib, sarobga mahliyo bo‘lmaylik. Yanada ahil va hushyor bo‘laylik. Zero, xalqimiz ozodligi, davlatimiz mustaqilligiga tahdidlar kamaygani yo‘q. Muallif bu borada eng ishonchli qurolimiz, avvalo, ilm-ma’rifat, jamiyatning ochiqligi va so‘z erkinligi ekanini uqtirgandek bo‘ladi. Buyuk shoir Abdulla Oripov ogoh etganidek: “Endi adashsang gar qayga borgaysan?”
Bir yag‘mo tarixi
Gabriel Garsia Markes. “Известие о похищении”. Харьков, “ИНАРТ”, 2001.
Garchi barcha mashhur asarlari, jumladan, publitsistikasi bilan yaxshi tanish bo‘lsam-da, fusunkor (magik) realizmning yirik namoyandasi sifatida dong taratgan kolumbiyalik adib, Nobel mukofoti sohibi Gabriel Garsia Markesning ushbu kitobini ko‘rib, ochig‘i, ajablangan edim. Negaki, adabiyotda yangi yo‘nalishga asos solgan mashhur yozuvchining hujjatli romanga qo‘l urishi kutilmagan hodisadek tuyulgan.
1996-yili e’lon qilingan “Bir yag‘mo tarixi” – g‘ayrioddiy reportaj, publitsistik ruhi, ochiq-oshkoraligi, keskin shiddati bilan ajralib turadigan, ayanchli hayot in’ikos etgan zalvarli asar.
Roman insoniyatning sog‘lom tanasida saraton xastaligi kabi tobora keng yoyilib, tomir otayotgan giyohvandlikning fojiali oqibatlari haqida. Bu dardi bedavo adibning vatanini tamomila falaj qilib tashlagan. Avomdan to hukumat mulozimlarigacha – barcha-barchasi shafqatsiz qotilliklar, tahdid, vahima va qo‘rquv iskanjasida qolganiga yigirma yildan oshgan. Qonli diktatura o‘rnatgan narkomafiya qiroli Pablo Eskobarning buyrug‘i bilan har kuni o‘nlab odam – siyosatchilar, jurnalistlar, davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolarining qatl etilishi odatiy holga aylangan.
Ana shunday murakkab vaziyatda narkobaronning shotirlari taniqli jurnalistlarni o‘g‘irlab ketadi. Maqsad – Eskobarning AQShga topshirilishi (ekstraditsiya) masalasida Kolumbiyaning jinoiy guruhlar bilan chatishib ketgan hukumatiga tazyiq o‘tkazish va shu yo‘l bilan muqarrar jazodan qutulib qolish.
Kitob mutolaasi serdiqqat, biroq qiziqarli. Adib jinoyat dunyosi vakillariga rahm-shafqat nazari bilan qaramaydi, ayni choqda, ularni yirtqich hayvon qiyofasida tasvirlab, loy ham chaplamaydi. Yozuvchining bu taxlit xolisligi o‘z vaqtida ayrim munaqqidlarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Aslida, Markesning mahorati ham shunda: hayotni mayda-chuydasigacha aniq, xolis va haqqoniy tasvirlashida! Muxbirlikni “yorug‘ olamdagi eng go‘zal kasb” deb bilgan adib e’tirozlar yangrashini avvaldan sezgan chog‘i, bunday deb ta’kidlagan: “Jurnalist va yozuvchi sifatida men o‘zimning eng muhim vazifam – ta’bimga mos janrni belgilab olishim zarur edi. Va men eng haqqoniy va hozirjavob janr deb bilganim reportajni tanladim. Reportaj... hikoya yoki qissaga o‘xshashi mumkin, biroq uning muqaddas va daxlsiz bir xususiyati bor: muallif qissa va hikoyada orzu-xayollariga erk berishi mumkin, reportaj esa eng so‘nggi nuqtagacha, hatto birov ishonmasa ham, haqqoniy va aniq bo‘lishi shart”.
So‘zboshida qayd etilganidek, Markes asarni qariyb olti oy tutqunlik azobini tortgan hamkasblarining iltimosiga binoan uch yil deganda yozib tugatgan. Bosh qahramon, taniqli siyosatchi Albert Vilyamisarning rafiqasi, jurnalist Maruxa Pachon va qaynsinglisining ahvoli naqadar ayanchli: goh ozod bo‘lishidan umidvor, goh bor ishonchi chippakka chiqib, umidsizlik domida...
“Mashinaga yaqinlashar ekan, yelkasi uzra o‘girilib, atrofga bir qur nazar tashladi: ortidan kuzatib kelayotganlar yo‘qmi? Bogotada soat yettidan besh daqiqa o‘tgan edi. Demak, oqshom tushganiga bir soatdan oshibdi. Milliy bog‘ g‘ira-shira yoritilgan. Yalang‘och daraxtlar yurakni siqadigan qoramtir osmon ostida behad vahimali ko‘rinadi. Biror xavf sezilmadi... Haydovchi orqa eshikni ochdi: Maruxa orqa o‘rindiqda o‘tirishga odatlanganini yaxshi bilardi. Beatris Maruxaning yonidan joy oldi. Ikkalasi ham g‘oyat toliqqan: tushdan keyin ketma-ket o‘tkazilgan zerikarli uchta majlisni deb qariyb bir soat ushlanib qolishdi. Ayniqsa, Maruxaning bo‘lari bo‘lgan: kecha oqshom u eri bilan mehmon kutgan, nari borsa, uch soatgina mizg‘iy olgan, xolos”.
Roman xavf-xatardan darak beruvchi ana shunday satrlar bilan boshlanadi va bu xavotir mutolaa so‘ngiga qadar kitobxon ko‘nglini tark etmaydi: oxiri nima bo‘lar ekan?
Narkomafiyaga qarshi urushga daxli bo‘lmagan jurnalist ayollar o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng go‘yo butun mamlakat oyoqqa turadi. Ularni qutqarish vatanni, adolatni va tinchlikni himoya qilishdek mas’uliyatli ishga aylanadi. Jiddi jahd asnosida xalqning ko‘rgiliklari, hukumatning ojizligi fosh bo‘ladi.
Asarning ko‘lamdorligi e’tiborni tortmay qolmaydi: oddiy haydovchidan mamlakat prezidentigacha, mubtalolik qabr yoqasiga olib borib qo‘ygan bangidan davlatning bo‘g‘ziga pichoq tirab turgan narkobarongacha – hamma-hamma qamrab olingan.
Markes insoniy tuyg‘u, kechinmalarni daqiqlik bilan tasvirlar ekan, kitobxon shuurini tamomila zabt etadi. Bu daf’a adib maftunkor Makondo emas, qonunlar oyoqosti qilinib, aholisi adolatsizlik qurboniga aylangan Kolumbiya haqida so‘z yuritadi. O‘zingiz ham o‘sha davr muhitiga tushib qolgandek, jinoiy to‘daning xunrezliklarini ko‘rib, asirlarning ingrashlarini eshitgandek bo‘lasiz. Muallif qo‘lidagi kinokamera bilan birga sizni ham ergashtirib ketayotgandek tuyuladi. Ko‘rganlaringizdan, eshitganlaringizdan, his qilganlaringizdan ong-u shuuringiz azobda, ammo muallifga ergashishdan o‘zingizni tiya olmaysiz.
Qariyb 250 sahifaga jo bo‘lgan romanda davlat va xalq, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligi kabi hayotiy masalalardan bahs boradi. Qirq yoshli Pablo Eskobarning kimligi dunyoga ayon: yovuz, ayni choqda taqvodor, o‘ta aqlli va ehtiyotkor, o‘ziga bino qo‘ygan, zolimligi xastalik darajasiga yetgan shaxs. U taslim bo‘lishdan avval hukumat oldiga ming bir shart qo‘yadi. Ojiz qolgan mahkama jinoyatchining shartlariga rozi bo‘ladi. Kim kimga taslim bo‘ldi o‘zi deb o‘ylab qolasiz. Hibsga olingan Eskobar uchun qamoqxona obdan ta’mirlanib, besh yulduzli mehmonxonadagidan ham qulay sharoit – serhasham ishratxona muhayyo etiladiki, bu sharmandalikdan Kolumbiya hukumati salkam 300 kun o‘tib xabar topgani qiziq. “Odil hukumat”dan so‘ragingiz keladi: bir vahshiyni tutib qamabsizlar, otangizga rahmat! Lekin tergov qani? Sud-chi?
“El qatori” turmaga ko‘chirilishini eshitgan va bunday “tahqir”ga chiday olmagan narkobaron soqchilarning burniga bir chertib qochadi-ketadi! Otib olish ham, tutib olish ham oson jinoyatchini yana ikki yil izlaydilar va nihoyat, 1993-yil 2-dekabr kuni qo‘lga tushiradilar. Insonni o‘ldirmoq mumkin, lekin to‘ydirmoq mushkul...
Ma’yus tabassum
Simon Karmiggelt. “Несколько бесполезных соображений”. Moskva, “Радуга”, 1985.
Simon boboga ixlosim baland. 1987-yili sahhoflik do‘konida bir kitobni qo‘limga olib, muqovadagi suratga tikilib qolganim va “Qodir akaning xuddi o‘zi ekan!” degan gap xayolimdan o‘tib, jilmayib qo‘yganim yodimda. Kitob muallifi ham bosmaxonamizning gazeta sahifalovchisi (metranpaj) Qodir Qodirovich Qodirovday qotma, kekirdagi bo‘rtib chiqqan, chapani va gajirroq odamligi ko‘rinib turardi. Gajir bo‘lmasa, Qodir akaga o‘xshab qirq besh yil – umrining oxirigacha bir joyda, bir lavozimda, ya’ni Amsterdamdagi “Het Parool” (“Minbar”) gazetasida oddiy muxbir bo‘lib ishlarmidi! “Sabringga balli-ey!” deb yuborgingiz keladi.
Niderlandiyalik adib Simon Karmiggeltning (1913–1987) o‘ttiz yetti yil burun xarid qilganim o‘sha “Несколько бесполезных сображений” (“Aytdim-qo‘ydim-da”) hikoyalar to‘plami haligacha qo‘limdan tushmaydi. Qayta-qayta o‘qigim kelaveradi. Ba’zan nash’asi tutganida ikki-uchta hikoyani tarjima qilib tashlaganimni sezmay qolaman.
Hikoyalar qisqa, ayrimlari bir yarim sahifadan oshmaydi. Bunday mitti asarda nimani tasvirlash, uni kitobxonga qanday manzur qilish mumkin? Qarangki, qalovini topgan qorni ham yoqarkan! Simon bobo – sovuqqon kuzatuvchi, o‘zi tasvirlayotgan ajabtovur voqealarga aralashib, kimnidir olqishlab, boshqasining biqiniga musht solmaydi.
Navbatdagi hikoyaga syujet izlab “ovga chiqqan” adib boshi oqqan tomon yuradi. Ko‘chada tasodifan kimnidir uchratib qoladi. Kafega “tomoq ho‘llagani” kirsa, yolg‘iz o‘tirgan xo‘randani gapga soladi. Oqshom bexosdan chalingan qo‘ng‘iroq – yana bir mavzu. Barchasining markazida albatta inson – erkag-u ayol, yosh-u qari, o‘rtamiyona amaldor-u ishi orqaga ketgan tadbirkor, orzulari ushalmagan onaxon... Hayotning o‘zi kabi rang-barang, murakkab – quvonch-u fojia, sadoqat-u xiyonat, boylig-u nochorlik... O‘zbekning hayotidan farqi kam.
Qalamga olingan voqealar olamshumullikdan xiyla yiroq, hatto xiyla jo‘n. Bir zamonlar mashhur o‘zbek sovet jurnalistiga “Osmonga otilgan gugurt tushgan joyni giyoh o‘smaydigan qilib feleton qila oladi” deb ta’rif berilardi. S.Karmiggelt ham har qadamdan mavzu-material topadi. Topishi shunchalik “oson” bo‘lganki, mingdan ortiq (!) hikoya yozgan, mitti hikoyalar ustasi sifatida keng tanilgan. Ozib-yozib ta’tilga chiqsa, o‘sha oyda “Het Parool” gazetasining adadi o‘ttiz-qirq mingga tushib ketgan. Avvaliga uning asarlarini pisand qilmagan adabiyotshunoslar alaloqibat maqtashga tushgan: Karmiggelt – yuksak so‘z san’atini vaqtli matbuotga dadil olib kirdi; goho quvonch, goho ma’yuslik ufurib turgan hikoyalarida milliy xarakterlarni, insonni ko‘zgudagi kabi butun bo‘y-basti, ulug‘ligi va ojizliklari bilan aks ettira bildi...
Kitoblari ketma-ket chiqib, Niderlandiyaning adabiyot sohasidagi yuksak mukofotlariga munosib ko‘rilgani – xayrixoh hamkasblarining, muxlislarining xizmati. Chunki u shuhrat qozonmoq uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urishni, haftasiga besh marta chop etiladigan gazetada muttasil chiqib turgan hikoyalarini yig‘ishni o‘ziga ep ko‘rmagan.
