Ijtimoiy  barqarorlik  va  ma’naviyat yoxud globallashuv sharoitida paydo bo‘layotgan tahdidlarga qarshi kurashishning o‘ziga xosligi


Saqlash
16:16 / 12.12.2025 12 0

Ko‘hna tarixga nazar tashlab, ba’zan hayron qolasiz: odamlar, xalqlar, davlatlar, sivilizatsiyalar tarixi shu qadar murakkab, ziddiyatli, qarama-qarshiliklarga boyki, taraqqiyotning omili ham ana shu muammolarning mavjudligidadir degan xulosaga kelasiz kishi. Chunki odamzod taraqqiyotning barcha bosqichlarida ijtimoiy hayot, turmush tarzini takomillashtirish, yangiliklarga intilish jarayonida o‘ziga xos qiyinchiliklar, ziddiyatli holatlarni tinimsiz yengib o‘tish, yangiliklar ixtiro qilishga intilgan. Natijada bugun barcha hayron qoladigan darajadagi sivilizatsiyalar kashf etilgan. 

 

Avvallari odamlar hayoti ko‘p hollarda bir tekis, evolyutsion tarzda rivoj topgan bo‘lsa-da, insoniyat taraqqiyotining keyingi davrlarida ilm-fan, ta’lim sohalarida erishilgan yutuqlar sabab bu jarayon tezlasha boshladi. Dastlabki davrlarda insoniyat turmush tarzi, hashamatlik holati arifmetik o‘sish bo‘yicha yaxshilanib borgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, geometrik progressiya asosida taraqqiy etib bormoqda.

 

Inson hayotini barqarorlashtirish, turmush tarzini takomillashtirish uchun bugun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Shunga mos tarzda hayotimiz ham hashamlik nuqtayi nazaridan, jismoniy mehnatni yengillashtirish asnosida yaxshilanib bormoqda. Mazkur maqolani yozish paytida jadid bobomiz Is’hoqxon to‘ra Ibratning “Tanlangan asarlari”dagi quyidagi satrlarni o‘qib qoldim: “Madaniyat xotiraga o‘xshagan yangi taomil, yangi so‘z, yangi xat joriy bo‘lib, eski nimarsalar, diniy ishlar, bo‘laklari hammasi bilkul qolib, yangi yurib ketar ekanlar... Uyingizda hozir turubdur ayon... chunonchi: chiroq qoldi – lamfa (chiqdi), chaqmoq qoldi – gurgurd (chiqdi)... choyjo‘sh qoldi – choynak (chiqdi), qumg‘on qoldi – samovar (chiqdi) va hokazo yangi nimarsalar ko‘b joriy bo‘lib qolgan”.

 

Xo‘sh, biz mazkur iqtibosni nega keltirdik? Buning jiddiy sababi bor. Agar biz bugun farzandlarimizga bundan atigi yuz yil oldin o‘zbek xalqining turmushi, hayotida bobomiz sanab o‘tgan narsalar yangilik edi, avvallari ajdodlarimiz bugungi turmushimizda zarur bo‘lgan elektr asboblari, jismoniy mehnatni yengillashtiruvchi asbob-uskunalar bo‘lmagandi desak, ular hayron bo‘lishi tayin. Haqiqatan, hayotimiz, turmush tarzimiz nihoyatda katta tezlikda o‘zgarib bormoqda. Inqilobiy texnologiyalar tufayli yana 30-40 yillardan so‘ng bizni nimalar kutayotganini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.

 

Demak, insoniyatning moddiyat sohasidagi o‘zgarishlari tinimsiz taraqqiy etib boraveradi. Bunday taraqqiyot, o‘z navbatida, ma’naviyat va tafakkur olamiga ham jiddiy ta’sir etmoqda. Bu esa bugun barchamizni o‘ylantirayotgan, insoniyatning bundan keyingi taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan omil – ma’naviyat, madaniyat, tarbiya masalalari dolzarbligini yanada oshirmoqda.

 

Shaxs tarbiyasi, uning ma’naviyati, yuksak axloqi masalalariga qanchalar ko‘p diqqat qaratganimiz kabi ko‘plab zararli tahdidlar, mafkuraviy-g‘oyaviy bosimlar ham urchib borayotganini unutishga aslo haqqimiz yo‘q. Inson shaxsiyatini buzish, ming yillar mobaynida shakllangan ezgu g‘oyalar, bunyodkor mafkuralar, odamlarni faqat yaxshilik, o‘zaro hamkorlikka boshlovchi tarbiya tizimiga qarshi kurash ham yangi shakl va mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Prezidentimiz “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobida qayd etganidek, “Yangi O‘zbekiston mafkurasi – ezgulik, odamiylik, insonparvarlik g‘oyasidir. Biz mafkura deganda, avvalo, fikr tarbiyasini, jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlar barqarorligini tasavvur qilamiz. Ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgulik, umuminsoniy g‘oyalar ruhida voyaga yetkazish, ularda xalqimizning ma’naviy va ma’rifiy ideallarga yot bo‘lgan zararli ta’sirlarga qarshi immunitetini kuchaytirish masalasi bugun har qachongidan ham dolzarbdir”.

 

Haqiqatan, keyingi paytlarda yot g‘oyalar tobora ko‘payib bormoqda. E’tiqodi sust ayrim yoshlarimiz esa bu g‘oyalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish ko‘nikmasi yo‘qligi uchun murakkab jarayonda adashmoqda, “oq bilan qora”ning farqiga bormay, nojo‘ya harakatlar qilmoqda. Buning sabablari juda ko‘p. Biroq, nazarimizda, barcha sohalarda bo‘lgani kabi ma’naviy hayotdagi turbulentlik holati milliy tarbiya va ming yillar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizni ochiqdan-ochiq inkor etmoqda.

 

Xo‘sh, turbulentlik holati nima degani? To‘g‘ri, turbulentlik girdobli harakat, jo‘shqinlik, tartibsizlik kabi ma’nolarni anglatgan holda ko‘pincha aniq, tabiiy fanlar atamasi sifatida foydalaniladi. Biroq bugungi kunda mazkur atama ijtimoiy hayotning barcha sohalari, jumladan, mamlakatlarning tashqi siyosati, milliy va umumbashariy muammolarni hal etishda ham keng qo‘llanilmoqda.

 

Har qanday jamiyatda inson rivojining old sharti, eng muhim mohiyati, avvalo, uning erkinligi va mustaqilligida namoyon bo‘ladi. Erkinlikdan foydalanish imkoniyatining zaruriy sharti insondagi ichki tartib va o‘zaro munosabatlardagi tartibga hurmat bilan qarash hisoblanadi.

 

Shu ma’noda ta’kidlash lozimki, erkinlik bu – tartib. Tartibsizlik sharoitida erkinlikdan foydalanish aslo mumkin emas. Intizom tartibga nisbatan hurmatning namoyon bo‘lishidir. Intizom hayotning har qanday sohasi va tartibotning har bir darajasida samarali faoliyatning zaruriy shartidir. Har qanday sharoitda, har bir sohada tartib buzilishi umumiy jarayonlarni ishdan chiqaradi, pirovard natijada inqirozli holat, beqarorlikni yuzaga keltiradi.

 

Bu, ayniqsa, ma’naviyat, tarbiya sohalarida jiddiy xavf-xatarni paydo qilishi mumkin. Haqiqatan, ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida, globallashuv avj olgan va insoniyatning ming yillar mobaynida shakllangan qadriyatlari katta xavf ostida turgan bir paytda turbulentlik holati ma’naviyat, tarbiya jabhasida ham jiddiy muammolar keltirib chiqarmoqda.

 

Bunday muammolar ko‘p hollarda ma’naviyatni tushunishda, odamlar tarbiyasida an’anaviy qadriyatlar, shakllangan me’yorlardan foydalanishga ustuvor ahamiyat berayotgan, bu jarayonga muayyan darajada arxaik-konservativ munosabatda bo‘layotganlar bilan masalaga innovatsion tarzda qaraydiganlar o‘rtasidagi jarlikning tobora kengayib borishiga sabab bo‘lmoqda. 

