Qismat qarshisida tik Ayol


Saqlash
15:38 / 15.11.2021 1848 0

 

...Gulchambarlar qo‘ying Vaqtga,

Shu mangu olovda biz yonib ketdik...

Andrey Voznesenskiy 

Nazarimda, buyuk Leonardo da Vinchi o‘zining dohiyona asari «Mona Liza tabassumi»ga hayotning asl qiyofasini singdirgan. Bir qarasang, tabassum – baxt – ishonch, yana bir qarasang, o‘kinch – kemtiklik – istehzo... Biroq ayolga viqor baxsh etib turgan sir – uning tabassumi ortidan sizib chiqayotgan ma’yus nur. Asarning butun tilsimi ana shunda… Betakror san’atkor Rimma Ahmedova ham nafaqat kamyob iste’dodi, balki cho‘ng muhabbati va qalb azoblarini-da odamlar qalbiga muhrlab ketdi.

 

 

Rimma Ahmedova 1942-yil 4-avgustda Toshkentda tug‘ilgan. 1962-yili Toshkent teatr va rassomlik san’ati (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at) institutini tugatgach, yo‘llanma bilan Hamza nomidagi O‘zbek davlat (hozirgi Milliy) akademik drama teatriga ishga kelgan. Dublyajdagi faoliyatini ham 1962-yili boshlagan. «Urush va tinchlik» (Natasha Rostova), «Maugli» (qoplon Bagira), «Sangam» (Radha), «If qal’asining mahbusi» (Mersedes), «Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi» (aktrisa Nina), «Qaynona» (Ofat), «Inson qalbi haqida qissa» (shoira ayol), «Ishdagi ishq» (Olga Rijova), «Sadoqat» (Bandana) kabi filmlardagi ishlar aktyorlik san’atiga xos «amplua» tushunchasi uning ijodiga mutlaqo yot ekanini ko‘rsatadi. Aktrisa «Oy borib, omon qayt», «Dallol», «Yuzsiz», «Sho‘rpeshonalar», «O‘g‘ri ham odam», «Bomba», «Tushlar sotuvchisi» kabi badiiy filmlarda katta-kichik rollarni o‘ynagan. 1987-yildan 1992-yilgacha Abror Hidoyatov nomidagi (hozirgi O‘zbek davlat) drama teatrida ishladi. Uning san’atdagi faoliyati kutilmagan dard tufayli 1997-yilning may oyida to‘xtagan. 2006-yilning 13-noyabrida vafot etdi.

 

 

Dilorom Karimova,

aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

– Rimma opa dunyoga kelganida otasi Ashur aka frontda bo‘lgan. Ehtimol, u o‘shandayoq o‘qqa uchib hayotdan ko‘z yumgandir... Anor xola o‘g‘lini juda uzoq kutgan. Oradan o‘n bir yil o‘tgach, kelini Aleksandraga: «Qizim, yoshsan, endi o‘g‘lim kelmasa kerak, men roziman», deb ruxsat beradi. Irisoy (oiladagi ismi) buvining qo‘lida qoladi.

 

Rimma Ahmedova xotiralaridan:

«Kinoteatrga faqat urush haqidagi kinolarni ko‘rish uchun borardim. Ekrandan otamni, suratdagi otamga o‘xshash odamni izlardim... Mening bu odatimga buvim ham ishonib, umid bilan og‘zimga tikilardilar. Hatto bir necha marta xatlar ham yozganman. Kutaman, kutaman... hech qanaqa javob bo‘lmasdi. Har gal o‘zimcha po‘pisa qilib: «Dada, bu oxirgisi...» deb yakunlardim xatni. Keyin, hayron qolardim, qo‘shnilar meni ko‘rdi deguncha «Ashurning qizimisan?» deb yig‘lab, yuz-ko‘zlarimdan o‘pib, qo‘limga qurtmi, qandmi berishardi. «Nega bunaqa qilishadi?» deb onamdan so‘raganimda aytgan edi: «Dadang yuk mashinasi haydardi. Qo‘shnilar uchun tekinga o‘tin-ko‘mir olib kelib tashlardi. Urush boshlangan. Odamlar tushkun kayfiyatda. Biroz bo‘lsa ham ko‘ngillarni ko‘tarish uchun qo‘shnilarni uyga chaqirardi-da, dutor chertib qo‘shiq aytardi». Dadam urushga ham ko‘ngillilar safida jo‘nagan ekanlar. Yana xafa bo‘lganman, demak, bizni o‘z ixtiyorlari bilan tashlab ketgan ekanlar-da, deb.

Onamni ko‘rgim kelardi, borsam-u, bag‘rida bir necha kun yotib kelsam. Lekin oyi(buvi)m yolg‘iz o‘zimni hech qo‘ymasdilar. Birga borib, yana birga qaytardik. «O‘gay ota qovog‘ini uyib, bolamning dilini og‘ritmasin», degan o‘y bilan meni ayaganlar. Bir kun dona-dona qilib tushuntirdilar ham: «Iris, chirog‘im, onangni endi o‘z hayoti, oilasi, bolalari bor. U qancha tinch yashasa, sen bilan menga shuncha yaxshi. Hadeb boraverib, xalal berma». Shundan keyin tinchib qoldim. Lekin onam ham ko‘p yashamadi. Yigirma yoshimda avval buvim, yigirma kundan keyin – 16 yanvarda onam vafot etdi. O‘g‘lim shu sanada tug‘iladi, deb hech o‘ylamagandim. Moskvaga ketish oldidan Bahodir do‘xtirlarning taxminini aytganida, «Xavotir olmang, ko‘zim bu kunda yorishi mumkin emas!» deganman. Truppa 1979-yil yanvar oyi o‘rtalarida «Ro‘yxatlarda yo‘q» spektakli bilan Moskvaga ketgandi. Uchinchi kun ularni kutib olgani aeroportga chiqqan Mirg‘iyos akam (M.Mirsoatov – I.Q.) «Bahodir, suyunchi ber, o‘g‘il ko‘rding. To‘rt kilo!» degan quvonib. O‘shanda derazadan qarasam, Bahodirning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi.

Mana, yigirma besh yildirki, bu sanani xotira kuni sifatidagina emas, hayotimning quvonchli ayyomi deb ham nishonlab kelyapman (suhbatimiz 2004-yili bo‘lib o‘tgan – I.Q.). Onam vafot etganida, cherkovdagi marosimga kira olmaganman. «Onang bo‘ladi-ku!» deb aytishgan... Lekin ichimdagi nimadir cherkov ostonasiga qadam bosishimga keskin qarshilik qilgan... Onamning xotirasi meni kechirsin-u, kasal bo‘lganimda, tushkunlikka berilganimda tushlarimga buvim kiradilar... Jovdirab turgan ko‘m-ko‘k ko‘zlarini mendan hech uzolmayotgandek…»

 

Dilorom Karimova:

– Shunday damlar bo‘lgan ekanki, Rimma opa talabaligida Anor xola boshiga oq doka ro‘molni tashlagancha institutga yo‘l olarkan. «Iris, nima qilyapti?» deb auditoriya derazasidan mo‘ralarkan. Yoshlik-da, Rimma opa «doka ro‘mol yopingan» buvining bu ishidan uyaladi: «Voy, oyi, nimaga kelasiz? Uyga boring, axir, men shu yerdaman». Sho‘rlik kampir: «Mayli, mayli, bolam, endi shu… bir ko‘rib ketay deb keldim-da», deya bukchaygancha yana iziga qaytarkan...

Rimma opa doim nega buvimni koyiganman, nega uning mehri menga malol kelgan, deb kuyunardi. Ayniqsa, kasallik iskanjasida yurgan kezlari buvining muhabbati juda ham notinch qilardi. Bu mehrga vaqtida javob berolmagani uchun o‘zini aybdor sezardi.

U dunyoga hassos qalb bilan boqardi. Ovoz esa mana shu shoirona qalbdan sado berib turardi. Baxtli damlari bo‘ldi, tashvishlari ham yetarlicha edi, aldanishlarni ko‘rdi... Uzoq yil dard chekdi. Teatrni sevardi, lekin u ham og‘rig‘iga aylandi. Bertold Brextning «Mamasha Kuraj» asari bilan Alexandro Kasonaning «Daraxtlar tik turib jon beradi» pyesasi uning dardi bo‘lib qoldi. O‘tirib-o‘tirib aytardi: «Dilorom, umrim shunaqa yakunlanadi, deb sira o‘ylamasdim-a... Nahotki, shu men bo‘lsam!» Aqliga hech sig‘dira olmasdi... Bilasizmi, og‘ir paytlarda ham qalb o‘zgarmadi. Ko‘pincha mana shunday vaqtlarda ichki olamda evrilish yuz beradi. Odam alamzada bo‘lib ketadi. Nigoh esa qahrlanadi, qattiq toshga aylanadi... Rimma opa, aksincha, faylasuf bo‘lib qoldi. Unga ayovsiz munosabatda bo‘lgan hayotdan minnatdor xayrlashdi. O‘ziga g‘am keltirgan odamlarni kechirdi. Qizig‘i, mana shu qalbni odamlar sezarkan, u hayotligidayoq sog‘inchga aylangandi... San’atda esa hech kim egallashi mumkin bo‘lmagan o‘rniga ega edi.

