O‘zbek shoiri Mirtemirday bo‘lishi kerak – u qanday ijodkor bo‘lgan?


Saqlash
16:17 / 22.05.2024 979 0

Mening armonlarimdan biri buyuk Mirtemirni ko‘rolmay qolganimda. Domlaning vafotidan bir yil keyin, 1979-yilda Toshkentga o‘qishga kelganman. Doimo ich-ichimda Mirtemir sog‘inchi bor. Shoirning yuragi chaqnab ko‘rinib turgan she’rlarini o‘z-o‘zimga shivirlab takrorlaganimda bu sog‘inchni yanada teranroq his etaman. Men keyinroq ustozlarning uzoq gurunglarini eshitib, o‘zbek shoiri qanday bo‘lishi kerak deyilganda, Mirtemirday bo‘lishi kerak degan xulosaga keldim. Nega? Chunki Mirtemir har qanday vaziyatda xalqidan ayro tushmagan. Ba’zi kazo-kazo sovrindorlar-u unvondorlar baland shohsupalarda kekirib o‘tirgan paytda u jabr-u sitamni ham, azob-u g‘ussani ham xalqi bilan birga tortdi. Shu bois 1910 yildan 1978-yilgacha O‘zbekistonda kechgan alg‘ov-dalg‘ov tarix qaysidir ma’noda Mitemirning ham tarixi edi. U jindakkina noiloj siylov barobarida surgun-u qamoqlarni, haqorat-u xo‘rliklarni ham ko‘rgan.

 

Chingiz Aytmatov “Biz Mirtemir siymosida o‘zbek adabiyotini qadrlar edik” deganida ko‘p narsani hisobga olgan. Ulug‘ adib ulug‘ mezonkash ham edi. Tarozini teng tortib ko‘rmasdan gapirmasdi.

 

Odatda shoirlarning iqtidori va mahorati haqida gap ketganda ularning so‘z boyligi taroziga qo‘yiladi. Xalqlarning boyligi haqida gapirilganda ham bu xalqlar tilida qancha so‘z boyligi borligi ularning tafakkur darajasini belgilashda muhim omil sanaladi. Mirtemir she’rlarida o‘zbek tilining noyob bir lug‘ati yashirinib yotibdi. Agar yosh olimlarimizdan biri Mirtemir she’rlarida ishlatilgan so‘zlar lug‘atini tuzib chiqsa, o‘zbek tili uchun, o‘zbek xalqi uchun katta bir ishni qilgan bo‘lardi.

 

Mana bu satrlarga e’tibor qiling:

 

Yo‘l-yo‘lakay bepoyon ang‘iz,

Gala-gala kezar tuvaloq,

Salt g‘o‘nonda boraman yolg‘iz.

 

Shu uchtagina satrga to‘rtta qadimiy, unutilayotgan so‘z mahorat bilan olib kirilgan. Ang‘iz nima, tuvaloq nima, salt nima-yu g‘o‘non nima? Bunday so‘zlarni bilmasdan ham yallachilik qilib yuraverish mumkin. O‘sha davrda, XX asrning 1930-yillarida ko‘plab qalamkashlar yangi internatsional so‘zlar izidan, “sotsialistik so‘zlar” izidan chopib yurganda, sevgilisiga qarab “Sening sochlaring zavod trubasidan chiqayotgan tutundan ham uzun bo‘lib ketdi” kabi tuturiqsiz “izhorlar”ni tizayotganda, Mirtemir qadimiy so‘zlar izidan, turkiy ruh izidan bordi. Zamona zayli bilan emas, zamona zulmi bilan o‘layotgan turkiy so‘zlarni she’riyatga olib kirdi.

 

Gap kelganda men sizga Mirtemir domlaning o‘g‘li Mirza aka bilan bo‘lgan bir gurungni aytib beray. Shoir “Manas”ni tarjima qilayotganda bitta qadimiy so‘zga duch kelib qoladi. Rosa harakat qiladi, lekin shu so‘zning  asl ma’nosini topolmaydi. Olimlardan so‘raydi, shoirlardan so‘raydi, natija chiqmaydi. Shundan so‘ng Mirtemir kichik o‘g‘li Mirza akani yetaklab yo‘lga chiqadi, Qirg‘izistonning poytaxti Frunzega, hozirgi Bishkekka uchib boradi. O‘z hisobidan albatta. U yerda domla ilmiy tekshirish institutlariga borib, tilshunoslardan, olimlardan shu so‘zning ma’nosini surishtiradi. Lekin ular ham turkiy so‘zlar masalasida Mirtemirdan ustun bo‘lolmasa kerakki, aniq bir javobni aytolmaydilar. Institutlardan bir gap chiqmagach, shoir o‘g‘li bilan yetaklashib, qirg‘iz ovullariga chiqib ketadi va o‘sha ovullarda yurib, keksa chollar, kampirlardan so‘rab shu so‘zning asl ma’nosini topadi. Endi bir tasavvur qiling, bittagina so‘zni tarjima qilish uchun shuncha harakat, shuncha mehnat. So‘zga sadoqat, adabiyotga sadoqat haqida ko‘p gapiramiz, lekin so‘z va adabiyot uchun shunday ishlamaymiz.

 

Shoir so‘zni teran anglagan. Masalan u “yaylov”ni “yayloq” deb ishlatgan va yayloq yozloq ekanini yaxshi bilgan.

 

Men ham ko‘kka ko‘z tashlab,

Baralla gurung boshlab:                 

– Chaqmog‘ingni chaq, – deyman.

  Bu olis yaylog‘imga,

Bu olis aymog‘imga

Sel-sel bo‘lib oq deyman.

 

Mirtemir she’rlaridagi ruh butunlay o‘zbekona. Satr qurilishidan tortib ohanglargacha, ifoda-yu xulosagacha, ramzlargacha, xullas, hammasi o‘zbekona.

 

– Yangajon, – dedim,

– Qaynimov, – dedi.

– Berroq kel, – dedim,

– Aynimo! – dedi.

 

Mirtemirning shaxs sifatidagi timsolida haqiqiy do‘ng o‘zbek misoli  ko‘rinadi. “Do‘ng o‘zbek” degan ibora bor. Bu baland o‘zbek degani. Do‘ng so‘zida mardlik, tantilik, halollik, ulug‘lik xislatlari jam bo‘lgan. Shu o‘rinda birgina misol. Mirtemir domlaning Ishchilar shaharchasidagi uyiga Oybekning uyi joylashgan ko‘chadan o‘tib boriladi. Mirtemir ishga borib kelishda har kuni shu ko‘chadan o‘tgan. Oybek vafot etgandan keyin har gal Oybekning uyi yonidan o‘tayotganda Mirtemir mashinani to‘xtatib, pastga tushib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, “Assalomalaykum!” deb Oybekning uyiga salom berib o‘tar ekan. Bir gal Qozog‘istondan kelgan mehmonlar bilan uyiga qaytayotgan Mirtemir gurungga berilib ketib, Oybekning uyi yonidan salomsiz o‘tib ketadi. Uyiga borib, xatosini bilib qoladi va ayb ish qilib qo‘yganday qattiq o‘kinadi. Bunday mehr va oqibat yana qayda bor? Afsuski, bugungi kunda ustozining uyiga tosh otib qochib ketadigan shogirdlar ham yo‘q emas.

 

Mirtemirning soddaligida buyuklik bo‘lgan. Do‘rmonda Abdulla Oripov bilan gurunglashib o‘tirganimizda, gap ustozlar haqida ketib, Mirtemir domlaga taqalganda Abdulla aka “Mirtemir aka masalasida o‘zimni kechirolmaydigan paytlarim bo‘lgan” deb qoldi. Men “Abdulla aka, sizda bunday bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Yo biron joyda domlani xafa qilganmidingiz?” deb so‘radim. “Yo‘q, – dedi Abdulla aka. – Men Mirtemir akani hamisha yaxshi ko‘rganman. Oybek, Shayxzoda, Mirtemir... Bular puflab shishirilgan, qo‘lda yasalgan shoirlar emas edi. Puflab shishirilgan shoirlar ko‘p edi, xalq shoiri, qahramon edi ba’zilari, birovga so‘z berishmasdi, minbarlar ularniki, hay’atlarning egalari ular edi. Bu kalondimog‘lar Shayxzoda, Mirtemir kabi shoirlarni uchinchi yo to‘rtinchi darajali qalamkashlar sanab oyoq uchida ko‘rsatardilar, o‘zlaricha daho edilar. Shuning uchun Mirtemir akalar nafasi ichida, dardi ichida, alam va armon bilan bu dunyodan o‘tib ketishdi. Lekin gap boshqa yoqda. O‘sha zamonlarda noz-u ne’matlarga to‘liq katta-katta davralar bo‘lardi. Davralarning to‘rida kommunistik partiyani sharaflab, sovetni ulug‘lab ot choptirib, bayroq ko‘tarib yurgan yozuvchi-shoirlar o‘tirardi. Ular  Mirtemir domlaning ustidan kulib, mazax qilib, obqochishib, gumburlab qah-qah otganlarini ko‘rganman. Menga alam qiladigani o‘sha paytlarda shartta o‘rnimdan turib, “Ey  muttahamlar, sizlar o‘zi Mirtemir akaning oldida kimsizlar, uning tirnog‘iga ham arzimaysizlar-ku, uning ustidan kulishga nima haqqingiz bor?” deb isyon ko‘tarolmaganman. Shunga o‘zimni kechirolmayman” degan edi. Ha, Abdulla akaning alami o‘shanda ichida qolgan. Keyin ular Mirtemir haqidagi  go‘zal she’rlarga aylandi.  “Shu gaplarimni aytsam bo‘lmasmidi siz tirik chog‘da” kabi. Yoki Abdulla akaning keyingi yillarda yozgan bir she’ri hozir men aytayotgan gaplarning davomi. Bu she’rda shoirimiz ko‘pchigan davralarda soxta shoirlar bir-birlarini sen Pushkinsan, bu esa Navoiy, bu esa dahodir, bu esa buyuk deb bir-birlarini sharday puflab maqtab yotishganini va haqiqiy shoirlarni yo‘qotish payida bo‘lganlarini tasvirlaydi va she’rni shunday yakunlaydi:

 

Uch-turt shoir to‘planib olib,

Bir-birlarin maqtashar biyron:

– Men Pushkinman, sen – Mirzo G‘olib,

U – Navoiy, bu esa – Bayron.

Alahlashar bitta niyatda:

Unisin ot, bunisin yemir.

To tonggacha adabiyotda

Ter to‘kadi yolg‘iz Mirtemir.

 

Ba’zida o‘ylab qolaman: Mirtemirning ustidan kulgan o‘sha odamlardan nima qoldi? Ba’zilaridan bitta satr ham qolmadi. Bir qop xashak ham yo‘q. Tarix shamoli ko‘plarini supurindiday supurib tashladi.

 

Mirtemirning shunday satrlari bor:

 

Daryo edim, zamonlarning zayli bilan soy bo‘lganman,

Raso edim, nodonlarning mayli bilan yoy bo‘lganman.

 

Shu ikki satr ham Mirtemir qayg‘usini namoyon qiladi. Zamon shunday zamon ediki, u ayqirib oqqan daryoni soyga, istasa ko‘lmakka aylantirishga, hatto katta dengizni ham quritib Sahroyi tuzga aylantirishga qodir edi. Bunday zamonning shotirlari – millat xoinlari o‘zlarining qo‘g‘irchoqboz xo‘jalari bilan birgalashib har qanday rasoni yoy, har qanday tog‘ni tuproq qila olardi.

 

Mirtemir ham nechog‘li katta iste’dod sohibi bo‘lmasin, nima qilsinki, o‘z davrining ta’siriga tushgan vaqtlari ham bo‘lgan. Lenin, partiyaviylik, Oktyabr inqilobi mavzulari uni-da girdobiga tortgan.  Shoirning 1926-yilda, 16 yoshida yozgan “So‘nggi xat” nomli sochmasida shunday gaplar bor:

 

“Xatingizni oldim, bobojonim.

“Turma o‘sha tomonlarda. Sog‘indim. Kel, qo‘zichog‘im” debsiz. Sog‘indingiz, bilaman. Toqatsizlarcha kutasiz, intizorlik bilan kutasiz...

Bilaman.

Mening joynamoz yozib, bandalik qilishimni kutasiz...

So‘nggi xat – so‘nggi so‘zim bu:

Men qaytib bormayman!.. Aytaymi, bobojon?.. Men komsomol bo‘ldim. Lenin o‘g‘li bo‘ldim”.

 

Sochma bundan-da og‘ir gaplar bilan davom etadi. Bu xatda o‘z-o‘zi bilan kurashayotgan ikki Mirtemirni ko‘rasiz. Biri bobojonining sog‘inchini ich-ichdan his etib turgan yosh Mirtemir, ikkinchisi zamon mafkurasi ta’sirida qolgan bebosh Mirtemir. Yana bir tomonda nabirasiga mehrini berib turgan bobojon va bir tomonda shu bobojondan nabirasini tortib olayotgan qattol tuzum.

 

“Mirtemir ham shunaqa narsalarni ko‘p va xo‘p yozgan-ku” deb malomat qilishdan oldin avlodni ajdodga qarshi qayragan davr mashinasining kuch-qudratini, yoshlar ongiga mislsiz ta’sirini mulohaza qilib ko‘rish kerak. Bunday tantana libosiga o‘rangan fojiani pioner, komsomol bo‘lib ko‘rgan avlod yaxshi his qiladi. Shafqatsiz zamon ne-ne iste’dodlarning tanasini ularning o‘z go‘riga aylantirishga qodir edi. Lekin shunday vaziyatda ham Mirtemir aslini saqlab qololdi.

 

Xurshid Davron bir suhbatida Mirtemirdan “Agarda” deb nomlangan she’rining yakuni haqida so‘raganini aytgandi. She’rda “Agarda men o‘lsam, nimani olib ketardim?” degan savolga shoir “Yurtimning bir kaft tuprog‘ini, Temur maqbarasidan bir g‘ishtni, onamdan qolgan bolishni va shu bolish ostida turishi uchun partbiletimni olib ketardim” deb javob bergan. Xurshid Davron Mirtemirdan she’r oxiriga “partbilet” so‘zi yopishmaganligi haqida so‘raganda, domla “Aslida “partbilet” emas, “bir dasta rayhon” deb yozgandim, keyin o‘zgargan” deb javob bergan.

 

Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,

Men uchun yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim.

 

Mirtemir domla umrining so‘nggi yillarida yozgan shu she’rida juda ko‘p narsani anglasak bo‘ladi. Shu ikki satrda butun bir o‘zbek xalqining 70 yillik dardini ko‘rish mumkin. Ya’ni, mustabid tuzum davrida o‘zbek xalqi  boshidan kechirgan tahlika va talotumlarni Mirtemir ham boshidan kechirdi. Naim Karimov “Mirtemir aka keksayib, umri oxirlab qolgan chog‘larda ham “Bular (KGB nazarda tutilayapti) meni bir kuni olib ketib qolishadi” deb xavotirda yashardi” derdi.

 

U tarjima sohasida ham juda mahoratli edi. Har qanday boshqa til shoirini o‘zbek tilida kuylatib yuborardi. Abdulla Oripov Mirtemirning nafaqat she’rlarini, tarjimalarini ham juda yaxshi ko‘rardi. Abdulla aka Pyotr Yershovning “Bukri toychoq” dostonini Mirtemir tarjimasida yoddan aytganini ko‘rganman.

 

Bir kuni mashhur sharqshunos Shoislom Shomuhammadov bilan Mirtemir domla haqida gaplashib qoldim. Shoislom aka Umar Xayyom ruboiylarini tarjima qilganda, dastlab G‘afur G‘ulomga ko‘rsatgan ekan. Ustoz G‘afur G‘ulom tarjimalarni ma’qullagan. “Keyin do‘stlarimdan biri Mirtemir akaga ham bir ko‘rsatib oling deb maslahat berdi, – deb eslagandi Shoislom aka o‘shanda, – nashriyotga, Mirtemir akaning oldiga bordim va Xayyomdan qilgan tarjimalarimni ko‘rib berishlarini so‘radim. Mirtemir aka darrov uyiga telefon qildi va kelinoyimizga kechqurun mehmon borishini, tayyorgarlik qilib qo‘yishni tayinladi. So‘ng kechroq ishdan chiqib, Mirtemir akaning uyiga yo‘l oldik. Mirtemir aka yo‘lda “Shoislom, endi Xayyomni shunchaki ko‘rib bo‘lmaydi, xayyomona ko‘rish kerak” deb do‘konga kirib konyak olib chiqdi. Oshdan so‘ng tarjimalarni birga ko‘ra boshladik. Men shunda Mirtemirning so‘z bilan ishlashiga qoyil qolganman. Har bir so‘z, har bir satr ustida erinmay zargarday ishlardi. Men mukammal deb o‘ylagan ko‘plab satrlarni chizib, butunlay o‘zgartirib tashlagan”.

 

Mirtemir haqida “she’rning tanti dehqoni” degan ibora topib aytilgan. Har bir she’rida Mirtemir akaning manglay terini, yurak qo‘rini, dardini sezsa bo‘ladi. Asl dehqon ham shunday-da. Mirtemirning qizi Yulduz Mansurova otasining qo‘li bilan havoga she’rlar yozganini, ba’zan hatto oyoqda ham havoga nimalarnidir yozganini aytib berganda, shoirning faqat she’r bilan yashaganini his qildim va Shavkat Rahmonning o‘lim to‘shagida yotganida “She’rni havoga ham, devorlarga ham yozsa bo‘lar ekan” degan gapi esimga tushdi.

 

“Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” deganlariday shuhrat ta’masidagi ba’zi shoirlar to‘rtta she’rni yozib, keyin u xalqidan emas, go‘yo xalqi undan qarzdorday kibrga berilib, to‘ygan xo‘rozday qichqirib yuradilar. Shunday paytlarda bunday olg‘irlarga xokisor-dongdor Mirtemir dars berib qo‘yadi: “Boshimga sinovli kunlar ham tushdi. Lekin yozishdan, tarjimadan hech tinmaganman. Urinaman, izlanaman, o‘rganaman. Hali men yozuv stoliga astoydil o‘tirganim yo‘q, hali xalqimga aytishim kerak bo‘lgan gapni aytolganim yo‘q. Mendan non va tuz ayamagan, ham sharaf bag‘ishlagan xalqimdan hali men ko‘p qarzdorman”.

 

Ona tilim, Betobligimda, Saratonda soyaboning bo‘layin, Bitta o‘zim bilaman kabi o‘lmas she’larni, o‘zbek she’riyatida katta voqea bo‘lgan Suratday mumtoz dostonni yozib-yaratib qo‘ygan shoir tag‘in kun kelib, Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi yosh, Hanuz she’r yozishni bilmayman” desa... U xudoning qanday bandasi ediki, horg‘in ruhida shunday ulug‘lik va shunday xokisorlikni birlashtirolsa...

 

* * *

Ko‘pchilik Mirtemirning otini ataganda “domla” so‘zini qo‘shib aytadi. Bu bejiz emas. Chunki Mirtemir chin ma’nodagi millat muallimlaridan biri edi.

 

Men Mirtemir domlani ko‘rolmaganman. Uchrashmaganman. Lekin menga shunday tuyuladiki, u kishi bilan ko‘p uchrashganday, ko‘p ko‘rishgandayman.  Har bir she’ridan Mirtemir domla bizga qarab turganday tuyulaveradi.

 

Bugungi yosh ijodkorlar Mirtemirni o‘qishadimi? Bu savol ham meni qiynaydi. Negaligini aytib o‘tirmay. Negaligini yoshlarning o‘zi biladi. Faqat ularga Mirtemirning bir she’rini keltirib o‘tay. Bu she’r ularga bag‘ishlangan, ya’ni o‘zbek she’riyatiga kirib kelayotgan har bir yangi avlod vakillariga bag‘ishlangan. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu she’rni o‘zbekning yangi avlodiga Mirtemir domlaning vasiyati degan bo‘lardim.

 

Kipriklarim

(Yosh qalamkashlarga ataganim)

 

Kipriklarim qo‘ng‘irmikin yo qora?

Kipriklarim yuztamikin yoki ming?

Kipriklarim muncha aziz va sara,

Ko‘zginamning kipriklari...

Quyunlarda qolganimda, changga o‘ralganimda,

Ohangaron to‘zonidan zanji qoralganimda,

Yoki yaxshi timsol izlab, changday taralganimda,

Yoki bir she’r armonida yuz bir ko‘ralganimda,

O‘zbekiston tonglarini bedor kutgan ko‘zlarim,

Tengsiz tonglar falsafasin tashna yutgan ko‘zlarim.

Ko‘zlarimga chegarada shay askarday qo‘riqchi,

Ko‘zlarimga olis Bobur g‘ussasiday yo‘riqchi,

Ey aziz kipriklarim.

Sergaklikda tiriklarning siz-ku eng tiriklari,

Kiprigimday azizlarim, nechog‘liq ham suyuksiz.

Armonimday buyuksiz.

 

Eshqobil SHUKUR

 

“Ma’naviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Do‘ngpeshona do‘ng o‘zbegim” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23623
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//