Tarix
Tog‘am biznikiga kelgan o‘sha kuni hali maktabga chiqmagandim. Men uchun borliq uch xona va oldi ochiq ayvonli cho‘pkori uyimiz, ko‘cha ustidagi og‘ziga tunuka bostirilgan baqay tandirimiz, tos suyaklari ayridek chiqib turgan oq sigirimiz, quloqlari shalpaygan haybatli itimiz, ko‘cha bo‘ylab bo‘y cho‘zgan teraklar, ota-onam va ukamdan iborat edi. Biroz odamovi edim.
Ko‘chada bolalar paypoqdan yasalgan to‘p tepar, qizlar happak, goh birgalashib yashinmachoq o‘ynardi. Ularga kamdan-kam qo‘shilardim. Mening ham sevimli mashg‘ulotim bor edi: uyimiz yonidagi supaga rasm chizardim. Qo‘limga cho‘p olib, ota-onam, ukam, uyimiz hamda daraxtlarni chizardim, o‘zimni ham qo‘shib qo‘yishni unutmasdim. Men uchun bu o‘xshar-o‘xshamas, mayishib-qayishgan tasvirlar san’at asari edi.
Keyin bu asar ustidan bir gala tengqurlarim yugurib o‘tib ketardi, to‘xtatib qolishga jur’atim yo‘q. Ular ba’zida bilmasdan, ba’zan ataylab meni tahqirlardi. Zinhor ota-onamga shikoyat qilmasdim. Foydasi ham yo‘q. Ko‘pincha arz-dodim biror yumush, masalan, sigirga o‘t terib berish bilan barham topardi.
Shunday kunlarning biri edi. Quyosh qishlog‘imiz osmoniga osilib qolganday qimirlamas, teraklarning uchi silkinadi-yu shamol sezilmasdi. Men qo‘limdagi cho‘p bilan tuprog‘i ko‘pchigan supaga allaqanday rasm chizardim. Bu ishga kirishib ketganimdan qarshimda turgan odamni ham payqamabman.
Bosh ko‘tarib, qarshimda basavlat kishini ko‘rib, uchib tushdim. U egar ortiga kattakon yog‘och quti ortilgan kulrang velosipedga suyanib, muloyim jilmayib turardi. Qalin qoshlari ostidagi ko‘zlari samimiy boqar, yuzida mamnuniyat balqib turardi. Oppoq sochlari ulug‘vorlik ulashib, ustidagi katak-katak, yoqali ko‘ylagi xokisorlik bag‘ishlardi. Shu holatni hozir eslasam, tog‘amning Hemingvayga quyib qo‘ygandek o‘xshash bo‘lganligini sezaman. Faqat qirtishlangan soqolini aytmaganda. Bu albatta birinchi uchrashuv emas, tog‘amligini bilardim. Uning quchog‘iga otildim, harna-da, ota tomondan ham, ona tomondan ham bobo mehrini tuymagan bolaga, tog‘a ham bo‘laveradi.
U meni dast ko‘tarib bag‘riga bosdi, yuzimdan o‘pdi. Tag‘in men chizgan suratga mahliyo bo‘ldi. Bizning suhbatimizni eshitib, uydan ota-onam chiqib keldi. Ular hol so‘rashayotganda tog‘am keltirgan “jo‘xori qalamchalari”dan birini ukamga berishga shoshildim.
Dasturxon atrofida o‘tirganimizda tog‘am ota-onamga men haqimda, aniqrog‘i, kelajakda rassom bo‘lishim mumkinligi borasida gap ochdi. “Rassom” so‘zini tushunmasam-da, endi har hafta tog‘am menga qog‘oz olib kelishini, faqat qog‘ozga rasm chizishimni eshitib, rassom bo‘lish yomonmasligini bilib oldim. U tag‘in tahririyatda qog‘oz ko‘pligi-yu xohlagancha sarflash mumkinligini aytdi. Bu “tahririyat” deganlarini shu qadar yaxshi ko‘rib ketdimki, o‘sha joyda otam ham ishlaganda edi deb biroz g‘ashlandim.
Tog‘am biz bilan xayrlashib, shimining o‘ng balog‘ini qistirg‘ich bilan tishlatayotganda, velosiped egaridan oyoq oshirganda, pedalni vazmin-vazmin bosganda ukam ikkimiz u kichrayib-kichrayib, muyulishda g‘oyib bo‘lguncha ortidan tikilib turdik.
U ketar oldidan menga bir tutam qog‘oz tutqazdi. Ha, bu zo‘r ish bo‘ldi. Qo‘limdagi sarg‘ish qog‘ozlar ko‘zimga men kashf etadigan dunyoning xomashyosi bo‘lib ko‘rindi. Endi bu qog‘ozlarda qalbimni qamrab olgan tasvirlarni ifodalashim mumkin edi. Deylik, uchar odam, qo‘li bor o‘rdak, ikki oyoqda yuradigan sigir, oyog‘i bor uy, xullas, nimani istasam va qanday bo‘lishini xohlasam bas. Muhimi, endi hech kim bu qog‘ozlar ustidan yurib o‘tolmaydi, o‘chirib tashlolmaydi!
Uydagilardan so‘rab bilib oldim, yetti marta uxlab tursam tog‘am kelarkan. Otam baxillik qilmadi, bozordan rangli qalam ko‘tarib keldi. Nazarimda atrofimdagilar menga mehr berishda kimo‘zarga bahslashardi. Ukam qalamlar uchini chiqarib berar, onam chizgan rasmlarimni olqishlardi. Orzularim ushala boshlagach, yangi orzu paydo bo‘ldi. Qaniydi, derdim xayolan, hech qachon chiroq o‘chmasa-da, orqa uyda uxlamasdan rasm chizsam. Buning imkoni yo‘q ekan… Mayli, yaxshiyam beminnat quyosh bor, beminnat moychiroq bor, shishasi qunt bilan artilsa, ancha ravshanlashadi.
Birinchi gal qog‘oz uch uxlab turganimda tugadi. Demak, shoshmashosharlik qilibman. Tog‘am uchinchi marta qog‘oz olib kelganda buni ham izga tushirib oldim. Uning aytishicha, o‘sha qog‘oz serob bo‘ladigan tahririyatda tog‘am harf terarkan. Men nodon buni dalada o‘t terishday tasavvur qilgandim, yo‘q, bu harflar kichik qo‘rg‘oshinlarga muhrlangan emish. Tog‘am qarshisidagi dastgohda qaysi harf kerakligini tanlasa, temir qo‘llar o‘sha harfni olarkan-da, yuqoriga ko‘tarib, ketma-ket qo‘yib ketaverarkan. So‘ng so‘zlar, undan keyin gaplar hosil bo‘larkan. Garchi bu dastgohni umrim bino bo‘lib ko‘rmagan bo‘lsam-da, bu jarayon juda qiziq tuyuldi.
Tizzasida o‘tirib, ukam ikkimiz tog‘amni maroq bilan tinglardik. U zangori ekrandagi Qunduz amakidek xotirjam so‘zlardi. Onam maktabdan ko‘tarib kelgan dasturxondek gazeta o‘sha, tog‘am ta’riflagan qo‘rg‘oshin harflarning mahsuli ekan. Tag‘in dasturxonga fotiha qilinar, tag‘in tog‘am shimining o‘ng balog‘ini yelim qistirg‘ich bilan tishlatar, tag‘in muyulishgacha uning ortidan qarab qolardik.
Darvoqe, tog‘am qo‘shni qishloqda yashaydi. U ishga borish uchun tuman markazigacha yigirma chaqirim yurishi kerak. Bordi-yu, bizning qishloq bilan aylansa, yana besh chaqirim qo‘shiladi. Bundan keyinroq xabar topdim. Bir safar onam bilan ularnikiga mehmonga bordik. Ikki qishloq orasidagi Xo‘ja ariqning loyqa suvi pishqirib oqardi, men shu bahona tasavvurimni boyitib oldim, ularni keyingi rasmlarimga kiritib o‘tdim.
Bizni kutib olgan imorat hashamatli emas, biroq fayzli edi. Tog‘amning bizdan bir yosh katta o‘g‘li ukam ikkimizni o‘yinchoqlar, yangi o‘yinlar, uyidan bekitib olib chiqilgan shirinliklar bilan siyladi. Tog‘am ishdan qaytganda bizni ko‘rib sevinib ketdi, bag‘riga bosib, peshonamizdan o‘pdi. Yuzimga soqolini ishqalagandi, tikandek botdi. Ukam ularning mehmonxonasidan g‘aroyib boshkiyim ko‘tarib chiqdi. Bu xuddi “Dengizchi Papay” degan multfilmdagi kepkaning o‘zginasi edi. Tog‘am uni ukamga sovg‘a qildi.
O‘sha kuni tog‘amning dengiz flotida xizmat qilganini bilib oldik. Go‘yo meni taqdir tinimsiz siylardi. Shusiz ham g‘aroyibotga boy tahririyatda, qo‘rg‘oshin harflar ichida, harf teruvchi temir qo‘llar bilan til topishib olgan tog‘amning flotda xizmat qilgani men uchun katta topilma edi. Oxiri ko‘rinmaydigan ummon hamda ulkan kemalar haqida gapirsa, nigohlarida olis o‘tmish yiltillar, u o‘sha kemada chag‘alaylarga termular, vatan sog‘inchi, to‘lqinlar shovqini va cheksiz bo‘shliq haqida gapirayotgandek tuyulardi. Ukamning sabri chidamaydi, “Miltig‘ingiz ham bo‘lganmi?” deydi chakkasini qashib. Tog‘am ulkan gavdasini silkitib kuladi-da, “Ha, jiyan, bo‘lgan, – deydi bosh barmog‘ini ma’nilatib. – Zo‘ri bo‘lgan!”. Ukam yana savolga tutadi: “O‘qi ham bo‘lganmi?”, “Ha, o‘qi ham bo‘lgan!”. Biroz o‘ylanib qolgan ukam “O‘qi qanaqa bo‘lgan?” deydi ezmalanib. Tog‘am kuladi, “Ey tinmas jiyan-e, o‘qi qo‘rg‘oshindan bo‘lgan-da!”
E’tiroz bildiraman, “Tog‘a, tog‘a, harf qo‘rg‘oshindan bo‘ladi, o‘q emas!”. Bir lahza menga qarab o‘ylanib qoladi, so‘ng bir xo‘rsinib, “O‘q ham qo‘rg‘oshindan bo‘ladi, jiyan” deydi.
Uyga qaytgach, tobimiz qochdi. Ko‘rpa-to‘shak qilib yotishga to‘g‘ri keldi. Buning asl sababini bolalar hech qachon kattalarga oshkor qilmaydi. Axir kun bo‘yi o‘yin-kulgidan terga botib, muzday suv ichaverganini, tog‘achalari muzqaymoq bilan siylaganini, ular ham ertani o‘ylamay, qo‘liga tushganni og‘ziga tiqqanini aytib bo‘lmaydi-ku!
Ukam dengizchilar boshkiyimi bilan qo‘shni bolalarning og‘zini ochirib qo‘ydi. Men ham yetti marta uxlab, qog‘ozga erishishda, ularni suratga to‘ldirishda davom etdim. Bilmayman, bu qachongacha cho‘zildi, ammo tuman tahririyati “iste’dodim”ni yaxshigina qurbonlikka tayyorlayotgan edi.
Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda zamonaviy kompyuterlar kirib kela boshladi. Qo‘l telefonlari ommalashdi. Bunday sivilizatsiya tog‘amning ishini tortib oldi. Menga esa otam allaqachon rasm chizishdan foyda yo‘qligini uqtira boshlagandi. U qarshilik qilmagan taqdirda ham tushgacha maktab, keyin mol boqish yoki o‘t terib kelishning o‘ziyoq holdan toydirardi. Moychiroq yorug‘ida uyga vazifalarni tayyorlab bo‘lgach, tarashaday qotib uxlardim.
Yillar juda tez o‘tdi. Hech narsaga ulgurib bo‘lmas, o‘n sakkiz yoshida o‘lgan ukam uchun aza tutishga ham vaqt yo‘qdek edi. Ammo “tahririyat” so‘zini eshitsam, etim jimirlab ketar, hatto mening o‘rnim o‘sha yerda deb o‘ylardim. Bunday lahzalarda mahbubasini uzoqdan ko‘rib qolgan oshiqdek entikib-entikib nafas olardim. Kollejni bitirib, universitetga imtihon topshirdim. Bu ko‘ngilsiz voqeani eslashni istamayman. Xullas, maktabdagi a’lochilik bu yerda ish bermadi.
Taqdir ekan, shaharda yashay boshladim, to‘g‘rirog‘i, qishloqqa qaytishga yuzim chidamay, kun ko‘rardim. Gazeta tarqatuvchi bo‘lib ishlardim. Vaqt o‘tgani sayin mashaqqatlar unutiladi. Biroq tog‘amga gazeta olib borib, u umrini bag‘ishlagan sohaga hissa qo‘shayotganimni aytganimda ko‘zlari yoshlandi. O‘sha paytlardagidek bag‘riga bosdi, endi qirtishlanmay qo‘ygan oppoq soqoli yuzimni silab qo‘ydi. Gazetani hidlab ko‘rdi, so‘ng varaqladi, nimalarnidir eslashga urindi. Tag‘in gavdasini silkitib-silkitib kulib, shuncha rivojlangan texnologiya bilan bo‘g‘inni to‘g‘ri ko‘chirmayotganimizdan ranjidi.
Har sohadan bir shingil o‘rganib, poytaxtga yetib keldim. Bu yerda respublika darajasidagi gazetchilikning ilmini ola boshladim. Qishloqqa borib, tog‘amga sarguzashtlarimni aytib berardim. Taqdirga tan berib, kosiblik qila boshlagan sobiq harf teruvchi har bir so‘zimni e’tibor bilan tinglardi. Bir gal siyosiy sahifaning rukni “Buni hayot deydilar” bo‘lib ketganini aytganimda, tog‘am shunaqa kuldiki, yo‘talaverib, qizarib ketdi. Ancha vaqtgacha “Ha, jiyan-a, voy jiyan-e, boplabsan-ku” deb qo‘lidagi bigizni og‘zi ochilib yotgan boshmoqqa botirardi.
O‘shanda tog‘amning tovoni yorilib ketganiga ko‘zim tushdi. Tarsillab-tarsillab yorilib ketgandi. Bir oyog‘ini bog‘lab olgan. Bu haqida gaplashishni istamadi. Gapni rasm chizishim kerakligiga, bu iste’dod hammaga ham berilavermasligiga burdi. Chizgan bir-ikkita rasmimni telefonning galereyasidan ko‘rsatdim. U qalin shishali ko‘zoynagini ko‘ylagining bariga artib, burnining ustiga qo‘ndirib, biroz tikildi-da “Yaxshi, sen buni qo‘yma, bu ko‘ngilni tozalaydi” dedi. Tog‘amning o‘g‘li – tog‘achamdan otasining qand kasaliga chalinganini bilib oldim.
Poytaxtda tashvishlar ko‘paydi. Taqdir taqozosi bilan erta uylangandim, bir pasda bolalar ulg‘aya boshladi, har xil tadbirlardan boshim chiqmay qoldi. Rasm ishlash ko‘ngilga sig‘masdi. Molbertdagi ikki oy oldin bo‘yoq urilib, tugamay qolib ketgan kartina yana uch oy shu holida yotdi. Qishloqqa ham gohida olti oylab borishga fursat topilmas, to‘g‘rirog‘i, hafsala yo‘q edi. Ochig‘ini aytsam, qishloq safarining turgan-bitgani azobdan iborat.
Har gal borganda biror qarindoshim o‘lgan bo‘ladi. Uning bolalik nigohimga muhrlangan surati ko‘z oldimda jonlanadi. Menga do‘kondan nimadir olib bergani yoki qandaydir hikmatga boy hikoyasi. So‘ng qaytish oldidan tog‘amning uyiga kiraman, o‘ng oyog‘ini borgan sari yuqoriga qarab kesib borayotganini ko‘raman. Bu haqida og‘iz ochishni xohlamaydi. Nogironlar aravachasida kosiblik ishini davom ettirayotgan sobiq harf teruvchi “Gazet chiqayaptimi? Olib keldingmi? Qani? O, zo‘r zamonlar keldi-da. Rangli rasmlar, jimjimador harflar. Eh, jiyan. Navoiy ko‘chasidagi nashriyot ishlayaptimi? O‘shanda ham ishlaganman, bizni yordamga chaqirgan…” deb, ko‘proq hikoyalarimga quloq tutadi.
Uning oyog‘ini yana kesishdi, kesmasa bo‘lmayapti. Ha, hali yana kesishadi. Uning oyog‘i va rassomligim juda yoqimsiz tashbeh. Uning oyog‘i – mening rassomligim. Uning oyog‘i – mening rassomligim… Cho‘chib uyg‘onaman, bolalarning ustini yopaman. Olti oydirki, ijodxonamda tugallanmay qolib ketgan rasmga mung‘ayib boqaman. Sham yonib turibdi, aksi derazaga tushgan, deraza ortida oqshom – bu rasm odamga umid beradi, biroq bu umid qand kasaliga chalingan, uning oyog‘i chirib ketayapti, kesmasa bo‘lmayapti. Qonga o‘tib ketishi mumkin. Nogironlar aravachasida bo‘lsa ham xiyla uzoqroq yashaydi.
Oxirgi marta ko‘rgali borganimda tog‘am meni eslolmadi. Dard yengibdi. To‘shakda boladek iljayib yotardi. Hech kimdan norozi emasdi. Uning kesadigan oyog‘i qolmagan, bu safar shifokorlar ham boshqa kelmanglar deyishgan. Tog‘achamning sochlari oqarib, ko‘zlari kirtayib qolgan. Unga ham osonmas deyman ichimda, bir yil oldin onasini tuproqqa qo‘ydi, uch yildirki, otasi to‘shak tortib yotibdi, xotini temir ekan, kelin bo‘lib tushgandan buyon burnini jiyirmay kasal boqadi… Mo‘minning imtihoni tugamaydi deganlaridek, mendan bir yosh katta shu bechora tog‘achamning kosasi oqarmayapti. U otasiga tortdi, birovni ranjitmaydi, kulib turaveradi. Savlatdan ham Xudo bergan.
Hovliga chiqqach tog‘acham bilan o‘sha, qayta-qayta aytilsa ham badga urmaydigan voqeani esladik. Mustaqillik yillarining boshlarida “O‘zbekiston” nashriyoti harf teruvchilar yetishmagani bois viloyatlardan yordam so‘raydi. O‘sha ko‘maklashuvchi guruhda tog‘am ham bo‘lgan, ishdan bo‘yin tovlamasligi va shinavandaligi nashriyot boshliqlariga ma’qul kelib, mukofotga ham tavsiya qilgan. Viloyat hokimi mukofotni topshirib, tog‘amning qo‘lini do‘stona siqib qo‘ygan. Tog‘am bu voqeadan so‘ng o‘sha, hokim bilan ko‘rishgan qo‘lini hokim darajasiga chiqarib, kimni ko‘rsa “Hokim ushlagan qo‘lni ushlab qo‘ying!” deb ishonch va samimiyat bilan ta’kidlagan. Bu voqeani nega yaxshi ko‘rishimni bilasizmi? Bu hangoma “faloncha o‘zi sodda odam edi, hayot uni mug‘ombir qilib qo‘ydi” degan betayin hikmatni tomiri bilan sug‘urib tashlaydi. Insonning shakli o‘zgarishi mumkin, biroq ruhi dunyoga kelganida qanday bo‘lsa, qaytayotganida ham xuddi shu holda bo‘ladi. Inchunin, ikki yelkasidagi biroz savob va gunohni aytmaganda, sobiq harf teruvchi ham shunaqasidan edi.
Qishlog‘idan chiqib ketgan odam borki, bemahal telefon bo‘lsa, yuragini hovuchlab javob beradi. Bu safar ham hadigim haq bo‘lib chiqdi. Yarim kechasi yo‘lga chiqdim. Tongda yetib bordim. Hovli to‘la odam, bu manzilda qanday baxtiyor damlarimiz o‘tmagan deysiz. Dengizchilar boshkiyimini kiyib olgan ukam, bo‘yi uzun va ozg‘in tog‘acham, ortiga yog‘och quti mahkamlangan kulrang velosiped, savlati odamni esankiratib qo‘yadigan tog‘am, kulib turgan yangam, katta qizi. U bizdan o‘n yoshlar katta edi, shu sabab u bilan o‘ynab bo‘lmasdi. Ammo shirinliklar bilan siylashni kanda qilmasdi… Tag‘in tobutni yelkaladik, qabristonga oshiqdik, tuproqqa topshirdik. Boshimiz xam bo‘lib ortga qaytdik. Qabriston yig‘ilish o‘tkazdi, oramizdan tog‘amni tanlab olib qoldi. Xuddi bolaligimdagi, devlar haqidagi uydirmaga o‘xshaydi bu. Dev bir qishloqni bosib oladi-da, har gal qorni ochqaganda ularning orasida bittasini tanlab olib ketadi.
E’tiroz bildiraman, “Tog‘a, tog‘a, harf qo‘rg‘oshindan bo‘ladi, o‘q emas!”. Tog‘am bir lahza menga qarab o‘ylanib qoladi. So‘ng bir xo‘rsinib, “O‘q ham qo‘rg‘oshindan bo‘ladi, jiyan” deydi… Alahsirab uyg‘onaman, terlab ketibman. Bu tushni ikkinchi marta ko‘rishim. Xuddi o‘shandagidek, tog‘amning hovlisi, ukam boshiga dengizchilar boshkiyimini qo‘ndirib, qo‘ziqoringa o‘xshab qolgan. Tog‘amning egnida chorxona ko‘ylak, butun yuzi, qoshlari, ko‘zlari, burni, labi, hamma-hammasi tabassum qilib turibdi. Voh tog‘am-a! Men tanigan dunyo harf teruvchi va qo‘rg‘oshin harflardan voz kechdi. Endi jami qo‘rg‘oshindan o‘q yasab, Gʻazo bolalarining ustiga yog‘dirmoqda.
Joyingiz jannatda bo‘lsin, sobiq harf teruvchi. Omin!
Bek ALI
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2025-yil 4-son.
Tarix
Tarix
Tarix
Til
Til
Tarix
Vatandosh
Jarayon
Til
Tarix
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q