Odamlarning hammasi yaxshi bo‘lishini xohlayman – Tohir Malikning so‘nggi intervyusi


Saqlash
15:24 / 16.05.2024 1846 0

2019-yil 16-mayda ustoz adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik 73 yoshida (1946-2019) vafot etdi. Adabiyotimizning bo‘g‘inlari bo‘shashdi… To‘g‘ri, ijodkor umri uning necha yil yashagani bilan o‘lchanmaydi. Qoldirgan adabiy merosi, muxlislari qalbida muhrlagan asarlari uni mangulikka daxldor etadi.

 

Tohir Malik vafot etgan kun mahzun bir yo‘qotish og‘rig‘i bilan xotiramda muhrlanib qolgan. Mana, oradan besh yil o‘tib, yonginamizda turgan ulkan ma’naviy qoyani yo‘qotganimizni to‘la his etyapman. Ustoz Tohir Malik nafaqat iste’dodli, ardoqli yozuvchi, balki aksariyat ijodkorlarga nasib etavermaydigan ilm-u urfon sohibi ham edi. Uning “Mehmon tuyg‘ular”dan boshlab to “Odamiylik mulki”gacha bo‘lgan ma’rifiy asarlari bunga misol bo‘la oladi. U kishi islom dini ahkomlarini yaxshi bilardi... Adibning zamonaviy mavzudagi kitoblari bilan bir qatorda ma’rifiy asarlarining qo‘lma-qo‘l o‘qilishi, ma’rifatli oilalarning kitob javonida e’zozlanishining sababi ham shundan edi.

 

Men 2020-yildagi karantin davrida turkiyalik mashhur, asarlari islom olamida sevib o‘qiladigan yozuvchi Ahmad Lutfi Qozonchining Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hayotiga bag‘ishlangan “Saodat asri qissalari” kitobini hamda “O‘gay ona”, “Qaynona”, “So‘nggi to‘fon” romanlarini o‘qib chiqdim va, angladimki, o‘zbek adabiyotida ham Ahmad Lutfi Qozonchi kabi din va axloq, shariat ahkomlari bilimdoni, insonni yuksak kamolotga yetaklovchi asarlar yarata olgan ijodkor bor ekan... U Tohir Malik ekan!

 

Tohir Malik bilan ko‘plab suhbatlar qilgan, uchrashuv va tadbirlarga birga borgan bo‘lsam-da, ustozdan musulmonchilikning asl mazmuni, inson qadr-qimmati, ma’naviyati va axloqi masalalaridagi bilimlaridan kam bahramand bo‘lganimni his etaman. Shu bois adib asarlarini endi o‘zgacha bir dunyoqarash, katta bir armon va ardoq bilan o‘qiyman. O‘qiganim sari Tohir Malik siymosi asrlar osha qadrli bo‘lishini his etaman...

 

 

Tohir Malik bilan birga ishlash nasib qilgan, ko‘plab ijodiy uchrashuvlarda bo‘lganmiz, suhbatlarini olishga harakat qilardim. Vafotidan oldin uyiga borganimda u kishini yo‘qlab kelgan muxlislari davrasida bo‘lgan gurungni diktofonga yozib olgan edim. Mavzuimiz asosan ijod va ijodkorning baxti haqida bo‘lgan edi. Nadomatlar bo‘lsinki, o‘sha suhbat so‘nggi suhbat, diydor esa so‘nggi diydor bo‘lib qoldi… O‘sha suhbatni matn ko‘rinishida taqdim etyapman.

 

***

– Har ijodkorning ma’naviy kamolotida ma’lum bir shaxslar alohida ahamiyat kasb etadi. Ular ko‘ngilparvarlik rutbasida turadi. Ustoz, yozuvchi bo‘lib yetishishingizda tog‘angiz Mirzakalon Ismoiliyning qanchalik o‘rni bo‘lgan? Ilk ustozingiz tog‘angizmi?

 

– Birinchi mashqlarimni tog‘amga ko‘rsatmaganman. U paytda u kishi qamoqda edi. Shu bois ilk mashqlarimni Quddus Muhammadiyga olib borganman. Bolaligim, ijodga kirib kelishim haqida “Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘i” kitobimda batafsil yozganman. Men tog‘am Mirzakalon Ismoiliyning uyida tug‘ilganman. 1946-yilda, urushdan keyin ular Berlinda yashashgan. U vaqtlarda Toshkentda uyimiz yo‘q edi. Hozir yashayotgan uyimizni 1949-yilda qurganmiz. Poydevori ham yo‘q. Ammo chiroyli qilib, oqlab qo‘yibmiz. Yozuvchining uyida tug‘ilganim uchun ham yozuvchi bo‘lganman, shekilli-da.

 

– Qiziq, fantastika, detektiv, an’anaviy realizm, pand-nasihat yo‘nalishida birdek, samarali ijod qilasiz. Buni qanday izohlaysiz?

 

– Odamzodning aqli yetmaydigan bir g‘alati ishlar bo‘ladi. Buni tasodif ham deymiz. Ammo bu tasodif emas. Har bir narsa Alloh belgilagan yo‘lda. Ilk hikoyam 1960-yilda Gulxan jurnalida chiqqan. Mazmuni xotiramdan ko‘tarilgan edi. Yaqinda qiziqib olib ko‘rsam, qarangki, u ham bolalarning ilm olishi to‘g‘risida pand-nasihat ruhidagi kichkina tarbiyaviy hikoya ekan. 13 yoshimda yozgan ekanman.

 

Fantastikaga qiziqishim sababi kichkinaligimdan ko‘p ertak o‘qiganim bo‘lsa kerak. Ammo juda og‘ir sharoitda yozganman. Birinchidan, bizda fantastika yo‘q edi. O‘rganadigan odam ham, o‘rgatadigan odam ham bo‘lmagan. Hammasini o‘zimiz qilishimiz kerak edi. 1963-yilda Toshkent davlat universitetining kechki jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirib, kunduzi qurilishda duradgor, g‘isht teruvchi bo‘lib ishlay boshladim. Ulgurmasdim, ishdan chiqib, etigimning loylarini yuvib-tozalab, o‘qishga ketardim. Chunki uyga kelib ketishga vaqt yetmasdi. Ju­da sodda bo‘lgan ekanmiz-da. Kech soat o‘n ikkilarda o‘qishdan kelardim. Oyim rahmatli kutib o‘tirardi. Ovqatlanib, darrov yotmay deb, allamahalgacha o‘qib yoki yozib o‘tirardim. Talabaligimda birinchi fantastik qissamni yozganman. 1969-yilda. Nashriyotga berish kerak edi. Annotatsiyani rus tilida yozib, xatolarini ko‘rib ber, deb bir rus shoir do‘stimizga bersam, E, bu nima? dedi. Fantastika”, dedim. Chiqmaydi… dedi. Nega chiqmaydi? Bizda fantastika yo‘q, dedi. Endi bo‘ladi-da, dedim. Ko‘rib berdi, keyin topshirdik. Orada harbiy xizmatga ketdim. Xizmatdan kelsam, shukrki, asar Moskvadan tasdiqlanib kelgan ekan. Hojiakbar Shayxovning hikoyalari qo‘shilib, bitta kitob bo‘lib chiqdi. O‘shanda Tohir Malik deb qo‘yishga ham ruxsat berishmagan. Muallif Tohir Hobilov deb yozilgan. O‘sha uchun O‘zbe­kis­ton Milliy ensiklopediyaning fantastika bo‘limida (9-tom, 185-bet) Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotida T.Malikning Hikmat afandining o‘limi, T.Hobilovning Oyga safar, X.To‘xtaboyevning Sariq devni minib, Sariq devning o‘limi, X.Shayxovning Rene jumbog‘i asarlari fantastika janrida yaratilgan, deyilgan. Ke­yingi Falak qissam Tohir Malik nomi bilan chiqqanda, hozirgi O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasida Fantastikada Falak nomli yangi asar chiqdi. Muallif Tohir Malikning yozish uslubi Tohir Hobilovning uslubiga yaqin… deb yozishgan. Maqola muallifini ko‘rib, Tohir Hobilovni taniysizmi? deganimda, Yo‘q, dedi. Hazillashib, Bir kuni tanishtirib qo‘yaman, degandim.

 

Pand-nasihat yo‘nalishi ham bejizga emas. Yoshligimdan odob-axloqqa, tarbiyaga oid narsalarni ko‘p o‘qirdim, yaxshi ko‘rardim. Kerakli fikrlarni yozib olardim. Shular 77 ta daftar bo‘lgandi. Bir vaqti keldiki, o‘sha yozib olingan 77 ta daftarning hosilasi bo‘lib Odamiylik mulki risolamni yaratdim. Maqsad, o‘zimga yoqqan narsalarni alohida daftarga ko‘chirib qo‘yishlarim sababi, yaxshi narsa o‘qisam, buni boshqalar ham bilishini, o‘qishini xohlayman. Ayniqsa, tarbiyaga doir. Odamlarning hammasi yax­shi bo‘lishini xohlayman. Tushunmayman, nega odamzod yomon bo‘lishi kerak? Nega yomonlik qilishi kerak? Odamzod o‘zi ozgina vaqt yashaydi. Umr ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi, deyishadi. Buning tagida ilmiy haqiqat bor. Haqi­qat shuki, Alloh taolo aytadiki: Mening bir kunim sizlarning ming yilingizga teng. Odam o‘rtacha 6080 yil yashaydigan bo‘lsa, buni ming yilga qiyoslasak, ko‘z ochib yumgunchalik vaqt. Shunday ekan, odam yaxshi yashashi kerak-da. Shularni bilsin, deyman.

 

Tarbiyaviy ahamiyatga ega asarlaringiz sizga o‘zgacha hurmat olib keldi. Ular minglab insonlarga saboq bo‘ldi. Buni o‘zingizga ham kelib aytishganmi?

 

Shukrki, bunday yaxshi voqealar juda ko‘p bo‘ladi. Yaqinda bir o‘qituvchi ayol kelib Odamiylik mulki uchun alohida rahmat aytib ketdi. Bu asar menga turmush o‘rtog‘imni qaytarib berdi, dedi. Agar ajrashishayotgan bo‘lsa, kitobning Oila bobini o‘qib, yaxshi bir xulosalarga kelishgan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘­rishgan bo‘lsa kerak-da. Oldinroq ham eshitgandim. Bir ayol Avvalroq bu kitobni o‘qiganimda, erim bilan ajrashmagan bo‘lardim… degan ekan. Yaqinda bir kitob sotuvchi ayol Sizga rahmat, qizimni qaytarib berdingiz, dedi. Sababini so‘rasam, ruscha o‘qiyotgan qizining odobi, yurish-turishi ham o‘zgarib ketayotgan ekan, Shaytanatni o‘qib, yaxshi tomonga o‘zgaribdi. Yaqinda universitetda uchrashuvdan keyin bir talaba qiz kelib, Qaynonam, qaynotam, xo‘jayinim sizga rahmat aytishdi”, dedi. Nega? desam, Kelinlar daftarigani o‘qib, yaxshi tomonga o‘zgargan emishman, deydi. Namangandan aytishdi. Bir sudxo‘r bor ekan. Odamiylik mulkini o‘qigandan keyin nafaqat sudxo‘rligini tashlabdi, balki qarzlaridan ham voz kechib yuboribdi. Bu yozuvchi uchun katta qu­vonch, baxt.

 

Shaytanatning to‘rtinchi kitobini yozish jarayoni juda og‘ir kechgan ekan…

 

Ha, u paytda og‘ir kasal edim. Men doim qo‘lda yozib, mashinkada o‘zim ko‘chirardim. Hozirgacha shunday. Men ko‘chirish jarayonida ko‘p ish qilaman, ko‘p tahrir qilaman, tuzataman. Yozishimdan ko‘­ra, ko‘chirishim ko‘p vaqt oladi. To‘rtinchi kitobni yozayotganimda Sharqdagilar Tez bo‘ling, tez bo‘ling, yil oxirigacha chiqaraylik”, deydi. Kasalman. Bu yoqda, do‘xtirlar Tez bo‘ling. Tez operatsiya qilmasak ketib qolasiz… deydi. Shoshmay turinglar, ozgina qoldi, deyman. Bir kunda bir bet yozsam, nashriyotdagilar bir betni olib ketishadi, ikki bet yozsam, ikki betni olib ketishadi. Mashinkada ko‘chirishdan qo‘llarim ishlamay qoldi. Bir amallab tugatib berganman. Deylik, 10 dekabrlarda yozib tugatgan bo‘l­sam, 20 dekabrlarda kitob chiqdi. Nashriyotdagilar ham peshma-pesh tayyorlashgan. Keyin operatsiyaga ketganman.

 

Qaysi asarlaringizning chop etilish jarayoni og‘ir kechgan?

 

Ilgari senzura ko‘p qiynardi. Falakda diniy oyat va kalimalar bor. O‘zbekchasini ishlatganman. Erkin Vohidov Yosh gvardiyada ishlardi. Kitob bo‘layotganda Tohir, shu oyat va kalimalarning arabchasini ham bersangiz-chi… dedi. Arabchasini ham qo‘shdim, ammo senzuradan o‘tmadi. Somon yo‘li elchilarida bugungi Orol fojialarining hammasini Unet degan sayyora misolida berganman. Uni 1970-yilda yozganman. Bizda o‘tdi, ammo Moskvada sezib qolishdi… “У нет” aslida unaqa sayyora yo‘q, hammasi Orol haqida ekanligini tushunib qo­lishdi. Keyin asarni Devona deb nomladik. Bu asar bo‘yicha ko‘p savol-javob qilishgan. Meni anuv idora ko‘p chaqirardi. Idoraga kirayotib, qaytib chiqamanmi, yo‘qmi, bilmasdim. Mening ham peshanamda tog‘amning qismati bor ekan-da… derdim. Uydagilarga ayt­masdim. Bular haqida Po‘rtanali ummonda suzar hayot qayig‘ida yozganman. Uni o‘qib, uydagilar endi bilishdi, Shunaqa ishlar ham bo‘lgan ekan-da, deyishdi… Shukrki, hammasi yaxshilikka bo‘l­di. Hammasi o‘tib ketdi. Mustaqillikdan keyin hammasini tikladim, hammasi nashr etildi. Muxlislarning, kitobsevarlarning boriga shukr.

 

Ayni kunlarda qanday asar ustida ishlayapsiz?

 

Tarbiyaga doir asarlar siklini Teng tengi bilan baxtlidir va Quyoshingiz botmasin bilan tugatgan edim. Anchadan beri bir tarixiy roman g‘oyasi bilan yashayotgandim. Hozir shuni boshladim…

 

(O‘sha kuni Tohir Malik Yozuvchiga aytib bo‘ladimi? deb hazillashib, tarixiy asari mavzusini aytmagan edi. Balki bu o‘sha paytda bir qismi Bekajon” gazetasida chop etilgan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga bag‘ishlagan To‘zon asari bo‘lsa, ne ajab?).

 

Xoliyor SAFAROV,

 O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23702
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//