Turkistonni zabt etilishida ishtirok etgan chor askar va zobitlarining mashʼum xunrezliklari, razilliklari tarixga qonli sahifalar bilan yozilgan. Xiva xonligi, Qoʻqon xonligi va Buxoro amirligini bosib olishda qatnashgan harbiylar avliyo Georgiy nishoni, shuningdek, maxsus – “Qoʻqon xonligini zabt etgani uchun”, “Markaziy Osiyoga yurishi uchun”, “Xiva xonligiga yurishi uchun” kabi medallar bilan mukofotlangan. Haqiqat shuki, nishon va uni bezab turgan “Georgiy tasmasi” mardlik va jasorat uchun emas, aksincha, bosqinchilik, qishloq va shaharlarning kulini koʻkka sovurish, tinch yurtni vayronaga aylantirishning mukofoti sifatida mustabid chor Rossiyasi harbiylariga berilgan.
Shunday harbiylardan biri, oʻrta Osiyo xalqlarini oʻta yomon koʻrgan, yarim poshsho laqabini olgan Turkiston general gubernatori, qonxoʻr general adyutant fon Kaufman hisoblanadi. 1868-yili uning boshchiligidagi armiya Samarqandni zabt etib, Zirabuloqda amir Muzaffar qoʻshinlarini magʻlubiyatga uchratadi. Urush avj pallasiga kirganda Shahrisabz va Kitob beklari hamda shahar atrofida yashovchi el-elatlar birlashib, ruslar egallagan Samarqandni qamal qilishadi. Natijada qalʼadagi 500 ga yaqin rus askari nihoyatda tang ahvolda qoladi. Vaziyatdan xabar topgan Kaufman tezda orqaga qaytib, isyonni shafqatsizlarcha bostiradi. Uning tinch aholini qirish, talash va muazzam shaharni kultepaga aylantirish haqidagi buyrugʻi rassom V.Vereshchaginning “Xotiralar” kitobida shunday bitiladi: …Kaufman zoti oliylari bu ipirisqilarga qatʼiyat qanaqa boʻlishini koʻrsatish maqsadida butun shaharni jazolash, hech kimga shafqat qilmaslik haqida buyruq berdi. Jazo otryadi hech kimni ayab oʻtirmadi. Mayor Nazarov sakkiz kunlik qarshilik va yetkazilgan zarar uchun yovvoyi shaharliklardan ayovsiz oʻch oldi. Ular orasida Sherdor madrasasi minoralaridan chiqib, askarlarimizni oʻqqa tutgan ifloslar ham bor edi. Bu laʼnatilar shunaqa mergan ekanki, qancha mard yigitlarimizni halok qilishdi.
Nihoyat shahar ahlidan boplab oʻch olgan Kaufman janoblari qoʻrgʻonimizga tashrif buyurdi. Zobitlar qurshovidagi muhtaram Konstantin Petrovich papiros chekkancha shohona kursida savlat toʻkib oʻtirar va beparvolik bilan bir gapni qaytarardi: “Bularni otish kerak, otish kerak, otish kerak!..”
Xiva yurishida Kaufmanga hamroh boʻlgan amerikalik jurnalist Mak Gaxan esa xotiralarida chor askarlarining Xiva tuprogʻidagi vahshiylik va bedodliklarini quyidagicha tasvirlaydi: “Jangchilar qoʻllarida yonib turgan kaltaklari bilan chuqur va devorlardan xuddi iblis kabi sakrab oʻtib, ortidan olov va tutunni qoldirardi. Ular bemalol uylarga yaqinlashib somon boʻgʻotlarga va bugʻdoy gʻaramlariga olovni irgʻitishardi. Hayal oʻtmay olov toʻlqini va osmonga koʻtarilgan qop-qora tutun askar oʻz ishini qoyilmaqom uddalaganini tasdiqlardi.”
“Butun mamlakat olov ichida yonardi. Ayanchli bu manzara – mushfiq mamlakat va uning sodda fuqarolari bilan yovuzlarcha hisob-kitob qilayotgan urushning vahshatli tomoshasi edi”, deya soʻzida davom etadi muallif. – Men atrofga qarash uchun bir daqiqa toʻxtadim. Mana, boshidan oʻq yegan turkman qumda yotibdi: undan sal narida yuzini qilich tilib ketgan kazak jon talvasasida. 3-4 bolani toʻsib olgan ikki ayol qumga oʻtirgancha kazaklardan shafqat soʻrab yolvormoqda. Men ayollarni tinchlantirish uchun “omon, omon”, deya baqiraman.
Fon Kaufman askarlarining yovmutlar boshiga keltirgan shoʻrishlari tarixchi Muhammad Yusuf Bayoniy tasvirida yanada fojiali tus oladi:
“Galavachof yovmutlarning taʼqiblari uchun qazoq otlilarining oralaridin yetti boʻlak otlini intixob etib (ajratib), Prins(shahzoda) Yujin otligʻ bir zobitni olargʻa sarkarda qilib irsol etdi. Bular bir mil yoʻl yurub, bir jamoat yovmutlarning izlaridin yettilarkim, baʼzilari qarriliq jihatidin, baʼzilari bemorliq sababidin va baʼzilari ayolu atfol(goʻdak)larigʻa hamrohlik etib oʻgʻlonlarin orqalarigʻa koʻtarmak bila horib sust boʻlub, aftonu xezon borur erdilar. Qazoq otlilar olarni koʻrgan hamono ot solib borib hammalarini qatl ettilar. Ondin oʻtub yana bir jamoa yovmutlarning izlaridin yetdilarkim, ularning koʻzlarigʻa dunyovu jahon qorongʻu boʻlub, Rusiya askariga aqsum(qasdma-qasd) boʻldilar. Baʼzi xotunlarning ham chap qoʻlida bolasi va oʻng qoʻlida tigʻ bila Rusiya otlilarigʻa hamla qilur erdilar. Bir miqdor urush boʻlgʻondin soʻng, Rusiya askari gʻolib kelib, olarning ham hammalarin tigʻu toʻfang bilan qirib tamom etdilar”.
General Kaufman Samarqand aholisini yoppasiga qirgani uchun 3-darajali avliyo Georgiy va “Oq burgut” nishonlari bilan, 1873-yili Xivani vayron etganida 2-darajali avliyo Georgiy nishoni hamda “Xiva bosib olingani uchun” medali, 1876-yil esa Qoʻqon xonligi bosib olingani uchun” medali bilan taqdirlanadi.
Turkistonni bosib olishda “jonbozlik” koʻrsatganlardan yana biri general Gerasim Kolpakovskiy hisoblanadi. 1860-yilda uning boshchiligidagi ming kishilik kazaklardan iborat maxsus otryad 16 ming kishilik Qoʻqon xoni qoʻshinlari bilan toʻqnashadi. Uch kunlik ayovsiz janglardan keyin, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarogʻlar bilan qurollangan rus qoʻshinlari xonlik armiyasini chekinishga majbur etadi. Qoʻqonliklar tarafida jang qilgan qozoqlardan tuzilgan otliq qoʻshinning chalgʻituvchi hiylasi turkistonliklarni butunlay magʻlub boʻlishdan asrab qoladi. Mana shu jang uchun Gerasim Kolpakovskiy polkovnik unvoniga hamda 4-darajali avliyo Georgiy nishoniga sazovor boʻladi.
Shundan soʻng Kolpakovskiy 1862-yili Chu vodiysi hududiga yoʻl olgan maxsus qoʻshinga ham boshchilik qiladi va Toʻqmoq shahrini egallaydi. Oʻn kunlik qamaldan soʻng Pishpek(hozirgi Qirgʻiziston poytaxti) qalʼasini vayron qiladi. 1871-yilda esa allaqachon general unvonini olgan Kolpakovskiy Gʻulja(Xitoy) yurishiga qoʻmondon etib tayinlanadi. Yurish davomida Ili oʻlkasining 23 ming kvadrat kilometr maydoni Rossiya imperiyasi tasarrufiga oʻtkazilgani evaziga u endi 3-darajali avliyo Georgiy nishoni bilan siylanadi.
Kolpakovskiy 1875-76-yillardagi Qoʻqon urushida jazo otryadiga qoʻmondonlik qilgan. Bu vaqtda xonlikda vaziyat ogʻirlashgan, bosqinlar, Poʻlatxon boshchiligida xalq qoʻzgʻolonlaridan soʻng elning tinka madori qurigandi. Hayot tamomila izdan chiqib, qaygʻu-alam koʻzyoshlari va qonlar daryoday oqardi. Shunday vaziyatda vaqtincha Peterburgda boʻlib turgan general gubernator Kaufmandan Qoʻqon xonligini imperiya tarkibiga qoʻshib olish toʻgʻrisidagi shoshilinchnoma (telegramma) keladi. Shundan soʻng Xoʻjand, Andijon va Toshkentdan kelgan harbiy qismlar Namanganda, Skobelevning qoʻl ostida birlashib, Qoʻqonga yurish qiladi va 8-fevralda xon oʻrdasini egallashadi. Sobiq xon Said Nasriddinxon va Abdurahmon oftobachi Toshkentga, keyin nafaqa tayinlanib, Rossiyaga surgun qilinadi. 1-mart kuni Margʻilonda Poʻlatxon dorga osiladi. Alqissa, shu tariqa 150 yildan ziyod tarixga ega Qoʻqon xonligi tugatilib, oʻrnida Fargʻona viloyati tuziladi.
Tabiiyki, 1917-yildan keyin avliyo Georgiy nishoni va tasmasi tarix chiqindixonasiga itqitildi va koʻp yillar davomida unutildi. Ammo SSSR tarqalib ketgandan soʻng, aniqrogʻi, 2005-yildan buyon chor Rossiyasi mafkurasi ramzi boʻlgan Georgiy tasmasi Rossiya imperiyasining oʻtgan asrlardagi zafarli bosqinchilik yurishlarini qoʻmsab, qayta tiklandi. Rangli bogʻich endilikda Rossiya Federatsiyasida Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabani ifodalovchi ramziy belgi sifatida eʼtirof etilib, milliy qadriyatlarga koʻra taʼsis etilgan davlat belgisi hisoblanadi.
Milliy qadriyatlari, siyosati va mafkurasidan kelib chiqqan holda joriy qilgan turli mukofot va davlat ramzlarini har bir davlat oʻz hududi, oʻz xalqi orasida targʻib qilishiga aslo eʼtirozimiz yoʻq. Ammo “Georgiy tasmasi”ni boshqa bir mamlakat xalqi, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi uchun tiqishtirishning sababi nimada? Bu, albatta, eng sodda kimsaga ham tushunarli, yaʼni imperiyaparastlarтштп qutqusi. Ha, bugun sobiq imperiyani qoʻmsovchilar turli shakllarda oʻzlarning gʻoyalarini targʻib etishmoqda. Ammo anoyilar yoʻq, Georgiy tasmasini taqish MDH hududlarida ham taqiqlanmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda milliy ruhdagi Sharaf tasmasi joriy etilib, bayram arafasida aholi gavjum joylarda, koʻchalar, maydonlarda tarqatilayotgani ayni muddao boʻldi. Bayrogʻimiz tasviri aks etgan tasma aholi, ayniqsa, yoshlarimizda milliy gʻururni uygʻotishiga shubha yoʻq.
Abdumajid AZIMOV,
Oyina.uz
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q