Turkiston legioni: haqiqat va uydirma


Saqlash
23:02 / 08.05.2024 3249 0

Turkiston legioni haqida ilk bora 2006-yilda to‘liqroq tasavvurga ega bo‘ldim, unga qadar uzuq-yuluq ma’lumot bor edi, xolos. O‘sha-o‘sha bu mavzuga qiziqishim ortsa ortdiki, aslo susaymadi. Ilmiy manbalar, taqdir taqozosi bilan ona yurtdan ayro tushib, Istanbulda muqim joylashib qolgan vatandoshlarimiz bilan suhbatlar, shuningdek, xotira kitoblaridan legion haqida o‘rganishga kirishdim.

 

Turkiyalik olim va jurnalist, asli turkistonlik Chig‘atoy Ko‘charning shaxsiy kutubxonasida mavzuga doir bir dunyo arxiv materiallari bor ekan. O‘zbekistonning do‘sti Chig‘atoy og‘amizning Adana shahridagi uyida ko‘p bora qo‘noq bo‘lganman, kechalari mijja qoqmay uzun suhbatlar qurganmiz, kitob-u hujjatlarni varaqlaganman, ulardan iqtiboslar yozib olganman, yirikroq asarlardan nusxa ko‘chirganman. Qo‘li ochiq mezbon bir talay kitob-u jurnallar tuhfa qilgan. Chig‘atoy Ko‘char jurnalist sifatida legionchilar bilan suhbatlashgan, ular haqida radioeshittirishlar tayyorlagan. Xonadonida mehmon bo‘lgan chog‘imda qariyb yarim asr avval magnit tasmasiga yozilgan suhbatlarni tinglaganman... Vaqti-soati kelganda Turkiston legioni haqida salmoqliroq maqola yozaman degan niyatda keyin ham izlanishni to‘xtatmadim.

 

Ochiq aytmoq kerakki, qalamga olinayotgan mavzu ham qaltis, ham bahsli. Rasmiy idoralar tugul olim-u ziyolilar ham legionchilarning maslag-u matlabi borasida yakdil fikrda emas. Tarixchilikka da’vom yo‘q, bahs-munozara ochmoq niyatidan ham yiroqman. Ammo meni ko‘p yillardan buyon o‘ylantirayotgan masalada jillaqursa publitsist nigohi ila nedir qoralamasam bo‘lmas edi.

 

“O‘zbekistonning yangi tarixi” turkumidagi ikkinchi kitobda (“Sharq” NMAK, 2000) bunday deyiladi: Legionerlarga ijtimoiy-siyosiy baho berish ham murakkabligicha qolmoqda. Sovet tarixshunosligida ular... “sovet xalqining sotqinlari” deb ta’riflangan. G‘arb tarixshunosligida, keyingi vaqtlarda esa, bizning matbuotimizda “ko‘ngillilar” – mustabid tuzumga qarshi g‘oyaviy kurashchilar, mamlakatni nemis armiyasi yordamida stalincha zulmdan ozod qilish uchun qurolli kurash olib borishga tayyor turgan kishilar deb baholanmoqda... Bu masalani chuqur o‘rganish va xolisona baho berish tarixchi olimlar oldida turgan muhim vazifalardandir”.

 

Ushbu maqolamizni ham hassos mavzu tadqiqi yo‘lida kamtarona bir qadam o‘laroq qabul qilgaysiz, aziz mushtariy. Bu borada maslahat-u tavsiyalarini darig‘ tutmagan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Faxriylar kengashi a’zosi, iste’fodagi polkovnik, bilimdon tarixchi Xudoyberdi Sohibovga alohida minnatdorlik bildiraman.

 

 

Bo‘ronoldi sukunat

 

Germaniya   Birinchi jahon urushida  mag‘lubiyatga uchragach, 1919-yil 28-iyunda  Versal  shartnomasini imzolamoqqa majbur bo‘ladi. Ikkinchi tomondan hujjatga g‘olib davlatlar – Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSh, Italiya va Yaponiya imzo chekadi. Gardaniga talay majburiyatlarni olgan Berlin kech bo‘lsa-da bitim yuzasidan norozilik bildiradi, ammo bu vaqtga kelib g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgan edi. 1926-yildan e’tiboran Germaniyada sanoat yana yuksalish yo‘liga kiradi, mamlakat qayta tiklash yumushlari bilan o‘zini o‘zi ovutadi. 1929-yilda esa yuragida qasos o‘ti yonayotgan millatchi sotsialistlar hokimiyatga keladi. Qisqa vaqt ichida kuchli qo‘shin tuzgan Berlin hukumati yana Yevropaga tahdid sola boshlaydi...

 

1917-yili Rusiyada oqpodsho inqilob yo‘li bilan taxtdan chetlatiladi. Davlat tepasiga kelgan bolsheviklar Turkiston xalqlariga ham erkinlik va adolat va’da qiladi. Ammo ko‘p o‘tmay niqoblar yechiladi, kommunistlar hokimiyati o‘lkadagi ozodlik harakatini shafqatsizlarcha bostiradi. Turkiston xalqlari siyosiy, iqtisodiy va madaniy huquqlari qaytarib berilmasligi, hurriyat eshiklari yopilganini anglab yetadi...

 

1930-yillar oxirida Yevropada harbiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat murakkablashib, Ikkinchi jahon urushi boshlanib ketdi. 1939-yilda nemis qo‘shini avval Polshani, keyin Boltiqbo‘yi va Benilyuks mamlakatlarini ishg‘ol qiladi. 1941-yil 22-iyunda Sovet Ittifoqi hududiga bostirib kiradi. Hitlerchilar Moskvaga yaqinlashadi, Leningradni qurshovga oladi.

 

Fashistlarning Sovet Ittifoqiga hujumidan to‘rt-besh oy o‘tar-o‘tmas Qizil armiyaning 3,8 million askari asir tushadi. Olmon tarixchilari to‘rt yillik urush davomida jami 5 million 270 ming harbiy asir tushgan deb yozsa, sovet manbalarida 4 million 600 ming raqami keltirilgan.

 

Chig‘atoy Ko‘char “Turkistonliklar – ota yurtdan ona yurtda” (“Atayurttan Anayurtda Türkistanlılar”) kitobida qayd etishicha, 1941–1943-yillarda 4 million 487 ming 775 nafar turkistonlik jang maydoniga safarbar qilingan. Boshqa manbalarda bundan farqli raqamlarni o‘qish mumkin. Ilk muhoraba davri sinchiklab o‘rganilsa, yanada qiziq dalillar yuzaga chiqadi.

 

 

Shaxmat taxtasidagi piyodalar

 

Urushning dastlabki yillarida G‘arbiy jabhada ikki million turkistonlik askar xizmat qilgan (turkistonlik deganda bugungi Markaziy Osiyo xalqlari tushunilmog‘i kerak). O‘sha kezlar ularning yarmidan ziyodi asir tushgan.

 

“Afsuski, yuz minglarcha turkistonliklar Ovruponing ularga jilla aloqador bo‘lmagan urushi tugaguncha shaxmat taxtasidagi piyoda rolini o‘ynadilar, har ikki tarafning jang maydonlarida qurbon bo‘ldilar”, deb yozadi turkiyalik olim va davlat arbobi Ahad Andijoniy “Jadidchilikdan hurriyatgacha: xorijda Turkiston kurashi” (“Cedidizm›den Bağımsızlığa: Hariçte Türkistan Mücadelesi”) asarida.

 

 

Xo‘sh, mintaqamiz vakillari qay tarzda kindik qoni to‘kilgan zamindan minglab chaqirim olisdagi muhoraba maydonida paydo bo‘lib qoldi?

 

Sovet rahbariyati Ikkinchi jahon urushi boshlangunga qadar turkistonliklarga to‘la-to‘kis ishonmaganini qayd etish joiz. Buni birgina fakt – ular harb ishlariga jalb qilinmagani ham tasdiqlaydi. Nemislarning Polshaga hujumidan keyin Sovet Ittifoqida yalpi majburiy harbiy xizmat joriy qilinadi. Turkistonliklar ilk bor 1939-yilning 30-noyabrida Sovet Ittifoqi va Finlandiya savashida qatnashadi. Kelgusi yil bahorda qirg‘inbarot tugaydi, ammo turkistonlik askarlar vataniga qaytmaydi, balki Qizil armiya safida xizmatni davom ettirgani Ukraina va Polshaga yo‘l oladi.

 

1941-yilning iyunida ittifoqdosh respublikalar askarlari G‘arbiy frontga safarbar qilinadi. O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning norg‘ul yigitlari puxta jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan va yaxshi qurollangan edi deya olmaymiz. Askar yigitlarimizning aksari rus tilini yaxshi bilmagan. Boz ustiga, urushning dastlabki oylarida ularning qo‘liga yog‘och miltiq berib qo‘yilgani, harbiy anjomlar ham tanqis bo‘lgani ma’lum. Shunga qaramay, ular old frontga – eng xatarli jabhaga yo‘llangan. Tasavvur qiling, ortingizda rus zobiti, qarshingizda nemis fashisti. Ikkisidan ham qochib qutula olmaysiz: yo hayot, yo mamot!.. Turkistonlik askarlar urushning ilk oylarida ommaviy ravishda fashistlarga asir tushganining asl sababi shu. Nemis esa azaldan hisob-kitobni to‘g‘ri oladigan xalq. O‘sha vaqtda ham strategik reja tuzib, asirlardan samarali foydalanmoqni ko‘zlagan.

 

Yana bir tarixiy fakt shuki, olmonlar XIX asr oxiri – XX asr boshidayoq Turkiston o‘lkasi haqida anchagina ma’lumotga ega bo‘lgan. O‘sha kezlar Germaniyaning ko‘plab manufakturalari, korxonalari chor Rusiyasida o‘z vakolatxonasini ochadi. 1895-yilda yirik shahar va uyezdlarda bo‘linmalar soni 44 taga yetgan. Jumladan, Turkistonda ham olmon korxonalari bo‘linmalari faoliyat yuritgan. Manbalarda bir yilda salkam 69 ming dona “Zinger” tikuv mashinasi sotilgani qayd etiladi.

 

Oktyabr inqilobiga qadar Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Yunus, Ubaydulla Xo‘jayev kabi turkistonlik ziyolilar Turkiya, Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib kelgan edi. Germaniya ham ilmiy-siyosiy jihatdan yetuk kadrlar tayyorlashda istiqbolli mamlakat sanalgan. 1922-yili yetmishga yaqin millatdoshimiz Berlinga o‘qishga yuborilgan.

 

Sirasi, olmonlarda turkistonliklar haqida iliq tasavvur shakllangan edi.

 

Ehtimol, bugungi avlodning sovetlar tomonidan Ozarboyjon, O‘rta Osiyo, Shimoliy Kavkaz, Volgabo‘yi va Qirim bosib olingani, keyinchalik turkistonliklar nemislarning moliyaviy va siyosiy dastagi bilan “buzilg‘on o‘lka”ni ozod etmoqqa uringanini tushunishi mushkul kechar. Ammo bolsheviklar zulmidan qochib, natsistlar bilan hamkorlik qilganlarning boshida o‘lka ziyolilari turgani tarixiy haqiqat. Ular birinchi galda asirlikdagi vatandoshlari hayotini qutqarmoqqa oshiqqan. Olmon manbalariga ko‘ra, 1941–1945-yillarda 5,2 million sovet askaridan 3,3 millioni lagerlarda ochlik, epidemiya va qahraton sabab vafot etgan. Sobiq asirlar qo‘shni lagerda saqlanayotgan fransuzlarning yemoq-ichmog‘i badastir bo‘lgani, sovet fuqarolari esa ochlikka mahkum ekani haqida yozgan.

 

Tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan Olim Alamatning xotirlashicha, olti oy ichida lagerdagi sakson ming mahbusdan bor-yo‘g‘i uch mingi tirik qoladi. Har kuni yuzga yaqin jasad mashinaga yuklanib, yaqin-atrofdagi xandaqlarga ko‘mib yuborilgan...

 

 

Ilk odim

 

1941-yilning kuzida Adolf Hitlerga kutilmaganda ko‘p sonli sovet askarlari asir olingani to‘g‘risida axborot beriladi. Ana o‘shanda rus millatiga mansub bo‘lmagan asirlardan sovetlarga qarshi kurashda foydalanish fikri tug‘iladi. Ruslarning qarshi tomonga qochib o‘tishi, dezertirligidan xabardor bo‘lgan natsistlar dohiysi ularga ishonmagan. Sovet generali, Ruslarni ozod etish armiyasi rahbari Andrey Vlasovning taqdiri bunga yorqin dalil edi. Shu sabab rus asirlari asosan frontorti yoki janubiy frontdagi ikkinchi darajali obyektlarda mehnat qilgan.

 

Germaniyaning Anqaradagi elchisi Frans fon Papenga rus bo‘lmagan asirlardan foydalanish borasida Turkiya ziyolilaridan maslahat olish topshiriladi. Diplomat Tashqi ishlar vazirligiga yo‘llagan hisobotida Shyukryu Yembag‘chi, Anvar poshoning akasi general Nuri Killigil, Zaki Validiy To‘g‘on, Ja’far Ahmad, Memduh Shavkat, general Husnu Emir Erkilet bilan muloqotda bo‘lganini yozadi. 1918-yilda Kavkaz islom o‘rdusiga qo‘mondonlik qilgan Nuri posho Berlinga taklif qilinadi. Muzokaralar chog‘ida u Birinchi jahon urushida bo‘lgani kabi poytaxt yaqinida Vyunsdorf lagerini qayta tiklash, turkiy va musulmon asirlarini qolgan millatlardan ajratib olish, ularni alohida joylashtirish zarurligini uqtiradi. U asirlar lageriga rahbar bo‘lishga rozi ekanini ham aytadi. Bu orada Turkiyadan olmon akademiyasining sobiq qo‘mondoni Ali Fuat Erden, general Husnu Emir Erkilet va bir qator ziyolilar Germaniyaga keladi. Muzokaralarda turklar Germaniya rahbariyatidan urush nihoyalangach, Kavkaz va Turkiston o‘lkalariga mustaqillik berishni talab qiladi. Germaniya bu talabga ro‘yxushlik bermadi. Shu tariqa Berlindagi muzokaralar natijasiz yakunlandi.