Kuzgi rayhon
Uch-to‘rt kundan buyon Abdulla Oripovning o‘zbek qiz-ayollariga bag‘ishlangan “Kuzgi rayhondayin ma’yus o‘sding sen...” misrasi bot-bot xotiramda uyg‘onyapti. Boyagina daladan qaytib hovlining chetida qo‘limni yuvayotib, shundoq oyog‘im ostida shabadada zaifgina silkinib turgan kuzgi rayhonga ko‘zim tushdi. Abdulla akaning boyagi misrasini yana esladim. “Kuzgi rayhondayin” tashbehi nozikligi, noyobligi va shoirning maqsadiga muvofiqligi bilan diqqatni tortadi.
Qo‘l yuvayotib ko‘zim tushgan tanasi zaif, barglari yupqa va nozikkina rayhonni iyul oyi oxirida ekkan edim. Kuzgi rayhon deganimiz asli shu. Avgust oyida havolar salqinlagani, quyosh nuri kamaygani bois u voyaga yetmay, xastahol o‘sdi. Abdulla Oripov bundan oltmish yil ilgari g‘oyat katta jasorat ila o‘zbek qiz-ayollarini yorug‘likka, quyosh nuriga to‘ymagan zaif, shoxlari (qo‘llari) ingichka, jimitdek barglari (yuzlari) sarg‘imtil... kuzgi rayhonga qiyos qilgan. Ahvoli nochorligi, turmushi nursiz bo‘lganini shu o‘xshatish orqali ifodalagan.
Nozik xilqat sohibalarining gulga, rayhonga mengzalishi she’riyatda yangilik emas. Ammo “kuzgi rayhondayin” jumlasi – shoirning kashfiyoti.
Karl Yung va uzum
“Birgina odamning psixologiyasi butun xalqning psixologiyasiga muvofiq bo‘ladi. Xalq nima qilsa, o‘sha odam ham shu ishni qiladi va ayni vaqtda bu ishni xalq ham qiladi. O‘sha odamning o‘zgarishidan butun millatning o‘zgarishi ibtido oladi”.
Shveysariyalik olim Karl Yungning mana shu fikri haqida mulohaza qilib ko‘rish kerak. Bitta insonning o‘zgarishi ortidan butun millat o‘zgaradi! Yana aytyaptiki, bir insonning psixologik tanlovi barchaning psixologiyasiga mos bo‘ladi. Soddaroq aytsak, katta arava qaysi yo‘ldan yursa, kichik arava ham o‘sha yo‘ldan yuradi. Ya’ni uzum uzumdan rang oladi.
Shunchaki “O‘zgardim!” deb hayqirish bilan murod hosil bo‘lmaydi.
Jamiyatimizda illatlar yo‘qolmayaptimi, demak, oramizda bironta odam o‘zgarmagan, o‘zgarish va qadriyatlarni targ‘ib qilayotganlar esa aldayapti.
Hammamiz bitta aravadamiz, hech yo‘q bittamiz o‘zgaraylik – millat o‘zgargusi!
Fozil mamlakat qura oldikmi?
Mustaqillikning dastlabki yillari talabalar, aspirantlar, yosh domlalar orasida Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asari mashhur bo‘lgan. Shu asar mazmuni ko‘p gapirilar, bahslar bo‘lar edi. “Ma’rifatli, fozil odamlar yashaydigan mamlakat quramiz”, derdi bo‘lajak olimlar, bo‘lajak mansabdorlar, bo‘lajak siyosatchilar.
Afsuski, men Forobiyning bu asarini o‘qimagan edim, shu bois qanaqa davlat qurishimiz haqida tasavvurim yo‘q edi.
Mana, oradan o‘ttiz yil o‘tdi. Fozil odamlar shahrini qura oldikmi?
Rosti, risolani o‘qimaganim uchun fozil odamlar shahri qanaqa bo‘lishini bilmayman. Balki o‘shanday jamiyat yaratgandirmiz. Men emas, Forobiyning asarini o‘qiganlar gapirsa tuzuk.
Fozil – o‘z qadr-qimmatini biladigan, o‘qimishli, savodli inson.
Turmush jangchilari
Fermer xo‘jaligida yollanib ishlaydigan ayollarni “oshinlar” deb atayman.
Ayrim oshinlarning turmush o‘rtoqlari o‘n-o‘n besh yildan buyon Rossiyada ishlaydi va vataniga to‘rt-besh yilda (qizi yoki o‘g‘lining to‘yiga) kelib ketadi. O‘g‘ilni o‘qitish, qizni turmushga uzatish va uy qurish degan tashvish ularni sovuq o‘lkaga zanjirband qilgan go‘yo.
Ikkinchi jahon urushiga borgan o‘zbeklar uch-to‘rt yilda yurtiga qaytgan edi. Hozirgi turmush tashvishlari jangchilarining esa o‘n-o‘n besh yilda ham jigarlari bag‘riga qaytish niyati yo‘q. Temir darvoza qurishi, tomga shifer qoqtirishi, qiziga mebel olishi, o‘g‘lining kontraktini to‘lashi, kattasiga imorat solishi kerak...
Kerak!
Kerak!
Kerak!
Bari kerak, insonning umridan, baxtidan, rohatidan boshqa hamma narsa...
Nega kitob sotib olmay qo‘ydim?
Ilgari har oy boshida nafaqa pulimdan ikki-uchta kitob sotib olardim. Nabira qizimga ham ul-bul atardim. Asosan o‘zbekchaga o‘girilgan chet el adiblari asarlarini xarid qilardim. Hozir esa kitob sotib olishga qo‘rqib qoldim.
Nega bunday bo‘ldi? Nima uchun kitob sotib olishga qiziqishim yo‘qoldi?
Sotib olganim xorij asarlarining tarjimasi nochor, sernuqson, g‘aliz ekanini sezib qoldim. Bu asarlarning bir qanchasini eski davrda professional tarjimonlar o‘zbekchaga qoyilmaqom qilib o‘girgan edi. O‘sha asarlar tilimizga yangitdan tarjima qilingan. Mutarjimlar yangi, matn esa xom-xatala.
Keyin bilsam, til bilsa-da, ammo badiiy so‘zni his etmaydigan, adabiyotdan yiroq kimsalar Google tilmoch dasturi yordamida roman, qissa, hikoyalarni “do‘ndirib” o‘zbekchaga o‘girar ekan. Ana shunday havaskorlar dastidan kitob sotib olgim kelmay qoldi. Mening didim, savodim, estetik tuyg‘um va adabiy tajribam ko‘chada qolganmidiki, “xalturshik”larning qoralamalarini sotib olsam! Nodir asarlarni yantoqqa sudrab tarjima qilgan qo‘llaring sinsin deb qarg‘aymi?! Ana shunday ko‘zbo‘yamachi toifa kasriga kitobsevarlar safi siyraklashyapti...
Badhazm she’rlar
Men 1961-yilda tug‘ilib, 1968-yil birinchi sinfga borganman. Garchi maktabda yomon o‘qigan bo‘lsam ham, boshlang‘ich sinfda yod olgan she’rlarni hozir ham eslayman. Bizga o‘qitilgan she’rlar shu qadar go‘zal, sodda va badiiy mukammal ediki, ularni hatto “ikki”chilar ham osongina yod olardi. Xo‘sh, hozir-chi?
Bugungi o‘quvchilar she’r yodlamaydi. Chunki boshlang‘ich sinf darsliklariga o‘ta saviyasiz, badiiy jihatdan zaif she’rlar kiritilyapti. Bu kabi she’rlarni amal-taqal yod olishingiz mumkin, lekin zumda esingizdan chiqadi. Poetik jihatdan zaif she’r xotiradan tezda o‘chadi.
2000-yillar avvalida boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan o‘g‘il-qizimning darsliklariga kiritilgan she’rlarni o‘qib, saviyasiz ekanidan toza asabiylashgan edim. Endi esa nabiramning darsliklaridagi she’rlarni o‘qib jig‘ibiyron bo‘lyapman. Nima, “O‘qish kitobi”ni yozish chalasavod, o‘tkinchilar qo‘liga o‘tib ketganmi?..
Paradoks
Ayrim shoir va yozuvchilarning fikrini o‘zgartirish, tafakkurini o‘zingiz istagan o‘zanga yo‘naltirish uchun ularga bitta “tefal” (elektr choydish) sovg‘a qilsangiz kifoya. Agar ularga “Oqtosh” sihatgohiga bepul yo‘llanma bersangiz, tamom, o‘lguncha xizmatingizni qiladi.
Mashrab va Hoziqqa o‘xshagan shoirlarni esa to‘pning og‘ziga bog‘lab otsangiz ham e’tiqodini aslo o‘zgartirmaydi.
Qiziq joyi shuki, bitta choydishga sotilgan shoiri davron Mashrab ijodini sevib mutolaa qiladi. Ana, sizga paradoks!
Har kimning o‘z demokratiyasi bor
Ilon aytadi: “Demokratiya. Chaqish huquqimni cheklamanglar”.
Quturgan it deydi: “Demokratiya. Qopish huquqimni hurmat qilinglar”.
Sassiqqo‘ng‘iz hammayoqqa bad bo‘y taratish huquqini eslatadi.
Uyini baland devor bilan o‘rayotganlarga o‘g‘rining e’tirozi bor: “Baland devordan oshib o‘tish turgan-bitgani mashaqqat!”
Yana bir g‘anim toifa buyuklarimiz yuziga loy chaplaydi-da, “Demokratiya. Fikr erkinligiga to‘sqinlik qilmanglar!” deya shovqin soladi.
Bu – demokratiya emas.
Millat ma’naviyatiga qarshi agressiya bu!
Sigir ham demokratik qadriyatlardan bebahra qolmay deb hamma yuradigan yo‘lga tezak tashlaydi. Mushukning demokratiyasi jo‘jalarga qiron keltirishdir. Mayli, har kasning joyini e’tirof etamiz, lekin u demokratiya deb dasturxonga qo‘l cho‘zsa – ahvoli chatoq!
Dunyoi noqis
Yegani noni yo‘q, tayinli ishi ham. Yangi engil-bosh kiymaganiga yuz yil bo‘lgandir. Qozoni ko‘p zamondan beri go‘sht ko‘rmagan. O‘zi yarimjon, buyragi og‘riydi. Xotini baliqning skeletidan ham ozg‘in. Bolalari rangpar, bo‘yni ingichka, yuzini dog‘ bosgan. “Qizimni jigarini aparasta qildirish uchun 30 ming do‘llir topishim kerak”, deydi. Bunaqa qo‘li yupqa kishilar ko‘p uchraydi. Boyoqishlar shuncha mablag‘ni qay
erdan toparkan?
Umuman, nima uchun jigar, buyrak, yurak xastaliklari ko‘paydi ekan? Profilaktik tadbirlar sustmi? Sun’iy, sintetik oziq-ovqatlarni ko‘p iste’mol qilyapmizmi? Yo tibbiy madaniyatimiz pasayib ketganmikan?
Shu ahvolda dori vositalari reklamasi avj olganini ayting. Yarim hayvon, yarim odam degandek, do‘xtirlar orasida yarim shifokor, yarim farmfirma agentiga aylanganlar ancha-muncha. Nima qilsin, qurg‘ur do‘xtirlar ham maoshdan tashqari katta-katta pul topib, otasidan qolgan eski uyni buzib yangi qursam deydi. Qimmat mashina mingisi kelar. Ajnabiy kiyimlarga havasi ketgandir. Ko‘ngli o‘ynash-jazman tusab qolgandir. Kim bilsin, hech kim ichidagini gapirmaydi. Pul hammaga kerak. Dunyo havasi ichingizni kuydirib turganidan so‘ng orqa-oldingizga qaramay pul topishga harakat qilasiz.
Lekin bu yoqda jigarsirroz, yuraksirrozlar ko‘payyapti.
Cho‘ntakdagi pulga yegulik o‘rniga dori-darmon olishga majbur bo‘lmoq alam qiladi odamga. Ammo taskin bor. Qadimgilar aytib ketgan: bu dunyo ayriliqlar, yo‘qotishlar, og‘riq va g‘ussalar o‘lkasidir. Mana, muammoga yechim ham topildi. Ko‘namiz, ko‘nikamiz. Dunyo shunaqa noqis yaralgan. Boyazid Bistomiy aytganidek, sabr qiyomatga qadardir.
Horun ar-Rashidning sartaroshi
Xalifa Horun ar-Rashidning sochini olayotgan sartarosh “Qizingizni menga erga bering” devoradi. Yonidagi a’yonlar qilichini qinidan chiqarib socholarni chopmoqchi bo‘ladi: “Hali sen amirulmo‘mininga kuyovlik da’vo qilyapsanmi, zoti past?!” “To‘xtanglar, – deydi dono xalifa. – Sartaroshxona ostini kovlab ko‘ringlar”. Aytilgan joy kovlab ko‘rilganda xazina topiladi. Boyoqish sartaroshga xazinaning aurasi ta’sir etib, xalifaga kuyov bo‘lmoqdan gap ochgan ekan.
Qissadan hissa shuki, ayrim odamlarga bebiliska pul kela boshlaydi. Puli ko‘paygan sayin hammaga aql o‘rgatadigan, hammani jerkiydigan odat chiqaradi. Ko‘zida, so‘zida kibr paydo bo‘ladi, oshkor haqiqatni inkor etishga urinadi. Nomaqbul harakatlar ko‘lami esa sarvat miqdoriga uyg‘undir. Payti kelib aqchaning cho‘g‘i kamaysa... yana o‘zimizga o‘xshagan oddiy odamga aylanadi. Pul degani odamni yomonam sayratadi-ey!
Muhit, muhit, muhit...
Rostini aytsam, men maktabda ancha sho‘x, andak betamiz o‘quvchi bo‘lganman. Kichik sinfdan maktabni bitirguncha darsda bema’ni qiliqlar qilib hammaga xalal berganman. O‘qituvchilar “Sen kuydirgi qachon maktabni bitirar ekansan, qachon sendan qutularkanmiz?” derdi. Nega sho‘x bo‘lganimning, xususan, darsda jim o‘tirib ilm o‘rganmaganimning sababi alohida masala... Ammo badiiy adabiyotga bolaligimdan qiziqqanman.
Kitobni uyda o‘qirdim. O‘qituvchilarim 5-sinfdanoq dostonlardan parchalar yod bilishim, ko‘p she’riy kitob o‘qishimni darslarga, ilmga aloqasi yo‘q deb hisoblar, tez yodlash qobiliyatimni rag‘batlantirmas edi. Aksincha, yosh bolaning “Ko‘rdim yuzingni, devona bo‘ldim, / Aql-u hushimdan begona bo‘ldim” deya yoddan she’r aytishi telbalik deb hisoblanardi. Muhit qiziqishlarimga ters ekani menda kuchli agressiya paydo qilgan edi...
Bilmayman, u qanday muhit ekanki, mendek xayolparast, she’rsevar yigitchani “qopag‘on it”ga aylantirib qo‘ygan. Ko‘chada, maktabda qanchalik alamzada bo‘lsam ham, uyda yolg‘iz qolganimda ovoz chiqarib she’r o‘qirdim, nazmiy ohangdan mast bo‘lib, ko‘zlarim tinib ketardi.
Boshlang‘ich sinfdayoq meni maktabdan haydab yuborishlari kerak edi. Agar shunday qilishganida hozirgidan mashhurroq adabiyotchi bo‘lib yetishardim. Keyinroq universitetga o‘qishga kirib, yana bitta xato qildim. Nazarimda, kutubxona va adabiy muhitning o‘zi kifoya edi...
Qachon xalq bo‘lasan?!
Olomon cho‘ntagingizdagi pulingizga qarab sizni hurmat qiladi, uni qanday ishlab topganingiz bilan qiziqmaydi.
“Qachon xalq bo‘lasan, ey sen, olomon?!”
Olomon: “Qadimgi Rimdan bugunga qadar maqom-martabam o‘zgargani yo‘q. Ertaga ham olomonligimcha qolaman. Qiyomatgacha bitta tukim o‘zgarmaydi. Meni xalqqa aylantiraman degan ne-ne donishlar yer ostida tuproqqa aylanib ketdi. Hali necha qodiriylar, necha cho‘lponlaringni go‘rga tiqaman, necha furqatlaringni yurtdan badarg‘a qilaman, necha jadidlaringni O‘rda bozorida sazoyi qilaman. Ahay!”
Zulmatdagi ong
Maktabda tashkil qilingan kitob yarmarkasiga faqat quyi sinf o‘quvchilari qiziqdi, o‘ziga yoqqan kitoblarni shular sotib oldi. Negadir yuqori sinflar rastaga yaqinlashmadi, kitobga qayrilib ham qaramadi. Katta sinflarning kelajagi aniq: bittasi mujmal test yodlagani repetitorga qatnayapti, yana biri darsdan keyin tog‘asidan mashina tuzatishni o‘rganyapti, boshqasi maktabni bitiriboq Rossiyaga ketmoqchi. Bilimga, mutolaaga qiziqadigani yo‘q.
Ammo kichik sinf o‘quvchilarining intilishi, rosti, meni hayratga soldi. Kitobga to‘da-to‘da intilayotgan bolachalar orasidan o‘tolmadim, rastaga yaqinlasholmadim ham.
Qani edi, bolachalardagi kitobga muhabbatni voyaga yetkaza olsak, yarim yo‘lda o‘ldirib qo‘ymasak!
Kitob yarmarkasi haqida ota-onalarga ham aytilgan edi. Chamamda, bittasi ham kelmadi. Achchiq haqiqat shuki, dunyoda qora va og‘ir mehnatdan boshqa tirikchilik usuli yo‘q deb o‘ylaymiz va bolamizni ham shu mehnatga tayyorlaymiz. Ziyofatlarni, to‘ylarni yaxshi ko‘ramiz. Hatto kambag‘al deya “temir daftar”ga kiritilgan ayol ham bir oyda bir marta “gap”da ishtirok etadi. “Qarindoshlar bilan “gap” yeyman, sinfdoshlar bilan “gap” yeyman, hamkasblar bilan “gap” yeyman” deb maqtanamiz. Bu ahvolda o‘g‘il-qizlarimizning qora mehnatdan boshi chiqmaydi-ku! “Gap”ga ketadigan pullarni bolamizni ilmli qilmoqqa xarjlasak bo‘lmaydimi?
Ong o‘zgarishi lozim. Hozir ongimizda nur yo‘q. U zulmatga botgandek. Yana ne deyin? Sizlar ham bir nima denglar...
Quyonchaning aybi nima?
Urushda tomonlar bir-biriga mingta o‘q otsa, shulardan bittasi odamga tegadi, qolganlari daraxtlarning tanasini yaralaydi. Hujumga o‘tgan tank bug‘doyzorniyam, olmazorniyam, o‘rmonniyam ezib-yanchib ketaveradi. Jangovar raketa bir necha askarni o‘ldirgani holda, yuzlab yovvoyi gullar, nihollarning ildizini qo‘poradi. Artilleriyaning esa tabiatga keltiradigan zararini to‘liq tasavvur qilish qiyin. O‘rmonlarga bomba yog‘dirilyapti: bechora quyonlar, zaifhol olmaxonlar... Urush manzaralari aks etgan videolarga e’tibor berganmisiz? Shoxlari sinib, kuyib qoraygan daraxtlar, osmonda bezovta qanot qoqayotgan qushlarni ko‘rganmisiz?
Shunday, odamzodning fe’li yomon, u – borliqning dushmani...
Ustalar
Bu alomat hunar egalarining siz-u bizdan afzalligi shuki, ularning ko‘nglida melanxoliya bo‘lmaydi. Baxt – o‘z hayotidan rozilikdir. Shu ma’noda ular bizdan baxtliroq.
Rohat deganda doimiy jismoniy harakat, ovqatning yaxshi hazm bo‘lishi va tomirlardagi qonning bir tekis, ravon aylanishi tushuniladi. Ustalar shu rohatdan nasibador.
Sizdagi moddiy hashamlarning birontasi ustalarda yo‘q. Ustalar ko‘nglidagi xotirjamlik esa sizga begona.
Ustalar deganda, bugun devor uradigan, ertaga ariq kovlaydigan, indiniga terak butaydigan chorhunarlarni nazarda tutyapman. Qurmag‘urlar dunyoning servahm siyosatiga qiziqmaydi, so‘m, rubl, dollar yoki liraning qadrsizlanishi bilan ham ishi yo‘q.
Nega men ustalar kabi xotirjam yashayolmayman, uyqumda halovat yo‘q ekan-a?!
Suqrot – mot
Ahmoqona savol berib hatto donishmand Suqrotni ham bemalol mot qilsa bo‘ladi. Faylasufdan “Siz vatan uchun nima foydali ish qildingiz?” deb so‘raysiz. “Donishmand edim, odamlarni erkin yashashga, osmondagi yulduzlarga sig‘inmaslikka da’vat etdim”, deb javob beradi u. “Sizning falsafangiz kishilarga naqd foyda keltirdimi, masalan, da’vatlaringiz sabab kambag‘alning qozoniga ko‘proq go‘sht tushdimi? Yoki ikkita nonni qo‘ltiqqa qisib biron beva-bechorani yo‘qlaganmisiz?” deya yana savolga tutasiz va qarabsizki, Suqrot mot bo‘libdi!..
Shovqin
Bir vaqtlar o‘zbek sovet shoir-adiblarining 10–20 tomli to‘liq asarlar to‘plami nashr qilingan. Bugun o‘sha yostiqdek to‘plamlarning ayrimlari butunlay yo‘q bo‘lib ketdi, ulardan joy olgan asarlarning aksari tamoman eskirib, ijtimoiy va badiiy qimmatini yo‘qotdi.
Ulug‘ faylasuflar aytganidek, har qanday davrda shovqin va ko‘pik hukmron bo‘ladi. Ko‘pikning ko‘kragiga orden taqiladi, shovqin xizmat ko‘rsatgan donishmand deb ko‘kka ko‘tariladi. Vaqt o‘tib har ikkisi yo‘qlik qa’riga cho‘kadi va asl haqiqat yuzaga chiqadi.
Iste’dod va istibdod
Ingliz adibi Jorj Oruelning “1984”, “Molxona” asarlarini va ijtimoiy-adabiy mavzudagi maqolalarini, adashmasam, 1994-yilda o‘qigan edim. O‘shanda siyosiy totalitarizmning anatomiyasini va bunday tuzumda yashayotganlarning baxtsizligini tushunib yetgan edim. Ayniqsa, “1984” romani yaqindagina qulagan Sovet Ittifoqining badiiy ifodasidek tuyulgan edi.
Totalitarizm – shaxsning eng katta dushmani, u insondagi mustaqil fikr, narsa-hodisalarga xususiy hissiy-emotsional munosabatni butunlay inkor etadi. Katta og‘alar sizga oldindan nima yaxshi, nima yomon, nima oq, nima qoraligini qat’iy belgilab beradi. Agar siz belgilangan chegaradan chiqsangiz, tamom, yo qamalasiz, yo jinnixonaga tashlanasiz. Totalitarizm insonning ijodiy va insoniy qobiliyati yuzaga chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi. Iste’dodingiz ichingizda chiriydi. Butun jamiyat yakrang she’r, hikoyani o‘qiydi, yakrang qo‘shiq, musiqani tinglaydi. Butun jamiyat o‘zi kabi bandani iloh darajasida ulug‘laydi. Totalitarizm – fikr va his-tuyg‘ular qamoqxonasidir.
Singan “haqiqat”
Mutlaq haqman degan ohangda yozmaslik kerak. Har doim haqman deyish, donishmandlar e’tiroficha, aqlning chegaralanganidan dalolat. Darvoqe, qurigan daraxt shamoldayam egilmay “haqman” deb turaveradi va oqibatda... sinadi.
