Farzandlaringizga mushuklar malikasi, Mumkiniston mamlakati va galaktika haqida so‘zlab beruvchi o‘zbekcha kitoblar


Saqlash
02:14 / 01.06.2024 701 0

“Bolam oʻzbekcha kitob oʻqimaydi, chunki bolalar adabiyoti bizda kamayib ketgan”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinadi. Bu kabi fikrlarning koʻpayishiga bizda bolalar adabiyotining reklamasi nisbatan kam boʻlgani sababmi yoki chindan ham kichkintoylarga atalgan kitoblar chiqmay qoʻydimi? Shu savolga javob topish maqsadida oxirgi yillarda nashriyotlarimizda chop etilgan bolalar adabiyotiga doir asarlarni oʻrganib chiqdik. Qarangki, ularning soni biz kutgandan koʻproq ekan. Albatta, ularning ayrimlari tarjima asarlar, biroq holat anchayin quvonarli. Oyina.uz 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan farzandlaringizga sotib olib berishingiz mumkin boʻlgan oʻzbek tilidagi asarlar va ular haqidagi tavsiyalarni bir joyga yigʻdi.

 

Anni Shmidt, “Mushuklar malikasi Minush”

 

​Bir oʻtirishda oʻqib tugatadigan darajada kaminani oʻziga jalb etadigan kitoblar kam uchraydi. Kecha allamahalda biron nima oʻqishga tutindim-da, “Minush xonim”ni qoʻlimga oldim. Tarjima juda silliq, asar ohanrabodek oʻziga tortadigan va illyustratsiyalar koʻzni quvontiradigan darajada ishlanganidan saharga qolmay kitobni xatm qilibman deng. Muallif Anni Shmidt Niderlandiyaga va dunyoga mashhur bolalar yozuvchisi, Andersen mukofoti sohibi. Qolaversa, niderland olimlar uni Rembrandt, Van Gog va Anna Frank qatorida Hollandiston tarixidagi muhim shaxs sifatida “Canon van Nederland” darsligiga kiritishgan. “Mushuklar malikasi Minush” (1970) adibaning eng mashhur asarlaridan hisoblanadi. Mazkur asar koʻplab tillarga tarjima qilingan, kitob asosida yaratilgan film (rejissyor Vincent Bal, 2001) ham dunyoda oʻziga xos shuhrat qozondi. Syujet haqida ham qisqacha: Minush xonim mushukdan insonga aylanib qoladi va shaharcha roʻznomasida muxbir boʻlib ishlaydigan yigitcha Tibbe bilan yoʻllari kesishadi. Tibbe mushukparvar, hayvonlarni xushlaydigan boʻlsa, Minush odamlarni yoqtiradigan xonaki mushuk edi. Minush muxbir yigitchaga shahardagi mushuklarning ogʻzidan eshitgan yangiliklarini yetkazib, ishini saqlab qolishda joniga oro kiradi. Yigitcha va mushuklarning hamkorligi hosilasi oʻlaroq gazetga shunday shov-shuvli maqola yoziladiki, buyogʻini oʻqiganda bilib olasiz.

 

Qissadagi mushuklarning nomlari ham, xarakterlari ham ajoyib. Masalan, daydi Sassiqpishak, benzokalonkada yashovchi Benzin-pishak, nonvoyxonadagi Boʻlka-pishak, maktabdagi Muarrix-pishak va hokazo. Muallif asosiy yukni mana shu pishaklarga yuklagan. Deylik, Sassiqpishak daydi mushuklarning odamzodga nisbatan nafratini ifodalashi kerak boʻlsa, esi kirdi-chiqdi boʻlgan Muarrix-pishak esa asarga yumoristik kayfiyat bagʻishlaydi. Yumor esa bolalar adabiyoti uchun eng muhim unsurlardan biri, albatta. Qissadagi antigonist obraz ​​— atir-upa fabrikasi rahbari, jonivorlarni muhofaza qilish jamiyati rahbari, ikkiyuzlamachi va beshafqat janob Ellemeytni ham aynan mushuklar yengadi. Mushuklarni ichki kechinmalarini oʻqish orqali sizda ularga nisbatan mehr uygʻonadi, qachondir birorta mushukka ozor berib qoʻymaganmikanman degan xayolga borasiz. Ayniqsa, kitobni mutolaa qiladigan bolalarda jonzotlarga nisbatan shafqatli boʻlish hissi paydo boʻlishi juda muhim.

 

Bu kitobni kichkinalarga ham, kattalarga ham tavsiya qilgan boʻlardim. Qolaversa, kelajakda tarjimon boʻlishni istaganlarga ham. Boisi asarni men sevgan, oʻzimga ustoz sanaydigan tarjimon Sharifjon Ahmad niderland tilidan yuksak mahorat bilan oʻgirgan. Undan tashqari illyustratsiyalar ham alohida sanʼat! Xullas, kitob har qancha tavsiyaga arziydi. Koʻpincha, taomilga koʻra, taqrizlar soʻngida oʻqilgan asarga oʻn ballik yoki besh yulduzlik tartibda baho beriladi. Lekin men buni sizga qoldirmoqchiman. Yaxshisi, kitob haqidagi fikrlarim sizni qiziqtirgan boʻlsa, mutolaadan soʻng oʻzingiz baho bering.

 

Shohrux USMONOV

 

Saʼdulla Quronov, “Galaktikada bir kun” — I-II

 

“Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasi garchi badiiy toʻqima mahsuli boʻlsa-da, mutolaa qilgan bolalar va oʻsmirlarga ilm-fan haqida, ayniqsa astrofizika haqida qiziq maʼlumotlar bera oladigan puxta asar sifatida maʼqul keldi. Asarda qahramonlarning boshdan kechirgan sarguzashtlari asosida muallif mutolaachini koinotning mislsiz ulkan sarhadlari boʻylab fikriy sayohat qildira olgan. Voqealar esa fizika qonunlari asosida, aniq faktlar bilan yoritilgan. Menimcha, asar asosida juda qiziqarli multfilm va kinofilm ssenariysi ham ishlab chiqish mumkin.

 

Muzaffar QOSIMOV

sanoatni avtomatlashtirish (kibernetika) muhandisi,

orbita.uz sayti asoschisi

 

Qobiljon Shermatov, Tolqonbotir (yoxud paqir kiygan ritsar) kitobi.

Kunlarning birida Oftobiston degan mamlakatni Shavlashoh ismli zolim podshoh egallab, xalqini itday talaydi. Yurtda ocharchilik boshlanadi. Mana shunday qiyin vaziyatda toʻsatdan Tolqonbotir ismli paqir kiygan ritsar paydo boʻlib, kelgindilar poytaxti Huzuroviya sari yoʻlga ravona boʻladi. Shunday qilib, u oʻz yalovbardorlari hamrohligida ajoyib-u gʻaroyib, kulgili sarguzashtlarni boshdan kechiradi.

 

Qobiljon Shermatov, “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” kitobi.

Kichkintoy kitobxonlar auditoriyasiga moʻljallangan asar (lekin men oʻqidim, koʻnglim bola-da), uslubi ham shunga yarasha sodda, ravon. Muallifning hali yoshligi va ilk kitobi (bilishimcha) ekani seziladi. Lekin gʻoya qiziq, fikrlar magʻzi toʻq! Bolalarni ezgulikka undab tarbiyalash doim dolzarb, lekin metodlar siyqasi chiqib ketgan; “Buvamning oshqozonidagi mamlakat” esa yangi qadamlardan biri.

Bolalar adabiyotida yangilik tanqis boʻlgan bu davrda munosib taqdim. Farzand tarbiyasida pand-nasihatni quruq soʻz bilan emas (bu holatda aks reaksiya kuzatiladi koʻpincha), badiiy adabiyot tarzida, qiziqarli sarguzashtlar fonida yetkazish samaraliroq! Shu oʻrinda dizayner va rassomga alohida tahsin aytish kerak, kitobni chiroyli ishlashibdi, oʻqishga qulay, bu esa bolalar uchun muhim jihat.

 

Iroda UMAROVA

 

Astrid Lindgren, “Uzunpaypoq Peppi” kitobi

 

Kitob mutoalaasini boshlar ekansiz, qanday qilib tugatib qoʻyganingizni bilmay qolasiz. Chunki bu qissa Peppining sarguzashtlari, uning kulgili gaplari, tushirgan “qovun”lari, qilgan shoʻxliklari-yu qahramonliklari bilan sizni zeriktirib qoʻymaydi. Oʻgʻrilarni tavbasiga tayantirgan, ustidan kulgan yigitchalarning dodini bergan, sirkda ot oʻynatib tomosha koʻrsatgan 9 yoshli Peppi haqidagi asar oʻqilishini kechiktirmang. Bu kitob “Zabarjad Media”ning ilk ijtimoiy loyihalaridan biri boʻlib, kitobdan tushadigan mablagʻning bir qismi oq qon (leykoz)ga chalingan bolajonlarimiz salomatligiga sarflanadi.

 

Erik-Emmanyuel Shmitt — Oskar va Pushti xonim

 

Asar saraton kasaliga chalingan bolakayning Xudoga yozgan maktublaridan iborat. Bolalar shifoxonasi hamshirasi Oskarga Xudoga xat yozishni tavsiya qiladi va biz bu xatlarda Oskarning bolalarcha tasavvuri bilan hayot, oʻlim, hayot maʼnosi haqidagi fikrlari bilan tanishamiz. Uning fikrlarini oʻqib, siz ham beixtiyor bu mavzularda fikr yuritasiz, biz har doim oʻylashdan qochadigan, ammo koʻp toʻqnash keladigan mavzularni qaysidir maʼnoda qabul qilamiz. Asar kichik hajmiga qaramay, bir olam hislar beradi. Yaqin orada bironta asar ustida buncha koʻp koʻz yosh toʻkmagandim. Oskar qisqa umri davomida atrofidagilarni koʻp narsaga oʻrgatadi. Shu bilan birga oʻquvchini ham dunyoga biroz boshqacha qarashga undaydi.

 

Qolgan 12 kunlik umrini har bir kunini 10 yil deb qarashga qaror qilgan Oskar shu kunlarini eng mazmunli shaklda yashaydi. Mana shu qisqa vaqt davomida uning ulgʻayishi, atrofdagilar bilan munosabat oʻrnatishi, xatolari, ularni toʻgʻrilashi, hayotga teran nigohlar bilan boqishi, qisqa qilib aytganda bir inson umriga tatigulik kunlariga guvoh boʻlamiz. Oskarning Xudoga yozgan xatlari asosan pushti kiyimli hamshira — Roza buvi bilan suhbatlaridan tashkil topgan. Ularning suhbatlarini oʻqirkan, kattalar va bolalarning bu hayotga boʻlgan munosabatidagi ulkan tafovutlarni koʻrish mumkin. Biz kattalar hammasini juda jiddiylashtirib yuborganmiz. Biroz toʻxtab, nafas rostlasak, ortidan yugurayotganlarimizning koʻpi arzimas ekanligini tushunamiz. Oskar biz kattalarning dunyomizga koʻzgu tutadi, nafas rostlab olishga imkon yaratadi. Toʻplamda yozuvchining yana 2 ta asari oʻrin olgan, ularni ham oʻqishni davom ettiraman. Sizga esa “Oskar va Pushti xonim” ni tavsiya qilib qolaman.

Dildora RUSTAMOVA

 

Charos Rahimqulova, “Men ikkiga kirguncha” asari.

 

Kitobning yaxshi-yomoni boʻlmaydi ekan-ku, ammo judayam yaxshisi boʻlar ekan. Gap “Men ikkiga kirguncha” kitobi haqida ketyapti. Rostdan kitob juda foydali, ayniqsa men kabi shoʻring qurgʻur, oʻzicha qattiqqoʻl va bolasini harbiychasiga tarbiyalaydigan onalar uchun. Toʻgʻrisini aytsam, kitobni oʻqib juda uyaldim. Jajjigina Bahora tilidan hikoya qilingan ushbu kitob bolalar tilidan hikoya qilingan.

Shohista O‘RINOVA

 

Tozagul Jumanova, “Mumkiniston mamlakatiga sayohat” kitobi.

 

Jajji qahramonimiz Abrorjon shunaqangi toʻpolonchi, uning ustiga, kompyuter oʻyinlariga mukkasidan ketganki, asti qoʻyaverasiz. Unga qolsa, darsga ham bormay, uy yumushlarida onasiga yordam bermay kun boʻyi oʻyindan koʻz uzmasa, ota-onasi va oʻqituvchilari uni tergamasa. Buni qarangki, kunlarning birida shunday ham boʻldi: tushidami yoki oʻngida gʻaroyib bir mamlakatga borib qoldi…

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23625
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//