Turkistonga darvesh qiyofasida kelgan Vamberi nega xon tuhfasini olmagan?


Saqlash
13:04 / 24.04.2024 771 0

Mojor (venger) millatiga mansub Arminiy Vamberi Rashid afandi nomi bilan Haj ziyoratidan qaytayotgan Turkistonlik va Qashqarlik hojilarga hamroh bo‘lib, Eron Mozandaroni va turkman cho‘llaridan o‘tib, Xiva xonligiga qadam qo‘yadi. Vaziyatga ko‘ra, bu mahalda yevropaliklarning O‘rta Osiyo tuprog‘iga ochiq kelishi murakkab va xatarli tus olgandi. Gap shundaki, Rossiya Turkistonni bosib olish da’vosida bo‘lib, Buyuk Britaniya qanday bo‘lmasin, bunga monelik ko‘rsatayotgan edi. Yaqin orada yuz berajak ruslar bosqinidan Amir Nasrulloni ogoh etish uchun Buxoroga kelgan Charlz Stoddart va Artur Konollining taqdiri bunga misol. “Bular ingliz josusi” degan bir og‘iz gap ajnabiylarning kallasi ketishiga sabab bo‘lgan. A.Vamberi shu vajdan favqulodda  yo‘lni tanlab, yurtimizga chuvrindilarga o‘ralgan darvish (qalandar) – Rashid afandi qiyofasida kirib keladi. Islom o‘lkalarida darvesh niqobida tilanchilik qilib yurish odatiy hol bo‘lib, hayot uchun bexavotir edi. A.Vamberiga biz “ingliz ayg‘oqchisi” degan tamg‘ani taqishdan tiyilgan holda, uning “Buxoro yoki Movrunnahr tarixi” asarini turkchaga tarjima qilgan Fotih Karimiyning “Bu olim siyosiy tafakkur jihatidan ochiqdan ochiq turk muxlisi, inglizlarning xayrixohi, chor Rossiyasining muxolifi edi, shu boisdan chor Rossiyasi nazarida u nomaqbul kimsalar jumlasidan hisoblanar edi” degan gaplarini aytish bilan cheklanamiz.

 

1863-yil 28-mart kuni u karvonsaroyga kelganida Eron chegarasigacha xachir va eshaklarni yollagan hojilar safarga shay, ulovsiz, ya’ni piyoda ziyoratchilar ham choriqlarini kiyib, qo‘llarida xurmo daraxtidan qilingan hassa bilan yo‘lga chiqishga tayyor edilar. Hajdan qaytayotgan shayx Bilolning fotihasi bilan karvon yo‘lga tushdi. Yevropalik sayyoh yo‘llarda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan sarguzashtlarni boshdan o‘tkazdi.

 

Nihoyat Xivaga yetib kelib, xon bilan uchrashadi.

 

“Bolxon cho‘llarida ikki hafta yo‘l bosib, 31-mayda biz Oq yop arig‘iga tegishli o‘zbek qishlog‘iga yetib keldik. Kumushtepa va Xiva orasidagi cho‘l mana shu yerda tugaydi. Qishloq ahli men ko‘rgan birinchi o‘zbeklar bo‘lib, juda yaxshi insonlar ekan. Bu yerning odatiga ko‘ra biz xonadonlarga kirib, Qur’oni karim suralaridan (Fotiha surasi) o‘qib, yaxshigina xayr-sadaqa yig‘dik”, deydi Vamberi bu haqda. U Turkiyadagi tanishlari tavsiya etgan Shukurullaboy degan amaldor yordamida Xiva xoni saroyiga qadam qo‘yadi.

 

“Bir necha daqiqada ikkita yasovul izzat-hurmat bilan qo‘ltig‘imdan olishib, yetaklashdi. Qarshimdagi saroparda ko‘tarilib, Xorazm hukmdori Said Muhammadxonni ko‘rdim. Xon o‘ng qo‘li bilan baxmal bolishga suyanib taxtda o‘ltirar, chap qo‘lida saltanat ramzi kalta tilla aso bor edi”, deya hikoya qiladi sayyoh.

 

Marosim taomiliga ko‘ra, xon huzurida turganlar Qur’oni karimdan oyatlar o‘qishib, “omin” deya qo‘llarini duoga ochishadi va hamma xonga “Qabul bo‘lg‘ay” deya xitob qilishadi. Xon suhbat chog‘ida undan bunday uzoq safarning boisini, yo‘l taassurotlarini so‘raydi. Vamberi yo‘l qiyinchiliklari qanchalik og‘ir bo‘lmasin, xonning jamoli muboraklarini ko‘rgach, bunday baxt nasib etganidan Allohga behisob shukronalar aytib, barcha mashaqqatlar ortda qolganini ta’kidlaydi.

 

Xon Rashid afandidan bu yerda qancha qolishini va sayohat uchun mablag‘i bor-yo‘qligini so‘raganda, u xonlik hududida mangu orom topgan aziz-avliyolar xilxonalarini ziyorat qilish niyatini bildiradi. Mablag‘ borasida esa u “Biz tarki dunyo qilgan darvishlar dunyoviy mayda-chuydalarni o‘ylab g‘am chekmaymiz. Piri  murshid tomonidan solingan dam (ruhiy quvvat) 4-5 kun och-nahor yurishimizga imkon beradi va yagona istagim Alloh siz – olampanohga 120 yil umr bersin”, deydi.

 

Yaxshi gap kimga yoqmaydi? Xonning unga 20 tilla va bir eshak hadya qilishi mehmonning hukmdorga manzur bo‘lganini anglatadi. Vamberi darveshlarning qo‘llariga pul ushlashi katta gunoh ekanini aytib, tilladan voz kechadi. Ammo nogiron darvish (oqsoqligini ko‘zda tutib)ga safarda eshak eng qulay ulovlini ko‘zda tutib, bu marhamati uchun xonga minnatdorlik bildiradi. Hukmdorning mehmonga ko‘rsatgan takallufi tufayli, Xivaning manaman degan amaldor-u boyonlari ham xondan ulgu olib galma-galdan mehmonga chorlashadi. Xudoning bergan kuni 5-6 marta ziyofat. O‘sha paytda ham ertalabki oshlar bo‘lganini Vamberining quyidagi so‘zlari tasdiqlaydi: “Ertalab azondan soat 4-5 larda och qoringa katta lagandagi yog‘liq palovni yeyishni eslasam, sochlarim hurpayib ketadi”.

 

Vamberi Xivani ta’riflarkan, maqtovlarda aslo xasislik qilmaydi: “Avvalboshda Xivaning shunchalik tarovatini faqat qiyosdan bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Yo‘q, aslo! Xiva atrofidagi yuksak minoralar, dov-daraxtlar soyasiga ko‘milgan hovlilar, yam-yashil yaylovlar va to‘kin-sochin bozorlar, keyinchalik, ya’ni shu kunlarda Yevropaning g‘oyat ko‘rkam shaharlarini ko‘rganimdan keyin ham menga o‘ta go‘zal bo‘lib tuyulayapti.

 

Xorazm meva-chevalari Eron va Turkiyanikidangina emas, yevropadagilardan totli. Xivada yetishtiriladigan shirin qovunlarni esa nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda ham topa olmaysiz. Bu qovunlarning shirin mazasini yevropaliklar hatto tasavvur ham eta olmaydi. Tilni yoradigan ta’mli va xushbo‘y bo‘lib, og‘zingizda bolday erib ketadi va odamni sog‘lomlashtiradi. Agar uni non bilan yesangiz, bunday ozuqa tabiat bizga in’om etgan eng tansiq taom hisoblanadi. Qovunlarning navlari juda ko‘p: zomcha (ertapishar, dumaloq shaklda, sariq rangli), gurvak (yashil rangli), boboshayxi, ko‘kcha, shakarpalak, chatoyi, ko‘knovvot hamda oqnovvot. Qishki qovunlar: qoragulobi, qizilgulobi, poyandagi, saksovul qovun...” deydi Vamberi.

 

Vamberi Xorazm sayohatidan keyin Buxoro amirligi hududida safarni davom ettiradi. Hatto amir bilan muloqotda ham bo‘ladi, mazkur uchrashuv tafsilotlarini quyidagicha ta’riflaydi: “Men tezda qisqa bir surani o‘qib, davlatpanohning haqlariga “omin” deb duo qildim va ruxsatni kutib o‘tirmay hukmdor yoniga cho‘kka tushdim. Darvish maqomiga to‘la mos keluvchi mening bu jur’atim hukmdorni hayron qoldirdi”.

 

Аmir bilan qilgan suhbatini quyidagicha keltirgan:

 

– Hoji, eshitishimcha, sen Bahovuddin Naqshband va Turkistonning boshqa aziz-avliyolarini ziyorat qilish uchun ataylab Rum (Istambul)dan kelmishsan?

 

– Ha, taqsiri olam, shu bilan birga Sizning muborak diydoringizni ko‘rish ham menga katta huzur bag‘ishlaydi.

 

– Qiziq! Nahotki senda bundan boshqa maqsad-muddao yo‘q bo‘lsa? Axir shuncha uzoq yurtdan kelish osonmi?

 

– Taqsiri olam, kamina qulingiz juda uzoq yillardan buyon sizning qalamravingizda  bo‘lmish Buxoroyi sharif hamda go‘zal Samarqandni ziyorat etish orzusida edim. Bundan boshqa nima ham maqsadim bo‘lardi?

 

– Qanday qilib? Shu oqsoq oyog‘ing bilan-a?

 

– Taqsiri olam, qurboningiz bo‘lay. Sizning ulug‘ bobongiz Amir Temur hazratlari ham oqsoq oyoqda dunyoni zabt etish sharafiga sazovor bo‘lgandi.

 

Arminiy Vamberining Turkistonga oid aksariyat kitoblarida bu yerda yashovchi xalqlar orasida ko‘proq o‘zbeklarga muhabbat va ixlos bo‘rtib turadi. U o‘zbek xalqining etnogenezi, tili, urf-odatlari haqida juda ko‘plab qimmatli ma’lumotlarni beradi.

 

“O‘zbeklarning Markaziy Osiyoga kelib joylashishi haqida qanchalik kam ma’lumotga ega bo‘lsak, ularning kelib chiqishi haqida ham juda kam bilamiz” deydi Vamberi. “Garchi fors muarrixlari o‘zbeklar qudrati Temuriylar qudrati xarobalari ustida paydo bo‘ldi, desa-da, bu dalil masalani  unchalik oydinlashtirmaydi. Albatta, bu holat ularning dovruqlarini yuksaltirdi. Ammo Amir Temur va Chingizxon zamonlaridan ancha ilgariroq uch xonlikda o‘troq yashagan turkiy aholi qaysi urug‘ga mansub bo‘lganini kim ayta oladi? Masalan, mo‘g‘ullar bosqinidan ancha avval Xorazmshoh-Anushteginlar (X–XIII asrlar) saltanatida o‘zbeklar hukmron bo‘lganini Xivada eshitganman”.

 

A.Vamberi uchta xonlikda ham o‘zbeklar bosim va ustun xalq ekanini e’tirof etadi. Xususan, Buxoroda amirning o‘zi ham o‘zbeklarning mang‘it urug‘idan bo‘lib, bu urug‘ mamlakat qurolli kuchlarining o‘zagini tashkil etadi, deb qayd etadi.

 

O‘zbek o‘troq va dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan xalq nomidir, deydi u. O‘zbeklar Orol dengizidan to Komulgacha (Xivadan 40 kunlik yo‘l) bo‘lgan bepoyon kengliklarda yashaydi va uch xonlikning xamda Xitoy Turkistoni (Qashqar)dagi ko‘p sonli xalq hisoblanadi. O‘zbeklar 32 ta asosiy toifa (qabila)ga bo‘linadi. 1 qo‘ng‘irot, 2 qangli, 3 xitoy, 4 mang‘it, 5 nukus, 6 nayman, 7 qulon, 8 qiyot, 9 as, 10 toz, 11 sayot, 12 chig‘atoy, 13 uyg‘ur, 14 oqbet, 15 do‘rman, 16 yoshun, 17 qanjig‘ali, 18 no‘g‘ay, 19 bolg‘ali, 20 mitan, 21 jaloyir, 22 kenagas, 23 qangli, 24 eshkili, 25 buyurli, 26 olchin, 27 ochamayli, 28 qorqursoq, 29 birquloq, 30 tirkish, 31 kallakesar, 32 ming. Bu bo‘linish qadimdan mavjud bo‘lib, deydi u, faqat bunda bir holatga e’tibor qaratish  kerak. Masofa qanchalik ulkan bo‘lmasin, o‘zbek urug‘lari bu hududlarda notekis sochilib ketgan. Tadqiqotchini hayron qoldiradigan joyi shuki, Xiva, Qo‘qon yoki Yorkentda yashaydigan o‘zbek gapirishi, urf-odati, yuz ko‘rinishidan sezilarli farq qilsa-da, u o‘zini nafaqat o‘zbek millatiga, balki bitta qabilaga, bitta urug‘ga mansubligini tan oladi, deya fikrlarini davom ettirgan.

 

O‘sha davrda yo‘l mashaqqatlari haqiqatdan ham og‘ir bo‘lgan. Ayniqsa, turkman cho‘llaridan o‘tishda qaroqchilar qo‘liga tushish, jondan umid uzish bilan barobar bo‘lgan. A.Vamberi  o‘zi bilan kelayotgan darveshlardan biri boshidan kechirgan ushbu voqeani keltiradi: “Yo‘ldoshlarimdan biri uvada kiyimlarda turkman qishlog‘iga yo‘l oldi. Kun bo‘yi sadaqa yig‘ib, kechqurun tunashga bir o‘tovga qo‘ndi. Qarasa, mehmon nimadandir bezovta, bir narsani yo‘qotib qo‘yib, izlab topolmayotgandek.

 

Alqissa, uy sohibi ming xijolat bo‘lib, qo‘noqni (ya’ni darvishni) tuzukroq ovqatlantirish uchun undan qarz so‘raydi. U juldur kiyimlari orasiga bekitgan hamyondan 5 qironni berib, mezbonni xijolatdan qutqaradi. Kechki ovqat, shirin suhbatdan so‘ng uyquga yotishib, ertasiga mehmon izzat-hurmat bilan kuzatiladi.

 

“Bu yerdan chiqqanimdan hayal o‘tmay bir turkman orqamdan hay-haylab yetib keldi” deya hikoya qildi sherigim. “Menga po‘pisa qilib, hamyonimni talab qildi. Qaroqchi o‘zim kecha o‘tovida mehmon bo‘lgan turkman ekanini ko‘rib, hayratdan qotdim. U hazillashyapti, degan xayolda bu ishi insofdan emasligini yaxshilikcha tushuntira boshladim. Ammo ish jiddiy tus olgach, hamyonimni, unga qo‘shib pichoq, taroq hamda choyimni qaroqchiga berishdan boshqa ilojim qolmadi. Tezroq  qutulish uchun jadallaganimda, u meni to‘xtatib hozirgina meniki bo‘lgan hamyondan 5 qironni olib uzatdi va dedi:

 

“Mana, kechagi qarzimni to‘ladim, endi oramiz ochiq, istagan yog‘ingga ketishing mumkin”.

 

A.Vamberi sayohati davomida o‘zbek xonliklarining bir-biri bilan munosabati, qishloq xo‘jaligi sohasi, Rossiya va Turkiston savdo munosabatlari, ularning harbiy salohiyatini  batafsil o‘rganadi. Jumladan, u ko‘plab asarlarida Rossiyaning Turkistonga ta’siri va Buyuk Britaniyaning bu holatga munosabatiga atroflicha to‘xtalib o‘tgan. Eng muhimi, u rus askari hali Turkiston tuprog‘iga qadam qo‘ymasdan 2-3 yil oldinroq keyingi zamonlarda mazkur hududlarda kechadigan ssenariyni bashorat qiladi.

 

“Bundan 25 yillar oldin rus siyosatida O‘rta Osiyoga juda kam e’tibor berilgan”, deydi u. “Afg‘onistonning inglizlar tomonidan bosib olinishi, rus-fors ittifoqi va Xivaga qarshi dastlabki yurish Peterburg va London kabinetlarida bo‘lgan diplomatik yozishmalarda ilk marta Turkiston masalasini ko‘tardi. O‘rta Osiyo g‘arbida, aynan Orol dengizida ruslarning ta’siri sezilarli  o‘sdi. Ayni paytda Amudaryo deltasidan tashqari Orolning barcha qirg‘oqlari ruslar tasarrufiga o‘tdi. Endilikda asosiy harakatlar Yaksart (Sirdaryo)ning chap qirg‘og‘ida ro‘y bermoqda. Rus fortlari (istehkom)ning uzilmas halqasi himoyasidagi  rus forpost (qal’a)lari Raim qal’asigacha (Hozirgi Qizilo‘rda viloyati, Orol tumani) yetib keldi. Qo‘qon xonligining sharqiy chegarasida, Namangan tarafdan ham ruslar juda qisib kelayotir.

 

Ruslarning O‘rta Osiyo rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. sivilizatsiya manfaati uchun (barcha yevropaliklar kabi A.Vamberi ham ruslar Turkistonga madaniyat olib keladi, deb ishongan. A.A.) rus quroliga omad tilashimiz mumkin. Lekin biz rus qo‘shinlarining oxir-oqibatda qaerga borib to‘xtashini mulohaza qilsak, vaziyatning o‘ta murakkabligini tushunamiz. Rossiya faqat Buxoro bilan qanoatlanib qoladimi, Oksus (Amudaryo)ni o‘z ta’sirining so‘nggi chegarasi deb hisoblaydimi, degan savollarga javob topishimiz juda mushkul. Harqalay, Rossiya Turkistonni zabt etib, Afg‘oniston va Shimoliy Hindistonga bevosita yoki bilvosita tajovuz qilmasligini istardim” deydi muallif.

 

Mashhur mojor olimi Arminiy Vamberi (1832-yilda Duna-Serdaxelida tug‘ilgan, 1913-yilda Peshtda vafot etgan)  atoqli muarrix, sharqshunos, tilshunos va adib. U ota-onadan yosh yetim qolganiga qaramay, mahalliy maktabda ta’lim oladi. Noyob qobiliyatli o‘spirin 16 yoshida lotin va mojor tillaridan tashqari fransuz, ingliz, skandinav tillarini, shuningdek, rus tilini yaxshi o‘zlashtira olgan. 1861-yilda Vengriya fanlar akademiyasi a’zoligiga saylangan. Olim mojor tilining ildizlarini, uning turkiy tillar bilan nechog‘li qon-qarindoshligini o‘rganish maqsadida 1852-yilda Turkiyaga yo‘l oladi. Istambuldagi badavlat turk oilalari farzandlariga fransuz tilidan saboq beradi.

 

O‘rta Osiyoga safari davomida u dastlab Xivada, keyinchalik Buxoro, Samarqand, Toshkent va boshqa shaharlarda bo‘ladi. So‘ngra Amudaryodan o‘tib Hirot, Mashhad, Tehron  va Istambul shaharlari bilan ortga qaytadi.  A.Vamberi  ilk bor “Nemischa-turkcha lug‘at”, “Nemischa-Chig‘atoycha lug‘at”  kitoblarini tuzgan. Uning “Buxoro yoki Movarounnahr tarixi” kitobi yaratilganiga bu yil 160 yil bo‘ldi. Olim, shuningdek, “Mening hayotim”, “O‘rta Osiyo  hayoti va urf-odatlari ocherklari”, “Chig‘atoy tili darsligi” kabi 20 dan ziyod kitoblar yozgan. Ahmad Yassaviy,  Nizomiy-Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy, Boborahim Mashrab, So‘fi Olloyor kabi shoirlar ijodiga bag‘shlab maqolalar yozgan.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19339
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16445
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi