Qatagʻonning yana bir qurboni – birinchi harbiy jurnalistlardan boʻlgan Mirzaqul Risqulov nega otilgan?


Saqlash
12:05 / 10.05.2024 466 0

1904-yil Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan Mirzaqul Risqulov Rizqulovich avval Kattaqoʻrgʻondagi jadid maktabida savod chiqardi. Keyin zamona zayli deb rus-tuzem maktabida rus tilini, Yevropa adabiyotini oʻrgandi. Aslida qalbi goʻzallikka, adabiyotga shaydo yigit inqiloblar, ijtimoiy boʻhronlar ortidan oʻzi suygan yoʻnalishda emas, aksincha, sovet militsiyasi safida mehnat faoliyatini boshlaydi. Kattaqoʻrgʻonda iqtisod va huquq boʻlimining mudiri sifatida ishlayotganida esa bir guruh tengqur doʻstlari qatorida Moskvaga, Butunittifoq kommunistik universitetiga oʻqishga yoʻllanadi. 1925-1928-yillarda Lenin nomidagi Oʻrta Osiyo harbiy maktabini tugatib Samarqandga kelgan Mirzaqul oʻzbek milliy armiyasining nashri – “Qizil yulduz” gazetasida “kichik siyosiy rahbar” unvoni bilan ish boshlaydi. Shu tariqa jurnalistika sohasiga kirib, qisqa vaqtda oddiy muxbirlikdan bosh muharrirlikkacha koʻtariladi. Asosan Samarqanddagi harbiy boʻlinmalarga tarqatilishi koʻzda tutilgan “Qizil Yulduz” gazetasining adadi bu vaqtda allaqachon 2 000 dan ortib, oddiy oʻzbek xalqining ham suyukli nashrlaridan biriga aylanib bordi. Bu orada Mirzaqul Risqulov Oʻrta Osiyo kommunistik universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan oʻqib, professional jurnalist maqomini oladi. Oʻqishdan charchamaydigan muharrir 1931-1934-yillar Leningraddagi Tolmachev oliy harbiy akademiyasida oʻqib, oliy harbiy zobit unvoniga erishadi. Ammo oradan koʻp vaqt oʻtmay, yaʼni 1937-yilning 10-sentyabrida Ichki Ishlar Xalq Komissarligi (NKVD) Oʻrta Osiyo Harbiy okrugi maxsus boʻlimi tomonidan uni aksilinqilobiy tashkilot aʼzosi degan ayblov bilan qamoqqa olishga qaror qabul qilingan. 

 

Hibsga olish chorasi haqida

QAROR

Samarqand shahri                                                       1937-yil 10-sentyabr

Men, NKVD Davlat Xavfsizligi Bosh boshqarmasining Oʻrta Osiyo Harbiy okrugidagi Alohida boʻlimi I boʻlinmasi boshligʻi, Davlat xavfsizligi leytenanti Vasilev Risqulov Mirzaqulga oid qoʻlimdagi tergov materiallarni koʻrib chiqib

 

Quyidagilarni aniqladim

 

Mavjud materiallar asosida Risqulov Mirzaqul oʻzi muharrirlik qilgan “Qizil Yulduz” gazetasi tahririyati xodimlarini aksilinqilobchi-millatchi shaxslardan, yaʼni, u bilan yaqin aloqada boʻlgan, uning aksilinqilobiy-millatchilik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlovchi kishilardan tanlab olgani fosh qilinadi. Buning natijasida Risqulov gazeta sahifalarida xalq dushmanlari tomonidan aksilinqilobiy chiqishlar qilinishiga yoʻl ochib bergan. Shuningdek, tergov tomonidan Risqulovning endilikda hibsga olingan xalq dushmani Rizayev bilan yaqin aloqada boʻlgani ham aniqlandi. Risqulov 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasida qism rahbariyati tarkibidagi aksilinqilobiy-millatchi shaxslar bilan yaqinlashdi. Yaʼni, sobiq diviziya komandiri Mirsharopov tuzgan tashkilotga aʼzo boʻlib, OʻzSSR JK 66-moddasi I-qismida koʻzda tutilgan jinoyatni sodir etgan. Ana shularni hisobga olib

