Oʻzbekistonda noshirlar oʻz ishini bajarmaydi – oʻzbek asarlarini inglizchaga oʻgirayotgan tarjimon bilan suhbat


Saqlash
15:57 / 23.04.2024 860 1

Shelli, sizni Markaziy Osiyo adabiyotini targʻib qilishda katta hissa qoʻshayotgan tajribali tarjimon sifatida taniymiz. Nega aynan Markaziy Osiyoni tanlagansiz? Hammasi qanday boshlangan edi?

 

Universitetda rus tili hamda sovuq urush davri tarixi va siyosati boʻyicha oʻqidim. Keyinchalik tahsil dasturimga Markaziy Osiyoga bogʻliq kurslarni qoʻshib bordim. Ayniqsa, mintaqaning post-sovet tarixiga bogʻliq kurslar meni qiziqtirib qoʻygandi. Afsuski, bunday darslar koʻp emasdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida, umuman uning tarixi, adabiyoti, kinematografiya yoki jamiyati toʻgʻrisida ingliz tilida bitilgan ilmiy adabiyotlarda katta bir boʻshliq borligini koʻrib hayratlanganman. Va shu boʻshliq meni qiziqtirib qoʻygan. Bakalavrdan keyingi tahsilimda oʻzbek tilini oʻrgandim. Asta-sekin oʻzbek va rus tilidan tarjimalar qila boshladim. Oʻzbekcha bir esseni inglizchaga oʻgirganimdan soʻng, yozuvchi Hamid Ismoilov hikoyalaridan birini tarjima qilib koʻrishni taklif qildi. Hikoyaning inglizchada chop etilishi oʻzbekistonlik hamda qozogʻistonlik boshqa yozuvchilarda yanada qiziqish uygʻotdi. Shundan buyon hozirga qadar Markaziy Osiyo adabiyoti bilan muntazam shugʻullanib kelyapman.

 

Markaziy Osiyo madaniyati va anʼanalari chuqur ildiz otgan asarlarni tarjima qilishda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?

 

Aslida, har qanday asarda oʻz xalqining madaniyati va anʼanalari ifodalangan boʻladi. Biroq gap Markaziy Osiyo haqida ketarkan, ingliz tilli kitobxon ilgari duch kelmagan hikoyalar, urf-odatlar boʻlishi ehtimoli tufayli tarjima jarayoni, albatta, qiyinchilik tugʻdiradi. Kitobxonga tanish boʻlgan koʻp narsa, ehtimol, Markaziy Osiyo madaniyati va tarixi oʻzgacha – mustamlakachilik, sharqshunoslik nuqtai nazaridan talqin qilgan rus yoki sovet manbalari orqali yetkazilgan. Bu esa ishni yanada ogʻirlashtiradi. Men rus tilidan ilhomlanib, bir xalqning madaniyati haqida tushuntirishlar berish, hatto soʻzlarning imlosini ham rus tili nuqtai nazaridan ifoda etish ingliz tilli tarjimon uchun jiddiy xato deb bilaman. Biz bu yangi nomlarni, urf-odatlar va hokazolarni taqdim qilishning yangi yoʻlini, rus tili taʼsiri koʻp aralashmagan usulini topish ustida ishlashimiz kerak. Aks holda, Markaziy Osiyo adabiyoti bilan ishlayotgan tarjimonlar ham boshqa hamkasblarining ortidan davom etishlari mumkin. Masalan, qisqacha tushuntirishlar, matn osti izohlari, tarjimon soʻzboshisi, soʻngsoʻzi va shu kabilarni murakkablashtirmaslik kerak. Eng yaxshi usul – izohlarni haddan ziyod oshirib yubormang, shunda yutasiz. Kitobxonga, misol uchun, “Chingizxon” yoki “Ikkinchi jahon urushi”ni tushuntirib beruvchi izohlar kerak emas. Oʻquvchi har doim ham biror taomning har bitta masalligʻini yoki kiyimning har bir qismini bilishi shart emas. Haddan tashqari koʻp tafsilot berish notanish madaniyatni tushunishni qiyinlashtirishi, nihoyatda ekzotik va murakkab koʻrishiga olib kelishi muqarrar. Bu hikoya yoki sheʼrni his qilishga xalal beradi, xolos.

 

Haqsiz, izohlarning koʻpligi oʻquvchining diqqatini chalgʻitishi ham mumkin. Shelli, tarjimaga asar tanlashda qoidalaringiz bormi?

 

Kitob tarjima qilish uchun juda koʻp vaqt kerak boʻladi, hatto kichikroq bir sheʼrni oʻgirish uchun ham anchagina hissiyot sarflaysiz. Shuning uchun, tarjimaga asar tanlash borasida hozir anchagina talabchanman. Jarayonda muallif va noshirning maqsadlari meniki bilan mos kelishi nihoyatda muhimligini anglab yetdim. Bordi-yu ijodkor kitobini Nyu-York bestselleri qilmoqchi boʻlsa, kitobi uni millionerga aylantiradi deb oʻylasa-yu, ammo men aksincha fikrda boʻlsam, bu kitobni tarjima qilishni unchalik ham istamayman. Holbuki, kamtarroq yozuvchining istalgan yaxshi bir asarini bajonidil inglizchalashtiraman. Albatta, “yaxshi asar” taʼrifi oʻta shaxsiy fikrga tayanadi. Men kitobga avval oʻquvchi koʻzi bilan qarashga harakat qilaman. Kitobxon bu asarni sevib oʻqiydimi? Agar shunday deb oʻylasam, men ham uni sevib tarjima qila boshlayman.

 

Ingliz tilli nashr bozorida oʻzbek asarini chop ettirishda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz? Bir hovuch chiqib-chiqmaydigan siz kabi tarjimonlar ingliz tilida chop etilayotgan kitoblarning ulkan dunyosida oʻzbek adabiyoti ham koʻzga tashlanishiga qay daraja taʼsir qila olishi mumkin?

 

Juda qiyin bu! Chunki, butun kunini tarjimaga bagʻishlaydigan mutarjim ham yiliga bir yoki ikkita kitobni oʻgiroladi, xolos. Shundayam jarayon silliq ketsagina, albatta. Aytaylik, biror noshir toʻsatdan oʻzbek romanlarining butun bir turkumini chop etgisi kelib qolganda ham, oʻzbekchadan inglizchaga oʻgiradigan tarjimonlarning hozirgi jamoasi birlashib, kichik tokchani toʻldirishlari uchun yillar kerak boʻladi. Garchi biz juda ozchilik boʻlsak-da, koʻpincha tarjimonlar emas, balki ish yetarli emasdek tuyuladi. Oʻzbek kitoblari turkumini nashr etish istagida boʻlgan noshirning senariysi, afsuski, shunchaki bir xayol, xolos. Bu hol xalqaro nashr sanoatida Oʻzbekistonning ulushi bilan bogʻliq. Aksariyat tildagi asarlar bu tarzda nashr etiladi:

 

Amerikalik noshir yaxshi bir asar haqida eshitib qoladi va mualliflik huquqini sotib oladi, soʻng ingliz tiliga oʻgirish uchun tarjimon yollaydi. Oʻzbekistonda esa bunday jarayon men bilan bir martagina sodir boʻlgan. “Yale University Press” nashriyoti Hamid Ismoilovning oʻzbek tilida yozilgan yangi asarini tarjima qilishni soʻragan edi. Qolgan barcha hollarda, asarlarni oʻzim tarjima qilganman, muallif hamkorligida albatta. Soʻng birgalashib nashriyot izlaganmiz. Oʻzbekistonda siznikidan boshqa adabiy agentlik yoʻq. Nashriyotlar esa oʻzbek ijodkorlarini dunyoga keng targʻib qilish uchun katalog chiqarmaydi, kitob festivallarida qatnashmaydi, boshqa mamlakat noshirlari bilan deyarli hamkorlikda ishlamaydi. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham vaziyat shunday. Natijada, AQSH noshirchilik sanoatidagilar Markaziy Osiyo adabiyoti haqida hech qanday maʼlumotga ega boʻlmay qolaveradilar. Bugun oʻzbek noshirlarining bu vazifalarini, afsuski, biz tarjimonlar bajaryapmiz.

 

Shunga qaramay, Markaziy Osiyo adabiyotiga eʼtibor tortishning bir qancha yoʻllarini sinab koʻryapman. Eng sevimli usulim – har yerda hamisha bu adabiyotni tilga olish. Mustamlakachilik davridan keyingi adabiyotni tarjima qilish tanlovlari yoki Osiyo hikoyalarini targʻib etish chaqiriqlarini koʻrganimda, koʻpchilik koʻra oladigan joyda turib “Markaziy Osiyo adabiyotini ham qabul qilasizlarmi?”, deb soʻrayman. Koʻpincha, tashkilotchilar buni avval oʻylab koʻrmagan boʻlsalar ham, “ha” deb javob berishadi…

 

Sizningcha, ingliz tilli kitobxon oʻzbek asarlarini qanday qabul qiladi?

 

Tarjima qilgan asar va hikoyalarimning hammasi haqida ingliz tilli kitobxonlar juda yaxshi fikrlar bildirgan, chuqur tahlil qilingan taqrizlar yozishgan. Asar syujeti, mualliflarning uslubi borasida iliq fikrlar aytilgan. Toʻgʻri tanlangan asarning yaxshi tarjimasi yanada koʻproq kitobxonni jalb qilishiga ishonaman. Ammo asarlarni shunchaki Oʻzbekistonniki boʻlgani uchungina qiziqarli asar, deb eʼlon qilish bilan ish bitmaydi. Oʻzbekiston sehrli bir diyor, oʻzgacha maftunkor boʻlgani uchungina o‘zbekcha asarni qiziq deya olmaymiz, chunki bu taʼrifga har bir oʻlka mos keladi, shunday emasmi? Shuningdek, asarni oʻzbek adabiy tarixida muhim rol oʻynashiga tayanibgina targʻib qila olmaymiz. Chunki Oʻzbekiston hududidan tashqarida hech kim bu tarix haqida hech narsa bilmaydi. Oʻzbek asarlarini istalgan boshqa xalq adabiyotinikidek targʻib qilaverish kerak. Masalan, maroqli syujet, ajoyib yozuv uslubi, esda qolarli qahramonlar, oʻziga xos dunyoqarashga ega muallif – mana nimalarni tanishtirish kerak birinchi?! Ana shundagina o‘quvchiga sotib olishni, oʻqishni istagan kitobini topib bergan boʻlasiz. 

 

Hali u qadar tanilib ulgurmagan tillar adabiyotini, xususan, Markaziy Osiyonikini tarjima qilishga qiziqqan yosh hamkasblaringizga qanday maslahatlar bera olasiz?

 

Koʻp oʻqing! Hali kashf etilmagan madaniyatlarni targʻib qilmoqchi boʻlsangiz, nomini ham eshitmagan, doʻstlaringiz, hamkasblaringiz hech ham oʻqimagan ijodkorlarning asarlarini tadqiq qilishga hozir boʻling. Siz kashf etilmagan manzillarni jasurlik bilan oʻrganishingiz, shuningdek, nafaqat tarjimon, balki bu dunyo bilan koʻpam tanish boʻlmagan kitobxonga yoʻlboshchilik ham qilishga tayyor boʻlishingiz kerak. Markaziy Osiyo adabiyotini tarjima qilayotganda, boshqacha oʻyin qoidalariga duch kelasiz, boshqa hududlar ustida ishlayotgan tarjimonlarga berilgan koʻplab maslahatlar bu yerda ish bermasligiga guvoh boʻlasiz. Bular yuqorida tilga olib oʻtganim tizimli omillar bilan bogʻliq. Misol uchun, Markaziy Osiyo mualliflarining shaxsiy agentlari yoʻq hisobi. Oʻzlari yashab turgan mamlakatlarida ularning mualliflik huquqlarini sotishga qiziqqan, ular uchun targʻib kampaniyalarni uyushtiradigan noshirlari ham deyarli yoʻq. Badiiy tarjimonlarni biror bir asar tarjimasi ustida ishlashga ragʻbatlantiruvchi infrastruktura mavjud emas. Shunga qaramay, men kerakli lingvistik va adabiy tajribaga ega boʻlgan har bir tarjimonni Markaziy Osiyoda bizga qoʻshilishini oʻylab koʻrishga undagan boʻlardim – bu ish nihoyatda foydali, bizning kichik tarjimonlar jamoamiz bir-birini va sizni qoʻllab-quvvatlashga astoydil harakat qilamiz. 

 

Suhbat uchun, shu bilan birga, Markaziy Osiyo adabiyotini targʻib qilishdagi bahosiz mehnatlaringiz uchun rahmat, Shelli.

 

Fikrlarimni oʻquvchilar bilan boʻlishishga imkon berganingiz uchun sizga rahmat! Keling, yangi muvaffaqqiyatlarga birga erishaylik! Chunki Oʻzbekistonda dunyo kitobxoniga taqdim qilinishini kutib yotgan bebaho asarlar koʻpligiga ishonchim komil.

 

Munira NOROVA suhbatlashdi.

 

Maʼlumot uchun: Shelli Feyrvezer-Vega – rus va oʻzbek tillaridan ingliz tiliga badiiy asarlarni tarjima qiluvchi AQShlik tarjimon. Yozuvchi Hamid Ismoılovning ikki romanini hamda qozoq mualliflarining bir nechta asarini, shu bilan birga qator oʻzbek, qozoq, rus hikoyalarini inglizchaga tarjima qilgan. Ayni vaqtda Shimoliy-gʻarbiy tarjimonlar jamiyati prezidenti.

 

 

1 Izoh

asliddin

19:04 / 28.04.2024

rostan bizni madaniyatimizni boshqalarga tanitishni istasa bizni madaniyatimizni yoritib beradigan shoh asarlarni tarjima qiling

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 264
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22610
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//