Choʻldagi toshqin: Birlashgan Arab Amirliklari oʻz tarixidagi eng kuchli yogʻingarchilikni boshdan kechirdi


Saqlash
18:04 / 25.04.2024 250 0

2024-yilning 16-aprel kuni Birlashgan Arab Amirliklari oʻzining 75-yillik tarixidagi eng kuchli yogʻingarchilikni boshdan kechirdi. Toshqin oqibatida Abu-Dabi, Sharja va Ras-al-Xaym koʻchalarini suv bosgan, Dubay esa eng koʻp jabr koʻrgan hududga aylanib, u yerda toʻq sariq rangdagi xavf darajasi eʼlon qilingan.

 

 

Bilamizki, Arab amirliklari oʻzining issiq va quruq iqlimi bilan boshqa mamlakatlardan farq qiladi. Masalan, Dubayda yillik yogʻingarchilik miqdori 100 mm dan oshmaydi. Shuning uchun mahalliy hokimiyat ancha yillardan buyon yogʻingarchilikni sunʼiy jalb qilishga yetarlicha pul sarflab kelgan. «Bulut ekish» nomli bu jarayonda samolyotdan turib, bulutlarga yomgʻir chaqiruvchi kimyoviy moddalar purkaladi.

 

 

Toshqinlarga sabab boʻlgan sutkalik yomgʻir esa oʻrtacha bir yarim yillik yomgʻir miqdoriga teng boʻlgan. Dunyoning eng quruq hududlarida yuz bergan toshqin aholi orasida «sunʼiy chaqirilgan» degan qarashlarni ham keltirib chiqardi. Lekin ekspertlar bu fikrni rad etdi.

 

 

Yogʻingarchilik oqibatida, yoʻllar daryoga aylanib, koʻplab xonadonlar elektr tokisiz qolgan, aholining katta qismi bor boyligini yoʻqotgan. Hududdagi barcha narsa, jumladan, villa va qimmatbaho avtomobillar ham suv ostida qoldi. Qayiqlar esa mahalliy aholining asosiy harakatlanish vositasiga aylangan.

 

 

Uchish va qoʻnish yoʻlaklariga yigʻilgan katta miqdordagi suv tufayli Dubaydagi eng yirik aeroport ham maʼlum muddat cheklangan tartibda faoliyat yuritgan. Natijada, minglab turistlar anchagacha oʻz yurtiga uchib ketolmagan.

 

 

Mahalliy aholining Deutsch Welle nashriga bergan maʼlumotiga koʻra, mamlakat bunday yogʻingarchilikka tayyor boʻlmagan. Drenaj tizimining yaxshi ishlamasligi esa yomgʻir suvlarining tiqilib, yigʻilib qolishiga yana bir sabab boʻlgan.

 

 

«Men Dubayda tugʻilib, katta boʻlganman, lekin buncha miqdorda yogʻingarchilik boʻlganini hech koʻrmagandim. Bildimki, drenaj tizimi bizda umuman ishlamas ekan, tizim buncha miqdordagi suvni qabul qilishga tayyor boʻlmagan. Tinimsiz jala quyilganda yigʻilgan suv tiqilib qolavergan. Avtomobillarimizni yuqoriroq joyga qoʻyishga harakat qildik, biroq bundan hech qanday naf boʻlmadi, endi mashinalarimiz koʻchalarda suzib yuribdi. Mening 3 mashinam va mototsiklim yoʻqoldi, uydagi mebel va birinchi qavatdagi elektr jihozlarim esa yaroqsiz holga keldi», – deydi toshqindan aziyat chekkan mahalliy fuqarolardan biri.

 

 

Meteorologlar toshqinlarning koʻplab mamlakatda yuz berayotgani, Qozogʻistondagisini hukumat «Asr toshqini»deb atagani va Dubaydagi vaziyat ham tabiiy yuzaga kelganini qayd etdi. «Toshqinlar Eron, Pokiston, Yaman va boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda. Bularning barchasi dunyo boʻylab iqlim oʻzgarishining yaqqol belgisi sanaladi», – deydi mutaxassislar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19316
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16398
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi