Chingiz Aytmatovning matbuotda e’lon qilinmagan gaplari


Saqlash
11:02 / 04.06.2024 762 0

Ijodkorning umri uning bu foniy dunyoda yashagan yillari bilan o‘lchanmaydi. Bu gap, shubhasiz, boshqa kasb egalariga ham tegishli, ammo qalam ahliga ko‘proq daxldor. Chunki yozuvchining mahorat bilan bitilgan asarlari mustahkam qasrlar, mahobatli imoratlardan-da ko‘proq yashaydi. Tosh yemirilishi, g‘isht ko‘chishi, poydevor nurashi mumkin, ammo mukammal san’at asari, mag‘zi to‘q badiiy adabiyot namunasi asrdan asrga, davrdan davrga o‘tganida ham ma’no-mohiyatini yo‘qotmaydi. Aksincha, har bir avlod undan ijodiy tafakkuri darajasida bahramand bo‘lib, o‘zi uchun yangi ma’no, yangi xulosalar topa oladi. Ulug‘ Navoiy bobomiz bosh bo‘lib qurdirgan imoratlar, qazdirgan ariqlar, bog‘-rog‘lar o‘rnini bugun aniq topish qiyindir, lekin bu tabarruk zot qalamiga mansub asarlar bizga, kelgusi avlodlarga ham ma’naviy hamrohlik qilishi, najot yo‘lini ko‘rsatib turishi, komillikka undashi haqrost.

 

O‘zidan buyuk ma’naviy meros qoldirgan, badiiy tafakkur bobida XX asrning yorqin siymolaridan biri – yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Chingiz Aytmatovdir. Uning hayoti, boshqa ijodkor tengdoshlari qatori, sobiq tuzum tamoyillari barcha-barchaning qon-qoniga, o‘y-fikriga singib ketgan yillarga to‘g‘ri keldi. Buni adibning o‘zi ham takror-takror aytgan. U hukmron firqa mafkurasi yagona oliy qadriyat sifatida ko‘klarga ko‘tarilgan bir davrda adabiyotga qadam qo‘ydi. Milliy mavzuda yozilgan tog‘ va dasht qissalari unga mislsiz shuhrat keltirdi. O‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtalarida esa adib dunyoning turli mintaqalarida, jumladan, o‘z Vatanida yuz bera boshlagan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy ziddiyatlarga, tuzum tanazzuliga, kutilgan va kutilmagan talato‘plarga guvoh bo‘ldi. Ko‘z o‘ngida “zo‘r bilan barpo etilgan imorat” − sho‘rolar saltanati quladi.

 

Ayni shu yillari adibning qissa va romanlari bilan birga, jamiyat hayotining ilgari mutlaqo qalamga olinmagan, boshqalar yozishga jur’at etmagan qirralari to‘g‘risidagi o‘tkir publitsistik maqolalari, tanqidiy-tahliliy esselari e’lon qilindi. Ular ta’sirchan va kuchli mantiqiy mushohadaga asoslangani, hayotga, odamlarning o‘y-xayollariga vobastaligi bilan ajralib turardi. Muallif jur’at va dadillik bilan o‘zi guvoh bo‘lgan, boshidan kechirgan, kuzatgan, ko‘nglida isyon uyg‘otgan mavzularni qalamga oldi. Yozuvchilik vijdoni, insoniylik burchi jim turishga, befarq bo‘lishga yo‘l bermadi va bu holatni u o‘quvchiga ham yuqtirdi. Aytmatovni mutolaa qilgan o‘quvchining mudroq ko‘zlari ochilganday, vijdoni uyg‘onganday, fikrlarida tiniqlik, ko‘nglida bedorlik yuz ko‘rsatganday bo‘ladi.

 

Aytmatovshunos olim Abdullajon Aqmataliyev bunday yozadi: “Qirg‘iz shoiri Jo‘mart Bo‘kanboyev she’rlarining birida “Shunday vaqt keladiki, qirg‘iz adabiyoti yurt hududidan chiqib, Yevropaga yetib boradi, dunyo bo‘ylab qadam tashlaydi, dunyo adabiyotining kichik bo‘lsa ham munosib tarkibiy qismi bo‘lib qoladi”, deya bashorat qilgan edi. Ko‘rib turibmizki, u haq bo‘lib chiqdi. Lekin o‘sha kezlar she’r muallifining orzu-umidlarini kitobxonlar shunchaki shoirona shirin xayol deb o‘ylagani aniq. Oradan bor-yo‘g‘i bir necha yil o‘tdi, bu orzu-umidlar Aytmatov misolida to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqdi. Qirg‘iz adabiyoti adabiy Olimp sari shiddat bilan ko‘tarilmoqda. Haqqoniy, achchiq va ayni paytda, nekbin badiiy so‘z turli mamlakatlar va qit’alar osha kitobxonlar yuragida akssado topmoqda. Aytmatovdek iste’dod egasini tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq baxtiyordir”.

 

Adib so‘nggi asari “Qulayotgan tog‘lar”da ham ijodiy prinsipiga sodiq qolib, urush haqida, insoniyat va yer yuzida tiriklikning taqdiri xususida bosh qotiradi, o‘quvchini bu mangu jumboqning yechimi haqida o‘ylashga da’vat etadi: “O‘ldir-o‘ldir” degan gap odamlarning og‘zidan tushmaydi. Dushman bizni o‘ldiraman, deydi. Biz dushmanni mahv etmoqni istaymiz. Keyin dunyoda kim yashaydi? Yer yuzida faqat odamkushlar qoladimi?..”

 

Chingiz Aytmatovning badiiy olami, ijtimoiy-siyosiy, diniy-falsafiy qarashlari, estetik prinsiplarini tushunish uchun uning asarlari bilan birga turli nashrlarda e’lon qilingan intervyu va suhbatlari, OAVdagi chiqishlari, maktublaridagi fikr-mulohazalar bilan ham chuqur tanishmoq lozim bo‘ladi. Muallif yuzaga olib chiqqan muammolar bir hudud yoki bir millatga taalluqli bo‘lmaganidek, uning o‘y-qarashlari, falsafiy mushohadalarida ham ana shunday kenglik, umuminsoniylik ko‘zga tashlanadi.

 

Yozuvchining matbuotda to‘liq e’lon qilinmagan suhbatlari ham bor. Ularda adolat, erkinlik, oshkoralik singari masalalarda ijodkor qalbini bezovta qilayotgan o‘y-xayollar bilan birga qizil mafkura kirdikorlari ham o‘z ifodasini topgan. O‘sha suhbatlardan ayrim parchalarni muhtaram jurnalxonlar hukmiga havola etamiz.

 

* * *

 

– Markaziy Osiyoda diniy va siyosiy ekstremizm bilan bog‘liq voqealarning rivojlanish ehtimoli xususida nima deya olasiz?

 

– Men bu masala faqat Markaziy Osiyogagina xos deb hisoblamayman. Muloqotimiz shu mavzuga burilgan ekan, aytaqolay: “sovuq urush” siyosati nihoyasiga yetganidan keyin, XX asr adog‘ida sivilizatsiyalar va dinlar to‘qnashuvi yuz berishi mumkin degan avvalgi taxminlar, taassufki, to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Tarixning bugungi murakkab vaziyati vayron qiluvchi yovuz kuchlarga qarshi ma’naviy hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni taqozo etadi.

 

– Chingiz To‘raqulovich, Siz “Urush madaniyati o‘rnini tinchlik madaniyati egallaydi”, degan fikrni o‘rtaga tashlagansiz...

 

– Madaniyat din bilan hamisha hamohang bo‘lgan, buni takror uqtirib o‘tirishning hojati yo‘q. Masalan, klassik tasviriy san’atning ko‘plab mavzulari Bibliyadan olingan. Yuksak musiqa esa diniy ibodatlar, to‘y va dafn marosimlarida hozir. Bugungi “ommaviy madaniyat”ning din bilan hamohang bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

 

– “Ommaviy madaniyat”ning madaniyatga aloqasi bormi?

 

– Pop madaniyat ta’sirchan kuchining siri oddiy: yulduzlik kasalligi, “kumir”larning shaxsiy hayotiga bo‘lgan qiziqishni sun’iy ravishda oshirish. Ko‘zlangan maqsad – imkoni boricha ko‘proq pul ishlash. Bunday jilovsiz poygani hozircha birgina jiddiy adabiyot rad etib turibdi. Xarakterli jihat shundaki, mumtoz va hatto avangard madaniyat ham voqealarni qahramonlik darajasiga ko‘tarishga asoslanadi: urush qahramonlari, ularning jasorati, shafqatsizligi tarannum etiladi. Bularning hammasi yuksak fazilat, iftixor sifatida ko‘rsatiladi. Dunyodagi ko‘pgina poytaxtlarda o‘rnatilgan haykallarga qarang: harbiy sarkardalar ot ustida savlat to‘kib turibdi. Urushga aloqasi bo‘lmagan, tinchlikni saqlash, uning qadriga yetish yo‘lida faoliyat olib borgan kishilar esa bunday martabaga munosib ko‘rilmagan... Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonda Chingizxon obrazi yana ko‘klarga ko‘tarilmoqda. Bugungi zamonaviylikka asoslanish o‘rniga, butun e’tibor o‘tmishga qaratilmoqda... Tinchlik madaniyati – insoniy ehtiros va ehtiyojlarni kuch ishlatish, to‘qnashuv yoki bosib olish bilan emas, tinch yo‘l bilan hal qilish deganidir...

 

– Dunyo axborot to‘ri hayotimizga tobora mustahkam kirib bormoqda. Endilikda oddiy qirg‘iz qishlog‘ida yashaydigan maktab o‘quvchisi ham kompyuter yoniga o‘tirib, yevropalik yoki shimoliy amerikalik tengdoshi kabi o‘ylashi, fikr qilishi mumkin. Globallashuv jarayonlarining bugungi shiddatida madaniyatlarning o‘ziga xosligi, an’ana va dunyoqarashning noyobligini saqlab qolsa bo‘ladimi?

 

Menimcha, bo‘ladi. Bugun, masalan, Yevropa madaniyati mahsullaridan bahramand bo‘lgan O‘zbekiston O‘zbekistonligicha, Qozog‘iston Qozog‘istonligicha qolmoqda. Qirg‘izistonni ham Yevropa bilan adashtirib bo‘lmaydi. Ammo zamonaviy sivilizatsiyadan uzoqda turibgina milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish mumkin deb o‘ylash – xato. G‘arbiy Yevropa mamlakatlari fuqarolari uzoq yillardan beri bir xil oshxona jihozlaridan foydalansa-da, turli tillarda so‘zlashadi, turlicha qo‘shiqlarni kuylaydi, turli mavzudagi kino asarlarini ma’qul ko‘radi...

 

– Yevropada yashash Sizga nima beradi?

 

– Taqdir shunday kechdiki, mening XX asrim sovet zamoniga to‘g‘ri keldi. U kezlar hayotimiz ancha cheklangan edi. Bu davrda hatto e’tiqodimiz ham mahdud bo‘lib, hamma haqiqat faqat bizning tarafda deb hisoblar edik. Bugun menda sovet zamonida erishganlarimiz bilan dunyoda nimalar mavjudligini o‘zaro chog‘ishtirish, taqqoslash imkoniyati mavjud. Anglash va tushunish diapazoni, tabiiyki, kengaydi. Bu kengayishning insonga keragi bormi? Bor, albatta! Ayniqsa ijodkorga... Shunday bir sharoitda ham men milliy tuyg‘ulardan uzoqlashib ketayotganim yo‘q...[1]

 

* * *

 

– Chingiz To‘raqulovich, “Kassandra tamg‘asi” romaningiz chiqqanidan beri oradan o‘n yil vaqt o‘tdi...

 

– Ha, tanaffus cho‘zilib ketdi. Shunday holat adabiyotda ham, kino va san’atda ham yuz berdi. Hammasini qaytadan boshlashimga to‘g‘ri keldi. Ba’zi narsalarni qog‘ozga tushiray deyman, ammo ular hanuz o‘y-fikrligicha turibdi. “Qulayotgan tog‘lar”ni to‘rt oy ichida yozib tugatdim. Tanaffus bo‘lgani rost, ammo men uning o‘rnini to‘ldirishga harakat qilaman.

 

– Asarda globallashuvga nisbatan tanqidiy mulohazalar ko‘p. Qizig‘i, bu jarayonga xayrixohlar sifatida amerikaliklar emas, yevropaliklar ham emas, saudiyalik ikki shahzoda tasvirlanadi. Ayni shular, ko‘plarning nazarida, globalizmga qarshi turganlar emasmi?

 

– Mening globallashuvga tanqidiy munosabatim sir emas. Ammo men bu jarayonni butunlay qoralamoqchi emasman. Globallashuv real dunyoviy jarayon, hammamiz uning ishtirokchilarimiz. Ammo u birlashtirish faktorlari bilan birga ma’lum salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Men bu jarayonning o‘z mamlakatimga qanday kirib kelayotganini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Globallashuv olis qishloqlargacha yetib bordi. Qadim odatlarimizdan biri – yovvoyi hayvonlarni ovlashni ham o‘z domiga tortdi. Endilikda oddiy cho‘ponlar ham imkoniyatdan foydalanib, boylikka ega bo‘lib qolish payida...[2]

 

* * *

 

– Chingiz To‘raqulovich! Keling, suhbatimizni Sizning ijodingiz to‘g‘risida takror-takror tarqalayotgan bir yangilikdan boshlasak. Chingizxon to‘g‘risidagi qissa jiddiy munozaralarga sabab bo‘lgan “Asrga tatigulik kun” romaningizning sovet ma’murlaridan yashirilgan bir qismi ekani rostmi?

 

– Ha, shunday. Taassufki, biz o‘ylagan narsamizni hamma vaqt ham to‘liq yozib bo‘lmaydigan davrda yashadik. Ishtiboh ustunlik qildi chog‘i, romanni to‘liq nashr ettirganim yo‘q. Matnga ba’zi tuzatishlar kiritildi, Chingizxon qismi esa butunlay olib qo‘yildi.

 

– Shunday qilganingizdan afsuslanmaysizmi?

 

– Afsuslanib yuradigan odatim yo‘q. Bu mening yoshimga ham to‘g‘ri kelmaydi. Asarni rasmiy doiralar ham, tanqidchilar ham yaxshi kutib oldi. Mukofotlarga sazovor bo‘ldi, bir necha marta qayta nashr qilindi.

 

– Demak, matnga tuzatishlar kiritilgani to‘g‘ri bo‘lgan ekan-da?

 

– Tuzatishlar o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘ldi, ammo asar syujeti o‘zgargan emas. Chingizxon haqidagi qismdan tashqari qo‘shimcha matnlarni men “erkin tafakkur hosilalari” deb atagan bo‘lur edim...

 

– Siz uchun qay bir Aytmatov ma’qul: qirg‘izcha yozadiganimi yo ruscha yozadigani?

 

– Mening o‘yimcha, ikkovi ham bir xil. Gap shundaki, rus tili kuchli adabiy qatlamlar ko‘rinishidagi poydevorga ega bo‘lgani uchun ham menga katta imkoniyatlar beradi. Balki shu boisdir ba’zi asarlarim qirg‘iz tiliga o‘girilganida nedir jihatlarini yo‘qotadi ham. Ammo bundan mening qirg‘iz tilidagi kitoblarim zaif degan fikr kelib chiqmaydi.

 

– Brodskiy Nobel mukofoti nutqida “Shoirning (ijodkorning) Vatani – uning tili”, degan edi. Yana ma’lumki, ona tili – inson fikrlaydigan lison hisoblanadi. Siz qaysi tilda fikrlaysiz?

 

– Vaziyatga qarab har ikkisida ham. Men bu to‘g‘rida ko‘p o‘yladim, chin so‘zim shuki, ularning birortasiga butunlay bog‘lanib qolmabman.

 

– “Qiyomat” romaningizni o‘qigan ko‘plab muxlislar bu asar bilan Mixail Bulgakovning mashhur romani o‘rtasida ma’lum umumiylik borligini ta’kidlaydi. Sizningcha ham shundaymi?

 

– Menimcha, bunday emas. “Qiyomat”ni yozayotganimda Bulgakov yetti uxlab tushimga kirmagan. Ijodiy jarayon meni o‘ziga shu qadar bog‘lab tashladiki, kitobxonlar qanday fikr bildirishi xayolimga ham kelmabdi. Qolaversa, Iso Masihning chormix qilinishi – hammaga ma’lum fakt va uni har bir yozuvchi o‘zicha talqin etishi mumkin. Hatto Gyote ham “Faust” mavzusini folklordan olgan. Buning ustiga o‘sha kezlar ayni shu mavzuning uch yuzdan ortiq talqini mavjud edi.

 

– Mashhurlik, shon-shuhrat Sizni chetlab o‘tgani yo‘q. Zamondoshlaringizdan qaysi birini bunday e’tiborga loyiq deb hisoblaysiz? Qay birlarini unutib qo‘ydik?

 

– Birinchi navbatda, Fozil Iskandarni. Nazarimda, hozir u avvalgidek faol o‘qilayotgani yo‘q. Taassuf! Aslida, u chinakam klassik. Yana O‘ljas Sulaymonovni aytishim mumkin. Gruzinlarda ham yaxshi yozuvchilar bor edi. Jahon adabiyotini oladigan bo‘lsak, Markes, Joys, Prust... Hemingueyni juda yoqtiraman. Uning “Chol va dengiz” qissasini XX asrning eng yaxshi asarlaridan biri degim keladi. Yaqinda Bonn shahrida mening “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” asarim asosida opera qo‘yildi va u “Bola va dengiz” deb ataldi. Tarjima uchun o‘ng‘ay bo‘lsin deb shunday yo‘l tutilibdi. Men esa operaning nomi Heminguey asari nomiga uyg‘un kelganidan xursand bo‘ldim.

 

– Men bilan radioda ishlaydigan tanishim bor edi. Ko‘zni qamashtiradigan darajada suluv. Bir gal kimning kimga o‘xshashi to‘g‘risida gap ketganda u hammamizni hayratga solib, “Men Akbaraman!” desa bo‘ladimi! Bu bilan u mustaqilligi, kuchli xarakterini ta’kidlamoqchi bo‘ldi chog‘i...

 

– Men boshqa bir voqeani aytay. Moskvada bir ayol oldimga kelib quyuq salomlashdi. Tanish bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Ayol menga yanada yovuq keldi-da, “Men Akbaraman”, dedi. “Nega endi Akbara bo‘lar ekansiz?” demoqchi edim, ulgurmadim, jimgina ketib qoldi.

 

– Agar sizga vakolat berilsa, Nobel mukofotiga kimni munosib ko‘rgan bo‘lardingiz?

 

– Diplomat bo‘lganim vajidan bu savolingizga javob qaytarmaganim ma’qul. Chunki kimdir nomini aytmaganim uchun mendan ranjishi mumkin. Ammo bu mukofotni olishga arziydigan yozuvchilar bor va ular ozchilik emas. Ammo, unutmangki, Nobel mukofoti – deyarli hamisha siyosiy akt bo‘lgan.

 

– Keyingi o‘n yilliklar davomida hayotingiz doimiy safarlarda o‘tmoqda. “Ko‘chmanchilik” joningizga tegmadimi?

 

– Yana ikki yildan keyin Qirg‘izistonda muqim yashab, o‘troqlashib qolsam kerak. Tinchroq turmush tarziga o‘tmoqchiman. Bolalar, nabiralar, qarindoshlar bilan birga bo‘lsam deyman...

 

– O‘troqlashganingizdan keyin ham yozib tursangiz kerak?

 

– Albatta! G‘oyalar ko‘p. Illo, o‘ylaganlaringizni ro‘yobga chiqarmoq uchun juda katta aqliy mehnat, vaqt talab etiladi. Adabiyot surgun mehnatidan qolishmaydi... Mashhur bo‘lish oson, ammo vaqt sinovidan o‘tish og‘ir.

 

– Paradokslar teatri asoschisi Semyuel Bekketning bir gapi bor: “Haqiqiy ijodkor eng yaxshi asarini yozishga ulgurmaydi”. Siz ham shunday fikrdamisiz?

 

– Bu fikrga yuz foiz qo‘shilaman. Axir, qog‘ozga tushgan asarlardan tashqari yozuvchi o‘y-xayolida o‘nlab, yuzlab, hatto minglab mikro va [3]makro g‘oyalar bo‘ladi. Aslida, har bir yozuvchining taqdiriga nelargadir ulgurmaslik bitilgan.

 

Ahmadjon MELIBOYEV

tayyorladi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Aytmatov aytadiki...” maqolasi



[1] “Российская газета”ning Bishkekdagi vakolatxonasida o‘tkazilgan suhbatdan. Suhbatdosh – Ella Taranova. 2005-yil.

[2] “Time Out Moskva” nashriga intervyudan. 2006-yil.

[3] Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasida Y. Jumagulov bilan bo‘lgan suhbatdan. 2003-yil.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 366
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21465
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//