Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...


Saqlash
10:05 / 07.05.2024 235 0

Arab xalqida shunday aforizm bor: Ohu qochib qutulolmasa, sherga yemish bo‘ladi. Sher quvlab yetolmasa, ochlik qurboni bo‘ladi. Tirikchilik g‘amida hayotini tavakkal qilib, yaylovga kelgan ohu va so‘nggi madorini oyoqlariga yig‘ib, yemish qidirgan sherning bu xatti-harakati tabiat qonuniga ko‘ra “yashash uchun kurash” iborasi bilan izohlanadi.

 

Ammo yegani noni, ichgani suvi, kiygani kiyimi bo‘la turib, urush otlig‘ ajdarhoning boshini qo‘zg‘aydigan insonlarning bu sa’y-harakatlarini qanday izohlash mumkin?!

  

Buyuk Britaniya Bosh vaziri bo‘lgan Uinston Cherchill “urush ayrimlarning manfaati uchun butunlay begunoh odamlarning o‘lishi”dan boshqa narsa emas degan edi. Urushni nari borsa bir necha subyektlardan iborat siyosiy guruhlar boshlaydi, jabrini esa oddiy xalq ko‘radi.

 

“Urush” degani bu vayronkorlik, zaharli tutunlarga to‘la osmon, to‘s-to‘polon, vahshiylik, necha yuz minglab insonlarning o‘limi demakdir.

 

Insoniyatga hech qachon ro‘shnolik keltirmagan bo‘lsa-da, dunyo tarixida qonli to‘qnashuvlar juda ko‘p bo‘lgan, ming afsuski, ular hozir ham davom etmoqda.

 

Dunyo tarixi shu kunga qadar guvoh bo‘lgan jahon urushlarining har ikkalasi ham bemisl vahshiyliklar bilan borliqni larzaga keltirgan.

  

Jumladan, 4 yil, ya’ni 1914–1918 yillarda davom etgan Birinchi jahon urushiga Sarayevo voqeasi, ya’ni o‘n sakkiz yoshli serbiyalik millatchi, talaba Gavrilo Prinsip tomonidan Avstriya-Vengriya imperiyasi taxti vorisi Frans Ferdinand va uning rafiqasi Sofiya Xotek o‘ldirilgani sabab bo‘lgan. Biroq quyidagi raqamlar ushbu urush bir nechta gegemon manfaatlar to‘qnashuvi bilan davom etishi natijasida insoniyat tarixidagi eng mudhish voqealar sababchisi bo‘lganini ko‘rish mumkin.

 

Chunonchi, urushda qatnashgan 38 ta dunyo mamlakatining jami 1,5 mlrd. dan ortiq aholisidan 74 mln. ga yaqini urushga safarbar etilgan. Shundan 10 mln kishi qurbon bo‘lgan, 20 mln kishi esa turli tan jarohatlari olib, yaralangan. Aholining katta qismi kasallik va ochlik qurboni bo‘lgan. Birinchi jahon urushining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan davlatlar o‘z milliy boyliklarining uchdan bir qismini yo‘qotgan. Mazkur urush tufayli Rossiya imperiyasi, Avstriya-Vengriya imperiyasi, Usmoniylar imperiyasi va Germaniya imperiyasi yakun topgan.

 

Ko‘lami bir necha o‘nlab davlatlar hisobiga kengaygan Birinchi jahon urushidan so‘ng bamisoli Yerning ko‘ksi ilma-teshik bo‘lib ketgani, daryolar o‘zanidan chiqayozgani, tuproqlar qonga qorishgani, osmon kimyoviy zaharlarga to‘lgani, tabiiy ofatlar kuchayib, turli kasalliklar avj olgani, iqtisodiy tanqislik sur’atlari o‘sib, ocharchilik, qahatchilik insoniy qadriyatlarni yemira boshlagani ham shubhasiz.

 

Bu qadar mudhish holatni insoniyat o‘z qo‘li bilan yaratgani, sovuq qurollar, manfur niyatlar, manfaatlar to‘qnashuvining salbiy oqibatlari, afsuslar bo‘lsinkim, insoniyatga saboq bo‘lmadi.

 

Oradan qariyib 20 yil o‘tib, ko‘plab tarixchilar tomonidan insoniyatga qarshi urush deb baholangan Ikkinchi jahon urushi boshlandi. Mazkur urush ham dastlab kommunistik va fashist rejimlar o‘rtasidagi yaqinlik va tafovutlar sabab yuzaga kelgandek ko‘rinsa-da, dunyoning 60 dan ziyod mamlakatlari miqyosida juda keng quloch yozdi va millionlab odamlarning yostig‘ini quritdi.

 

E’tiboringizni birgina mamlakatimiz misolidagi raqamlarga qaratmoqchiman: ushbu urushga safarbar qilingan 263 000 dan ziyod askar halok bo‘lgan, 132 670 kishi bedarak yo‘qolgan, 60 452 nafari urushdan nogiron bo‘lib qaytgan. Bundan tashqari 10 minglab o‘zbekistonlik jangchilar asirga tushgan. Bu – frontga safarbar qilingan yurtdoshlarimizning har uch nafaridan biri uyiga qaytmaganini bildiradi.

 

Urush 1945-yili garchi rasman tugagan deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, mamlakatlar o‘rtasidagi sovuq munosabatlar urushi davom etdi. Otishma hamda qon to‘kishlarsiz, “tinchlik uchun kurash” g‘oyasi bilan yashash mamlakatlarni holdan toydirdi.

 

Ziyolilar, oddiy xalq vakillari tinchlik uchun chaqiriqlarga imzo to‘plash bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsa, sanoat so‘nggi modeldagi harbiy qurollar: jangovar samolyotlar, tanklar, raketalar ishlab chiqarishdan bir zum bo‘lsa ham to‘xtamadi.

 

Qorni to‘yib ovqat yemagan, kiyim-kechak yetishmasligiga ko‘nikkan xalq dunyoning hali u, hali bu nuqtasiga tashlanayotgan atom bombasi tahdidi bilan yashab, turli mamlakatlarning “po‘pisa”lari bilan hisoblashishiga to‘g‘ri keldi.

 

Xalq ongiga “qimmatchilik bo‘lsa ham, qahatchilik bo‘lmasin” degan gap singib ketgan. 80-yillarda esa dunyodagi barcha atom qurollari birdaniga portlasa, Yer kurrasi o‘z o‘qidan chiqib ketishi mumkin(!) degan bashoratning ta’sir doirasi ancha keng edi.

 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda go‘daklarning mungli ovozlarini eshitib, iltijoli nigohlarida tiriklik nishonalari tugab borayotganini, bir kechada o‘nlab, yuzlab qabrlar qad ko‘tarayotganini kuzatar ekanmiz, ikki yoki uchta mamlakat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar yuzlab zamondoshlarimizning taqdiriga mudhish yakun yasayotganidan kuyunamiz. Tinchlikning ulug‘ ne’mat ekanini yana bir karra his etamiz.

 

Bugun o‘zgalarning osoyishta hayotiga osongina soya solishni “mahorat” deb biladigan, qorni to‘yib ovqat yeyishni orzu qilgan xalqlarni oylab, yillab boqish mumkin bo‘lgan millardlab mablag‘larni “urush” keltirib chiqaradigan loyihalar yaratishga sarflayotganlarni ne deyish mumkin?

 

Birinchi va Ikkinchi jahon urushi natijalari shuni ko‘rsatadiki, urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, urush qurbonlar maydonidir. Bir yil davom etgan urushning soyasi o‘zidan keyingi bir necha davrlarga qorong‘ilik solishi tarixdan bizga ma’lum.

 

Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlashda bor kuchini ayamay sarflagan. Chunonchi, urush yillarida aholi tomonidan mudofaa jamg‘armasiga 649,9 mln. so‘m naqd pul, 4 mlrd. 226 mln. so‘m zayom puli, 52,9 kilo oltin va kumush yig‘ildi.

 

Armiya uchun mehnatkash ajdodlarimiz kun-tun ishlab, millionlab gimnastyorka, paxtali kombinzion, etik va qo‘njli botinka yuborgani, Yengil sanoat vazirligi korxonalari tomonidan frontga millionlab metr gazlama, tonnalab g‘alla, kartoshka va sabzavot, poliz mahsulotlari, quruq va ho‘l mevalar jo‘natishgani arxiv hujjatlarida va tarixiy manbalarda keltirilgan.

 

O‘zbekistonda urush yillarida 280 ta yangi korxona barpo etilgan. Respublikaning sanoat potensiali 1945-yilga kelib 1940-yildagiga nisbatan deyarli 2 barobar ko‘paygan.

 

Jumladan, neft qazib olish 4 barobar, metall ishlash tarmoqlari mahsulotlari 4,8 barobar, mashinasozlik mahsulotlari 13,4 barobar, ko‘mir qazib chiqarish 30 barobardan ziyod, po‘lat va prokat eritish 2 barobar, elektr energiyasi ishlab chiqarish 2,42 marta ortgan.

 

Biroq O‘zbekistonning ikki karra ziyod potensiali urush yillarida front uchun samolyot, aviamotor, aviabomba, minomyot, minalarni yo‘q qiluvchi qurol, harbiy-kimyoviy apparatura, mina, snaryad, granata, dala radiostansiyalari uchun radiolampa, parashyut, harbiy-sanitariya va hammom, kir yuvish poyezdi, ko‘chma oshxona va ko‘pgina harbiy anjomlar yetkazib berishga sarflangan.

 

Bundan tashqari, ko‘ngilli vatandoshlarimiz o‘z xonadonlaridan ot, qo‘y, echki kabi qoramol, issiq kiyim, quruq meva, un, bug‘doy, yorma, guruch, naqd pul ko‘rinishidagi yordamlarini ham tinmay frontga yuborib turishgan, turli mamlakatlardan ko‘chirib keltirilgan o‘n minglab kishilarga boshpana berib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatishgan, harbiy gospitallarni otaliqqa olishgan.

 

Zero, buncha katta potensial bilan ishlagan zavod va fabrikalarning kuchi iqtisodiyotimizni, bozorlarimizni rivojlantirishga, xalqimizning hayotini farovonlashtirishga qaratilganida, buncha katta kuch va mablag‘ bilan yuzlab maktablar, kutubxonalar qurilganida urushdan keyingi o‘n yilliklar ocharchilik, qahatchilikda o‘tmagan bo‘lar edi. Ota-bobolarimizning, momolarimizning hayoti birmuncha go‘zal kechardi. Va nihoyat, bu kabi manfur urushlar yuz bermaganida, dunyo mamlakatlarining kuch-qudrati ilm-fanni, madaniyatni, san’atni taraqqiy ettirishga qaratilganida, bugunga kelib dunyoning boshiga ko‘plab global muammolar tushmagan bo‘lar edi.

 

Urush oqibatida minglab bolalar yetim qolishgan. 200 ming yetim bolaning o‘zbek oilalari bag‘riga kelib qo‘shilishi urush otlig‘ harakatning beshafqatligi timsolidir. 14 nafar bolani o‘z tarbiyalariga olgan Shomahmud Shomahmudovlar oilasi sharafiga ishlangan “Sen yetim emassan” filmidagi urush manzaralari ko‘plab xalqlarning chekkan azob-uqubatlarini aks ettirgani shubhasiz.

 

Urush davrida tashkil etilgan “Ishchi bataloni”da 155 ming yurtdoshimiz xizmat qilib, til bilmaslik, qahraton sovuqda yupun kiyim va og‘ir yashash sharoitidagi ochlik oqibatida kasallikdan nobud bo‘lgani ham tarixiy manbalarda keltirilgan.

 

Ikkinchi jahon urushi barcha xalqlarga ulkan kulfatlar keltirdi. Millionlab ayol beva va bolalar yetim bo‘lib qolishdi. Ota-onalar farzand dog‘ida qayg‘u-alam bilan bu dunyodan ko‘z yumdilar. Xalqlar shu darajada qashshoqlashdiki, yuqorida tilga olganimiz sher va ohu kabi “yashash uchun kurash” boshlandi.

 

“Umri xolani peshin namoziga chiqarishdi. Qabristondan chiqib kelishayotganida Shoikrom odamlarning o‘zaro gapini eshitib qoldi.

 

Urush tamom bo‘pti, eshitdingizmi?”

 

Taniqli yozuvchi O‘tkir Hoshimovning “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasi aynan ushbu jumlalar bilan tugaydi. Hikoya qahramoni – tirikchilik manbayi bo‘lgan yagona sigiri o‘g‘irlab ketilgan, bola-chaqasiga non topib berolmaganidan har kuni og‘rinib, zamondan noliydigan Shoikrom qulupnayzorni o‘g‘ridan qo‘riqlash uchun elektr tokiga ulagan simiga onasi Umri buvi tushib, qazo qiladi.

 

Kichkinagina hikoyadagi ulkan haqiqatlar, ya’ni urush girdobidagi davr mashaqqatlari, qiyinchiliklari kishini uzoq o‘ylantirib qo‘yadi. Hikoya garchi Umri buvini “urushning so‘nggi qurboni” deya e’tirof etgan bo‘lsa-da, urushdan keyingi qahatchilik davri qurbonlar sonining yanada ortishiga sabab bo‘lganini anglash mumkin.

 

Poytaxtimizdagi Xotira maydonida barpo etilgan 35 jildli Xotira kitobini ko‘zdan kechirsangiz, har bir ism-sharif ro‘parasida mushtipar onalarning achchiq ko‘z yoshlarini, otalarning mungli nigohlarini, yostig‘ining yarmi bo‘shab qolgan kelinlarning armonlarini, yetim qolgan bolalarning faryodini eshitganday bo‘lasiz.

 

Front ortidagi mashaqqatli mehnatlari orqali jang qilib, bir metr matoni o‘zidan ayab, frontga jo‘natib, tutning pishig‘iga yetib olishni orzu qila-qila yashash uchun kurashib, ocharchilik, qahatchilik qurbonlari bo‘lgan ajdodlarimizning ismlari bitilgan hayot kitobi ham temir kitobdan kam emasligini qaysi birimiz inkor eta olamiz!

 

Ikkinchi jahon urushi asoratlari bo‘yicha shu kungacha ilmiy tadqiqotlar, arxeologik qazilmalar olib borayotgan qator guruhlar tomonidan aniqlanayotgan yangi-yangi ma’lumotlar urush haqidagi ma’lumotlarga oydinlik kiritishga, yirik raqamlarni o‘zgartirishga, urush tarafdorlari bo‘lgan mamlakatlarning asl niyatlarini aniqlashga xizmat qilishi bilan birga o‘tgan davr manzarasini yanada mudhishlantirib, urushga chorlovchi g‘oyalar ortidan ergashishdan tiyilishga ham chorlashi shubhasiz.

 

Yer yuzi insoniyat baxtli bo‘lib yashashi uchun yaratilganligini, bir qarich yerda ham inson go‘zal orzular qilib, o‘z mehnati bilan baxtli bo‘la olishi mumkinligini his etmagan inson har qancha moddiy boyligi bo‘lmasin, baxtiyor bo‘lolmaydi. Chin inson o‘zgalar qonini to‘kish evaziga tuzilgan yirik davlatlarda emas, hamma baxtli yashaydigan davlatlardan birida yashashni afzal biladi. Chin inson boshiga musibat yetgan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zishni o‘z burchi deb his etadi. Chin inson o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘ymaydi.

 

Biz ikki ulkan urush manzaralari atrofida fikr yuritdik. Biroq taxt va vorislik talashuvlari, ba’zan birgina malikaning makri bilan qilingan necha-necha qatliomlar ham insonga qaratilgan urushdir. Urush tomonlar kuchi va hududlar ko‘lami bilan emas, begunoh to‘kilgan qonlar bilan sifatlanadi.

 

O‘zbek xalqi tarixda ham, bugun ham jahon hamjamiyati tomonidan bag‘rikengligi bilan ahamiyat kasb etib kelgan. Xalqimizning ushbu sifati mamlakatimiz Bosh qomusida ham qonun bilan asoslangan. Zero, ko‘p millatli mamlakatlarda bag‘rikenglik – tinchlik, taraqqiyot garovidir. Odamlar o‘rtasida nizolar kelib chiqishining oldini olishda, xalqlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni barqarorlashtirishda tolerantlik muhim rol o‘ynaydi.

 

Ko‘plab urushlarning kelib chiqishiga bevosita millatchilik sabab bo‘layotgan bugungi kunda O‘zbekistonda 16 ta konfessiya asosida 130 dan ortiq millatlar o‘rtasida do‘stlik, bag‘rikenglik muhiti shakllangani dunyo xalqlari tomonidan alohida e’tirof etilayotgani bejiz emas, albatta. Xalqimizga xos bag‘rikenglik fazilati ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davrida yaqqol namoyon bo‘lganligiga tarixning o‘zi guvohdir.

 

XXI asr – axborot asri. Urushni keltirib chiqaradigan sabablar ham “ommalashtirilayotgandek” go‘yo. “Hayot ressurslarining tanqisligi”, “dunyo aholisi sonining me’yordan ortib borayotgani”, “Yer yuziga sig‘may qolishlik” kabi global mavzular go‘yoki urushlarni yoqlaydigandek. Ammo ushbu “global sabablar” ostida ham allakimlarning manfaatlari yotganini unutmasligimiz, har qanday urushga hech bir sabab asos bo‘la olmasligini anglashimiz lozim. Zero, birgina begunoh inson qonini to‘kishga qaratilgan har qanday harakat manfur urushning parchasi demakdir.

 

Hazrat Navoiyning “Hamsa”siga kiritilgan dostonlardan birida bu dunyo inson guli uchun yaraldi, uning gullashiga ishoning va u gullaydi degan falsafiy qarash aks etadi. Zotan, insonni qurbon qilish, orzu va istaklarini yakson qilish, nafasini zahar bilan bo‘g‘ishga qaratilgan har qanday urushning dunyoga munosib emasligi ayni haqiqat-ku!

 

Yoshi 7080 dan oshib, bu dunyoning hoy-u havasligini, bu dunyo imtihon ekanligini his etib, hayotining qolgan qismini yaxshi amallar qilish taraddudiga tushib qolgan har bir mo‘ysafid yozilmagan kitob emasmi?!

 

Biz tinchlik tarafdorimiz demoqda muhtaram Prezidentimiz. Qaysi elda zilzila, suv toshqini yoki yong‘in oqibatida talafot ko‘rgan insonlar bo‘lsa, mamlakatimizdan darhol yordam fondi yo‘lga otlanadi, ko‘ngil so‘raladi. Hamyurtlarimiz borib, jabrdiyda ellarning yonida turib berishadi. Barcha ellarga faqat va faqat tinchlik istaydigan, “Qo‘shning tinch-sen tinch” aqidasiga amal qiladigan, millati, dini, irqidan qat’i nazar, dunyo maydonida baxtli yashashga haqli deb biladigan, o‘zga ellarda urushdan jabr chekayotgan norasida go‘dakning ko‘zidan bir tomchi yosh to‘kilsa, u bilan birga qo‘shilib yig‘laydigan, yuragi og‘riydigan bag‘rikeng xalqimizning Yurtboshisi ham chin inson sifatlari bilan dunyo tinchligi tarafdori ekanligi, qaysi bir elning podshosi oddiy xalqning roziligi, qon to‘kilishiga qarshiligi bilan hisoblashmay, o‘z manfaatlarini ustun qo‘yayotgan bir davrda, xalqimiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib, urushga qarshi turayotganligining o‘zi bizning baxtli xalq ekanligimizdan dalolatdir.

 

Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davr ochiq kurashlar maydoniga aylanib bormoqda. Tahdidlarga boy zamonda “xalq manfaati uchun” niqobi ostida o‘z istak-xohishlari yo‘lida tubanlik bilan “zo‘r”lardan “zo‘r” bo‘lishga urinayotganlarning “urush” otlig‘ sovuq nom bilan kurashga otlangani, “Uchinchi jahon urushi” iborasini ilgari surishlari faqat bir narsa, ya’ni yana begunoh insonlarning qurbon bo‘lishlari bilan ta’birlanadi, xolos. Yuqorida zikr etganimizdek, urushda g‘oliblar bo‘lmaydi...

 

Furqat JO‘RAQULOV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

rahbarining birinchi o‘rinbosari,

siyosiy fanlari doktori, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19456
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16796
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi