Gilam toʻqishni, oʻtin yorishni yaxshi koʻradigan 106 yoshlik Oygul momo


Saqlash
18:05 / 10.05.2024 441 0

Oʻzbekistonda 100 yoshdan oshgan fuqarolar yashaydigan hududlar boʻyicha Qashqadaryo viloyati yetakchi hisoblanadi. Bugun sizga hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz ham Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi olis Xitoy qishlogʻida yashaydi. 

 

“15 yoshimda turmushga uzatishgan. Birinchi oilamdan farzandim tugʻiliboq oʻlgandi. Shundan keyin boshqa bola koʻrmadik va ajrashdik. Ikkinchi roʻzgʻorimga 6 ta farzandga ona boʻlib turmushga chiqdim. Oʻshanda bolalarning toʻngʻichi 15 yosh, kichigi esa 3 oylik edi. Ularni katta qilish, oq yuvib, oq tarashning oʻzi boʻlmadi, kichiklari-ku esini bilmagani uchun tez koʻnikishdi, ammo kattalarning meni ona sifatida tan olishlari oson kechmagan. Ogʻir mehnat, katta sabr bilan uch qiz, uch oʻgʻil oʻstirdik. Hozir 40 nafar nevara, 100 ga yaqin chevara, 30 dan ortiq evaram bor”. Bu gaplarning egasi – 106 yoshli Oygul momoning hali xotirasi tiniq, koʻzlari nurli. Uning ravon soʻzlaridan, quloqlarining aniq eshitishidan, yillar, sanalar, familiyalarni, hayoti davomidagi maʼlumotlarni adashmay aytishi, nabiralarini garchi ismini bilmasa-da, shu farzandimning bolasi deb chaqirishidan hayratga tushasiz. Soʻzlashi ham boshqacha: aniq, dadil, dangal.

 

 

“Umrim mehnatda oʻtgan, tinmay ishlardik, hozir ham bekor oʻtirsam kasal boʻlib qolaman. Oʻtinlarni oʻzim maydalab tashlayman! Boltam, arram bor, hech kimga bermayman. Gilam toʻqishni yaxshi koʻraman. Koʻp-koʻp piyoda yuraman, narsalarimni oʻzim koʻtaraman. Kichkina kelinlarga yordam beraman. Bolalar yoting, dam oling, deydi, yotmayman, deyman”, – deydi oʻziga xos qaysarona ohangda momo.

 

Oygul momoning qoʻllari mehnatda qavargan. Ayolning kuni tong sahar 04:00 dan boshlanadi. Hovlilarni supurish, sigir sogʻish, tovuqlarga don berish yuzdan oshsa-da Oygul momo uchun hamon odatiy yumush…

Kampirning tilidan shukronalik tushmaydi. Oʻtgan hayotini, boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklarini, turmush oʻrtogʻi Ashurali togʻa bilan olti nafar farzandni oyoqqa turgʻazguncha chekkan azoblarini, navqiron paytlarida tong sahardan kech oqshomgacha dalada tuproq kechib, ekin ekkanlarini gapirib beradi. Ammo momo shu yoshdayam juda hazilkash, toʻylarda raqs tushishdan charchamaydi. Biror marta “duhtirga ishi tushmagan, ukol olmagan”. Eng ajablanarlisi, momoning tishlari ikkinchi marta chiqqan.

 

 

- Momongning ajoyib odati bor. Har bir nabirasiga “Oʻtib ketganimdan keyin meni eslaysan” deya kelinlik yoki kuyovlik sandigʻini, birinchi farzandli boʻlganda esa beshik sovgʻa qilishni hech yodidan chiqarmaydi. Nevara-chevaralar mayli, mahalladagilarga ham shunday hadya ulashadi. Qishloqdagilar boʻlsa hech bir toʻyni momongsiz boshlashmaydi. Dadamning gaplarini eshitib, toʻyimga sovgʻa qilingan sandiq, birinchi farzandimga chiroyli qilib bezatib kelingan beshik, oila aʼzolarimizga olib kelingan bosh-oyoq sarpolar koʻz oldimdan oʻtarkan, boʻgʻzimga achchiq nimadir tiqildi.

 

Shu zayl ularning yana bir ajoyib odati yodimga tushadi. Amakimning shinam uyi ortidagi nurab qolgan eski hovlimizda ertalabdan kechgacha bir nima yumushlarni qilib yuradi momom. Bolalarining “Otamning devorlari bir kun nurab, sizni bosib qoladi, keling, bularni yangilab, taʼmirlab beraylik”, degan hazilomuz gaplariga, “Yoʻq, bu uylarda otangning nafasi, qoʻllarining izi bor. Men oʻtgandan keyin bu uyni buzasizlarmi, qurasizlarmi, oʻzingiz bilasiz. Ungacha teginmang”, – deydilar chinakamiga jahl bilan.

 

 

Momomning gap-soʻzlariga quloq solib oʻtirsangiz, inson umri davomida yaxshilik qilishdan charchamasligi, ayniqsa, qoʻni-qoʻshnilar holidan xabar olish, kasal boʻlganida yoʻqlash, toʻy va yaxshi kunlarida maslakdosh boʻlish kerakligi juda muhimligini anglaysiz. Qancha umr koʻrish, albatta, taqdirda belgilangan. Lekin inson umrini uzaytiruvchi omillar bordek. Bular Oygul momom aytganidek, mehnatdan qochmaslik, erta turib, erta yotish, yaxshi (sogʻlom)ovqatlanish – suvi qochgan non, talqon, turshak yeyish, sut-qatiqni koʻproq ichish, yaqinlarga mehrli boʻlish, kechirish, hayotni yaxshi koʻrishdir balki.

 

 

Qishloqqa borganimda momomning goh shotidan tomga chiqayotganlari, goh halinchak uchayotganlari yoki hovlini supurib, oʻrik danaklarini terib yurganlarining ustidan chiqaman. Meni koʻrishlari bilan kissasidan mevami, shirinlikmi nima boʻlsin olib uzatadilar. Bilamanki, bu shunchaki meva yo shirinlik emas, bir asrlik mehr. Shunaqa vaqtlar momom yaxshiyam dadamga ona boʻlib kelganlariga suyunaman, yanayam uzoq umr koʻrishlarini tilayman ich-ichimdan.

 

Shahnoza ASHIROVA,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19465
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16853
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi