Jahonga mashhur, ammo Oʻzbekistonda hali premyerasi oʻtkazilmagan oʻzbek filmining rejissyori bilan suhbat


Saqlash
16:31 / 16.05.2024 1421 0

Keyingi vaqtlarda jahon kino sanʼatining eng sara durdonalari Oʻzbekistonning tijorat kinoteatrlarida tez-tez namoyish etilmoqda. Birgina Toshkent Citydagi kinozallarda kun-u tun odam gavjum boʻlishini koʻrib, yaxshi film boʻlsa kinoteatrning ohangrabosi haliyam internetdan ancha yuqori boʻlishiga amin boʻlasiz. Boshqa tomondan esa, shov-shuv boʻlayotgan yangi film haqiqatan ham shunaqa zoʻrmi yoki hammasi piarmi, degan fikr ham xayoldan oʻtadi. Va, koʻpincha koʻrik vaqtida ortiqcha “shovqinlar” reklamaning taʼsiridan boʻlganiga guvoh boʻlasiz. Shunday paytlarda milliy kinofilmlarimizga kuchli reklama ishlatilsa, nafaqat yurtimizdagi, balki xorij kinoteatrlarida ham oʻzbek filmlarining koʻrigi katta boʻlarmidi, deya xoʻrsinib qoʻyamiz. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda navbatdagi oʻzbek filmi xalqaro kinofestivalda biror sovringa ega boʻlgani haqida oʻqib qolsak, boshimiz osmonga yetadi. Ammo, xalqaro maydonga chiqish uchun koʻpincha ayrim rejissyorlarning oʻzlari harakat qilayotgani, koʻplab festivallarda ishtirok etgan yuzlab filmlarimiz haqida oʻzbek tomoshabini har doim ham bilmasligi, milliy kino rivoji uchun masʼul shaxslar yoqtirmagan baʼzi filmlarni xorijlik kinomuxlislar olqishlayotganini eshitib, hamma ayb oʻzimizdami, deb ham oʻylaymiz.

 

Misol uchun oʻzbekning “Yakshanba”si dunyo kinofestivallarida eʼtirof etilayotgani haqida koʻp sonli tomoshabinlarimiz xabardormi? Albatta, yoʻq. Chunki, hali yurtimizda bu filmning katta premyerasi oʻtkazilmagan. Vaholanki, 2023-yilda yaratilgan va shu yilning oʻzida qariyb 8 ta xalqaro nufuzli kinofestivallarda “Eng yaxshi rejissyor, “Eng yaxshi film”, “Tomoshabinlar mehrini qozongan film”, “Hayʼat aʼzolari eʼtirofiga sazovor boʻlgan film” kabi bir qator sovrinlarni qoʻlga kiritib kelayotgan mazkur asar oʻzbek xalqini olamga tanitmoqda. Shu munosabat bilan asosan oʻzi va ijodkor doʻstlarining saʼy-harakati bilan xalqaro maydonga chiqqan Shokir Xoliqov bilan ijodiy yutuqlari, jahon kinomaydonidagi oʻziga xosliklar va kelgusi rejalar haqida suhbatlashdik.

 

 

Shokir, avvalambor sizni ketma-ket erishayotgan yutuqlaringiz bilan tabriklayman. “Yakshanba” koʻplab nufuzli, xalqaro festivallarda ishtirok etib, katta-katta sovrinlarni qoʻlga kiritmoqda. Tabiiyki, festivallarda ishtirok etish jarayonida boshqa davlatlarning filmlarini tomosha qilayotgan boʻlsangiz kerak. Sizningcha, bugungi jahon kino sanʼati qaysi tendensiyada ilgarilamoqda? Kinorejissyorlar qanday gʻoyalarni taqdim etishyapti?

 

Savolingizga aniq nimadir deb javob berish qiyin. Bugun rejissyorlar istagan janrida, istagan kino tilida film olyapti. Asosan jamiyatdagi oʻtkir muammolarga eʼtibor qaratilyapti. Tarixiy filmlar deyarli koʻrinmaydi. Oʻzi festivallarda tarixiy kartinalarning ishtiroki kam boʻladi. Koʻpincha jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy muammolar koʻtarilgan dramalar, ora-chora komediya, (qora yumor janridagi) va, asosiysi, tomoshabin diqqatini tortishga qaratilgan – ayni zamonda, ayni vaqtda sodir boʻlayotgan mavzular koʻtariladi. Gʻoyaviy jihatdan ham asosan insoniylik mavzusidagi filmlar koʻproq yaratilyapti.

 

“Choy” qisqa metrajli filmingiz ham 20 dan ortiq kinofestivalda ishtirok etgan va nufuzli sovrinlarga erishgan. Nazarimda, bu ikki filmingiz orqali festival hayʼati aʼzolarida Oʻzbekiston va uning xalqi haqida ijobiy tasavvur paydo boʻlgan. Qolaversa, yosh oʻzbek rejissyorining kino sanʼatidagi oʻziga xos yangi soʻzi eʼtirof etilgan. Festivallar doirasidagi konferensiyalar va uchrashuvlardagi fikr-mulohazalar toʻgʻrisida oʻzingiz nima deysiz?

 

Koʻpchilik Oʻzbekiston haqida koʻp narsa bilmaymiz, deyishadi. Shu bois filmlarimizda oʻzbeklarning xarakteri, yashash tarziga eng koʻp ahamiyat berishadi. Bu ular uchun ham qiziq, ham yangi dunyo. Xitoyda boʻlib oʻtgan festivalda “Borib shu ikki qahramon bilan birga yashagimiz keldi”, deyishgandi. Oʻzbek kinosi haqida soʻrashganda, Shuhrat Abbosov, Ayub Shaxobiddinov, Yolqin Toʻychiyevning filmlari juda yaxshi ekanini aytaman. Koʻpincha, Oʻzbekistondan Yolqin Toʻychiyevni bilishlarini aytishadi. Yaqinda ham Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan festivalda tashkilotchilar “Biz Oʻzbekistondan Yolqin Toʻychiyevni taniymiz. Uning filmlarini bilamiz, koʻrganmiz”, deyishdi.

 

Umuman, xorij festivallarida qatnashayotgan film faqat bir shaxsning nomidan ishtirok etmaydi. Sahnada rejissyor, ssenarist va boshqa ijodkorlarning ismi-sharifi aytilgani bilan, ularning orqasida baribir davlat nomi yirikroq koʻrinadi. Va, qaysi davlat ekan, deb albatta, soʻrashadi. Jahon kino sanʼatiga oʻzbek kinosi, degan tushunchani olib kirishning samaraliroq yoʻli shu boʻlsa kerak, menimcha. Chunki biror bir film Oʻzbekistondan ekan, yaxshi film ekan, deyilsa, keyin oʻzbek kinosiga qiziqish paydo boʻladi. Menimcha, shu zaylda davom etsak, kelajakda biror natija boʻlsa kerak. Men bir oʻzimni emas, boshqalarni ham nazarda tutyapman. Bizda hozir kino yaratayotgan, harakatdan toʻxtamayotgan yoshlar koʻp.

 

 

Avvallari jahon kino sanʼatiga koʻproq texnik yangilik olib kirgan rejissyorning ishi yuqori baholanar edi. Hozir, bu unchalik ham katta ahamiyatga ega emasga oʻxshaydi. Asosan, umuminsoniy dunyoqarashning ekrandagi talqini muhimroqdek… 

 

Ha, bir zamonlar kinoga texnik yangiliklar olib kirish yuqori baholangan. Hozir ham bu holat juda kamdan kam boʻlsa-da, uchrab turadi. Aytganingizdek, asosiysi, kinoning gʻoyasi. Film orqali nima demoqchiligingiz, nimani koʻrsatmoqchiligingiz birlamchi masala. Chunki, texnik jihatdan deyarli hamma ishlar qilib boʻlindi. Aslida kino haqda shunday gap bor: kinoda hamma narsa qilib boʻlingan, faqat boshqacha kino tili bilan aytish, boshqa rakursdan koʻrsatish qolgan. Hozir, ayni zamonda shu jarayon ketyapti.

 

Festival kinosi, tomoshabinbop kino degan tushunchalar esa aslida nisbiy. Chunki gʻoyaviy jihatdan yaxshi kino chegara tanlamaydi. Uni hamma koʻradi, toifaga ajratolmaysiz. Yaxshi kinoni ikkala auditoriya ham koʻradi. Mening fikrim shunday.

 

Siz shoir Usmon Azimning “Yomgir haqida ballada” sheʼri asos boʻlgan multfilmga ham rejissyorlik qildingiz va u ham jahon kinoarenasida “sayohat” qilib, katta sovrinlarni qoʻlga kiritdi. “Qiz va bulut” multfilmning yaratilish jarayoni haqida gapirib bersangiz: bunga nima turtki berdi?

 

Toʻgʻrisi, sheʼr oʻqishni yaxshi koʻraman. Usmon Azimning shu sheʼrini oʻqiganimda “Oʻh-hoʻ, buni kino qilish kerak… Lekin qanday qilib – buni faqat multfilm qilish mumkin”, deganman. Keyin shu qarorga aylanib, rassom-animator Erkin Xushmatov bilan birga ishladik. Rostini aytsam, koʻp qiyinchilik boʻldi jarayonda. Chunki boshqacha, yangilik boʻlsin deb Oʻzbekistonda birinchi marta oynaning ustiga rasm chizib, moyboʻyoqda ishladik. Shu tariqa multfilm uch yil deganda bitdi. Ishimizni yakunlab, “Oʻzbekkino”ga olib borganman. Lekin Badiiy Kengashdan oʻtmadi, qabul qilishmadi. Keyin festivallarda ishtirok eta boshladik, hozirgacha 10 dan oshigʻida qatnashgan boʻlsak, hammasida oʻzini oqladi. Yaponiyadagi festivalda biryoʻla ikkita nominatsiyada gʻolib boʻldik: “Mintaqaning oltin filmi” va “Eng yaxshi animatsion film”. Bu biz uchun juda katta mukofot boʻldi. Chunki animatsiyaning vatani boʻlgan Yaponiyada animatsion film uchun mukofot olish hammaga ham nasib qilmasa kerak. Sheʼrning menga juda katta taʼsir qilgani animatsiyani yaratishimizga turtki boʻlgan. Bundan faqat xursand boʻlaman.

 

 

Hozir “Oyoq” nomli xalqaro kino loyiha ustida ish olib boryapsiz. Bu loyiha qanday yaratildi? Sizning gʻoyangiz hamkor tomonga yoqib qoldimi yoki ular tayyor ssenariyga Sizni rejissyor sifatida taklif etishdimi?

 

“Oyoq” nomli ssenariyning oʻziga yarasha tarixi bor. Festivallardan birida qozogʻistonlik doʻstim “Bizda bir prodyuser bor, ishlaringni unga yubor. Rejalaringni aytib, birga ishlash taklifini ham aytasan”, deb qoldi. Uning gapi bilan oʻsha prodyuserga “Choy” bilan “Qiz va bulut”ni yuborganimdan keyin men bilan ishlashga rozi boʻlishdi va “Hozir qanday tayyor loyihang bor?”, deb soʻrashdi. Oʻsha paytda tayyor uchta qisqa metrajli film ssenariylarimdan biri “Oyoq” edi. U bilan Qozogʻistondagi pitching – yaʼni, ssenariylarni tanlash boʻyicha musobaqada qatnashib, gʻolib boʻldik. Maʼlum bir pul mukofoti bor edi. Prodyuserlar menga, bu festivalning ajratgan puli kam ekan, keling uni bekor qilamizda, filmni oʻzimiz olamiz, deyishdi. Ular bilan shunga kelishib, berilgan pul mukofotidan voz kechdim. Festival tashkilotchilari esa bizning loyihamizda hamkorlikda ishlashni xohlashdi. Lekin prodyuserimiz unamadi bunga. Chunki ajratilgan pul kam edi. Shundan soʻng prodyuserning taklifi bilan filmni toʻliq metrajli ssenariyga aylantirdim. Shu asosda birin-ketin katta metrajli film ssenariylari pitchinglarida ishtirok eta boshladik. Masalan, “Istanbul film festival” doirasidagi “Meeting of the Bridge”da boʻlib oʻtgan pitchingda, Germaniyada oʻtkazilgan “Cottbus” xalqaro kinofestivali tarkibidagi “Coco Pitch”da va Bishkek Xalqaro festivalidagi “Kaf Pitch”da ham ishtirok etdik. Shu tariqa “Oyoq” ssenariysi bilan Bishkekda ikkinchi oʻrinni oldik, “Coco Pitch” da uchta hamkor topdik. Xullas, reja boʻyicha oʻtgan yili shu loyiha ustida ish boshladik. Filmni ana shu hamkorlar bilan birga ishlab chiqarishga harakat qilamiz, Xudo xohlasa.

 

 

Kinorejissuraga havas qilayotgan yoshlarga Sizdek yutuqqa erishishning eng asosiy uchta qoidasi haqida maslahat bersangiz.

 

Men motivator emasman. Lekin har bir inson yaxshi natijaga erishishi uchun jonni qiynab oʻqishi va jonini qiynab mehnat qilishi kerak. Busiz qiyin. Rejissyor uchun ham, boshqa ijodiy guruh aʼzolari uchun bilim va mehnatsiz film suratga olish oson kechmaydi. Ayniqsa, kino juda katta mehnat talab etadi. Tashqaridan film suratga olish oson koʻrinishi mumkin, lekin oʻrganish uchun umr yetmaydi. Oʻrgansangiz oxirigacha oʻrganishingiz kerak. Qachonki, toʻxtasangiz ijod ham toʻxtaydi. Har doim yangi narsa, yangi ilmni izlash kerak. Harakat qilinsa natijasi ham boʻladi, menimcha.

 

Shokir Xoliqov bilan “Yakshanba” filmining Oʻzbekistonda rejalashtirilgan premyerasidan soʻng yana suhbatlashishga kelishdik. Lekin, filmning hali hanuz premyerasi oʻtkazilgani yoʻq. Rejissyor esa “Oyoq” kino loyihasi bilan band. Rejissyor Xoliqov va uning ijodiy guruhiga muvaffaqiyatlar tilagan holda, oʻzbek kinosining rivojiga masʼul shaxslardan Shokir kabi “oʻz aravasini oʻzi tortib” yurgan isteʼdodli kinoijodkorlarga moddiy va maʼnaviy koʻmakni darigʻ tutmasliklarini soʻrab qolardik. Garchi, Shokir Xoliqov muammolar haqida umuman gapirmagan, aniqrogʻi gapirishni istamagan boʻlsada, uning ijodiy muvaffaqiyatlari oʻzga yurtda koʻproq eʼtirof etilib, jahon kinofestivallarida tan olinganidan keyingina, Oʻzbekistonda ham kechikib sovrinlarga loyiq koʻrilganini jamoatchilik yaxshi biladi. Ijodkorlarga nisbatan bunday befarq munosabatga chek qoʻyilmas ekan, hech bir ijod turi tezda rivojlanish, oʻsish yoʻliga burilmaydi. Natijada yana oʻsha xorij kinofilmlariga mahliyo boʻlib, oʻzimiznikilarni tanimay – tan olmay qolaveramiz…

 

Shohida ESHONBOBOYEVA

Kinoshunos

 

Rejissyor haqida qisqa maʼlumot:

Shokir Xoliqov – rejissyor, ssenariynavis, prodyuser.

 

Asarlari:

1. 2018 – “Bizni tushunishmaydi” – qisqa metrajli badiiy film. Qozogʻiston, Shveysariya kinofestivallarida ishtirok etgan, Diplom bilan taqdirlangan.

 

2. 2019 – “Choy” qisqa metrajli badiiy filmi. 20 dan ortiq xalqaro kinofestivallarda bosh sovrin va Kann xalqaro kinofestivali doirasida oʻtkazilgan “Entrʼ2 Marches film festival” qisqa metrajli filmlar kinofestivalida Gran-pri;

 

3. 2019 – “Messi” qisqa metrajli badiiy film. Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan “48 soat ichida film” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi film” va “Eng yaxshi drama” nominatsiyalari gʻolibi. Shuningdek, Amerikaning Nyu-York Kinoakademiyasida oʻqish uchun yoʻllanma;

 

4. 2021 – “Qiz va bulut” animatsion film. 10 ga yaqin Xalqaro kinofestivallar sovrindori. Yaponiyada boʻlib oʻtgan “21 – DigiCon 6 Asia” qisqa metrajli badiiy va animatsion filmlar festivalida “Mintaqaning oltin filmi” va “Festivalning oltin filmi” nominatsiyalari gʻolibi;

 

5. 2023 – “Yakshanba” toʻliq metrajli badiiy film. 15 dan ortiq Xalqaro kinofestivallarning bosh sovrindori.

 

6. 2024 – “Oyoq” toʻliq metrajli badiiy film ssenariysi. Xalqaro kino loyiha sovrindori. Hozirda Yevropa va Osiyo kinoijodkorlari bilan hamkorlikda mazkur ssenariyni suratga olish ustida ish olib borilmoqda.

 

O‘xshash maqolalar: Rejissor Shokir Xoliqov “Har bir inson hayoti davomida oʻqishi shart boʻlgan 10 kitob” tavsiya qiladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 106
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22030
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//