Hayot – ro‘yo
Uyimda gaz yaxshi yonyapti, chiroq o‘chmayapti. Cho‘ntakda pul bor, kasalliklar ham chekindi hisob. Lekin ko‘ngilning tubida tashqariga chiqolmay qiynalayotgan, so‘zga aylana olmayotgan zerikish, siqilish va kuchli iztirob bor.
Hayotim tushga o‘xshab tuyulyapti. Hatto Rahmat degan ismim ham tushdagi ismim, asl ismim boshqa – bilmayman, uyg‘onsam bilib olarman. Lekin uyg‘onish qiyin bo‘lyapti-da, tirishib ham uyqudan turolmayapman. Rostdan, hayotim tush degan xulosaga kelyapman.
Xo‘sh, o‘zim qayerdaman? Asl hayotim qayerda, qay o‘lka, qaysi sayyorada kechyapti – shuni bilolmay halakman. Ehtimol, jannatda uxlab qolib, yer yuzini tush ko‘rayotgan va asl hayot shu deb o‘ylayotgandirman. Lekin bunaqa og‘ir tush ko‘rishdan rosayam zerikdim. Adolatsizliklar urchigan sayyorani ham tush ko‘ramanmi?! Oshig‘ich uyg‘onish kerak! Boshqa olam, boshqa odam tuzmak kerak, dermidi Navoiy...
Yer yuzidagi hayot, asli, ro‘yodir. Ko‘pchilik asl hayot deb bemalol yashayotir, men esa uning tushligini bilib bo‘lganman.
Yo‘l belgilari
Fikrlash ham mashina yo‘liga o‘xshaydi.
Mashina yo‘lidagi belgilar fikr yo‘lida ham bor: tezlikni oshirma, nojo‘ya quvib o‘tma, xavfli burilish, maktab yaqinida tez yurma va boshqalar.
Haydovchi yo‘l belgilariga rioya qilsa halokat xavfi kamayganidek, fikrlovchi kimsa ham fikr yo‘lidagi ko‘zga ko‘rinmaydigan cheklov-belgilarga itoat etsa, boshi omon bo‘ladi. Fikr yo‘lida ham, mashina yo‘lida ham tezlikni oshirgan, qoidalarga rioya etmaganlar halokatga mahkumdir. Har ikki jabhada tezlikni oshirganlar, belgilarga rioya qilmaganlar baloga qoladi.
Tanqid
Xususiy mulk daxlsiz bo‘lmagunicha, monopoliya yo‘qolmagunicha, ko‘chalarda dorixonalar kamaymagunicha, maktab darsliklarini chalasavodlar yozishni bas qilmagunicha, “superkontrakt” yo‘q bo‘lmagunicha, ta’lim va tibbiyot tizimida korrupsiyaga barham berilmagunicha, Toshkent shahri havosi tozalanmagunicha, hokimlar poraga to‘ymagunicha, birovga ilmiy ish yozdirib olim degan nomga ega bo‘layotganlar fosh etilmagunicha, metangazga navbat tugamagunicha, olomon ko‘cha va ariqqa chiqindi tashlash yomon ekanini tushunib yetmagunicha, suvsiz yerlarga ko‘chat ekish to‘xtatilmagunicha, oylik maoshim oilamning bir oylik oziq-ovqatiga yetmagunicha... kapitalizmni, bozor iqtisodiyotini tanqid qilaveraman.
O‘tmish – ortda qolmish
Taraqqiy etmayotganimiz sababi shuki, tafakkurimiz, diqqatimiz, ongimiz o‘tmishda adashib yuribdi. Biz asosan yaqin o‘tmishni yomonlash, so‘kish, qoralash bilan bandmiz. Fikr o‘tmishda uloqib yurar, quvvatini o‘tgan hodisalarni titkilashga sarf etar ekan, qanday qilib oldinga siljiymiz?! O‘tmish ortda qolgan hodisalardir, uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Fikr bugunga qaratilsin, shu kunni tahlil qilsin, kelajakdan bahslashsin. Vassalom. Kuchimiz, aqlimizni ilm-fanni taraqqiy ettirishga sarflaylik. Boshqa najot yo‘li yo‘q!
Rahimjon RAHMAT
“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 1-son.
“Xotirjamlik, qaydasan?..” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q