“Yetakchi bo‘ri”, “qumliq” va “yopishg‘ur” – turkiy xalqlar hamda ularning nomlari qanday paydo bo‘lgan? (1-maqola)


Saqlash
18:04 / 26.04.2024 138 0

Turkiylar dunyoning eng yirik va qadimiy xalqlaridan biri hisoblanadi. Buyuk xunnlar avlodi bo‘lmish turkiylar tarixda Buyuk Turk, Xazar, Avar, Uyg‘ur va Bulg‘or xoqonliklari, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Usmoniylar, Temuriylar, Boburiylar, Mamluklar, Safaviylar va Shayboniylar kabi sulolaviy saltanatlarga asos solgan. Keng dasht-u dalalarda ot choptirgan turkiylar nafaqat katta imperiyalar barpo etdi, balki betakror va o‘ziga xos madaniyat ham yaratdi. 

 

Ammo, turli shart-sharoitlar sabab bir paytlar yaxlit, ulkan xalq bo‘lgan turkiylar bir qancha millatlarga bo‘linib ketdi. Hozirgi kunda butun jahon bo‘ylab jami o‘ttizga yaqin turkiy xalq mavjud. Ularning ba’zilari o‘z mustaqil davlatlariga, aksariyati esa hududiy-ma’muriy birliklariga ega. Xo‘sh, madaniyati, urf-odatlari, tashqi qiyofasi va tili bir-biriga yaqin bo‘lgan turkiy xalqlar qaysilar va ularning nomlari qanday ma’no anglatadi? Oyina.uz turkiy xalqlarni sizga yaqindan tanishtirib boruvchi turkum maqolalarining birinchisini ushbu savollar atrofiga qurdi.

 

 

Turklar

 

Turklar – bugungi kunda aholisi eng ko‘p turkiy xalq hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab turk tilida so‘zlashuvchi insonlar soni jami 65-80 millionga yetadi. Ularning asosiy qismi Turkiyada istiqomat qiladi, shuningdek Germaniya, Iroq, Kipr va AQSHda ham yirik turk diasporalari mavjud.

 

Turk millatining paydo bo‘lishi, shubhasiz, Usmoniylar imperiyasi bilan chambarchas bog‘liq. XI-XII asrlarda Markaziy Osiyodan Anadolu, Kichik Osiyo tomon siljigan saljuqli turkmanlar avlodlari bugungi turk xalqining yadrosini tashkil qiladi. Chunonchi, turk tili turkman tili kabi turkiy tilning o‘g‘uz lahjasiga kiradi.

 

 

“Turk” so‘zi turkiy xalqqa mansub kishini anglatib, “kuchli”, “irodali” ma’nolarini bildiradi. Ularning umumiy turkiylar nomini olishiga sabab, Usmoniylar imperiyasi tugatilgandan so‘ng, hokimiyatga kelgan kamolchilar eski usmonli meroslaridan voz kechishni boshlaydi. Natijada sobiq Usmoniylar davlati aholisini birlashtiruvchi yangi nom kerak bo‘ladi va umumturkiylik ildizi orqali “turk” nomi tanlanadi.

 

Oqibatda bora-bora “turk” etnonimi asosan Turkiya davlati aholisini anglata boshladi. Hozirda farqni bildirish uchun ko‘pchilik “turk” o‘rniga “turkiy” so‘zidan foydalanadi.

 

O‘zbeklar

 

Ikkinchi eng katta nufusga ega turkiy xalq. 2024-yil, 22-aprel kuni O‘zbekiston aholisi 37 millionga yetdi. O‘zbekistondan tashqari Afg‘oniston (4 million atrofida), Tojikiston (1 milliondan ko‘proq), Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Rossiyada ham katta adadda o‘zbeklar yashaydi. Butun dunyodagi o‘zbeklar soni jami 50 milliondan oshadi.

 

 

O‘zbek xalqi paydo bo‘lishi, shubhasiz, Buyuk Turk xoqonligi davridanoq boshlangan. IX asrda tashkil topgan Qarluq-qoraxoniylar davlati o‘zbek xalqi etnogenezida muhim rol o‘ynagan. Bir necha asr davom etgan etnogenez natijasida XVI asrda o‘zbek nomli xalq shakllandi. 1530-yil tashkil topgan Buxoro xonligining ikkinchi nomi O‘zbakiston edi. Ilk O‘zbekiston toponimini esa Turdi Farog‘iy she’rlarida uchratish mumkin.

 

“O‘zbek” etnonimining kelib chiqishi, aksariyat hollarda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon nomi bilan bog‘lanadi. Biroq ba’zi tarixchilar, “o‘zbek” so‘zini “o‘g‘uzbek” so‘zining qisqargan shakli deya ta’kidlaydi.

 

Ozarboyjonliklar

 

Ozarboyjonliklar – turkiy xalqlarning sezilarli qismini tashkil qiluvchi xalqlardan biri. Kavkazning neftga boy zaminida joylashgan mustaqil Ozarboyjon respublikasida jahondagi barcha ozarboyjonliklarning yarmidan kamrog‘igina yashaydi. Ularning katta qismi Eron tarkibidagi Janubiy Ozarboyjon hududida istiqomat qiladi. Shuningdek, Iroq, Turkiya va Afg‘oniston kabi davlatlarda ham ushbu millatning bir necha yuz mingi yashaydi. Dunyo bo‘ylab, ozarboyjon millatiga mansub insonlarning umumiy soni 40 millionga yaqinligi aytiladi.

 

Ozarboyjon xalqi tarixi haqida gapirganda turli nazariyalar sahnaga chiqadi. Saljuqiylar saltanati davridan katta ta’sir va adadga ega bo‘lgan Kavkaz turkiylari XII-XIV asrlarda har tomonlama rivoj topib, o‘ziga xos madaniyat va san’at yaratgan. Ozarboyjonliklar o‘tmishda turkiylik (Usmoniylar) va forsiylik (Safaviylar, Qojarlar) ana’nalari, xislatlarini birlashtirgan.

 

 

Ozarboyjon (Azerbayjan) nomi ancha tarixiy. Bu nomning ildizi miloddan avvalgi asrlarda ishlatilgan Atropatene (“olov bilan himoyalangan yer” – Zardusht shu yerda tug‘ilgan deb hisoblangani uchun shunday atalgan) toponimiga borib taqaladi. Rasmiy ravishda bu nomdan Ahamoniylar davrida Atropates shaklida, satraplik (viloyat) nomi sifatida foydalanilgan.

 

“Atropatane” nomi vaqt o‘tishi bilan assimilyatsiyaga uchrab boradi va qadimgi yangi-fors tilida Ādharbādhagān yoki Ādharbāyagān deb atala boshlanadi. Vaqt o‘tib hozirgi Azerbayjan shakliga keladi.

 

Qozoqlar

 

Bugungi kunda turkiy xalqlar (mustaqil davlatlari) ichida eng katta sarhadga ega bo‘lgan qozoq xalqining nufusi 20 millionga yaqin. Ularning asosiy qismi Qozog‘iston respublikasida yashaydi. Shu bilan birga Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya va Mo‘g‘ulistonda ham ko‘plab ushbu millati vakillarini uchratish mumkin.

 

Yozma manbalarda “Qozoq” nomi ilk bor XIII-XIV asrlardan uchray boshlaydi. XV asrda avval Oltin O‘rda, keyin O‘zbek ulusi parchalanadi va yangi Qozoq xonligi tashkil topadi. Xonlikning ilk hukmdorlari – Jonibekxon va Kireyxon chingiziy Jo‘jining avlodlari edi.

 

 

“Qozoq” so‘zining bir necha ma’nolari bor. Ular orasidan “ozod”, “qochoq”, “yolg‘iz”ni aytib o‘tish mumkin. Nomning kelib chiqish tarixi haqida gapirilganda tarixchilar Abulxayrxonning O‘zbek xonligidan ajrab ketgan Jonibek va Kireyxon ulusi “qozoq”, ya’ni “qochoq” deb aytilgan deya ta’kidlaydi. Ya’ni, o‘zbek va qozoqlar bir necha asr davomida yagona xalq bo‘lgan va sharqqa birgalikda ko‘chgan. Keyinchalik geografik va siyosiy sabablar tufayli farqlar ko‘payib borgan.

 

Uyg‘urlar

 

Juda uzoq va boy tarixga ega bo‘lgan uyg‘urlarning katta qismi ayni vaqtda Xitoyning Sinzyan-Uyg‘ur muxtor hududida istiqomat qiladi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham bir necha o‘n minglab uyg‘urlar bor. Manbalarga ko‘ra, uyg‘ur xalqining umumiy adadi 20 millionga yaqinlashadi.

 

VIII asrdayoq Sharqiy Turkistonda Uyg‘ur xoqonligi tashkil topgan. Keyingi asrlarda to‘xtovsiz urushlar olib borgan ushbu xalq etnogenizida xitoy va mo‘g‘ullar ham sezilarli qatnasha boshlagan.

 

 

“Uyg‘ur” so‘zining kelib chiqishi haqida turli manbalar mavjud. Xiva xoni Abulg‘ozi Bahodirxon o‘zining “Shajarayi turk” asarida “uyg‘ur” so‘ziga shunday ta’rif bergan: “ma’nosi yopishg‘ur. Qoraxonning o‘g‘li O‘g‘uzxon bir elni birlashtirib, shunday atagan”. Mahmud Qoshg‘ariy “Devoni lug‘otit turk” asarida uyg‘ur etnonimini Aleksandr Makedonskiyga bog‘laydi. Uning yozishicha, Aleksandr Makedonskiy o‘ziga qarshi kurashgan markaziy osiyolik mohir chavandozlarni “xudxurand” deb atagan. Ushbu so‘z vaqt o‘tib, “xudxur” shakliga kelgan. “Uyg‘ur” so‘zi “xudxur”ning buzib aytilishidan paydo bo‘lgan.

 

Turkmanlar

 

Eng qadimgi turkiy xalqlardan yana biri hisoblanuvchi turkmanlarning soni 10 milliondan ko‘proqni tashkil qiladi. Ular Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Suriya kabi davlatlarda istiqomat qiladi.

 

 

Turkman xalqi tarixi afsonaviy hukmdor – O‘g‘uzxondan boshlanadi. Oltoydan g‘arbga siljigan o‘g‘uz qabilalari avval Sirdaryo bo‘ylariga, keyinroq Orolbo‘yi va Amudaryo janubiga ko‘chib o‘tgan. Bu yerdan esa Saljuqiylar boshchiligida Kichik Osiyoga yo‘l olgan.

 

Turkman nomi Kaspiy va Jayhun oralig‘idagi hududlarga o‘rnashib qolgan o‘g‘uz qabilalarining umumiy nomiga aylangan. Bu nomning kelib chiqishi “turk” va “imon” so‘zlarining birlashuvidan, shuningdek, “turk” va “men” so‘zlari qo‘shiluvidan yuzaga kelgan degan nazariyalar bor. “Turkmen/turkman” so‘zi sof, toza qonli turk ma’nosini bildirishi aytiladi.

 

Qirg‘izlar

 

Markaziy Osiyoning sharqida yashovchi qirg‘iz xalqining umumiy soni 8 milliondan oshadi. Ularning asosiy qismi Qirg‘iziston respublikasida, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyning Qizilsuv-Qirg‘iz muxtor okrugida istiqomat qiladi.

 

 

Qirg‘iz xalqi tarixi qanchalik qadimiy bo‘lsa, uning etnogezi shunchalik murakkab. Chunki bu yerda VII asrda Qirg‘iz xoqonligiga asos solgan Yenisey qirg‘izlari, qarluqlar va o‘g‘uzlarni, XVI asrda Dashti Qipchoqdan ko‘chgan qipchoq qabilalari, shu bilan birga mo‘g‘ul urug‘lari izini ko‘rish mumkin.