 

QAROR QILDIM

 

Risqulov Mirzaqul 1904-yil Kattaqoʻrgʻon shahrida dehqon oilasida tugʻilgan. Millati oʻzbek, xizmatchi. 1937-yilda aksilinqilobiy-millatchilik faoliyati uchun partiya safidan oʻchirilgan. 1925-yildan ishchi-dehqon qizil armiyasida xizmatda. Oxirgi xizmat joyi 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasining “Qizil Yulduz” gazetasi muharriri. Samarqand shahrida yashaydi. Risqulov Mirzaqul hibsga olinsin va unga OʻzSSR JK 66-moddasi I-qismiga koʻra ayblov eʼlon qilinsin. Hibsga olingan Risqulov OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Samarqand sektorining ichki qamoqxonasida saqlansin.

 

“Roziman”

Oʻrta Osiyo Harbiy NKVD Davlat xavfsizligi Bosh okrugidagi Davlat xavfsizligi boshqarmasining Oʻrta Osiyo Harbiy bosh boshqarmasi Alohida boʻlimi okrugidagi Alohida boʻlimi I boʻlinmasi boshligʻi yordamchisi, katta boshligʻi, Davlat xavfsizligi leytenanti ZABRODIN VASILEV

 

Ushbu qarordan soʻng 1937-yil 11-sentyabr kuni bitilgan order asosida Risqulov Samarqand shahri, Lenin koʻchasidagi 25-uyda hibsga olinadi. NKVDning Toshkentdagi ichki qamoqxonasiga yuborilgan Mirzaqul Risqulov 28-sentyabrdagi soʻroqda oʻziga qoʻyilgan ayblovlarni birma-bir rad etadi. Shundan keyin tergov jarayoni muttasil jismoniy qiynoqlar va ruhiy bosimlar ostida kechadi.

 

 

Xoʻsh, nega diviziya gazetasining oddiy muharriri boʻlgan bu odam shaxsiga NKVD rahbariyatining eʼtibori bunchalik oshib ketgan edi? Hamma gap shundaki, NKVD yoʻq qilishni, nomiga qora chaplab, aksilinqilobchi-millatchi, “xalq dushmani” kabi ayblovlar bilan badnom etishni rejalashtirgan sovet davlatidagi birinchi oʻzbek generali Mirkomil Mirsharopovni hibsga olishga tayyorgarlik koʻrilayotgandi. Buning uchun esa zamin hozirlanishi lozim boʻladi. Ana shu asosni yaratish niyatida u ilgari qoʻmondonlik qilgan Samarqanddagi 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasidagi millati oʻzbek, tojik boʻlgan ofitserlar – qismning siyosiy rahbariyati goʻyo maqsadi Oʻzbekistonni SSSR tarkibidan ajratib olish boʻlgan allaqanday “aksilinqilobiy-millatchilar” tashkilotiga aʼzolikda ayblanib, hibsga olina boshlanadi. Bular orasida diviziya siyosiy boʻlimining boshligʻi, Moskvada Tolmachev nomli akademiyani bitirgan Yunus Narimonov, diviziya ofitserlaridan Sodiq Yoqubov, Botir Yoʻldoshev, Mirsaid Shamirboyev, Burxon Hamroqulov kabi yigirmadan ziyod kishi bor edi. Mirzaqul Risqulov ham shular qatorida hibsga olinadi.

 

Tergov materiallariga koʻra, Risqulov 20-30 kun davomida oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarni rad etib, ularni tuhmat, deya tan olmagan. Lekin oʻtgan vaqt ichida jismoniy va ruhiy azoblar oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Buni 9-10-oktyabr kunlari Davlat xavfsizligi katta leytenanti Muginshteynning Toshkentdagi NKVD hibsxonasida oʻtkazgan soʻroq dalolatnomasidan ham bilsa boʻladi:

 

Savol: Siz 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasida mavjud boʻlgan aksilinqilobiy-millatchilar guruhi aʼzosi sifatida hibsga olingansiz. Lekin, mana 20 kun davomida ushbu tashkilot aʼzosi boʻlganingizni qatʼiyan rad etyapsiz. Bundan keyin ham shunday yoʻl tutib, oʻzingizning aksilinqilobiy faoliyatingizni inkor qilasizmi?

Javob: 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasidagi aksilinqilobiy tashkilotga 1936-yilning yozida diviziya siyosiy boʻlimi boshligʻi Narimonov tomonidan jalb etilganman…

Savol: Narimonov sizni ushbu tashkilotga tortish chogʻida uning ishtirokchilari sonini raqamlar bilan aytmagan, balki nomma-nom tilga olgan. Nega buni bizdan yashiryapsiz?

Javob: Narimonov meni tashkilot safiga jalb qilish paytida aʼzolardan faqat uch kishining ismini aytgan. Bular – Mirsaid Shomirboyev – 42-polk oʻquv-tayyorgarlik maktabi boshligʻi, Hamid Isomuddinov – 41-otliq polki shtabi boshligʻi, Xolmat Shukurov – diviziya shtabi I-qismi boshligʻining yordamchisi.

Savol: Siz aldayapsiz. Tergov sizdan tashkilotning Narimonov va oʻzga manbalar orqali maʼlum boʻlgan boshqa aʼzolari nomini ham aytishingizni talab qiladi.

Javob: Menga yana olti kishining nomi maʼlum. Bular – diviziya partiya komiteti kotibi Burhon Hamroqulov, diviziya siyosiy boʻlimi yoʻriqchisi Mamadali Otayev, diviziya siyosiy boʻlimi yoʻriqchisi Joʻraboy Shokirov, diviziya siyosiy boʻlimi yoʻriqchisi Botir Yoʻldoshev, 42-otliq polki harbiy komissari Abdurahimov, 42-otliq polki ot oʻrgatuvchisi Sodiq Yoqubov…

 

 

Tergov materiallarini oʻqirkansiz, bu javoblar oldindan tayyorlanib, M.Risqulovga jismoniy qiynoqlar orqali imzo chektirilganiga amin boʻlasiz. Axir tergovchi, deylik, Narimonov va Risqulov oʻrtasidagi “suhbatda” qatnashmagan boʻlsa, “Narimonov ishtirokchilar sonini raqamlar bilan aytmagan, balki nomma-nom tilga olgan” deb qanday taʼkidlaydi?

 

Yoki M.Risqulov tergovchining “Narimonov sizning oldingizga qanday vazifalarni qoʻygan edi?” degan savoliga bergan javobga eʼtibor qiling: “Narimonov menga “Qizil Yulduz” gazetasini mavjud tuzumga nisbatan tuhmat targʻibotlar olib boruvchi, partiya va sovet hukumati oʻtkazayotgan tadbirlarni buzib talqin etuvchi qurolga aylantirish vazifasini topshirgan edi”.

 

Bunday javobni hujjatlashtirib, M.Risqulovning “xalq dushmani” ekaniga bir dalil, deb oʻylagan NKVDning katta leytenanti Muginshteyn hatto gazeta bosmaxonaga topshirilgunicha qanday jarayonlardan oʻtishini ham bilmagan. U gazetaning har bir soni muharrir oʻqib, imzolagandan keyin oʻsha paytlar NKVD tasarrufidagi “Matbuotda davlat sirlarini saqlash boshqarmasi”, yaʼni “OʻzLIT”ning masʼul xodimi birma-bir koʻrib, muhr bosgandan soʻnggina bosmaxona qabul qilishidan bexabar boʻlgan. Bunday sharoitda gazetada “aksilinqilobiy ruhdagi” maqolalar bosilgan boʻlsa, nafaqat muharrir, balki uni oʻqib, bosishga ruxsat bergan NKVD tasarrufidagi idora xodimi ham javobgar boʻlardi. Yolgʻon dalillar toʻplashga, soxta ayblovlarni shakllantirishga berilib ketgan tergovchi Muginshteyn masalaning bu tomoniga eʼtibor ham bermagan. Mana shu keltirilgan misollarning oʻziyoq Risqulov ustidan qoʻzgʻatilgan “jinoyat ishi” boshdan-oyoq tuhmatlardan iborat ekanini koʻrsatib turibdi.

 

 

Shu tariqa 1937-yilning 1-noyabrida birinchi oʻzbek generali M.Mirshoropov Rostov-Don shahrida hibsga olingunga qadar, Samarqandda yigirmadan ziyod oʻzbek ofitseri qamaladi. Ular dahshatli qiynoqlar ostida oʻzlariga va M.Mirshoropov qilingan boʻhtonlarni “toʻgʻri” deb tan olishga majbur boʻlishadi. Birinchi oʻzbek harbiy jurnalistlaridan boʻlgan Mirzaqul Risqulov ham ular qatorida edi, afsuski. Unga shuningdek, “Qizil Yulduz” gazetasi tahririyatini aksilinqilobiy-millatchilik ruhidagi gʻoyalarni tashuvchi kishilar bilan toʻldirgani, xodimlardan Shukrullayev – jadid, Yusupov – “Milliy Ittihod” tashkiloti aʼzosi, Ochilovning xotini esa mullaning qizi boʻlgani, partiyadan oʻchirilgan Ubaydullayev, oʻzining oʻrinbosari, aksilinqilobchi Mirabdullayev, “xalq dushmani” Sulton Galiyevning qizini ishga olgani katta bir ayb sifatida taqildi.

 

Mirzaqul Risqulovning ishi boʻyicha guvoh sifatida tergov qilingan N.Bekmurodov koʻrsatmalaridan:

 

“Risqulov diviziyadagi ashaddiy aksilinqilobchilardandir. U tahririyatni ijtimoiy yot unsurlar bilan toʻldirdi.”

 

P.Borisov koʻrsatmalaridan:

 

Risqulovning xalq dushmanlari bilan yaqin aloqada ekani diviziyadagilarga yaxshi maʼlum edi… U xalq dushmanlari Rizayev, Yusupov bilan yaqin aloqada boʻlgan. Yusupov orqali esa shoir Choʻlpon bilan doʻstona munosabat oʻrnatgan. Yozuvchilar uyushmasining Samarqand boʻlimi raisi boʻla turib, hech qachon va hech yerda aksilinqilobiy-millatchilik ruhidagi burjua yozuvchilarini fosh etmadi”.

Turli tazyiqlar ostida Risqulovga qarshi yana oʻnga yaqin kishidan ana shunday koʻrsatmalar olingan. Bundan tashqari unga “1923-25-yillarda “Milliy Ittihod” tashkilotining Kattaqoʻrgʻon boʻlimi aʼzosi boʻlgan” degan ayb ham qoʻyiladi. Buning uchun unga yana avvaldan tayyorlangan soʻroq hujjatlariga imzo chektirilganini taxmin qila olamiz, xolos.

 

1937-yil 28-sentyabr kuni oʻtkazilgan soʻroq dalolatnomasidan:

 

Savol: Siz “Milliy Ittihod” aksilinqilobiy-millatchilik tashkilotiga kim tomonidan va qachon jalb qilingansiz?

Javob: Men “Milliy Ittihod” aksilinqilobiy-millatchilik tashkilotiga 1923-yilda Kattaqoʻrgʻon uyezd ijroiya qoʻmitasining sobiq raisi Qori Oʻrin Abdurahimov tomonidan jalb etilganman. Oʻsha paytlar shahar komsomol qoʻmitasida boʻlim mudiri edim. Aynan 1923-yilda uyezd ijroiya qoʻmitasi aʼzoligiga ham saylandim.

 

Yana bir holat ham tergov hujjatlarida aks ettirilgan. 1936-yil avgust oyida Mirkomil Mirsharopov 19-Oʻzbek togʻ-otliq diviziyasi tashkil etilganining 15-yilligi tantanalarida ishtirok etish uchun Samarqandga keladi. Shu munosabat bilan diviziya siyosiy boʻlimining boshligʻi Yunus Narimonov oʻz uyida katta ziyofat uyushtiradi va unga Mirsharopov bilan birga xizmat qilgan ofitserlarni taklif qiladi. Va tabiiyki, oʻtirishga Mirzaqul Risqulov ham keladi. Keyinchalik tergov jarayonida bu ziyofat deviziyadagi aksilinqilobchilarning yashirin yigʻini, deb talqin qilingan. Goʻyo unda toʻplanganlar Mirkomil Mirsharopovdan sovet tuzumiga qarshi faoliyatlarini kuchaytirish boʻyicha yangi koʻrsatmalar olgan emish…

 

 

Xullas, mana shunday ayblovlar bilan toʻldirilgan Mirzaqul Risqulovning “jinoiy ishi” 1938-yil 10-oktyabr kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining Toshkentda boʻlgan sayyor majlisida koʻrib chiqiladi. Unga brigada harbiy yuristi Alekseyev raislik qilgan. Aʼzolari brigada harbiy yuristi Zaysev va 1-toifali harbiy yurist Boldirev boʻlishgan. Harbiy tribunalda Mirzaqul Risqulov OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 57-2,64,67-moddalari bilan ayblangan. Tribunal ishi soat 16 dan 15 daqiqa oʻtganda boshlanib, 16 dan 45 daqiqa oʻtganda yakunlangan. 

 

Risqulovning tribunal majlisida aytganlaridan ayrim parchalarni keltiramiz:

 

“Men oʻzimni aybsiz deb bilaman va tergovda tazyiq ostida bergan barcha koʻrsatmalarimdan voz kechaman”. “Men bu koʻrsatmalarimni jismoniy va ruhiy bosimlar, azoblashlar ostida berganman. Meni nafaqat oʻz shaxsimga, balki boshqalar shaʼniga ham tuhmat gaplarni aytishga majburlashdi”. “Men hech qachon qandaydir aksilinqilobiy tashkilot aʼzo boʻlgan emasman va sovet hokimiyatiga qarshi hech qanday targʻibot olib borgan emasman”.

 

Bor-yoʻgʻi yarim soat davom etgan harbiy tribunal majlisida uning bu gaplari, koʻrsatmalari umuman eʼtiborga olinmaydi. Harbiy tribunal uni otib oʻldirishga hukm qiladi. Tergov va harbiy tribunal hujjatlarini oʻrganar ekanman, bu yerga tikib qoʻyilgan bir dalolatnomaga ham koʻzim tushdi. Unda shunday deyilgandi: “Mirzaqul Risqulovni otib oʻldirish haqidagi hukm 1938-yil 10-oktyabr kuni Toshkent shahrida ijro etildi”. Demak, hukm chiqqanidan bir necha soat oʻtib, u otib oʻldirilgan. Oʻz intilishlari ortidan oʻqib-oʻrgangan, 1920-yillardayoq oliy maʼlumotli jurnalist ixtisosligini egallagan va bu sohada barakali ijod qilgan  kattaqoʻrgʻonlik bir oʻzbek yigitining achchiq qismati shu tariqa yakun topadi…

 

Albatta, bizni uning oila aʼzolari haqidagi maʼlumotlar ham qiziqtirardi. Mirzaqul Risqulov hibsga olingan paytda uning oilasi – xotini Risqulova Ravza Bozorboyevna, olti yarim yoshli qizi Raisa, bir yarim yoshli oʻgʻli Damir boʻlgani maʼlum. Bu hujjatlarda aks ettirilgan. Ularning keyingi taqdiri qanday kechgan? “Xalq dushmani”ning oilasi sifatida boshlariga qanday kunlar tushgan? Izlanishlar davomida bu savollarga ham javob qidirdik. Maʼlum boʻldiki, Raisa voyaga yetgach, birinchi boʻlib otasining taqdiri bilan qiziqqan. Hali bu kabi qatagʻonlarning boshida turgan Stalin shaxsi qoralanmasdan turib, SSSR Prokuraturasi, Oliy Sudiga 1954-yil 7-dekabrda maktub yoʻllab, otasining qamalgandan keyin qayerga joʻnatilgani, uning tirikmi yoki vafoti haqida maʼlumot soʻraydi. Mirzaqul Risqulov otib oʻldirilganiga 16-yildan oshgan boʻlsada, oʻsha paytlar Moskva-d-57, Golovanov tor koʻchasi 18/1, 182-xonada istiqomat qilgan (balki oʻqigandir) Raisa Risqulova SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi raisi, general-leytenant А.Chepsov imzosi bilan quyidagi javobni oladi:

 

“Shuni maʼlum qilamanki, 1902-yilda (chalkashlik) Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan Risqulov М.R. 1938-yil 10-oktyabrda SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan hukm qilingan. 1939-yil 21-sentyabr kuni jazoni oʻtash joyida sil kasalligidan vafot etgan”.

 

Hatto oradan shuncha vaqt oʻtgan esa-da, Mirzaqul Risqulov emas, aslida oʻzlari sodir etgan jinoyatni xaspoʻshlash uchun jazo mashinasi xizmatkorlari uning farzandlarini ham aldashga urindilar. Lekin, marhumning 43 yoshli ayoli Risqulova Ravza Bozorboyevna 1955-yil 2-dekabrda yana yuqori davlat organlariga erining taqdirini aniqlashda yordam berishlarini soʻrab murojaat qiladi. Endi mamlakatda 1937-38-yillarda qatagʻon qilinganlarga birmuncha yengillik berilgan, ulardan tirik qolganlarining bir qismi qamoqlardan ozod qilinayotgan edi.

 

Ravza Risqulovaning maktubidan ayrim parchalar: “Erim 1937-yil hibsga olingandan soʻng meni ikki nafar yosh bolam bilan yashayotgan uyimizdan koʻchaga haydashdi. Komsomoldan oʻchirishdi. NKVDga chaqirishib, “erim gunohkor” deb yozib ber, deb qiynab-qistashdi. Erim bilan 7-yil yashab, uning biror-bir aybini, sovet tuzumiga qarshi ishini sezmaganman. 19-yildan buyon “xalq dushmanining xotini”, farzandlarim esa “xalq dushmanining bolasi” degan tamgʻa bilan yashab kelayotirmiz. Shu sababli ular oʻzlari istagan oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinmadi. Oʻtgan 19-yil ichida hech bir murojaatimga javob ololmadim. Hech boʻlmasa bolalarim “xalq dushmani farzandi” degan tamgʻadan ozod yashasin”.

 

1956-yil kuziga kelib M.Risqulov ishini tekshirish Bosh harbiy prokuratura xodimi Proshko familiyali shaxsga topshiriladi. U Risqulov bilan xizmat qilgan Jalilov, Ochilov, Bekjonov, Mirabdullayev kabi kishilarni guvoh sifatida tergov qiladi. Mana uning xulosalaridan koʻchirmalar:

 

 

“Ularning barchasi Risqulovni har tomonlama ijobiy baholashdi va uning sovetlarga qarshi xatti-harakati haqida hech narsa bilmasligini aytishdi”. “Bekmurodov va Borisov esa oʻzlarining aytganlari butunlay boshqa boʻlib, tergov hujjatlarida soxtalashtirilgani, qoʻshib-chatib yozilganini bildirishdi”. “Aybdor deb topilgan shaxslar jismoniy qiynoqlar tufayli qilmagan ishiga iqror boʻlishga majburlangan”.

Mana shunday qayta tekshiruvlardan soʻng Mirzaqul Risqulovning butunlay aybsizligi, uning “aksilinqilobiy-millatchilik faoliyati” boshdan-oyoq toʻqima gaplar ekanligi ayon boʻlib qoldi. Shu sababli Turkiston Harbiy okrugining Harbiy prokuraturasi 1956-yil oxirida uning ishini qayta koʻrib, tarkibida jinoyat alomatlari boʻlmagani sababli harakatdan toʻxtatadi va ishni butunlay yopadi. Biroq, qingʻir ishning qiyigʻi qirq yilda ham chiqadi, deyishganidek, biz oʻrgangan hujjatlardan xulosa sifatida aytish mumkinki, birinchi harbiy jurnalistlardan hisoblangan Mirzaqul Risqulov aybsiz boʻlgan.

 

Bahrom IRZAYEV.

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19465
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16853
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi