“Avtohalokat” dan keyingi oʻylar


Saqlash
10:05 / 07.05.2024 415 0

Har qanday jinoyatga jazo muqarrar. Hayotning azaliy va abadiy haqiqati bu. Sud mahkamasida oʻtirib, qilmishiga javob berayotgan insonni koʻrganda, koʻnglingizdan nelar oʻtgan? Vujudingizda bir titroq, achinishu iztirob tuygansiz, toʻgʻrimi? Ammo, bugun sizni boshqacharoq sudga taklif qilamiz. Bu oʻta beshafqat, hech kimga rahm qilmaydigan, barcha haqiqatlarni tag-tomiri ila fosh qilib tashlaydigan sud, ishoning, shu vaqtga qadar biror mardum bu soʻroqdan qochib-qutulolgan emas. Agar evini qilganida, oʻsha Dostoyevskiyning Roskolnikovi xalos boʻlardi undan. Bu – vijdon huzuridagi sud; hayoti davomida oʻz-oʻzini tergov qilmagan, oʻtgan umrini taftish etmagan, shu qattol sudda bir bora boʻlsada, qatnashmagan kimsa bormikan?! Yoʻq, aslo!

 

Diydor teatr-studiyasida yaqinda premyera qilingan Avtohalokat spektaklidan soʻng shu kabi mulohazalar girdobida qoldim. Shveysariyalik nemiszabon dramaturg Fridrix Dyurrenmatt qalamiga mansub pyesa asosida sahnalashtirilgan spektakl jamiyatda ildiz otgan jazosizlik balosi, vijdon tergovidan qochib yurgan qotillar haqida oʻziga xos tarzda bahs yuritadi. Asarni taniqli kinorejissyor Jahongir Qosimov sahnalashtirdi. Ha, dastlab eshitganda, bir oz hayrat uygʻotadi kinorejissyorning teatrda asar qoʻyishi. Chunki, sahna va ekranning yoʻrigʻi boshqa: kinoda keng makon va muhitga koʻnikkan ijodkorning oʻz tasavvurini moʻjazgina sahnaga sigʻdirib berishi haqiqatan oson emas. Shu bois hatto jahonda ham teatr va kinoda birdek muvaffaqiyat qozongan rejissyorlar barmoq bilan sanarlik darajada oz: Ingmar Bergmann, Piter Bruk, Mark Zaxarov, Grigoriy Kozinsev… Xoʻsh, Jahongir akaning teatrdagi debyutini qanday baholash mumkin? Ayni savolga spektaklni baholi qudrat tahlil qilish asnosida javob topamiz.

 

 

Spektakl kutilmagan voqelik bilan boshlanadi: qorongʻi kechada mashinasi buzilib qolgan Alfredo Traps ismli shaxs soʻrab-surishtirib janob Vergening xonadonini topib boradi va eshigini qoqadi. Undan bir kecha tunab qolish uchun joy soʻraydi. Ichkariga kirgach guvoh boʻladiki, bu uyda oʻzidan boshqa mehmonlar ham bor ekan. Verge ularni eski qadrdonlarim, oʻzimga oʻxshagan soʻqqabosh chollar, deb tanishtiradi. Sahnada uzun stol, atrofida qariyalar yigʻilgan, illo oʻtirgan stullari sud majlisida ishlatiluvchi kursilar ekanini darrov fahmlash mumkin; yuqoriga Aleksandr Makedonskiy, Nikolay Kopernik, Janna DʼArk singari buyuk shaxslarning portretlari osilgan. Xullas, allaqanday rutubatli, gʻalatiroq xona; maʼlum boʻladiki, bu chollar kechalari shu yerga toʻplanib, sud oʻtkazishar ekan. Aftidan oddiy oʻyindek koʻrinuvchi bu majlisda Iso Masih, Suqrot, Dreyfus, Fridrix singari ulugʻ zotlarning qismati qayta muhokama qilinar, moziydagi mashhur shaxslar kursiga oʻtqazilar edi. Eng qizigʻi, advokat ham, prokuror ham, hukmni ijro etuvchi jallod ham tayyor – shu keksalar qiladi bu vazifalarni. Oʻtmishdagi shaxslarni taftish qilish oʻz yoʻliga, prokurorning taʼbiri ila aytganda, tirik jinoyatchilar bilan oʻynash qiziqroq. Shu tariqa janob Trapsga mazkur oʻyinda jinoyatchi rolida qatnashish taklif qilinadi, Alfredo qiziqish ila rozi boʻladi, biroq aybi nimadaligini bilolmay, taajjubga tushadi. Shunda prokuror sovuqqonlik ila: Xotirjam boʻlavering, azizim. Jinoyat hamisha topiladi, deya javob qaytaradi. Prokurorning shu birgina javobida katta falsafa mujassam. Inson zoti azal-abaddan aybdorlik hissi ila yashashni yoqtirmaydi, u oʻzini gunohlardan holi, pok deb oʻylaydi. Biroq vijdonini giribonidan olib, xolis soʻroqqa tutganida, ayblari fosh boʻladi, yaʼni, odam bolasi borki, jinoyat ham topiladi.

 

Shu tariqa oddiy ermak misol boshlangan sud dramatik tus oladi, prokurorning ilmoqli savollari Trapsni sarosimaga solib qoʻyadi, advokatning ogohlantirishlariga qaramay, spirtli ichimliklar taʼsirida oʻzi haqidagi haqiqatlarni birin-ketin ayta boshlaydi. Tomoshabin biror lahza voqealar oqimidan uzilmaydi, dialoglarning keskinligi, ijtimoiy ruh bilan sugʻorilgani, xarakterlarning yorqinligi, syujetning dramatik jihatdan tarangligi va intrigalarga boyligi spektaklga boʻlgan qiziqishni bir soniyaga boʻlsada, susaytirmaydi.

 

Jahongir Qosimov spektaklga mahoratli aktyorlar ansamblini jalb qilgan. Jumladan, Alfredo Traps obrazini gavdalantirgan Karim Mirhodiyev qahramoni ruhiyati, feʼlu sajiyasini dramatik holatlar, vazmin nigohlar, istehzoli replika va psixologik boʻyoqlar ila, kechinma sanʼati uygʻunligida ochib beradi. Aktyor obrazning ichki olami, xarakterini mantiqiy izchillikda, tadrijiy tarzda yuzaga chiqaradi: tergov boshlangan ilk sahnalarda oʻzini mutlaqo aybsiz sanagan Traps asta-sekin qilmishiga iqror boʻlib, yakunda jinoyatchi ekanini tan oladi. Albatta, qahramon ongida bu evolyutsiya birdaniga yuz bermaydi: aktyor aybsizlikdan qotillikkacha boʻlgan murakkab ruhiy jarayonni gʻoyat aniqlik bilan, obraz dinamikasi va tempo-ritmini saqlagan holda ifodalab beradi. Natijada, tomoshabin ham beixtiyor Alfredoning jinoyatchi ekaniga ishona boshlaydi. Sunʼiy gazlamalar ishlab chiqaruvchi Gefeston firmasining xoʻjayini hisoblanmish Traps bu kursiga sobiq rahbari qariya Gigaksning oʻrniga oʻtirgani, cholni yoʻq qilish uchun puxta reja tuzgani, yaʼni, xotini bilan don olishib, bu voqeani xasta amaldorga yetkazgani va bunday sharmandalikni koʻtarolmagan Gigaksning yuragi xuruj qilib qazo qilgani maʼlum boʻladi.

 

 

Alfredoning jinoyati fosh boʻlishida prokuror obrazi muhim oʻrin tutadi. Ushbu personajni taniqli aktyor va rejissyor Abduhalil Mignorov ijro etdi. Koʻpchilik Abduhalil akani asosan kino sanʼati orqali yaxshi taniydi, biroq u ancha yillar avval sobiq Abror Hidoyatov nomidagi teatr (hozirgi Oʻzbekiston davlat drama teatri) da atoqli rejissyor Bahodir Yoʻldoshev qoʻl ostida ishlagani va esda qolarli rollar yaratganini hamma ham bilmasa kerak. Ayni obraz orqali aktyor yana teatr sahnasiga qaytdi desak, xato boʻlmas. Prokuror – Mignorov sovuqqon, biroz hazilkash, haqiqatni tagiga yetish uchun barcha choralarni ishga soladi, topqirlik va zukkolik ila savollarni yogʻdiradi, alal-oqibat oʻzi aytmoqchi, jasadning tovoni koʻrina boshlaydi. Prokurorning Traps bilan toʻqnashuvi spektaklning haqiqiy dramatizmini belgilab beradi, kutilmagan savollar qarshisida talmovsirab qolgan mehmon pirovardida, taslim boʻladi.

 

Farhod Abdullayev ijrosidagi sudya xarakterida ham eʼtiborli xususiyatlar mavjud. U koʻrinishidan betarafdek tuyulsada, asli haqiqatni izlovchi, adolat tantanasi uchun kurashuvchi haqgoʻy inson sifatida gavdalanadi. Sudya Vergening qiziqqonlik va ehtiros ila soʻzlashi, doimo idrok va mantiqqa tayanishi tomoshabinda alohida taassurot qoldiradi. Aktyor Egamberdi Rahimov gavdalantirgan advokat jinoyatchilarni oqlashga, ularni hayotga qaytarishga intiladigan oqkoʻngil inson. Nogironlik aravasiga mixlangan boʻlsada, kelajak va jamiyatga boʻlgan ishonchi, nekbin qarashlarini yoʻqotmagan, har narsadan yorugʻlik, nur axtaradi. Murakkab vaziyatda qolgan Alfredoni qutqarishgada astoydil harakat qiladi, biroq qilmishiga iqror boʻlgan Traps uchun uning oqlovlari foyda bermaydi.

 

Shuningdek, Ozod Bekmurodov talqinidagi jallod Pile, Xurshida Arabshoyevaning Simonasi xususida ham alohida toʻxtalish lozim. Pile shunchaki hukmni ijro etadigan, jinoyatchilarning boshini oladigan jallod emas, nazarimda, bu obrazni ramziy maʼnoda tushunish lozim. U nafsni kesadigan adolat qilichi; uning oʻta qoʻrqinchli temir kundasi qarshisida Alfredoni titroq bosadi. Spektakl xotimasiga yaqin Traps va Pilening suhbati, jinoyatchining qatl oldidagi holati, ushbu sahnani anchayin realistik, quyuq boʻyoqlarda berilishi tomoshabinda rostmana qoʻrquv uygʻotadi. Nahot, Alfredo chindan qatl etilsa?!

 

 

Shu oʻrinda bir mulohazamizni aytib oʻtsak. Jahongir Qosimov – kinorejissyor va bu sahnada ham seziladi. Ochigʻi, kamina spektaklni tomosha qilish chogʻi yaxshi bir film koʻrayotgandek taassurot tuydim. Voqelik asosan qahramonlar oʻrtasidagi dialoglarga quriladi; sahna sanʼati tabiatiga esa bayonchilik yot; oʻnlab soʻzlarni aktyorning birgina mimikasi yoki sukuti orqali ifodalash mumkin. Qolaversa, aktyorlarning sahnadagi joylashuvi (mizansahnalar) da ham turgʻunlik bordek, teatr uslubiga xos xatti-harakatlar, dinamika yetishmayotgandek tuyuldi. Albatta, bu shaxsiy mulohazalarim va ayni kamchiliklar spektaklning badiiy-gʻoyaviy saviyasi va salmogʻiga taʼsir koʻrsatmagan. 

 

Oʻz navbatida rejissyorning yutuqlarini ham eʼtirof etmasak, adolatdan boʻlmas. Avvalo, Jahongir akaning pyesa matniga chuqur kirgani, aktyorlarni rollarga toʻgʻri va maqsadli tanlagani, sahnaviy muhit yarata olganini aytish lozim. Yana bir eʼtiborli jihati, rejissyor teatr va tomoshabin oʻrtasidagi «toʻrtinchi devor»dan voz kechadi, zaldagi muxlislar tomoshaning kuzatuvchisi emas, bevosita ishtirokchisiga aylanadi. Verge sudni boshlagan vaqti tomoshabinlarga qarata «turinglar!», deya murojaat qiladi va barcha yigʻilganlar oʻrnidan turadi. Goʻyoki tomoshabinlar sudda guvohga aylanadi. Spektakl soʻngidan xulosa shuki, inson zoti qilmishiga yarasha jazosini albatta oladi, odamlardan boʻlmasa, Yaratgandan jazo muhaqqaq ekani ushbu sahna asari orqali yana bir karra oydinlashadi.

 

Avtohalokat spektaklida ilgari surilgan fikrlar bugungi jamiyatimiz uchun gʻoyat zarur. Tomoshadan soʻng oʻzingizga beradigan savollaringiz koʻpayib ketadi. Prokuror aytadiki, Hayotda oʻzlariga hisob bermagan holda tez-tez qotillik qiladigan odamlar bor. Albatta, qotillik deganda, faqat odam oʻldirish nazarda tutilmaydi. Jismoniy emas, maʼnaviy qotilliklar – turfa uydirmalar, fisqu fasodlar, yolgʻonu gʻiybatlar ila ne-ne insonlarni ruhan abgor qilayotganlar qancha? Shunday vaqtlarda qanchamiz oʻz-oʻzimizga hisob beryapmiz? Vijdonni qiynab, xolis soʻroqqa tutyapmiz? Taassufki, bunday insonlar nihoyatda kam.

 

Spektakl ana shunday oʻtkir haqiqatlardan soʻz ochadi, tomoshabinni mushohadaga, haq soʻzga tik qarashga chaqiradi. Bugun shu kabi teatr asarlariga ehtiyojimiz katta. Zotan, sanʼatning barcha turlari qatori teatr ham millatning ongu tafakkuri, dunyoqarashi, ruhiyatida oʻzgarishlar qilishi, uni oʻz ortidan ergashtirishi, maʼnaviy yuksaklikka chorlashi zarur. Bu yoʻlda Diydor teatr-studiyasi amalga oshirayotgan ishlar tahsinga loyiq.

 

Shohrux ABDURASULOV,

sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19457
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi