Ushbu maqoladan maqsad ichishni targ‘ib etish emas, balki til nuqtayi nazaridan ba’zi so‘zlarni tahlil etishdir. Gap pivo haqida. Tushunarli bo‘lishi uchun, kundalik lug‘atimizda ruscha bo‘lsa-da, “pivo” so‘zini qo‘llab turamiz, chunki hozirgi o‘zbek tilida shu so‘z qabul qilingan: “pivoxona”, “Qibray pivosi” deymiz.
Bu ichimlikning inglizcha nomi – “beer”, fransuzchada – “bière” va boshqa ko‘pgina ovro‘pa tillarida ham shunga yaqin (olmon: “bier”, italyan: “birra”, yunon: “býra”, turk: “bira”). Bu yaqinlik tasodifiy emas, ko‘pincha bir tilda paydo bo‘lgan so‘z boshqa tillarga ham o‘tganda shunday o‘xshashlik bo‘ladi. Xo‘sh, mazkur ichimlik va uning nomi dastlab qayerda paydo bo‘lgan?
Bu savol albatta ko‘pchilikni qiziqtirgan. Shu nuqtayi nazardan angliyalik olima, eski ingliz tili (Old English) mutaxassisi Kristina Ye.Fellning “Qadimgi ingliz beori” (“Old English Beor”. 1975) nomli maqolasi diqqatga sazovor. K.Fell ushbu maqolasida hozirgi ingliz tilidagi “beer” eski ingliz tilidagi “beor”ga borib taqaladimi yoki ular boshqa-boshqa ichimliklarmi? – degan masalani eski ingliz (Old English) va unga qarindosh eski skandinav (Old Norse) tillarida XI asrgacha bitilgan she’riy asarlar, tibbiyotga oid qo‘lyozmalar asosida o‘rganadi.
Gap shundaki, o‘rta asrlarda ham anglosakson va skandinav-vikinglarda sarxush qiluvchi “beor” (yoki “bjor”) degan ichimlik bo‘lgan ekan. K.Fell o‘z maqolasida “beor”ni o‘sha davrlarda asaldan tayyorlangan shirin ichimliklar: “medu” (hozirgi inglizchada “mead”) va “ealu” (hozirgi inglizchada “ale”) hamda uzumdan olinadigan “win” (hozirgi inglizchada “wine”, ya’ni sharob, vino) bilan qiyosan o‘rganadi. K.Fell qadimgi qo‘lyozmalar asosida mazkur to‘rt spirtli ichimlikni o‘rganar ekan, “win” (sharob) o‘rta asr qo‘lyozmalarida juda ko‘p ishlatilganiga, “medu” va “ealu” nomlari “win”ga nisbatan ikki-uch barobar kam, “beor” esa yanada kamroq qo‘llanganiga e’tibor qaratadi. Eski bitiklarda “beor” so‘zining kam uchrashi sababi – bu ichimlikni anglosaksonlarning o‘zlari tayyorlamagan, balki chetdan keltirilgan, degan xulosaga keladi K.Fell.
Albatta “win” (sharob)ning qo‘lyozmalarda ko‘p uchrashi tabiiy, chunki Tavrot va Injilda ham ko‘p tilga olingan bu ichimlik nasroniylar uchun deyarli muqaddas, hatto ularning diniy marosimlarida ham sharob ichiladi. K.Fell tadqiqotiga ko‘ra, mazkur ichimliklarning hammasi uzum suvi, asal, meva sharbatlaridan tayyorlangani uchun shirin bo‘lgan.
Ammo “beer”, ya’ni pivo hamda turkiy xalqlarning bo‘za ichimligi, ko‘pchilikka ma’lumki, shirin emas, qolaversa, ular asaldan emas, undirilgan arpa, tariq, jo‘xori kabi don mahsulotlaridan tayyorlanadi. Shu bois K.Fell o‘z tadqiqotida “beer” va qadimgi “beor” bitta ichimlik emas, degan xulosaga keladi. Muammo shundaki, XIX asrda tuzilgan bir inglizcha lug‘atda (BosworthToller's Anglo-Saxon Dictionary): “beor” so‘zi – “beer” deb noto‘g‘ri izohlanadi va bu keyinchalik ko‘pgina chalkashliklarga olib keladi. Aslida esa qadimda inglizlarda undirilgan arpadan ichimlik tayyorlash tajribasi bo‘lmagan. Shu nuqtayi nazardan XVI asr ingliz yozuvchisi Endryu Burd (Andrew Boorde)ning ushbu so‘zlari diqqatga sazovor: “El (ale) – inglizlar uchun tabiiy ichimlik... ber (bere) esa – undirilgan arpa, qulmoq (xmel) va suvdan tayyorlanadi va u olmonlar (Dutche) uchun tabiiy ichimlikdir” (“Ale for an Englysshe man is a naturall drynke... . Bere is made of malte, of hoppes and water: it is a naturall drynke for a Dutche man”). Ushbu iqtibosda guvohi bo‘lganimizdek, XVI asr ingliz yozuvchisi “beer”ni “beor” emas, balki “bere” deb yozadi. Qolaversa, E.Burd e’tiroficha, “bere” inglizlar uchun emas, german qabilalari uchun tabiiy ichimlik bo‘lgan.
Hozirgi ko‘pgina etimologiyaga oid lug‘atlarda beer so‘zi inglizcha emas, balki protogerman tillaridagi “beuwoz” yoki “beuza” so‘zidan kelib chiqqan, deb qayd etilgan. Protogerman tillarida bu so‘z qanday paydo bo‘lgan? – degan savolga aniq javob yo‘q. Ba’zilar bu so‘z etimologiyasini proto hind-ovro‘pocha “bheusóm” so‘zidan, ba’zilar lotincha “ichmoq” ma’nosidagi “bibere”dan kelib chiqqan deb bilsa, ba’zilar qadimgi inglizcha “beor” keyinchalik “beer” shaklida hozirgi pivoga nisbatan ishlatila boshlagan, deydi. Shuningdek, inglizcha “barley” (“arpa”) va “beer” bir o‘zakdan degan qarash ham bor.
Xullas, “beer” oxir-oqibat protogermancha “beuza”ga borib taqalar ekan, bu esa bizga asosan turkiy xalqlar ichida keng yoyilgan bo‘za ichimligini eslatadi. “Qomus.info” saytida bo‘zaga shunday izoh beriladi: “bo‘za – tariq, oqshoq, arpa, so‘li va bug‘doy kabi donlardan tayyorlanadigan, kayf beradigan ichimlik. O‘rta Osiyo xalqlari juda qadim zamonlardan bo‘za tayyorlagan. Tariqdan quyidagi usulda bo‘za tayyorlangan: tariq ivitilib, xaltaga solinadi va issiq joyga (ko‘pincha kepakka ko‘mib) qo‘yiladi. Tariq dimlanib yetilgach, maysalagach, o‘g‘irda yanchiladi, keyin xumga solib achitiladi va dokadan o‘tkazilib boshqa idishga solinadi, tingach, ichishga tayyor bo‘ladi. Tarkibida 4-6% etil spirti, oqsil, yog‘, vitamin, mineral moddalar bor”. Bo‘zaga berilgan ushbu ta’rif va XVI asr ingliz yozuvchisi Endryu Burdning “undirilgan arpa, qulmoq (xmel) va suvdan tayyorlanadigan” olmonlarning “bere” ichimligi haqidagi so‘zlarini qiyoslab, aslida ular bir xil ichimlik ekanligini anglash qiyin emas. Ayni paytda, bu ta’rif bugungi pivo ishlab chiqarish texnologiyasiga ham aynan mos keladi. Qolaversa, ovro‘palik tilchilar inglizcha “beer” protogerman tillaridagi “beuza”ga borib taqaladi, deyishmoqda. Xo‘sh, unda o‘sha protogerman tillaridagi “beuza” va bizning “bo‘za” bir so‘z emasmikan?
“Bo‘za” so‘zini Navoiy o‘z asarlarida ishlatgan, ammo “Devonu lug‘otit-turk”, “Qutadg‘u bilig” kabi asarlarda bu so‘z uchramaydi. Ammo “Devonu lug‘otit-turk”da inglizcha “beer”ga yana ham o‘xshab ketuvchi boshqa bir so‘z – “bor” (“بُورْ”) mavjud bo‘lib, Koshg‘ariy bobomiz unga shunday izoh beradi: “بُورْ bor – bo‘za. Maqolda shunday kelgan: bor bolmazїp sirkä bolma – sharob bo‘lmay turib, sirka bo‘lib qolma” (DLT. III t. T. 1963. 133-b). “Devon”da bu so‘z arab imlosida بُورْ shaklida yozilgan, ya’ni u inglizcha “beer”ga yaqin “bo‘:r” shaklida talaffuz etilgan bo‘lishi mumkin. “Bor” so‘zi qadimda nafaqat bo‘za, balki sharob, umuman, spirtli ichimlik ma’nosida ham ishlatilgan. Shu bois ichishga ruju qo‘ygan odamga nisbatan “borchi” deyilgan.
“Bor” so‘ziga biz, ayniqsa, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida ko‘p duch kelamiz. Asarda ko‘plab baytlar ichimlikning zararlari, ichishdan qaytarishga bag‘ishlangan. Bir baytda, jumladan, shunday deyiladi:
“Bor ichmә aya borchi bog‘zi quli,
Bor ichsә achildi chig‘ayliq yoli”, –
Mazmuni: “Ichimlik ichma, ey mayparast, bo‘g‘zining quli, may ichsang, senga gadolik yo‘li ochiladi” (QB. T. 1971. 350-bet).
Yuqorida hind-ovro‘pacha deb qaraladigan “bheusóm” so‘zi ham tilga olindi. Ba’zi mutaxassislarga ko‘ra, protogermancha “beuza” ana shu so‘zga borib taqaladi. Ammo “bheusóm” nomi ham bizga “Devonu lug‘otit-turk”da keltirilgan “buxsum” ichimligini eslatadi. “Devon”da unga shunday izoh berilgan: “بُخْسُمْ buxsum – tariq, so‘klardan qilingan ichimlik, bo‘za” (DLT. I t. 1960. 447-bet).
“Buxsum” va “bheusóm” bir so‘zmi va ular “bo‘za”ga aloqadormi, bu haqda bir narsa deyish qiyin, ammo turkiy xalqlarda “buxsum” hozir ham “maqsim”, “maqsima” shakllarida saqlanib qolgan. Xususan, Qirg‘izistondagi “Shoro” kompaniyasi 90-yillardan boshlab “maqsim” ichimligini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Qirg‘iz, qozoq va boshqa qardosh xalqlarda hozir ham uy sharoitida bu ichimlikni tayyorlash an’anasi bor va uni “jarma”, “maqsim” kabi nomlar bilan atashadi. Kavkazdagi turkiy xalqlar bu ichimlikni “maqsima” deb bilishadi.
“Bo‘za” so‘zi fors tilidan turkiy va boshqa tillarga o‘tgan, degan qarash ham bor. Ammo turkshunos olim G.Dyorfer “bo‘za” so‘zi, aksincha, fors tiliga turkiy tillardan o‘zlashgan, degan qat’iy fikr bildirgan. Ayni paytda, ba’zi forsiy lug‘atlarda “bo‘za” (بُوظَة) arabcha so‘z deb izohlangan. Ya’ni, eronlik olimlarning o‘zlari ham “bo‘za”ga fors tiliga chetdan kirgan so‘z sifatida qarashadi.
Arab tiliga boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarni arabcha lug‘atlardan tezda ilg‘ab olish mumkin. Aksariyat arabcha ot va masdarlar, albatta, biror fe’l bobidan yasalgan va lug‘atda o‘sha fe’lga bog‘langan holda keladi. X.K.Baranovning “Арабско-русский словарь” lug‘atida “bo‘za” (“بُوظَة”) so‘zining o‘zidan oldin kelgan fe’lga bog‘lanmasdan, alohida kelishi uning arab tiliga boshqa tildan o‘zlashganligini anglatadi (ARS. M. 1989. 92-bet). Qolaversa, bu so‘z faqat Misrda qo‘llanilar ekan, shu bois ko‘pchilik turkshunos olimlar bu so‘z mamluklar davrida arab tiliga turk tilidan o‘tgan, deb hisoblaydi.
Bizningcha, bo‘za Osiyo kengliklarida yashagan ko‘chmanchi xalqlar, xususan, turkiylarga xos ichimlik. Chunki issiq mintaqalarda o‘troq qabilalar uzum va boshqa mevalardan ichimlik tayyorlashgan, qimiz, bo‘za kabi ichimliklar esa, bizningcha, iqlimi biroz salqin hududlarda yashagan ko‘chmanchi xalqlar madaniyatiga yaqinroq.
Xo‘sh, “bo‘za” so‘zi “Devonu lug‘otit-turk”, “Qutadg‘u bilig” kabi manbalarda tilga olingan “bor” (yoki “bo‘r” – “بُورْ”) bilan etimologik jihatdan bir manbaga borib taqalishi mumkinmi? Unda qanday qilib “bor” so‘zidagi “r” tovushi “z” tovushiga aylangan? Yoki, aksincha, agar ingliz tilidagi “beer” – protogermancha “beuza”dan kelib chiqqan bo‘lsa, qanday qilib “beuza” so‘zidagi “z” – “r”ga aylangan?
Umuman, tilshunoslikda so‘zlar bir tildan boshqa tilga o‘tganda yoki bir tilning o‘zida davrdan davrga ko‘chganda tovush almashinuvi hodisasi bor. Aytaylik, ba’zi qadimiy so‘zlardagi “r” tovushi keyinchalik “l”, “y”, “z” kabi tovushlarga o‘zgargan, bu hodisa tilshunoslikda rotatsizm deb ataladi. Yoki so‘zlarda “z” tovushining o‘zgarishiga nisbatan zetatsizm deyiladi va hokazo. Shu nuqtayi nazardan turkshunos olim I.G.Dobrodomovning “Slavyan tillariga bulg‘orchadan o‘tgan so‘zlarda ikki xil rotatsizmning ifodalanishi” (“Отражение двух видов разновидностей ротацизма в булгарских заимствованиях славянских языков”) nomli maqolasi diqqatga sazovor. Bu yerda hozirgi slavyanlashgan bolgar tili emas, balki VII asrda Sharqiy Ovro‘pa, hozirgi Ukraina hududida Buyuk Bulg‘or xonligini barpo etgan sof turkiy qavm – bulg‘or turklari tili ko‘zda tutilmoqda. Qadimgi bulg‘or turkchasida boshqa turkiy lahjalarga nisbatan rotatsizm, ya’ni ba’zi so‘zlardagi “z” yoki boshqa tovushning “r”ga aylanishi hodisasi mavjud bo‘lgan. Qadimgi bulg‘or turkchasiga eng yaqin til – hozirgi chuvash tili hisoblanadi. Shu bois chuvash tilida ham bu holatni kuzatish mumkin, aytaylik, boshqa turkiy tillardagi “qiz” so‘zi chuvash tilida “xer”, ya’ni “z” tovushi “r”ga aylangan.
I.G.Dobrodomov mazkur maqolasida bulg‘orchadan slavyan tillariga o‘tgan so‘zlardagi rotatsizm hodisasini o‘rganar ekan, boshqa turk tillarida “bo‘za” deb ataluvchi ichimlik bulg‘or turkchasida “*bura” deyilganligi haqida yozadi. Olimga ko‘ra, bu so‘zning bulg‘orcha asliyatga eng yaqin shakli – buræğ (burag‘, burag‘a) hozir ham osetin tilida saqlanib qolgan. Keyinchalik bu so‘z rus tiliga “braga”, Sharqiy Ovro‘padagi boshqa tillarga: rumin tiliga – braga, polyak, hungar, moldovan tillariga: braha, bráha, osetin tiliga – buræğ shakllarida o‘zlashgan. Shuningdek, olim mazkur bulg‘orcha so‘zning fin-ugor tillarida ham izlari borligi, xususan, mordoviya tilida bu so‘z – “puré” shaklida saqlanganligini yozadi.
“Braga” deb hozirgi rus tilida uyda tayyorlanadigan xonaki pivo turiga nisbatan aytiladi. Shuningdek, bu so‘zdan “brajnik” (“aroqxo‘r”), “brajnichat” (“aroqxo‘rlik”), “sbrajivat” (“achitmoq”) kabi so‘zlar ham yasalgan. Eski rus tili, slavyan tillarida “braga”, “kvas” deganda aynan undirilgan arpa, tariq kabi don mahsulotlaridan tayyorlangan ichimlik – bo‘za tushunilgan. “Pivo” esa slavyancha “ichmoq” ma’nosidagi “piti” fe’lidan yasalgan bo‘lib, dastlab barcha spirtli ichimliklarga nisbatan ishlatilgan.
Maks Fasmer ham “Этимологический словарь русского языка” lug‘atida “braga” so‘zining kelib chiqishiga doir yunoncha, keltcha, hind-ovro‘pacha kabi barcha farazlarni rad etib, bu so‘z aynan qadimgi turkiydagi “b’raga” so‘zining rus tiliga o‘zlashgani, deb ta’kidlaydi (M.Fasmer. ESRYA. M. 1986. T-I. 205-bet). “Этимологический словарь тюркских языков” (ESTYA) lug‘atida “braga” – “bo‘za”ning Oltoy va Shimoli-Sharqiy tillardagi ko‘rinishi ekanligi aytiladi.
Bizningcha, “Devonu lug‘otit-turk”dagi “bor” (“bo‘:r”) va qadimgi bulg‘or turkchasidagi “bura” (burag‘, burag‘a) bir o‘zakka borib taqaladi. Keyinchalik bu so‘z zetatsizm hodisasiga uchrab “bo‘za”ga aylangan. Tarixdan ma’lumki, eramizning IV asrida sodir bo‘lgan Xalqlarning buyuk ko‘chishi arafasida va undan keyingi davrlarda german qabilalari: qirim gotlari, ostgotlar, vestgotlar Sharqiy Ovro‘pada turkiy qavmlar bilan qo‘shni bo‘lib yashashgan. Ayniqsa, qirim gotlari turkiy qavmlar va ovro‘pa xalqlari o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘tagan. Got qabilalari keyinchalik juda ko‘p ovro‘pa xalqlari etnogenezida ishtirok etgan. Gotlarning turkiy qavmlar bilan ko‘p asrlik qo‘shnichiligi davrida til va turmushda albatta ba’zi o‘zlashtirishlar bo‘lgan. O‘ylaymizki, ovro‘pa tillaridagi beer, bière, bier, birra, býra, ehtimol, “beor” ham, o‘sha davrlarda “r”lovchi shimoliy turkiy lahjalar, xususan, bulg‘or turkchasidagi “bura”ning ovro‘pa tillariga o‘tgan ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, bolqon yarim orolida yashovchi xalqlarda “boza” so‘zi va ichimligi hozir ham mavjud. Bu esa “bo‘za” so‘zining usmonli turkchasi orqali Sharqiy Ovro‘pa tillariga ikkinchi immigratsiyasidir.
Abduvohid HAYIT
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q