Suyuq oltin. Oʻzbekistonni ham kutib turgan suv tanqisligini qanday bartaraf qilish mumkin?


Saqlash
21:33 / 30.05.2024 1837 0

Shubhasiz, XXI asrda suv dunyodagi eng muhim mahsulotga aylandi. Insoniyat tamadduniga asos boʻlgan, millionlab kishilar tirikchiligi uzviy bogʻlangan suv, afsuski kundan-kunga kamayib bormoqda. Baʼzi davlatlar va insonlar kelajakdagi suv inqirozini anglagan holda, uning oldini olishga intilayotgan, turli yoʻllar qidirayotgan boʻlsa, aksariyat mamlakatlar yaqinlashayotgan jiddiy muammoga beeʼtibor boʻlmoqda.

 

Oʻzbekistondagi suv inqirozi: bashoratlar, muammolar va omillar

 

Jahon resurslari instituti(World Resources Institute)ning 2015-yilgi hisobotida Oʻzbekiston 2040-yilda suv tanqisligi kuzatilishi mumkin boʻlgan mamlakatlar roʻyxatida 29-oʻrinni egallagandi. 167 mamlakat qayd etilgan ushbu hisobotda Oʻzbekiston suv tanqisligi xavfi “nihoyatda yuqori” boʻlgan davlatlar toifasiga kiritilgan.

 

Yana bir xalqaro tashkilot, Jahon banki oʻrganishlariga koʻra, 2050-yilga borib Oʻzbekistonda suvga boʻlgan talab 59 kub kmʼdan 62-63 kub kmʼgacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub kmʼdan 52-53 kub kmʼgacha kamayadi, bu esa suv tanqisligini yanada kuchaytiradi. 

 

2022-yilda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bosh mutaxassisi Anvar Muhammadaliyev, mamlakatdagi suv tanqisligi, oʻz navbatida, toza ichimlik suvi tanqisligiga olib kelayotgani, soʻnggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3048 kub metrdan 1589 kub metrgacha kamayganini yozdi. 

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2023-yilda oʻtkazilgan tadqiqotlarda Oʻzbekistonda 2030-yilga borib 7 milliard kub metr suv taqchilligi kuzatilishi aniqlangan. Oʻzbekiston bu paytda dunyodagi suv tanqis boʻlgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish mumkinligi qoʻshimcha qilingan.

 

Turli xalqaro va mahalliy tashkilotlar, mutaxassislar nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoni suv taqchilligi kutayotganini taʼkidlamoqda. Ular mintaqadagi suv resurslari nomutanosib taqsimlangani (asosiy suv manbalari Qirgʻiziston va Tojikiston hududida), global isish, aholining tez koʻpayishi, sugʻorish tizimida zamonaviy, tejamkor texnologiyalar sust joriy qilinayotgani, suvdan oqilona foydalanish targʻiboti yetarlicha olib borilmayotgani kabi omillar muammoni yanada oʻtkirlashtirishidan xavotir bildiryapti.

 

 

Markaziy Osiyoning yirik shaharlarida allaqachon suv inqirozi koʻlankasi koʻrina boshlagan. 

 

“Shahar aholisining toʻxtovsiz koʻpayishi va poytaxtning jadal rivojlanishi tufayli korxona ichimlik suvi yetkazib berishda muammolarga duch keldi. Natijada 2023-yil 28-martdan boshlab korxona suv bosimini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni joriy etishga va uni uzatish boʻyicha grafik belgilashga majbur boʻldi”, deyiladi Qozogʻiston poytaxtini ichimlik suvi bilan taʼminlovchi “Ostona suv arnasi” korxonasining 23-maydagi bayonotida.

 

Ostonadan tashqari, Qirgʻiziston poytaxti Bishkekda ham suv taʼminotidagi uzilishlar sabab mitinglar boʻlib oʻtdi. Shahar hokimligi fuqarolarni suvni tejash, uy sharoitida suvdan kamroq foydalanish, tomorqa va yashil maydonlarni sugʻorishda ichimlik suvidan foydalanmaslikka, biznesi koʻp miqdorda suv isteʼmol qiluvchi tadbirkorlarni bir muddat suvni kamroq sarf qilishga chaqirdi.

 

 

Butun dunyo toʻqnashishi taxmin qilinayotgan suv taqchilligi muammosi, iqtisodi haligacha agrar xoʻjalikka asoslangan Markaziy Osiyo davlatlarida, ayniqsa, ancha ogʻirroq kechadi. Chunki mintaqadagi suv resurslarining qariyb 90 foizi yerlarni sugʻorish uchun ishlatiladi. Suvning kamayib borishi oʻz-oʻzidan uni eng koʻp talab qiluvchi qishloq xoʻjaligiga jiddiy zarba beradi. Buning ortidan oziq-ovqat mahsulotlari va, albatta, ichimlik suvi narxi koʻtariladi. Markaziy Osiyo uchun muhim boʻlgan meva, sabzavot va boshqa ekinlar eksporti qisqaradi. 

 

Yechimlar

 

Global isish va insoniyat sonining jadal ortishi obi hayot masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Har kuni mingdan ortiq 5 yoshgacha boʻlgan bolalar ifloslangan suv, yomon sanitar sharoit tufayli kelib chiqadigan kasalliklardan vafot etadi. Sayyora boʻylab 703 million, yaʼni har 10 kishidan biri toza suv manbasiga ega emas.

 

Koʻplab rivojlangan davlatlarda suvdan unumli foydalanish maqsadida tejamkor tizim va texnologiyalar joriy qilinmoqda. Suv resurslari ustidan qattiq davlat nazorati oʻrnatish, suvni qayta ishlash, oqova suvlarni tozalash kabi choralar ham aynan shu maqsad yoʻlida amalga oshirilyapti.

 

 

Qolaversa, suvni koʻp talab qiluvchi qishloq xoʻjaligida suv isteʼmolini kamaytirish uchun tomchilatib sugʻorish tizimidan keng foydalanilmoqda va bu sohaga katta investitsiyalar kiritilyapti. 

 

Jahonning yarmidan koʻproq aholisi yashovchi shaharlardagi nosoz suv quvurlari isrofini qisqartirishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Birgina AQSHʼda nosoz maishiy kanalizatsiya tufayli har yili 3,7 trillion tonna suv isrof boʻladi.

 

Markaziy Osiyo davlatlari suv inqirozining oldini olish uchun qanday choralar koʻrishi kerak?

 

1. Oʻzaro hamkorlik.

 

Markaziy Osiyoda suv taqchilligini bartaraf qilishning asosiy yoʻllaridan biri mintaqa davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikdir. Oʻlkadagi Amudaryo va Sirdaryo kabi suv resurslari transchegaraviy hisoblanadi va birgalikda boshqarishni talab qiladi. Davlatlar suv resurslaridan adolatli va samarali foydalanishni koʻzda tutuvchi, har bir tarafni qoniqtiruvchi qoʻshma harakatlar rejalarini ishlab chiqishi va ularni amaliyotga joriy qila olishi lozim.

 

 

Ayni paytda suv masalalari bilan shugʻullanuvchi mintaqaviy tuzilmalar cheklangan imkoniyatlarga ega. Tomonlar oʻrtasida oʻzaro ishonch yoʻq.

 

Jahon banki tomonidan tashkil qilingan “Markaziy Osiyo suv-energetika dasturi” doirasida mintaqada suv-energetika xavfsizligini oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida har yili turli darajadagi forumlar va uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Biroq ayni damda suv sohasida hamkorlikni yaxshilash boʻyicha aniq qadamlar juda kam.

 

Oʻlkadagi deyarli barcha davlat chegaradagi suv inshootlari boʻyicha qoʻshnilari bilan kelishmovchiliklarga ega. Masalan, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasida joylashgan Kampirobod suv ombori uzoq yillar ikki mamlakat ziddiyatiga sabab boʻlib keldi va faqat yaqindagina bu bahs oʻz yechimini deyarli topdi. Qayroqqum, Chordara suv omborlaridan foydalanish masalasi ham shunday tarixga ega.