Is’hoq Gʻoziyev 1896-yil Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Avval eski maktabda – jadid maktabida ta’lim oldi. So‘ng rus tuzem maktabida o‘qib rus tilini o‘rgandi. 1910-yilgacha Farg‘ona shahrida xususiy do‘konlarda savdo ishchisi, 1910–1917-yillarda xususiy do‘kondorlarga ish yurituvchi (prikazchik) bo‘lib xizmat qilgan. 1917-1918-yillar Andijon shahrida yirik paxta savdosi idoralarida idora xodimi-prikazchik bo‘lgan. Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganda uning xizmatiga shoshildi. Afsuski, Turkiston Muxtoriyati qonga botirilganidan so‘ng 1918-yil kuzida Qizil armiya safiga oddiy askar sifatida kirishga majbur bo‘ldi. Yoshligidan ko‘zi mehnatda pishgan, tajribali Is’hoq Gʻoziyev harbiy xizmatdan Farg‘ona shahar inqilobiy komitetiga komissar sifatida ishga olinadi. U 1920–1923-yillarda VCHK organlarida tergovchi, Farg‘ona va Jalolobod shahar komitetlarida siyosiy byuro boshlig‘i, keyinroq Andijon uyezd inqilobiy komitetining rahbari vazifalarida ish olib boradi.
1923-yil noyabr oyida XII Turkiston o‘lka musulmonlar qurultoyiga delegat bo‘lib kelgan Is’hoq Gʻoziyev 1924-yilni 14-yanvaridan Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Xalq komissarlar sovetida Adliya xalq komissari va Respublika Bosh Prokurori sifatida ish boshlaydi. Shundan so‘ng onasi, ukasi va singlisi bilan Toshkentga ko‘chib keladi.
Qahramonimiz Adliya xalq komissari bo‘lgan davr Turkistonda ulkan siyosiy o‘zgarishlar yuz berdi. Moskvada Sho‘rolar davlati rahbarlari Turkistonni turli respublikalarga bo‘lib tashlash uchun milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazish harakatini boshlaydi. 1924-yilning 12-iyunida Stalin taklifiga asosan RKP (b) Markaziy komiteti siyosiy byurosining “O‘rta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash to‘g‘risida”gi maxsus qarori chiqarildi. Qaror 1924-yil 27-oktyabrda Moskvada qabul qilindi. Mazkur qaror asosida 1925-yil 17-fevralda Buxoroda “O‘zbekiston sovet sotsialistik respublikasini tashkil etish to‘g‘risidagi deklaratsiya” e’lon qilindi. Deklaratsiyaga muvofiq O‘zbekiston SSR tarkibiga Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Zarafshon, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Tojikiston ASSR kiritildi. 1926-yil 29-sentyabrda O‘zbekiston SSRda yangi ma’muriy chegaralanish o‘tkazilib, Xorazm, Buxoro, O‘rta Zarafshon, Samarqand, Toshkent, Xo‘jand, Qo‘qon, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryodan iborat 10 ta okrug, 87 ta tuman va 1720 ta qishloq sho‘rosi tuziladi. Respublikani boshqaradigan oliy organ O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasi va O‘zbekiston SSR Xalq komissarlar soveti tuziladi. Ularning rahbarlari qilib Yo‘ldosh Oxunboboyev va Fayzulla Xo‘jayevlar saylanadi. O‘zbekiston SSR tashkil topgan paytda, 1925-yilning fevral-aprel oylarida Buxoro shahri poytaxt bo‘ldi. 1925-yilning aprelidan 1930-yilning 20-sentyabrigacha Samarqand shahri respublikaning poytaxtiga aylantiriladi. Bu paytda Toshkent shahri Sho‘rolar davlatining O‘rta Osiyodagi yangi tuzilgan respublikalarni nazorat qiladigan tashkilotlari – VKP(b) Markaziy komiteti O‘rta Osiyo byurosi, O‘rta Osiyo inqilobiy kengashi, Turkiston fronti, O‘rta Osiyo harbiy okrugi joylashgan markaz vazifasini o‘tadi.
1924-yilning 26-noyabrida Turkiston ASSR Adliya xalq komissarligi o‘rnida O‘zbekiston SSR Adliya xalq komissarligi tashkil etiladi. Is’hoq Gʻoziyev O‘zbekiston SSR Xalk Komissarlar Sovetining tavsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSRning birinchi Adliya xalq komissari qilib tayinlanadi va ayni paytda respublika Davlat Prokurori vazifasini ham bajarishga kirishadi. O‘sha vaqtda Adliya xalq komissariati uchta: sud qurilishi va nazorat, prokuratura, qonunchilik bo‘yicha takliflar kiritadigan bo‘limlardan iborat edi.
1925-yilning mayida Adliya Xalq Komissariatining yangi Nizomi tasdiqlanadi. Bu Nizomga ko‘ra komissariat barcha sud muassasalari, prokuratura, tergov organlari, notariat, sud ijrochilari ustidan boshqaruv ishlarini bajaruvchi va ularga ko‘rsatmalar beruvchi mahkama, deb belgilangan edi. Shu bilan birga komissarlik zimmasiga sud xodimlarining vazifalarini tasdiqlash, yer ishlari bo‘yicha komissiyalar va sudlar faoliyati bilan bog‘liq boshqa tashkilotlarning faoliyatini nazorat qilish, aholiga huquqiy jihatdan yordam beradigan muassasalar va advokatlar ishlarini kuzatish, adliya sohasidagi muammoli masalalarni hal etish, Respublika Sovetlarining Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq komissarlar soveti tomonidan huquqiy yo‘nalishda kiritadigan taklif hamda mulohazalarining qonuniy asoslarini belgilash, qonun ustuvorligini ta’minlash, amaldagi qonunlar mohiyatini aholiga tushuntirish, huquq masalasi bilan bog‘liq to‘plamlarni, respublika hukumatining farmoyishlari va qarorlarini chop etish kabi ishlar ham yuklanadi. Is’hoq Gʻoziyev mazkur vazifada ish olib borar ekan Adliya sohasidagi dolzarb vazifalar, mavjud muammolar hamda xalqning huquqiy madaniyatini oshirish borasida milliy matbuot sahifalarida ko‘plab maqolalar bilan chiqdi.
Is’hoq Gʻoziyev 1927-yil 6-aprelida O‘zbekiston SSR Adliya xalk komissari va Bosh Prokurori lavozimlaridan ozod qilinadi. Shundan keyin 1927–1929-yillarda Farg‘ona shahridagi ipakchilik korxonasi direktori bo‘ldi. 1929-yil farg‘onalik yirik boy – paxta savdogari, qaynatasi Shobobo Inog‘omovning uy-joylarining musodara etilishiga yo‘l qo‘ymagan, degan ayblov bilan Kommunistik partiya safidan ham chiqariladi. Ko‘p o‘tmay Toshkentga kelib Respublika ipakchilik trestida bo‘lim boshlig‘i bo‘ladi.
Yer ishlari xalq komissarligi qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan Is’hoq Gʻoziyev 1937-yil 16-noyabr kuni O‘zSSR JKning 63, 67-moddalari bilan “Milliy ittihod” aksilinqilobiy harakatining a’zosi sifatida qamoqqa olinadi. Albatta, sobiq adliya komissarini “o‘z ayblariga” iqror qilish oson kechmadi. Qanchalik qiynoqlarga solishmasin o‘ziga qo‘yilgan barcha soxta ayblovlarni tan olmaydi. Qariyib uch yil davom etgan hibs azoblari ortidan 1940-yil 9-fevralda mash’um “uchlik” tomonidan 5 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi.
Is’hoq Gʻoziyev nohaq jazoni 1940-yil may oyidan Sverdlov viloyati, Tevda shahridagi IIXKga qarashli lagerda o‘tay boshlaydi. Jazo muddati 1937-yil 16-oktyabrdan hisoblangani uchun 1942-yil 16-noyabrda ozodlikka chiqadi.
Urush sharoiti tufayli vataniga qaytarilmaydi, 1945-yil noyabr oyigacha Tevda shahridagi harbiy bo‘lim nazorati ostidagi ko‘mir shaxtasida ish olib boradi. 1946-yil fevralda Farg‘onaga – oilasi bag‘riga qaytishga muvaffaq bo‘ladi. Is’hoq Gʻoziyev 1948-yilgacha kassir bo‘ldi, biroq yana ayrim kimsalarning iziga tushganini payqab Toshkentga ko‘chib keladi. Shundan so‘ng Toshkent viloyati, Bo‘ka tumanidagi “Yangi turmush” kolxoziga omborchi bo‘lib ishga joylashadi.
Is’hoq Gʻoziyev 1949-yil 23-dekabr kuni berilgan order asosida eski ayblovlar bilan takror qamoqqa olinadi. Bu vaqtda oila a’zolari: 80 yoshli onasi Tojixon Mayusupova, turmush o‘rtog‘i Fotimaxon (1907) va farzandlari Ismoil (1921), Iskandar (1929), Asqar (1933) va Nafisaxon (1947)lar Toshkent shahri, Oqilon ko‘chasi, 5-uyda istiqomat qilgan.
Is’hoq Gʻoziyev tergov jarayonida yana o‘zining mutloq aybsizligini ta’kidlab turib oladi. 1950-yil 6-yanvar kuni so‘nggi so‘roqda ham o‘ziga nisbatan bo‘hton bilan jinoyat ishi ochishganini yozadi.
1950-yil 19-aprel kuni sud Is’hoq Gʻoziyevni hech bir aybi isbotlanmaganiga qaramay muddati ko‘rsatilmagan holda Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qiladi.
Stalin vafotidan so‘ng, 1956-yil 11-oktyabrda Is’hoq Gʻoziyevga nisbatan barcha ayblovlar bekor qilinib to‘liq oqlangan...
***
Is’hoq Gʻoziyev o‘z dasxati bilan yozgan tarjimai holida quyidagilarni bayon etgan: “1896-yil dekabr oyida Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida tug‘ilganman. Ota-onam dehqonchilik bilan shug‘ullangan. 2 gektar yerimiz va chog‘roq uyimiz Farg‘ona shahrining ruslar yashayotgan qismida joylashgan, oilamiz qiyin ahvolda yashagan. 1907-yil dekabridan 1919-yilgacha, ya’ni kommunistik partiya safiga kirgunimga qadar Farg‘onaning Skobelev, Qo‘qon, Norin, Samarqand va Andijon shaharlarida oddiy xizmatchilikdan tortib ish yuritish sohalarida mulozimlik qilganman. Maoshim 5 rubldan 20 rublgacha bo‘lgan. Keyinchalik imperialistik urushning 1914, 1915, 1916-yillar davrida ish haqqim 60 rublgacha ko‘tarilgan. Fevral to‘ntarilishi vaqtida kooperativda xizmat qilganimda esa 500 rublgacha maosh olganman. 1919-yil 7-mayida Farg‘ona shahri – Skobelevda partiya safiga kirdim. 1919-yil 1-iyunda Marg‘ilon uyezd shahar partiya va uyezd revolyutsion komitetlariga a’zo bo‘ldim. Uyezd oziq-ovqat boshqarmasi komissari, oblast musulmonlar byurosi a’zosi bo‘ldim. Farg‘ona oblasti siyosiy bo‘limining musulmon guruhida tashkilotchilik qildim. 1920-yil 20-fevraligacha sotsial ta’minot komissari bo‘lib xizmat qildim.
Oblast musulmon byurosi meni Farg‘ona oblasti siyosiy bo‘limiga tashkilotchi sifatida safarbar qildi. Bu yerda men tashkilotchi sifatida xizmat qildim. Farg‘ona oblasti partiya komiteti musulmon byurosi meni musiqali dramteatrga tashkilotchi qilib tayinladi. O‘sha yerda ishladim – rejissyorga yordamchilik qildim. 1920-yil 13-noyabrda Farg‘ona oblast partiya komiteti mening nomzodimni Namangan uyezdi va shahrida Favqulodda komissariat mudirligiga tavsiya etdi. Ammo savodxonligim yetarli bo‘lmagani uchun, ochig‘i bu lavozimda ishlamadim. Farg‘ona obkomi buni to‘g‘ri tushunib meni avvalgi lavozimda – bosmachilar bo‘limi bo‘yicha tergovchi vazifasida qoldirdi. 1921-yil 1-yanvarda meni Marg‘ilon siyosiy byurosiga boshliq o‘rinbosarligiga qo‘ydi. Siyosiy byuro bir vaqtning o‘zida tergovchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Agentura, axborot boshlig‘i, komyacheyka mas’ul kotibi va revolyutsion komitet a’zosi, sovet xodimlari profsoyuz raisi o‘rinbosari bo‘lib xizmat qildim. 1921-yili 1-mayda men Andijon uyezdi Jalolobodga siyosiy byuro boshlig‘i lavozimiga qo‘yildim.
1922-yil 20-fevralida Farg‘ona shahriga yuborildim. Bu yerda Marg‘ilon uyezdi va shaharda siyosiy byuro boshlig‘i bo‘ldim, bu yerda GPU tashkil topdi, u yerda men Farg‘ona OGPUni Marg‘ilon uyezdi bo‘yicha vakil bo‘ldim. 1923-yil 1-iyunda Farg‘ona obkomi talabi bilan men Andijon uyezdi shahar harbiy revolyutsion komiteti lavozimiga qo‘yildim, bu yerda men 1924-yil 2-yanvarda bo‘lib o‘tgan Butunturkiston sovetlari syezdida Turkiston respublikasi adliya xalq komissari qilib tayinlandim. Milliy chegaralanishdan so‘ng O‘zbekiston revolyutsion komiteti a’zosi va adliya xalq komissari etib tayinlandim.
Butuno‘zbek sovetlarining 1-syezdi qarori bilan sovetlarning markaziy ijroiya komiteti a’zosi bo‘lib saylandim va keyinchalik O‘zbekiston sovetlari MIQ Prezidiumi a’zosi etib tasdiqlandim. Shundan beri O‘zSSR Yustitsiya xalq komissari bo‘lib xizmat qilib kelmoqdaman.
Gʻoziyev. “11-mart” 1925-yil. Toshkent shahri[1]
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Adabiyot
Tarix
Vatandosh
Adabiyot
Tarix
Tarix
Jarayon
Vatandosh
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Din
Til
//
Izoh yo‘q