Joriy yilning mart oyida Qozogʻistonda qor erishi oqibatida suv toshqinlar boshlandi. 10-aprel kuni mamlakatning 17 viloyatidan 10 tasida favqulodda holat eʼlon qilindi. 12-aprelda yogʻgan kuchli yomgʻir esa toshqinlarni yanada kuchaytiradi.
Falokat oqibatida 60 dan ziyod aholi punkti tashqi dunyodan uzilib qolgan, 10 ta viloyatdagi uch mingdan ortiq xonadon suv ostida qolgan. Koʻplab inshootlar, jumladan, yoʻl va koʻpriklar jiddiy zarar koʻrgan.
Kuchli toshqin Qozogʻiston uchun haqiqiy fojiaga aylanib, xavf zonalaridan 100 mingdan ortiq fuqaro evakuatsiya qilingan. Toshqinlar oqibatida nafaqat odamlar, balki uy hayvonlari, chorva mollari hamda turar joy hududlari ham jiddiy zarar koʻrgan.
Bundan tashqari, tabiiy ofat Rossiya territoriyasi — Orenburg, Kurgan, Samara, Saratov, Ulyanovsk viloyatlari, Boshqirdiston, Mordoviya va Tatariston respublikalaridagi aholi yashash joylari, yoʻllar va boshqa infratuzilmalarga ham zarar yetkazgan. Ular orasida eng ogʻir vaziyat Orenburg viloyatida kuzatilib, mamlakatda federal ahamiyatdagi favqulodda holat eʼlon qilingan.
Qozogʻiston prezidenti toshqinlarning ayanchli oqibatlari yuzasidan aholiga shunday murojaat qildi:
“Umidsizlikka tushmaslik kerak, biz bu vaziyatni toʻgʻrilaymiz. Asosiysi – insonlarning qurbon boʻlishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Toshqinlardan zarar koʻrgan fuqarolarga murojaat qilib, shuni aytmoqchimanki, birortangiz ham davlat eʼtiboridan chetda qolmaysiz, barchangizga moddiy va boshqa zaruriy yordamlar koʻrsatiladi. Yoʻqolgan barcha moddiyatingiz zarari qoplanadi. Biz bu yirik toshqinlardan har tomonlama – tabiiy ofatlarni oldini olish boʻyicha chora-tadbirlaridagi kamchiliklar va suv ishchilari yetishmovchiligidan to tabiat bilan ayovsiz munosabatimizgacha kerakli saboq chiqarishimiz zarur”.
Qozogʻistonga turli mamlakatlar insonparvarlik yordamlarini yubormoqda. Jumladan, Oʻzbekistondagi koʻngillilar oʻz tashabbusi bilan zarur buyumlar va pul mablagʻlarini yuborishni reja qilgan. Turkiya va Buyuk Britaniya rasmiylari ham tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish hamda barcha kerakli yordamni koʻrsatishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq kuydirgi kasalligi tashuvchisi boʻlgan qora chorva mollari koʻmilgan qabrlar ham suv ostida qolgani aytilgan edi. Kasallik sporalari bir necha oʻn yillar davomida tuproqda saqlanib qolishi mumkin, bu esa mamlakatda kuydirgi kasalligining qoʻzgʻalish xavfi borligini bildiradi.
San’at
Til
Adabiyot
Jarayon
Ma’naviyat
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q