 

“Qirg‘iz” nomining paydo bo‘lishi bo‘yicha eng mashhur nazariya “qirq o‘g‘uz” so‘ziga borib taqaladi. Unga ko‘ra, “qirg‘iz” nomi “qirq o‘g‘uz”ning buzilgan shaklidir. Qolaversa, “qirg‘iz” so‘zi turkiy leksika bo‘yicha “qir” va “xun”, ya’ni dasht xunlari ma’nosini bildirishi haqida ham taxminlar bor. Ba’zi mutaxassislar esa “qirg‘iz” so‘zining “jangchi” ma’nosini ilgari suradi.

 

Tatarlar

 

Qozon va Qrim tatarlariga bo‘lingan tatar xalqi adadi butun dunyo bo‘ylab salkam 8 millionga yetadi. Ularni asosan Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Tatariston va Boshqirdiston respublikalari, Orenburg viloyati, bundan tashqari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Ukrainada uchratish mumkin. Tatar xalqi shakllanishida VII-X asrlarda hukm surgan Xazar xoqonligi va Dashti Qipchoq qabilalari muhim o‘rin tutadi. Dashti Qipchoqning keng yaylovlari uzra ot choptirgan turkiy qabilalar tatar xalqining etnogezida asosiy o‘rin egallaydi. Ayni shu sabab ham tatarlar turkiy tilning qipchoq lahjasida so‘zlashadi.

 

 

Abulg‘oziy Bahodirxon “Shajarayi turk” asarida “Tatar” turkiy xonlardan birining ismi bo‘lgani va uning eli keyinchalik shu nom bilan atalganini yozadi. Yevropaliklar butun Oltin O‘rda aholisini tatar deb atagan. Shuningdek, Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan barcha turkiy xalqlar dastlab tatarlar deb atalgan. “Tatar” so‘zi ba’zida “turkiy” so‘zi o‘rnida ham qo‘llanilgan. Shu bois tatar etnonimini eng mashhur turkiy etnonimlardan biri deyish mumkin.

 

Boshqirdlar

 

Boshqirdlar turkiy tilda so‘zlashuvchi, umumiy soni 2 millionga yaqin xalq bo‘lib, Mahmud Qoshg‘ariy ularni yigirmata asosiy turkiy xalqlar ro‘yxatiga kiritgan. Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Boshqirdiston respublikasi ularning milliy davlatchilik tuzilmasi hisoblanadi va aynan shu yerda eng ko‘p boshqird yashaydi. Bundan tashqari Rossiyaning boshqa hududlari va Qozog‘istonda ham boshqird millatiga mansub insonlar istiqomat qiladi.

 

 

Boshqird nomi Xitoy manbalarida VI-VII asrlarda, “bashkuli” tarzida tilga olinadi. Ular Oltin O‘rda aholisining asosiy qismini tashkil qilgan qipchoq urug‘lari avlodidir. Shuningdek, ushbu xalq etnogenizda slavyan qabilalari ham ishtirok etadi.

 

Boshqird so‘zi “bosh” va “kurt” (bo‘ri) so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, bosh, yetakchi bo‘ri ma’nosini bildiradi. Qadimgi turkiylar o‘z kelib chiqishini bo‘riga bog‘lagan (Ashina urug‘i), ya’ni bo‘rini totem sifatida qabul qilgan. Boshqird etnonimi ham shunga asoslanadi.

 

Chuvashlar

 

Turkiy tilli xalqlardan yana biri – chuvashlar Volgabo‘yida, Rossiya Federatsiya tarkibidagi Chuvash El yoki Chuvash Respublikasida yashaydi. Butun dunyodagi chuvashlar soni esa 2 milliondan sal kamroq.

 

 

Chuvashlar qadimgi turkiy xalq – bulg‘orlar va suvarlar (yoxud savir, sabir) avlodi sanaladi. Ilk Suvar xonligi haqidagi manbalar IX asrga tegishli. Chuvash tili esa turkiy tilning bulg‘or guruhiga mansub yagona saqlanib qolgan til hisoblanadi.

 

“Chuvash” so‘zining kelib chiqishi ham bevosita suvarlarga bog‘liqligi aytiladi. X asrda yashagan arab sayyohi Ibn Fadlan Volgabo‘yida yashovchi “suvaz” (ba’zi manbalarda “suvan”) qabilasi haqida yozib qoldirgan. Arab tilida “ch” harfi yo‘qligi bois bu harf o‘rnida ko‘pincha “s” ishlatishi inobatga olinib, “suvaz” aslida “chuvaz” bo‘lgani taxmin qilinadi.

 

Boshqa nazariyalarga ko‘ra, “chuvash” dastlab etnonim emas, balki sotsionim bo‘lgan. Ya’ni, aholining yasoq to‘lovchi, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi qismi “ish bilan chuvalashgan” ma’nosida chuvash deb atalgan. Biroq bu versiyani ayrimlar rad qiladi.

 

Qoraqalpoqlar

 

Umumiy soni 1 millionga yaqin qoraqalpoqlar asosan O‘zbekiston tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa hududlari, Qozog‘iston va Turkmanistonda istiqomat qiladi.

 

 

Tarixiy manbalarda “qoraqalpoq” nomi XIV-XV asrlardan boshlab uchraydi. Xususan, arab muarrixlaridan biri Dashti Qipchoqdagi turkiy urug‘lar orasida “qora bo‘rkli” qabila borligi haqida yozgan. Bijanaklar va qipchoqlar avlodi hisoblanuvchi qoraqalpoqlar XVIII asrda Dashti Qipchoqdan Sirdaryo bo‘ylariga ko‘chib o‘tgan.

 

“Qoraqalpoq” so‘zi o‘z-o‘zidan qora bo‘rk (malaxay) kiyib yuruvchi insonni anglatadi. No‘g‘ay O‘rdasining Olti o‘g‘il o‘rdasida yashovchi turkiy urug‘lardan birining vakillari tez-tez qora bosh kiyim kiyib yurishi sabab shunday atalgan va keyinchalik bu umumiy xalq nomiga aylangan.

 

Qumiqlar yoxud qo‘miqlar

 

Kavkazdagi eng katta turkiy xalqlardan biri bo‘lmish qo‘miqlarning umumiy soni 700-800 ming atrofida bo‘lib, ular Rossiya tarkibidagi Dog‘iston, Checheniston va Osetiya kabi hududlarda yashaydi.

 

 

Tarixdagi ilk qo‘miqlar davlati – Targ‘u Shavhalligidir. XIV asrda tashkil topgan bu sultonlik Qo‘mig‘iston, Qumiqiya, Dog‘istoni-Qo‘miq deb ham atalgan. Ushbu xonlik negizida qumiq xalqi tarixi va madaniyatining katta qismi shakllangan.

 

“Qo‘miq” yoxud “qumiq” so‘zining ma’nosi bo‘yicha nazariyalar ko‘p. Eng ko‘p tarqalgan variantga ko‘ra, “qumiq” nomi “qumliq”, ya’ni “qumlik”, “cho‘llik” so‘ziga asoslanadi. Qumiqlar dasht, tekisliklarda ko‘p yashagani, Dashti Qipchodan Kavkazda ko‘chgani uchun ham shunday atalgan bo‘lishi mumkin. “Devoni lug‘otit turk” asarida esa qumiqlar turkiy xalqlardan biriligi, Qoshg‘ariy ularning Qumiq ismli xoni bilan shaxsan uchrashgani yozilgan.

 

Yoqutlar/Saxalar

 

Sibirning keng dashtlarida yashovchi saxa xalqining umumiy soni 500 mingdan oshadi. Ularning aksariyati Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi, jahondagi eng katta ma’muriy-hududiy birlik bo‘lmish Saxa Respublikasi(Yoqutiston)da istiqomat qiladi.

 

 

Keng tarqalgan nazariyaga ko‘ra, saxalar kelib chiqishi xunnlarga borib taqaluvchi kurikanlar avlodi hisoblanadi. Ular XIV asrda Baykal ko‘li atrofidan hozirgi Yoqutistonga, Lena daryosi atroflariga borib o‘rnashishadi. Saxalar uzoq vaqt davomida mo‘g‘ullar bilan yaqin aloqalarda bo‘lgani, mo‘g‘ul qabilalari bilan assimilyatsiyaga uchragani sabab boshqa turkiy xalqlarga nisbatan ko‘proq mongoiloid irqi jihatlariga ega.

 

“Saxa” so‘zining kelib chiqishi borasida ancha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Ularning ko‘pchiligida Markaziy Osiyoda turkiylar bilan birga yashagan sak qabilasi nomi “saxa” nomiga asos bo‘lgani ta’kidlanadi. Turkiylar va saklar juda uzoq vaqt bir hududda istiqomat qilgani, savdo aloqalari olib borgani bois turkiy til va xalqlarda saklarning merosi ko‘p. Masalan, qozoqlarda shaga, qirg‘izlarda sake, oltoyliklarda sagay urug‘lari mavjud.

 

Qorachoy-bolqor

 

Kavkaz o‘lkasida joylashgan turkiy qorachoy va bolqor xalqlari adadi olti yuz mingdan oshiqroq. Qorachoy xalqining ma’muriy birligi Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Qorachoy-Cherkas respublikasi bo‘lsa, bolqorlar Qabardin-Bolqor respublikasida istiqomat qiladi.

 

 

Qorachoy va bolqorlar bir tilda so‘zlashuvchi, bir tarixiy ildizga ega ikki xalqdir. Har ikki xalq o‘zini “tauli”, “taulila”, ya’ni “tog‘lik”, “tog‘liklar” deb ataydi. Qorachoy va bolqorlar etnogezida turkiylardan tashqari alanlar ham muhim o‘rin egallagan. Bu xalqlarning turkiy ajdodlari Dashti Qipchoqda yashagan va mo‘g‘ullar bosqini davrida Kavkaz tog‘lariga ko‘chib o‘tgan. Elburs tog‘ tizmasi qorachoy va bolqorlar yerini bir-biridan ajratib turgan.

 

“Qorachoy” so‘zi “qora soy” yoxud “qora joy” so‘zlaridan yasalgani aytiladi. “Bolqor” esa bulg‘or so‘zining buzilgan shaklidir.

 

Tivalar

 

Rossiya Federatsiyasidagi Tiva respublikasi, shuningdek Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlarda yashovchi tivalar nufusi uch yuz ming atrofida.

 

 

Tiva nomi Xitoy manbalarida VI-VII asrda “tubo” va “dubo” shaklida tilga olingan. Tivalar janubiy Sibirda yashagan tele qabilasining avlodlari hisoblanib, janub va g‘arbdan kirib kelgan turkiy urug‘lar mahalliy tungus-manjur aholini assimilyatsiya qilgan va X asrga kelib turkiy tiva xalqi va tili shakllangan.

 

Gagauzlar

 

Gagauzlar – Yevropada vatan tutgan turkiy xalqlardan biri. Umumiy soni salkam ikki yuz ming gagauzlarning asosiy qismi Moldova respublikasiga kiruvchi Gagauziyada umr kechiradi. Shuningdek, Ukraina va Rossiya hududlarida ham bir necha o‘n minglab gagauzlar bor.

 

 

Gaguzlar tarixi borasida bir necha farazlar mavjud. Ulardan biriga ko‘ra, gagauzlar Yevropaga ko‘chgan bijanak, o‘g‘uz va kumanlar avlodi. Ikkinchi nazariyada esa gaguzlar turkiy bulg‘orlar davomchilari ekani aytiladi. Turkiyada gagauzlar Kichik Osiyodan ko‘chgan saljuqli turkmanlar nasabidanligi haqidagi versiya keng tarqalgan.

 

“Gagauz” so‘zi kelib chiqishi haqida ham taxminlar bisyor. Masalan, “gagauz” “go‘k (ko‘k) o‘g‘uz”, “kuman (qipchoq) o‘g‘uz”, “katta, og‘a o‘g‘uz” so‘zlari qisqaruvidan shakllangani bo‘yicha ehtimollar bor.

 

Xakaslar

 

Jami adadi yuz ming atrofida bo‘lgan turkiy xalq – xakaslar Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Xakas respublikasida yashaydi. Bundan tashqari Rossiyaning boshqa hududlarida ham xakaslarni uchratish mumkin.

 

 

Eng mashhur nazariyaga ko‘ra, xakaslar Enasoy (Yenisey) qirg‘izlari avlodi sanaladi. Olimlar xakas entogezida ikki xalq: turkiylar va mo‘g‘ullar asosiy o‘rin egallaganini ta’kidlaydi.

 

“Xakas” etnonimi ham aynan “qirg‘iz” nomining xitoycha talaffuzidan (xarxis, xarxas) olingan, ammo xakas xalqi o‘zini “tadarlar”, ya’ni tatarlar ham deb ataydi.

 

Oltoyliklar

 

Barcha turkiylarning vatani bo‘lmish Oltoyda bir qancha turkiy xalqlar hozirgacha yashab kelmoqda. Bular qatoriga telengitlar, teleutlar, chelkanlar, qumandilar kiradi. Ularning jami soni yuz ming tegrasida. Rossiya Federatsiyasi tarkibida ikkita Oltoy hududi bor: Oltoy o‘lkasi va Oltoy respublikasi.

 

 

Oltoydagi turkiy xalqlarning aksariyati, shubhasiz, eng qadimgi turkiy urug‘lar avlodi hisoblanadi. Xunnlar davridan bu yerda yashagan qabilalar hozirga qadar turkiy odatlar, an’analar va tashqi ko‘rinishni saqlab qolgan. Oltoy turkiylari turkiy tilning qipchoq lahjasida so‘zlashadi.

 

Do‘lgonlar

 

Umumiy adadi 10 mingdan ko‘proq bo‘lgan ushbu xalq o‘z ma’muriy-hududiy birligiga ega. Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Taymir-Do‘lgon-Nenes alohida maqomdagi tumani do‘lgonlar eng ko‘p yashovchi hududdir. Do‘lgonlar uzoq vaqt saxa xalqining bir qismi bo‘lib kelgan va ular bilan bir tarixiy ildizga ega. Shu sabab do‘lgonlar o‘zini “haka” deb ham ataydi.

 

 

Bulardan tashqari ham yana bir nechta turkiy xalq bor va ular alohida millat sifatida qayd etilsa-da, aksariyat hollarda yuqoridagi turkiy xalqlar tarkibiga kiruvchi urug‘larning avlodi sanaladi va ular bilan bir ildizga ega. Masalan, Xitoydagi salar xalqi turkman urug‘laridan biri bo‘lgan salor urug‘i nasabidan deyiladi.

 

Umumiy hisobda butun dunyoda 200 milliondan ko‘proq turkiy tilda so‘zlashuvchi inson bor. Turkiy xalqlar o‘z tili, madaniyati, urf-odatlari va oshxonasida qadimgi ajdodlari merosini saqlab qolgan va shu sabab ular bir-biriga juda o‘xshash. Ammo hozirda turkiy millatlar orasida aloqalar yuqori nuqtada deb bo‘lmaydi. Xususan, umumturkiy tashkilot, tuzilmalar hali juda kam va borlarining ham ko‘pchiligi faol emas. Oyina.uz turkiy xalqlardagi o‘xshashliklar, muammolar va yana boshqa jihatlarni yoritishda davom etadi.

 

Muhammadqodir SOBIROV,

 

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19346
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16456
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi