“Yalangʻoch qochadi, yorgʻoqli quvadi”: xalq topishmoqlaridagi ijtimoiy va siyosiy ramzlar


Saqlash
12:35 / 04.02.2026 18 0

Oʻzbek xalqi azaldan donishmand tafakkur sohibi boʻlib kelgan. Xalq ogʻzaki ijodi – dostonlar, matal va maqollar, topishmoqlar, askiya va yumorlar elning asrlar davomida toʻplangan hayotiy tajribasi, orzu-intilishlari, alam va iztiroblari, itoat va isyonlar orasidagi murakkab ruhiy holatlarining badiiy ifodasidir. Jamiyat hayotida roʻy bergan biror hodisa yoʻqki, u xalq xotirasida aks etmagan, til qudrati orqali naql, ramz yoki topishmoq shaklida avloddan avlodga oʻtmagan boʻlsa... Ayniqsa, xalq topishmoqlari maʼno jihatdan koʻpqavatli boʻlib, ularda “bir oʻq bilan ikki quyonni urish” tamoyili ustuvor boʻladi. Yaʼni, xalq oʻz dardlarini, ijtimoiy masalalarini, pinhon haqiqatlarini ramzlar vositasida ifoda etadi.

 

Mushtlab-mushtlab urarlar, 

Muncha gunoh qilibman. 

Oʻtga solib yoqarlar,

Muncha osi(y) boʻlibman.

 

Oʻquvchi ramzlar ortida azob chekayotgan inson qiyofasini his etadi, uning ruhiy iztiroblarini koʻz oldiga keltiradi. Keyingi bandda esa ushbu qaygʻu tasviri zinama-zina ochilib, yashirin maʼno oʻz qiyofasini namoyon qiladi:

 

Muncha meni xorlarlar, 

Bilmam, nima qilibman. 

Muncha meni sevarlar, 

Qanday shirin boʻlibman.

 

Topishmoqning javobi oddiygina xamir va non. Biroq bu javob masalaning suratini tashkil etadi, xolos. Aslida ichki maʼno tashqi taʼsirlardan aziyat chekayotgan xalq turmushining sirli ifodasidir.

 

Topishmoqlarning qudrati shundaki, ular yakka buyum yoki mavjudotni tasvirlash bilan cheklanib qolmay, balki muayyan ijtimoiy muhitni, hatto mamlakat ichida, tashqarisida sodir boʻlayotgan urush va toʻqnashuvlarning pinhon qatlamlariga ishora qiladi.

 

Masalan, qaychi haqida aytilgan toʻrt xil topishmoqqa diqqat qilaylik. Birinchi variantda: “Ikki podshoh qon chiqarmay urishadi” deyiladi. Ikkinchisida: “Ikki botir qilichlashar” degan ibora qoʻllanadi. Uchinchisida esa tasvir yanada ramziy tus oladi: “Ikki boʻri togʻda oʻynar, chang chiqarmay, ikkisi ham bir bosh yeydi, qon chiqarmay”.

 

Uchala misol markazida ham toʻqnashuv, kurash va raqobat bor, biroq u zoʻravonliksiz, qon toʻkilmasdan ifoda etiladi. Toʻrtinchi variant ham borki, u mazmun va maʼno jihatdan oʻziga xoslikka ega: “Fotima-Zuhra urishadi, merosini boʻlishadi”. Bu yerda jismoniy kurashdan koʻra ijtimoiy ziddiyat, yaʼni meros va haq talashish masalasi oldinga chiqadi.

 

Qaychi nafaqat kesuvchi buyum, balki fikrni oʻtkirlashtiruvchi ramz hamdir. Shu maʼnoda u insonni sinchkovroq boʻlishga, har bir ishora ortida qanday maʼno yashiringanini anglashga daʼvat etadi.

 

Eng qizigʻi, bu topishmoqlarni bugungi kunimizdagi axborot hujumlari, dunyo miqyosidagi millatlar va davlatlar oʻrtasidagi nizolar, qonli toʻqnashuvlar, jamiyat ichidagi meros talashish, siyosiy intrigalar va global ziddiyatlar bilan bevosita bogʻlash mumkin.

 

Yana bir bitikning ichki maʼno qatlamiga eʼtibor qaratamiz:

 

Men ajoyib bir askar koʻrdim,

Boshi uzra quvvati.

Koʻp qavatli, yoʻq qadri-qimmati,

Suvli yerni aslo bosmas,

Choʻlni poymol qilmay qoʻymas.

 

Bu shunday “askar”ki, uning butun qudrati boshida jamlangan. U suv bilan aslo chiqisha olmaydi, undan oʻlguday qoʻrqadi, qochadi. U quruqlikdagina har qanday dushmanni “oʻlja”ga aylantiradi.

 

Xuddi shu kabi “Ahil boʻlib yashar doim yetmish mard, tani yonib, elga qiladi xizmat” degan jumlalarda ham gugurt ramzi yashiringan: yakka dona ojizdek koʻrinsa-da, jam boʻlganida u el xizmatiga qodir, qurbonlik orqali manfaat keltiruvchi kuch sifatida talqin etiladi.

 

Xalq mubolagʻa orqali hatto eng kichik va ahamiyatsizdek tuyulgan narsalarga ham kuchli va taʼsirchan taʼrif bera oladi. Masalan, “Shapaloq yurtiga borgan botirning jangda halok boʻlishi” haqidagi topishmoqni olaylik:

 

Oʻzi yoʻqday, botirim,

Ovozi oʻqday, botirim,

Shapaloq yurtga borib,

Oʻlib qolgan, botirim.

 

Bu yerda pashsha zohiran arzimas, deyarli “yoʻqday” mavjudot sifatida tasvirlansa-da, uning ovozi oʻqqa qiyoslanib, insonga bezovta qiluvchi, hatto halokatli taʼsir koʻrsatuvchi kuch sifatida talqin etiladi.

 

Yana bir topishmoq esa bugungi siyosiy nizolarning badiiy ramzga solingan aniq manzarasini koʻz oldimizda jonlantiradi. Ziyrak oʻquvchi uchun igna bilan angishvonaning “bahsi” goʻyo ikki davlat oʻrtasidagi hujum va tortishuvlarning real sahnasiga aylanadi:

 

Yalangʻoch qochadi,

Yorgʻoqli quvadi.

 

Topishmoqning javobini qoʻya turaylik. Misralardagi “Yalangʻoch qochadi” ifodasi zaif davlatning doim oʻzini saqlab qolish yoʻlini izlashi, xavf va tahdidlardan panoh topishga majbur ekanining ramziy ifodasidir. “Yorgʻoqli quvadi” esa kuchli davlatning ochiq, qatʼiyatli va tajovuzkor harakatini, oʻz qudratini namoyon etish orqali raqibga bosim oʻtkazishga intilishini anglatadi. Shu tariqa, xalq topishmoqlari orqali oddiy buyum va holatlar ortidan butun bir siyosiy-ijtimoiy manzarani koʻrish mumkin.

 

Darhaqiqat, xalq topishmoqlarida askar va bahodir obrazlari ularga xos va mos detallar bilan shu qadar tabiiy uygʻunlashtirib tasvirlanadiki, oʻquvchi beixtiyor bu topilmalarning chinligiga, hayotiy asosiga ishona boshlaydi.

 

Masalan, qulf haqida aytilgan: “Posbonidir u uyning,
Koʻzi, tili yoʻq uning”, degan misralarda oddiy buyum tirik posbon qiyofasida namoyon boʻladi. Bunda qulfning “koʻzi va tili yoʻq”, ammo uyni qoʻriqlaydigan vazifasi borligi juda aniq va taʼsirchan ifoda etiladi.

 

Xuddi shuningdek, qamish haqida toʻqilgan topishmoq ham obraz va mazmun uygʻunligi jihatidan oʻta ishonchli. Bu yerda qamish koʻp qilichli, uzun boʻyli bahodirga qiyoslanadi:

 

Son-sanoqsiz qilichli,

Uzun boʻyli bahodir.

Yetar uzala tushib,

Shovullab bexavotir.

 

Umuman, qilich motivi xalq topishmoqlarida eng faol ramzlardan biri boʻlib, koʻp hollarda maʼno kalitini ochib beruvchi asosiy vosita vazifasini oʻtaydi. Masalan, tong yorishishi:

 

Bundan otgan qilichim,

Zangar borib ochildi,

 

deya tasvirlansa, suv: “Qilich urdim – oʻrni yoʻq” iborasi orqali ifodalanadi. Ustara “Yumaloq tepada qilich oʻynar”, sham esa “Qilich uchi qaltiroq” ramzlari bilan anglatiladi. Qilichning oʻzi esa: “Qora biyam qalt etdi, Qobirgʻasi yalt etdi” kabi tasvir orqali namoyon boʻladi.

 

Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin. Shu bilan birga, xalq topishmoqlarida miltiq va oʻq motivlari ham muhim oʻrin tutadi. “Tumshugʻi uzun – togʻni teshar”, “Zing etdi, zingrab ketdi”, “Oq kuchugim ang etdi, tovushi Qoʻqonga yetdi”, “Ogʻizginasi oʻymoqday, baqirgani toyloqday” kabi misralar orqali xalq oʻq, miltiq va portlash tovushlarini jonli, obrazli va esda qolarli shaklda tasvirlaydi.

 

Aslida, bunday topishmoqlarning oʻquvchiga beradigan eng katta maʼnaviy ozuqasi topqirlik, ramz orqali fikr yuritish va hodisalarning magʻzini chaqa olish koʻnikmasidir. 

 

Masalan:

 

Tirik kelib, oʻlikdan osh soʻradi,

Oʻlik turib, tirikni boʻgʻib oldi.

 

Topishmoq “tirik”ning “oʻlik”dan osh soʻrashi oddiy manzara emas, balki katta falsafiy qarama-qarshilikdir. Mana shu mantiq oʻquvchini izlanishga majbur qiladi va oxir-oqibat topishmoqning asl mohiyatiga olib kiradi. Javob – sichqon va qopqon.

 

Ammo shunday topishmoqlar ham borki, ularda ramziy ifoda ancha yashirin va nozik boʻladiki, oʻquvchi javobini bilmaguncha maʼnoni toʻla anglay olmaydi. Masalan:

 

Otamdan bir meros oldim,

Yerga koʻmsam chirimas.

 

Qanchalik oʻylab koʻrilmasin, bu misralarda nima nazarda tutilganini darhol ilgʻash oson emas. Biroq javobning ism ekanini bilganingizdan soʻng barchasi sizga ayon boʻladi.

 

Quyidagi topishmoqlar ham dastlab oʻquvchini ikkilantirib qoʻyadi:

 

“Hakkam choʻloq yer teshar”, “Choʻloq otasiga goʻr qazir”, “Oʻtmas pichoq yer kavlar”...

 

Zohiran ularning har biri alohida voqeadek tuyulsa-da, aslida javobi bitta: tomchi. Bu yerda xalq tafakkuri eng mayda, beozor hodisani ham ulkan taʼsir qudratiga ega kuch sifatida koʻrsata oladi.

 

Shu maʼnoda, xalq topishmoqlari oʻquvchini tayyor javobga emas, balki mustaqil fikrga, chuqur mushohadaga va maʼnoni izlash jarayonidan zavq olishga oʻrgatadi.

 

Yana bir topishmoqqa eʼtibor qarataylik:

 

Katta-kichik besh oʻrtoq,

Uyushsa boʻlar toʻqmoq.

 

Ushbu topishmoqda insonning tana aʼzosi boʻlgan barmoqlar jonli badiiy obraz darajasiga koʻtariladi. Katta-kichik besh oʻrtoq iborasi orqali barmoqlarning turli oʻlchamda ekani, ularni “oʻrtoq” deb atash esa jamoaviylik, birdamlik ruhini ochib beradi.

 

“Uyushsa boʻlar toʻqmoq”da esa barmoqlarning birlashib mushtga aylanishi hayotiy, ammo oʻta taʼsirli qiyos orqali berilgan. Bu oʻrinda “birlik – kuch, tarqoqlik – zaiflik” ekani ramz orqali singdiriladi.

 

Nachalo formы

Kones formы

Yana bir topishmoqqa eʼtibor qarataylik:

 

Shu koʻchaning boshida,

Tilla egar qoshida,

Buni topgan kishilar

Yuz yigirma yoshida.

 

Bu topishmoqda xalq aqlni tayyor holda beriladigan neʼmat emas, balki hayot davomida misqollab yigʻiladigan boylik sifatida tasvirlaydi Tilla egar qoshida aqlning noyob va bebaholigiga ishora. “Yuz yigirma yoshida” ramziy yosh esa aql yillar bilan emas, balki toʻplangan tajriba va bilim shakllanishi anglashiladi. Yaʼni, inson umr boʻyi yashasa ham, haqiqiy aqlga kech yetishi mumkin.

 

Maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻliq yana bir topishmoqni koʻrib chiqsak:

 

Oʻtda yonmas,

Suvga botmas,

Yerda chirimas.

 

Topishmoqning javobi – toʻgʻrilik. Bu tasavvurning xalq epik tafakkuri bilan ham uzviy bogʻliqligi bor. Masalan, “Alpomish” dostonida qahramonning “oʻtda yonmas, suvda choʻkmas, qilich oʻtmas” degan taʼriflari uning jismoniy kuchidan koʻra maʼnaviy pokligi va haqgoʻyligini koʻrsatadi. Shu tariqa, xalq ongida bunday sifatlar tasodifiy emas: inson toʻgʻri boʻlsa, u har qanday sinovdan omon chiqadi. Topishmoq va dostonning oʻzaro hamohangligini koʻrsatadigan asosiy mantiq shundaki, toʻgʻrilik insonni asraydigan va uni yengilmas qiladigan eng oliy fazilatdir.

 

Yana bir topishmoqqa eʼtibor qaratamiz:

 

Devolga qoʻngan qushim,

Baʼzilari bir qanot,

Baʼzilari qoʻsh qanot.

 

Topishmoqda eshik juda sodda, xalqona tasvir orqali beriladi. “Devorga qoʻngan qush” eshikning uy devoriga mahkamlangani, uning ochilib-yopilgani esa goʻyo qushning qanoti qoqayotganiga qiyos. “Baʼzilari bir qanot, baʼzilari qoʻsh qanot” misrasi esa ijtimoiy manzara yaratadi: bir tabaqali eshik oddiy uy-joyga, qoʻsh tabaqali eshik esa kengroq, imkoniyati yaxshiroq xonadonga ishora qiladi. Shu tariqa topishmoq xalqning moddiy turmushini ham bilvosita koʻrsatadi.

 

Hatto bolalar uchun deb qaraladigan sodda topishmoqlar ham shunchaki soʻz oʻyini emas, balki xalqimizning asriy oʻylovlari, ogʻriqlari va dard parchalarini mujassamlashtiruvchi ijodiy namunalardir. Ular insonga hayotning muhim qonuniyatlarini, moddiy va maʼnaviy qadriyatlarini, toʻgʻrilik, aql va tajriba orqali fikrlash va mushohada qilish qobiliyatini rivojlantirish imkonini beradi. Shu tariqa topishmoqlar xalq tafakkurining nafaqat oʻtmishdan bugungacha yetib kelgan boy merosini, balki ijodiy va maʼnaviy qudratini ham namoyon qiladi.

 

Bobur ELMURODOV,

jurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

13:02 / 03.02.2026 0 97
Kolumbni adashtirgan mil

Tarix

19:01 / 29.01.2026 0 234
Vikinglar xazinasidan topilgan Xorazmshoh tangasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//