Faqat meni emas, u bilan suhbatdosh bo‘lishni, gaplashgisi kelgan hamma odamlarni qabul qilardi. Yurak-yuragidan sizib chiqadigan ovoz bilan maslahat berib, dardkashingga aylanardi. Men ham shunday baxtga muyassar bo‘lganlardan biriman. Suhbatlashdim, dardlashdim, o‘zgardim... Kechirimli bo‘lishni o‘rgandim. Uning davrasida «Falonchi unday qilibdi, pistonchi esa bunday debdi...» qabilidagi mahallaning «chordona» gaplaridan bo‘lmasdi. Butkul boshqa bir muhitga tushib qolarding. Faqat ko‘rgan ajoyib film yo spektakl, o‘qigan kitoblarimiz va eshitgan qo‘shiqlarimizning taassurotlarini bo‘lishardik.

Ko‘pchilik aktyorlar, jumladan, Shukur Burhonov ham salbiy rol o‘ynashni xohlamasdi. Negaki, bunda tomoshabinning aktyorga nisbatan munosabati o‘zgarishi mumkin. Biroq Rimma opa o‘ynardi. Yomon odam qiyofasiga shu qadar nozik yondashardiki, tomoshabinda o‘sha qahramonga nisbatan salbiy fikr uyg‘onmasdi. Chunki u har qanday tubanlik ichidan ham insoniy dardni ilg‘ardi. Jumladan, Xonzoda («Boy ila xizmatchi»), Mastura satang («Paranji sirlari»), ichuvchi ayol («Aldagani xotin yaxshi») kabi qahramonlarning ichki dramasini ko‘rsatib, bu ayollarni shu ko‘yga keltirgan jarayonni chiqarib bergan.

Eslasangiz, Hans Xristian Andersenning bir ertagi bor. O‘gay ona qizning ko‘ksiga jodulangan qurbaqani qo‘yadi, shunday jirkanch ahvolga kelsin deb. Lekin qizning tiynati shu qadar toza, chiroyliki, undan chiqayotgan nurdan qurbaqa atirgulga aylanib qoladi... Har qanday holatda ham, qanaqangi rol ijro etishi yoki goh-gohida og‘zidan jargon so‘zu askiyanamo latifa chiqib ketgudek bo‘lsa ham, hech xunuk, yalang‘och jumlaga aylanmasdi. «Aldagani xotin yaxshi»dagi qahramoni – taqdiri izdan chiqqan suyuqoyoq. Dublyorining ijrosi tomoshabinni ijirg‘antirardi, chunki g‘irt o‘shanaqa xotinning qiyofasi chiqqan. Lekin Rimma Ahmedova tamomila boshqacha rakursda o‘ynadi, shu qadar sho‘x-sha’n, kulgili bir timsol yaratdi. Zal aktrisaning dastlabki replikalariniyoq juda katta olqish, kulgu bilan qabul qilardi. Ko‘ylagining yoqasi qiyshaygan, lablar qip-qizil, do‘mboq, shiringina sarxush ayol...

 

Rimma Ahmedova xotiralaridan:

«Garchi tomoshabinlar kulib qarshilasa-da, o‘zimning o‘zimga – qahramonimga xo‘rligim keladigan bir joyi bor edi. Men «aldangan ayol»ning eriga – Yodgorga tikilib turaman-da, «Bitta o‘pay!» deyman. Bu holat yuzaki qaraganda davr-u davroni o‘tib qolgan fohishaning odatdagi bir qilig‘i bo‘lib tuyuladi. Lekin aslida-chi? Bilasizmi, mening qahramonim bu oila timsolida hech qachon o‘zida bo‘lmagan baxtni – tozalikni ko‘radi. O‘zining o‘tmishi abgor, buguni esa qizi «ishlab» topgan pul evaziga ichish bilan o‘tyapti. Bu o‘pich «ichilib ketgan» umr uchun bir afsus, yashalmay qolgan hayot qarshisidagi bir tazarru, o‘zining naqadar baxtsizligi anglangan lahza. Qolaversa, ayol hissiyotlarining birdan-bir eng sof ifodasi edi. Doimo orzu qilardim: tomoshabin og‘zimdan chiqayotgan so‘zni emas (chunki u dramaturgniki), mana shu so‘z ortidagi mening yuragimni tinglasa, ayni chog‘da o‘zimdan qanaqa hissiyotlarni, o‘ylarni kechiryapman – shuni tushunsa...» (Dastlab O‘zbek davlat drama teatrida sahnalashtirilgan bu asar keyinroq Milliy teatrda ham qo‘yiladi va aynan o‘sha rol uchun aktrisani taklif qilishadi. U rad etadi. Spektaklning «ikkinchi umr»ini «Poryadochniy odamning ishi emas!» deya baholaydi. «Chunki u birinchi talqinning aynan o‘zginasi, rejissyorning hech qanaqa nuqtayi nazari yo‘q edi. Afishaga katta-katta qilib: «Postanovkachi rejissyor – Falonchi Falonchiev» deb yozish uyat! Hech qursa, Abror Hidoyatov nomidagi teatrda sahnalashtirgan moskvalik rejissyorning nomini ham yozib qo‘yishi kerak edi... Ijodiy hamkorlari – do‘stlarining g‘oyalarini, topilmalarini suiiste’mol qildi», deb hamkasbidan ranjigandi – I.Q.).

 

Dilorom Karimova:

– Mastura qanchadan-qancha qizlarni juvonmarg qilib yuborgan obraz. Bu rolni o‘zbek sahnasiga Lutfixonim Sarimsoqova, Maryam Yoqubova kabi zabardast aktrisalar chapani, shaddod, haqiqiy satang ayol sifatida chiqarishgan. Rimma Ahmedova o‘sha salbiy qahramonni intellektual-psixologik obrazga aylantirib, bir pog‘ona yuqoriga ko‘tardi. Har bir pauzaning yuki so‘zdan kam emasdi. Umri o‘yinqaroqlik bilan o‘tayotgan, qo‘shmachilik qilib pul topayotgan ayolning ichki dunyosi shu qadar fojialiki, buni faqat Rimma Ahmedova ijrosida ko‘rish mumkin edi. Undagi borliq «qurbaqani ham gulga aylantira olardi»... Chunki har qanday salbiy qahramon yo yumorga, yo tragediyaga yaqin dramaga aylanardi...

Bu ayolning ma’yus nigohida o‘zini qurbon qilish darajasidagi muhabbatni ko‘rarding. Muhabbat va ma’yuslik ovozga ham sizib chiqqandi. Qiyofasi ham, shaxsiyati ham buyuk rassom Rafayel Santining insonga cheksiz muhabbat ruhi bilan sug‘orilgan «Sikstin Madonnasi»ni eslatardi... Ona bolasini qurbonlikka olib kelyapti, oldinda nimalar kutayotganini bila turib, jigarbandining qo‘lida avaylab ushlagancha QISMAT qo‘liga topshiryapti... Muhabbati fojiali tugashini bilgan odamning ko‘zlari. Har qancha xushchaqchaq bo‘lmasin, ko‘zlar ma’yusligicha qolaverardi. Tuyg‘ulari ko‘zida jamlangan bunaqa odamni juda kam ko‘rganman.

Eslayman, o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshlari... Muhabbatga g‘arq bo‘lgan nigohlar atrofni mutlaq ko‘rmas, shivir-shivirlarni nazariga ilmas edi. Ishonasizmi, men bu ko‘zlarda hech qachon hirs ko‘rmaganman, hatto muhabbat eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan damlarda ham. Har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi-da, o‘shanda kimlardir aniq bir manfaat – rol uchun rejissyorga intilish deb tushundi, yana kimlardir butkul boshqacha aybni to‘nkadi. Yolg‘izlanib qolgandi. Ko‘zlari faqat Bahodirga tikilgan edi... Mening ko‘zlarim esa Rimma opaga... Ahyon-ahyonda chimirilgan qoshlarga ham qarab qo‘yaman...

«U o‘zi uchun yashashga ulgurmadi, erta ketdi» kabi gap-so‘zlar quloqqa chalinadi. Bekor gap! Agar u sakson-to‘qsonga kirganida ham, hech narsa o‘zgarmasdi. Rimma Ahmedova boshqalarning baxti uchun tug‘ilgan edi. Aksar hollarda eri rejissyor bo‘lgan aktrisalar teatr repertuarini o‘zining siyosatiga bo‘ysundiradi. Kinoda ham Julyetta Madzini yoki Inna Churikova kabi aktrisalarning muvaffaqiyatini Federiko Fellini va Gleb Panfilovsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Biroq Rimma opa hech qachon «rejissyorning xotini» maqomini egallamagan. U uchun birinchi o‘rinda Bahodirning manfaatlari turardi. Jarayonlardan o‘zini chetga olardi. Truppada faqat onalik rolini o‘ynardi. Aktyorlar dardini, sirini Rimma opaga yorardi. Otani chalg‘itmaslik, uni ayash uchun «bola»larining mayda-chuyda gaplarini yetkazmas, o‘z navbatida, ularning ham ko‘nglini o‘ksitmay, silab-siypalab yarasiga malham izlardi. Haqiqiy Tereza ona edi. Teatr tarixida bunaqasi kam. Albatta, bu «rol» uni ruhan toliqtirardi... Jamoadagi muvozanatni ushlab turishda opaning avtoriteti ham katta rol o‘ynardi. So‘zi o‘ziga mos tushadigan yaxlit odam edi, notasi tugal musiqiy asarni eslatardi u.

Umrining so‘nggi yili... Og‘ir betob. O‘zini biroz yaxshi sezdi deguncha, farzandlarimni bezovta qilmay deb, ism-familiyasi, uy manzili, telefon raqami yozilgan qog‘ozchani yengiga qistirib, hech kimga bildirmay bozorga chiqib ketardi... Bolalar uyg‘onganda hamma narsa tayyor turardi.

 

Jahongir Qosimov,

rejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

– Ilk ishim «Oltin va muhabbat» (O.Genri hikoyasi asosida, 1987-yil) telenovellasida Rimma Ahmedova zodagon ayol rolini o‘ynagan. Yo‘q, u shunchaki o‘ynamasdi, obrazni his etardi. Holatdan holatga o‘tish jarayoni nihoyatda tabiiy kechardi. Aslida ham, zodagonlik, oqsuyaklik Rimma opaning tabiatida bor edi. Har narsani o‘ziga ep ko‘ravermasdi. Mana shu ichki aslzodalik qiyofasida ham aks etgandi. Eng muhimi, aktrisa rejissyor kimligini, rejissura nimaligini juda teran tushunardi. Shu bois keyingi ishim «Sho‘rpeshonalar» qisqa metrajli filmida ham hech qiynalmadik. Qaytanga, yosh aktyorlarning tilini topishimda menga ko‘maklashardi. Biror maslahat bermoqchi bo‘lsa, «Jahongir, bunaqa emas...» deya atrofdagilarga ovoza qilmay, o‘zimga sekingina shivirlab aytardi...

Negadir kinoda kam o‘ynadi. Lekin teatrdagi ijodidan kelib chiqib ishonch bilan aytamanki, uni hech bir aktrisa bilan solishtirib bo‘lmaydi. U bitta edi. Nafaqat ovoz, balki harakat, mimika, nigoh bilan butun holatni ifodalab bera olardi. Ichki imkoniyatlarining toshi og‘ir edi. Bahodir Yo‘ldoshev repetitsiyalarini kuzatib yurgan damlarimda Rimma opaga nafaqat aktrisa, inson sifatida ham hurmatim oshgan. Juda irodali edi: o‘rinli-o‘rinsiz tanbehlar eshitsa, yuziga sezilar-sezilmas qizillik yugurgandek bo‘lardi-yu, hech qanaqa reaksiya ko‘rsatmasdi. Erkaklarni ham dog‘da qoldiradigan darajada kuchli xarakterli, qat’iyatli edi. O‘ynamayman, qilmayman, dedimi, ikkinchi marta urinish befoyda. Bir fikrga kelgandan keyin ortga qaytarib bo‘lmasdi... Undan mujmal gap chiqmasdi.

Bir kun kelib, sahnaga qo‘yarman degan umidda «Daraxtlar tik turib jon beradi» asarini tishining kavagida asrab yurgan ekan. Taqdir qarshisida tik turgan Ayolning dramasini sezib, dramaturgiyani to‘liq idrok qilganiga qoyil qolaman. Keyinchalik betoblik paytlari: «Men endi sahnaga qaytolmasam kerak, shuni qo‘yinglar...» deya asarni Yayra Abdullayevaga bergan ekan. Taqdimotga kelganda yig‘lab-yig‘lab ketgan...

 

2006-yil. Xazonrezgi faslning g‘ira-shira tongi. Chig‘atoy qabristoni. Ona zamin yana bir farzandiga homilador... Volida xoki ziyorat etilgach, farzandlar otalari Bahodir Yo‘ldoshevning ortidan ergashdi. U chuqur o‘yga cho‘mgan ko‘yi Saida Zunnunovaning qabr toshidagi bitikni o‘qirdi:

 

Odamlar, qadrlang bir-biringizni,

Gul ham, muhabbat ham tirikka kerak...

 

Iqbol QO‘SHSHAYEVA

 

JannatMakon jurnali, 2011-yil 5-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 286
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22617
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//