Ayolning ichki holati, kechinmalari oila muhitiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun eʼtibor, mehr-muhabbatni his qilib yashaydigan ayollarning oʻzi ham, oilasi ham baxtli boʻladi, chunki oila aʼzolarining hammasi uy bekasidan ijobiy kuch-quvvat oladi. Bugun xotin-qizlarga boʻlgan eʼtibor davlat miqyosida ortmoqda. Ularning huquq va manfaatlari qonunchilik hujjatlari va yangilangan Konstitutsiyada ham alohida mustahkamlab qoʻyildi. Konstitutsiyaning eski namunadagi “Oila” deb atalgan 14-bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb oʻzgartirildi; moddalar soni 4 tadan 5 taga oshirildi. 37-moddaga esa mehnat huquqiga doir meʼyorlar qoʻshildi.
Shuningdek, OʻzR Harakatlar strategiyasining 4.2-bandiga binoan xotin-qizlar va ularning jamiyatdagi faol ishtirokini yoʻlga qoʻyish borasidagi saʼy-harakatlar davom etmoqda.
Bugun har bir fuqaro, ayniqsa, oʻzbek xalqining deyarli yarmini tashkil etadigan ayollarning maʼnaviy-madaniy jihatdan rivojlanishi muhim masala. Maʼrifatparvar Fitrat aytganidek, “Bizning tarbiyachilarimiz ham, tabiblarimiz, muallimlarimiz ham ayollardir”. Xoʻsh, oilalarda muhit qanday? Jamiyatda-chi?
Oilalarda tengsizlik, ayolga bepisand qarash holatlari, afsuski, tez-tez uchrab turibdi. Xalqimiz qadimdan sabr-toqat, uydagi gapni koʻchaga olib chiqmaslik, boshqalarga dardini aytmaslikni ayol odobining rukni sifatida qaragan. Shu bois xotin-qizlarimiz oilada kamsitilish, haqorat, kuch ishlatilishi kabi holatlarga ham oilasini saqlab qolish uchun chidaydi. Lekin chidamlilik har doim ham yaxshilikka olib kelavermaydi. Bu hol psixologik tushkunlik, hayotga boʻlgan qiziqishning yoʻqolishi, ayrim hollarda xotin-qizlarning oʻz joniga qasd qilishiga sabab boʻladi.
2023-yilda OʻzR Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik kodekslariga ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha oʻzgartirishlar kiritildi. Endi oiladagi zoʻravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga oʻtkazildi, iqtisodiy va psixologik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik uchun jazo kuchaytirildi. Lekin oilalarda xotin-qizlarga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish baribir muhim masalaligicha qolmoqda. Bizningcha, ayollarga munosabat oʻzgarsagina zugʻum oʻtkazish, xoʻrlash, kuch ishlatishlar soni kamayadi.
Oʻzbek qizlari yoshligidan oilaga tayyorlanadi. Uy tutish, roʻzgʻor ishlari, qaynona-qaynota, er va uning yaqinlari bilan munosabat kabilar shakllantiriladi. Lekin oila farovonligi, er-xotinning insoniy haq-huquqlarini oʻzaro hurmat qilishi, munosabatlarga tabaqalab qaramaslik uchun nafaqat qizlar, balki yigitlar ham hozirlik koʻrishi kerak.
Tahdidlarning yana bir koʻrinishi – ishxona, koʻcha, bozor va jamoat joylarida xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik, tegajogʻlik qilish holati. Xotin-qizlar gavjum koʻchalar yoki, aksincha, odamlar siyrak koʻchalardan yolgʻiz oʻtishga qoʻrqadi. Sababi – tegajogʻlik. Oʻsha joyda ichki ishlar xodimi yoki jamoat harakatini nazorat qiluvchi xodimlar boʻlmasa, koʻp hollarda notanish bezorini toʻxtatib, jazoga tortishning deyarli iloji yoʻq: ular koʻpchilik orasiga ohista singib ketib, jazodan osongina qutulib qoladi. Shunga koʻra Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish kiritildi. Kodeksning 183-moddasiga muvofiq, mayda bezorilik, yaʼni jamoat joylarida soʻkinish, fuqarolarga shilqimlik qilish hamda jamoat tartibi va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi harakatlar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Lekin, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Tahdidlarga atrofdagi har bir fuqaro eʼtiborsizlik qilmasa, bu kabi holatlar kamayadi. Ayollar, tinchlik va xavfsizlik global indeksining 2021-yilgi hisobotida Oʻzbekiston 170 ta mamlakat ichida 74-oʻrinni egalladi. Bu esa hali oldinda qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp ekanini koʻrsatadi.
Ichki tahdidlardan yana biri migratsiyadir. Tahlillarga koʻra, 2021-yilda dunyo boʻylab migrantlarning 48 foizini ayollar tashkil etgan (Key global migration figures, 2019 – 2022. IOM UN migration 2022, October 13). Xalqaro migratsiya tashkilotining 2022-yilda oʻtkazgan tadqiqotida uy-joy qilish, qarzlardan qutulish va yaqin kishilarini davolatish ayollar mehnat migratsiyasining asosiy sabablari deb koʻrsatilgan. Albatta, yaxshi daromad topish muhim. Lekin migratsiya, avvalo, turmush tarzining buzilishiga sabab boʻladi. Ikkinchidan, oradagi olis masofa sababli oilaviy munosabatlar yomonlashadi, farzand tarbiyasi izdan chiqadi, ajrimlar koʻpayadi. Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan begona yurtlarda zoʻravonlik xavfi ham ortadi. Odam savdosi qurbonlari ichida hali ham ayollarning ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, ularning 65 foizini ayollar (46 foizini kattalar va 19 foizini qizlar) tashkil qiladi (Demografiya.uz).
Muammoning bosh yechimi xotin-qizlarning ham maʼnaviy, ham huquqiy bilimini oshirishda. Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan shaxslarni reablitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, lekin hamma ayollar ham turli sabablar, ichki ziddiyatlar tufayli u yerga murojaat qilmaydi. Bu esa targʻibot ishlarini kengaytirishni talab etadi.
Mamlakatimizda zoʻravonlik qurboniga aylangan xotin-qizlar uchun 1146 ishonch raqami ishlaydi. Dunyoda esa “Siyohrang tasma” zoʻravonlikka qarshi ramz sifatida tanlab olingan. Masalan, zoʻravonlikdan jabr koʻrgan ayol ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, “Mening buyurtmamga siyohrang tasmani ham qoʻshib qoʻysangiz” kabi maxfiy soʻzlarni aytishi kerak. Bu kabi usullar koʻplab davlatlarda qoʻllanadi. Ispaniyada dorixonaga ham yordam soʻrab murojaat qilish mumkin. Bunda ayol “19-raqamli niqob bormi?” deb savol berishi kerak.
Keyingi bosqichdagi vazifa xotin-qizlarning bilim olishini taʼminlash, maʼlum bir kasb-kor egasi boʻlib yetishishida ularni qoʻllab-quvvatlashdir. Chunki intellektual salohiyati yuqori, aql-farosatli ayollar har qanday vaziyatda hayotini izga sola oladi, oilani iqtisodiy-maʼnaviy qoʻrgʻon kabi himoyalash usullarini topadi. Ilmli, aqlli ayol mebel, idish-tovoq, latta-putta kabi mayda narsalarning tashvishini qilavermaydi, ahamiyatliroq ishlar haqida qaygʻuradi, oilani yuksaklikka olib chiqish rejalarini tuza oladi. Bunday ayollar farzandlarini ilm-fanga yoʻnaltiradi.
Singapurda diplomi bor ayollar turmushga chiqsa, davlatdan katta toʻyona, farzand koʻrsa, oʻqimagan ayollarga nisbatan koʻproq suyunchi puli oladi. Chunki buyuk islohotchi Li Kuan Yu mamlakatning muvaffaqiyati, avvalo, ilmli, ziyoli ayollar va onalarga bogʻliqligini tushunib yetgan edi.
“Har qanday buyuk erkakning ortida buyuk bir ayol turadi” deb bejiz aytilmagan. Dunyo ayolning boʻgʻirsoq pishirishni bilish-bilmasligi emas, balki uning tafakkuri va yuksak mahoratidan hayratlanadi. Xoʻsh, bizda-chi? Bu borada hali ham eski qarashlardan qutulganimizcha yoʻq.
2013-yili Jean Hersholt Humanitarian Award nomli insonparvarlik mukofotini qabul qilish chogʻida amerikalik aktrisa Anjelina Joli gʻoyat taʼsirli va ibratli nutq soʻzlagan edi. “Men bir narsani hech tushuna olmayman. Nega ayrim odamlar men kabi farovon oilada tugʻiladi-yu, dunyoning boshqa bir chetida xuddi mendek imkoniyat, iqtidor, havas va qobiliyatga ega, xuddi men kabi oilasini sevadigan, balki mendan-da yaxshiroq rollar yarata oladigan, yaxshiroq nutq soʻzlashga qodir ayol qochqinlar lagerida kun koʻradi. Farqimiz – uning oʻz ovozi yoʻq... Men bir paytlar onam tayinlagan oʻgitga rioya qilib, u insonlarning hayotini yengillashtirish uchun qoʻlimdan kelgan hamma ishni qilaman”. Bu fikrlar oʻz yurtida tinch-osoyishta hayotda yashayotgan inson yaqinlarining maʼnaviy koʻmagi, oʻzidagi shijoat va xohish bilan oʻzgalar hayotini ham yaxshiroq tomonga oʻzgartirishga qodir ekanini yana bir karra tasdiqlaydi.
Shahnoza RUSTAMALIYEVA,
Oʻzbekiston davlat Sanʼat va madaniyat instituti
tayanch doktoranti
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Ham tabib, ham tarbiyachi” maqolasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q