Bir vaqtlar kommunistik saltanat mafkurachilari Abdulla Oripovni she’rlaridagi mahzunlik sabab tanqid qilgan: baxt va shodlikka yo‘g‘rilgan sho‘ro jamiyatida g‘am-anduhga aslo o‘rin yo‘q! Simon Karmiggelt – yolg‘izlik kuychisi. Asarlaridagi hazinlikning boisi shu. Balki shuning uchun ham uning hikoyalari o‘zbek shoirining she’rlari kabi maftunkor va betakrordir.
“Qayiq” hikoyasini olaylik. Mo‘jazgina qahvaxonaning derazasi oldidan o‘tgan anhorda did bilan bezatilgan motorli qayiqcha suzib yuribdi. Ushbu fusunkor manzaradan ko‘pchilik qatori deraza oldida o‘tirgan bashang kiyingan yoshi ulug‘roq janob ham ko‘z uzmaydi. U bir umr shunday qayig‘i bo‘lishi va ummonda baliq kabi erkin suzishni orzu qilgan. Shu maqsadda o‘smirligidan ishlab pul yig‘a boshlagan. Biroq endi qayiq sotib olaman deb turganida bir qiz yuragidan uradi. Unashtiruv, uylanish, farzand, ro‘zg‘or tashvishlari... o‘z-o‘zidan bo‘ladimi! Qayiq orzusi xayoldan ko‘tariladi. Oradan ancha yillar o‘tgach, yana pul yig‘ishga tushadi. Bu vaqtga kelib, qayiq deganning narxi osmon edi. Kutilmaganda xotini dardga chalinadi. Shunday qilib, yiqqan-tergani bilan yana xayrlashadi... So‘ng xotini olamdan o‘tadi. O‘g‘li Kanadaga ko‘chib ketadi. Qarabsizki, o‘zi keksalik fasliga qadam qo‘yibdi. Orzumand qariya omadi kelib, shaharning markazidan ijaraga hujra oladi.
Ishdan qutulganidan keyin tanho qayiq tag‘in uning xayolini band etadi. Boz urinib ko‘rmoqchi bo‘ladi. Endi unga kichikroq qayiqcha bo‘lsa bas. Qo‘l uchida yashashga o‘rgangan, umrida hashamatu to‘kinlik ko‘rmagan odamga mo‘jazrog‘i ham bo‘laveradi-da. Rahmatli otasining gaplarini eslaydi: “Muhtojlik bizni doim o‘z changalida ezg‘ilab turadi, bolam”.
Shunday qilib, orzumand chol o‘zini yana hamma narsadan tiyadi. Yeyish-ichish deysizmi, kiyim-kechak... hammasidan! Oz emas, ko‘p emas, uch yil chidaydi. Chekishni – sigarani yaxshi ko‘rardi – bas qiladi. Go‘sht – ikki haftada bir luqma. Kafelardan oyoq uzadi. Ish, azoblar bilan bo‘lsa-da, joyidan siljiy boshlaydi. Lekin yana...
“O‘tgan hafta oqshom payti shaharning narigi burchida yashaydigan singlimnikidan qaytayotgan, tramvay pulini tejash uchun yayov borib kelmoqda edim. Yo‘l uzoq emasmi, tinkam qurib qoldi. Uyga yetay deganimda, xilvat ko‘chada, chiroq tagida nafas rostlamoq uchun to‘xtadim. Yonimdan bir odam o‘tib qoldi. Chayqalib yurishidan durustgina otib olgani ko‘rinib turardi. U menga bir zum tikilib turdi-da, cho‘ntagini paypasladi va qo‘limga chaqa tutqazdi: “Ma, ol, bechora chol”. Oldim!”
Tilanchidan farqi qolmaganini anglaydi shunda. Ko‘nglida isyon uyg‘onadi. Ertasi kuni bor pulini olib, shaharga tushadi. Ko‘ylakdan kostyum-shimgacha – yangi liboslar sotib oladi. Rangli televizorning ham, sigaraning ham eng zo‘ridan xarid qiladi. Bir xirmon pivo. “Alvido, motorli qayiqcha!”
Adibning bisotida yolg‘izlik va nochorlik komiga tushib, orzulari ushalmay qolgan insonlarning ayanchli qismati naql etilgan bunday mungli hikoyalar ko‘p.
Qulman OCHIL
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Orzu bilan xayrlashuv” maqolasi
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q