 

Afsuski, bu jarlik kundan kunga kengaymoqda. Ma’naviyat va tarbiya masalasida konservativ va innovatsion tarafdorlarning kelishmovchiligi, ular o‘rtasidagi ziddiyatli holatlar mazkur sohalardagi turbulentlik holatining ta’sirini yanada kuchaytirmoqda. 

 

Ma’naviyat, ma’rifat, tarbiya, umuman, inson, jamiyat munosabatlariga keyingi yillarda tobora avj olib borayotgan to‘rtinchi sanoat inqilobi nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatmoqda. 1760-yillardan 1840-yillargacha davom etgan birinchi sanoat inqilobi temir yo‘llar qurilishi va bug‘ mashinasi kashf qilinishiga turtki bo‘lgan mexanik ishlab chiqarishni boshlab bergan bo‘lsa, XIX asr oxiri – XX asrning boshlarida boshlangan ikkinchi sanoat inqilobi elektr quvvati va yig‘uv liniyasi yaratilishiga sabab bo‘lgan. Uchinchi sanoat inqilobi 1960-yillardan boshlandi va u yarimo‘tkazgichlar, markaziy kompyuter (1960-yillar), shaxsiy kompyuter (1970-1980-yillar) va internet (1990-yillar) rivojlanishi bilan avj oldi. Bu davr “kompyuter inqilobi” davri ham deb ataladi. Ta’kidlash lozimki, har uchala sanoat inqilobi ham insoniyatni umumiy taraqqiyotga boshladi, odamlar tafakkur tarzini kengaytirdi, katta hajmdagi ishni qisqa vaqt orasida bajarish, rivojlanishning ekstensiv yo‘lidan intensiv yo‘liga o‘tish imkonini berdi.

 

To‘rtinchi sanoat inqilobi boshlanish davri esa XXI asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur jarayon teng miqdordagi ulkan imkoniyatlar va katta muammolarni keltirib chiqara boshladi. Ular orasida eng e’tiborga moligi ijtimoiy tengsizlik kuchayishi bo‘ldi. O‘sib borayotgan tengsizlik tufayli kelib chiqqan muammolar miqdorini o‘lchash tobora qiyinlashib bormoqda.

 

Hozirgi sanoat inqilobi natijasida namoyon bo‘layotgan yangi texnologik inqilob ko‘lami shu qadar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqdaki, ularni ko‘z oldimizga keltirish deyarli imkonsiz. Mazkur sanoat inqilobi avvalgilaridan tezligi, ko‘lamidan tashqari ko‘p sonli va xilma-xil sohalar hamda kashfiyotlarni uyg‘unlashtira olishi bilan ham ajralib turadi. Turli texnologiyalarning o‘zaro birlashuvidan hosil bo‘ladigan real innovatsiyalar endi ilmiy fantastika emas.

 

Masalaning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, to‘rtinchi sanoat inqilobi markazida sun’iy intellekt turibdi. Sun’iy intellekt kompyuterlar hisoblash quvvatining geometrik progressiya bo‘ylab o‘sishi va ulkan ma’lumotlar bazasiga tayangan holda madaniy, ma’rifiy qiziqishlarimizni oldindan aytib beruvchi algoritmlar kabi hayratomuz yutuqlarga erishmoqda.

 

To‘rtinchi sanoat inqilobi, sun’iy intellekt insoniyatning hozirgacha mavjud bo‘lgan yashash standartlariga, shart-sharoitlarimizga bir tomondan ijobiy, boshqa tarafdan salbiy ta’sir o‘tkazish kuchiga ega. Ayrim qurilmalar turli sohalardagi ehtiyojlarimizni oldindan aytib berish imkoniga ham ega bo‘lmoqda.

 

Boshqacha aytganda, sun’iy intellekt insonning ijodiy qobiliyati, uning amaldagi ro‘yobi masalalarini o‘z “qo‘li”ga olayotganini tan olishga to‘g‘ri keladi. Masalan, yozuvchilik va avtomatik hikoya yaratish texnologiyasini olib ko‘raylik. Murakkab algoritmlar har qanday kitobxonga mos uslubda hikoya yarata oladi. Hikoya mazmuni inson mahsuliga shu qadar o‘xshaydiki, “New York Times” gazetasi o‘tkazgan so‘rovnomada bir-biriga o‘xshash ikki xil matn berilganida ishtirokchilar ulardan qaysi birini odam, qaysisini robot yozganini ajrata olmadi.

 

Bu texnologiya jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Shu bois, avtomatik hikoya yaratish texnologiyasiga ixtisoslashgan “Narrative science” asoschilaridan biri Kristian Hammond kelajakda yangiliklarning 90 foizi algoritmlar tomonidan yozilishini bashorat qilgan. Bu algoritmlarning asosiy qismi odam ishtirokisiz ishlaydi.

 

Haqiqatan, bunday jahoniy o‘zgarishlar yangi O‘zbekistonga ham jadal kirib kelmoqda. Bugun raqamli texnologiya, sun’iy intellektsiz har qanday davlatning na iqtisodiy-ijtimoiy, na madaniy-ma’rifiy sohalardagi o‘zgarishlarini tasavvur qilish qiyin. Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining joriy yil 16-sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlash o‘rinli.

 

Unga ko‘ra, 2025-2026 yillarda “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish hamda mahallalarda 30 dan ortiq davlat xizmatini ko‘rsatish, aholi va tadbirkorlar uchun 100 dan ortiq elektron xizmat joriy etish, shu jumladan, 10 turdagi davlat xizmatini proaktiv va kompozit shaklga o‘tkazish, 19 ta hayotiy vaziyatda fuqarolarga avtomatik tarzda xabar yuborish choralari belgilandi.

 

Raqamli texnologiyalar to‘rtinchi sanoat inqilobining vorisi sifatida bugun butun dunyoda taraqqiyotning eng ishonarli, arzon va qulay sohasiga aylandi. Biz yuqorida yozuvchi va avtomatik sun’iy usulda hikoya yozish masalasini ko‘rib chiqdik. Haqiqatan, hikoya, she’r, roman va boshqa adabiy-badiiy asarlarni shu tarzda yozish mumkin. Ammo masalaning boshqa muhim jihati bor. Gap o‘sha asarlarning o‘quvchiga ruhiy tomondan va milliy o‘zlikni anglashga ko‘rsata oladigan ijobiy ta’siri haqida ketmoqda. Yana savol tug‘iladi: biz algoritmlar maslahatiga quloq tutamizmi yoki o‘zimizni qurshab olgan jamiyat, oila a’zolarimiz, yaqinlarimiz, hamkasblarimizgami?

 

Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar tomonidan yaratilgan “asarlar” qay darajada mentalitetimizga, shaxs, jamiyatga bo‘lgan munosabatlarimizga ta’sir qilishi mumkin? Umuman olganda, bu o‘ta murakkab savollar.

 

Keling, shu o‘rinda shaxs hissiyoti, hislari haqida ikki og‘iz fikrlashamiz. Odamlarda bugungi kunda jadal rivojlanayotgan globallashuv, turli ichki va tashqi mafkuraviy tahdidlar tufayli boshqalarning dardi, muammolarini his etish darajasi tinimsiz pasayyapti. Masalan, keyingi yillarda boshqalar dardini tinglash va unga sherik bo‘lish darajasi 20-30 yil avvalgidan 40 foiz kamaygan.

 

Buning sababi esa to‘rtinchi sanoat inqilobi oqibatida odamlar, ayniqsa, ayrim yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga “mixlanib” qolishi, pirovard natijada ularning jamiyat, oilasidan begonalashib borishidagi sur’at tezlashishidir.

 

Bugungi kun odami ruhiy holatida eng ko‘p uchraydigan salbiy ko‘rinish hissizlik hisoblanadi. Aksar odamlar hissizlashgan qalbi bilan atrofidagi odamlar – ba’zan turmush o‘rtog‘i, goho bolasi, ayrim hollarda do‘sti, ko‘chasidagi qo‘shnisini qiynayotganini, unga azob berayotganini bilmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarga “qullik”, nazarimda, odamlarda bir-biriga munosabatlar qalbning emas, aqlning nazoratida bo‘lganga o‘xshaydi. Kulishimiz, yig‘lashimiz, odamlar bilan o‘zaro aloqalarimiz ichimizdan, yurak-yurakdan emas, kulishimiz lozim bo‘lgani uchun, yig‘lashimiz shart bo‘lgani uchundek tuyuladi.  Buning sababi ham bugun ayrim odamlarimizda sof insoniy his yo‘qolib borayotgani, his shaxslarning tashqi ko‘rinishda borligi-yu, ichki olamida yo‘qligidir. Hissizlik esa odamlarda aqliy og‘ishlar, hissiz taassurotlar va yuzaki yashash odati shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

 

Shubhasiz, to‘rtinchi sanoat inqilobi insoniyat hayotini yanada go‘zallashtiradi, farovonlikni oshiradi, og‘irimizni yengil qiladi. Biroq ayni paytda bu fenomen ayrim sohalardagi rivojlanishni haddan tashqari sun’iylashtirib yuborishi mumkinligini ham yoddan chiqarish mumkin emas. Masalan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiya Alisher Navoiyni gapirtirishi, Amir Temurning jang mahoratini namoyish qilishi, jadid bobolarimizning istiqlol, erk uchun kurashlarini o‘ziga xos uslubda ko‘rsatib berishi mumkin.

 

Bu, shubhasiz, kerak. Ammo masalaning jiddiy tomoni shundaki, o‘sha epizodlarni tomosha qilgan, eshitgan odamlar, ayniqsa, yoshlarimizda buyuk bobolarimizning milliy-madaniy merosini anglashda, mutafakkirlar haqidagi tasavvurlarida sun’iylik alomatlari uchramasmikan? Ana shunday holatda sun’iy intellekt asosida yaratilayotgan madaniyat va san’at asarlarida milliylik, o‘zlik masalalariga jiddiy e’tibor berish talab qilinadi. Aks holda, biz yoshlarimizda buyuk bobokalonlarimiz, zafarlarga to‘la tariximiz haqida yengil, jiddiy asoslanmagan, ruhsiz, hissiz xulosalarga kelishiga sababchi bo‘lib qolishimiz hech gap emas.

 

Endi masalaning ijtimoiy hayot, san’atkorning mavqei bilan bog‘liq jihatlariga e’tibor beramiz. Nazarimda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, uning natijasida paydo bo‘lgan, bugun tobora takomillashib borayotgan tomonlari – raqamli texnologiya va sun’iy intellekt, yuqorida qayd etganimiz kabi insoniyat hayotini mutlaqo o‘zgartirib yubordi. Yana muayyan vaqt, deylik 20-30 yildan so‘ng turmush tarzimiz, jamiyatga, borliqqa nisbatan munosabatlarimiz qanday bo‘lishini tasavvur qilish juda qiyin.

 

Biroq to‘rtinchi sanoat inqilobining hayot tarzimizni yaxshilashiga, moddiy farovonlikni yanada to‘kislashtirishiga shubha qilish mumkin emas. Haqiqatan, sun’iy intellekt, raqamli texnologiya mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi, o‘z navbatida, xalqimiz farovonligi ham tobora yaxshilanib boraveradi.

 

Ayni paytda bu o‘zgarishlar silsilasida tarbiya, madaniyat, ma’naviyat masalalari qay ahvolda bo‘lishini tasavvur qilish biz uchun juda muhim. Chunki to‘rtinchi sanoat inqilobi natijasida an’anaviy shakllangan turmush tarzimiz, odamlar o‘rtasida mavjud munosabatlar, ayniqsa, milliy qadriyatlarimizga qarashlarimiz o‘zgarib ketmoqda. Buning oqibatlarini bugun ham kuzatish mumkin.

 

Bularning bari ma’naviy hayotimizda turbulentlik holatini paydo qilmoqda. Shu o‘rinda ma’naviyat, madaniyat, tarbiya borasida turbulentlik hodisasining ayrim ko‘rinishlari haqida fikrlashamiz. Nazarimda, bunday holat shakllanishi inson shaxsiyati buzilishi bilan bog‘liq. Shaxsiyat insonning o‘ziga xosligi, o‘ziga xos xususiyatlari bilan boshqalardan ajralib turishi hisoblanadi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarning haddan tashqari kengayib borishi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning unga mukkasidan ketishi, o‘z navbatida, e’tiqodi sust, milliy qadriyatlarimizdan muayyan darajada begonalashganlarda birxillashuv jarayonini yuzaga keltirmoqda. Ularning tafakkur tarzi, fikrlashi, odamlar, jamiyatga nisbatan munosabatlarida yaxlitlik alomatlari ham kengayib, ham chuqurlashib bormoqda.

 

Bu esa shaxsiyati bir xil odamlar ko‘payishiga olib kelyapti. Shaxsiyatning birxillashuvi yoshlarning o‘z iste’dodi, imkoniyatlarini namoyon etishiga to‘sqinlik qiladi, sog‘lom raqobatni, tashabbuslarni so‘ndiradi. Sog‘lom shaxs esa o‘ziga xos xarakteri, xislatlari orqali shaxsiyatini shakllantira olgan kishidir.

 

Shaxsiyatning buzilishi insonda qator salbiy holatlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, insondagi marginallik bilan bog‘liq. Marginallik biror shaxs yoki guruhning jamiyatda muayyan ijtimoiy guruh, tabaqa va qatlamiga mansub bo‘lmay, ular oralig‘ida o‘rin egallab turishini anglatadi. Shuningdek, marginallik deganda, mamlakat aholisining muayyan qismi “arosatda qolishi”, o‘z ijtimoiy guruhidan begonalashishini ham tushunish mumkin. Ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi turbulentlik ana shunday salbiy holatga olib kelishi mumkinligini aslo esdan chiqarmaslik lozim.

 

Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlari aholisi ichida ana o‘sha marginallik juda kuchaymoqda. Ular o‘z shaxsiyatidan mosuvo bo‘lib, jamiyat, oilasidan tobora uzoqlashib, begonalashuv jarayoni kengaymoqda. Har bir davlat o‘z tarbiya tizimida ana shu holga e’tibor berishi lozimligini unutish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligi bugun oydek ravshan.

 

Texnologik inqilob oqibatida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turbulentlik holati ayrim odamlarda ruhiy muvozanat buzilishiga olib keladi. Ruhiy muvozanat inson va turli jamoalar hayotining muhim shartidir. Afsuski, inson ruhiyati dinamik bo‘lib, vaqti-vaqti bilan muvozanatni yo‘qotadi – ba’zan kamroq, ba’zan esa kattaroq darajada. Ba’zi hollarda inson ruhiyati butunlay nazoratdan chiqib ketishi ham mumkin. Bunda inson o‘zini yomon his qiladi. Noto‘g‘ri o‘ylangan ish yoki majburiy faoliyat, vasvasalar, ochko‘zlik, zaiflik, beparvolik yoki adashish muvozanatni buzadi.

 

Albatta, inson ruhiy muvozanati buzilishi ko‘p omillarga bog‘liq. Har bir davlat o‘z tarbiya tizimida, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda, odamlar ruhiy muvozanatini barqarorlashtirishda jamiyatning ijtimoiy-ma’naviy jihatdan qanchalar darajada barqarorligiga, mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar, davlat tomonidan olib borilayotgan barcha sohalardagi islohotlar, siyosiy jarayonlarning fuqarolar manfaatlariga qay darajada muvofiqligi kabi omillarga alohida e’tibor berish lozim.

 

Biz yuqorida sanab o‘tgan omillar bugun yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida to‘liq amalga oshayotganini ko‘rish qiyin emas. Jamiyatda ijtimoiy adolat tamoyillari tobora keng ko‘lamda o‘zini namoyon etmoqda, davlatning korrupsiya holatlariga qarshi kurashi xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilinmoqda, bularning bari pirovard natijada odamlarda shukronalik kayfiyatini shakllantirmoqda.

 

Biroq odamlarimizda ruhiy muvozanatni ta’minlashga xalaqit qilayotgan qator subyektiv omillar borki, ularni e’tiborga olmaslik ayrim salbiy holatlarga olib kelishi mumkin. Shuni qat’iy ravishda aytish mumkinki, bugun ayrim odamlarimizda ruhiy muvozanat buzilishi jamiyatdagi ijtimoiy muammolar emas, ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning “kasallanishi” tufaylidir. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni tarqalayotgan, insonning ruhiy, axloqiy, hissiy jihatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar odamlarda ruhiy muvofiqlikni izdan chiqarmoqda. Yetarli bilimga ega bo‘lmagan, ota-onalar nazoratidan chetda qolgan, milliy qadriyatlarimizni nazar-pisand qilmaydigan odamlarda ruhiy muvozanat shakllanishi juda qiyin.

 

Ruhiy muvozanati buzilgan shaxs odatda o‘zini o‘zi nazorat qila olmaydi, u ko‘proq ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rgan, bilgan narsalarga ergashadi, ulardan andoza oladi, nojo‘ya harakatlar qilayotganini sezmaydi. Bunday odamni tarbiyalash o‘ta qiyin. Shuning uchun ularni tarbiya qilishdan ko‘ra, bu yo‘lga kirmasligining oldini olish osonroq.

 

Tarbiya tizimida turbulentlik holati paydo bo‘lishiga ruhiy muvozanat buzilishi bilan birga “shaxsiyat burchagi” degan va Gʻarbda alohida e’tibor beriladigan ijtimoiy hodisa ham sabab bo‘ladi. Gʻarb “shaxsiyat burchagi” odatda bola shaxsi, ota-ona va o‘qituvchi uchburchagidan iborat. Albatta, bunday uchburchak tom ma’noda faoliyat ko‘rsatsa, bolalarni, yoshlarni turli illatlardan xalos etish, tahdidlardan himoya qilish oson kechadi. Biroq globallashuvning tobora kengayib borishi, biz yuqorida qayd etganimiz kabi yoshlarning jamiyatdan begonalashuvi tufayli bunday uchburchak har doim ham samara beravermaydi.

 

Bugungi yangi O‘zbekiston ma’naviy hayotida turbulentlik holatining ta’sir kuchini kamaytirishda Gʻarbdagi “shaxsiyat burchagi”dan farqli o‘laroq, “yoshlar – ota-ona – o‘qituvchi – mahalla” to‘rtburchagi ko‘proq samara beradi deyish mumkin. Chunki Gʻarbdagi uchburchak, asosan, yoshlarni rasmiy holatlarda – oilada, maktab va boshqa ta’lim muassasalarida tarbiyalashni nazarda tutadi. Bunday holatda bolaning jamoatchilik orasidagi tarbiyaviy holatini nazorat qilish tizimi shakllanmagan.

 

Bizda esa bu jarayon yanada mukammallashgan. Yoshlarning jamoat joylari, mahallada yurish-turishi, o‘zini tuta bilishi bilan bog‘liq jarayonlar ijtimoiy nazorat ostida bo‘ladi. Shuning uchun davlatimiz rahbari masalaga alohida e’tibor qaratib, “yettilik” boshqaruvidan iborat mahallani tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, ma’rifat va tarbiya qo‘rg‘oni sifatida e’zozlamoqda. Bugun o‘zbek mahallasi ma’naviyatdagi turbulentlik holatini tartibga keltiruvchi maskanga aylandi.

 

Bugun ma’naviyatdagi turbulentlik holati butun dunyoni o‘z domiga tortib, odamlar, jamiyatlar va davlatlarda ijtimoiy muammolarni keskinlashtirib turgan bir paytda yangi texnologik inqilobning odamlarni jamiyatdan begonalashuviga, ruhiy muvozanat va shaxsiyat buzilishiga ta’sirini kamaytirish uchun hamkorlikdagi harakatini kuchaytirishga jiddiy ahamiyat berish talab etiladi.

 

Masalaga shu taxlit munosabatda bo‘lishning sabablari bor. Masalan,  olimlar to‘rtinchi sanoat inqilobi sharoitida avtomatlashtirishga eng ko‘p va eng kam moyil kasblarni tahlil qildi. Natijada ijtimoiy ish, madaniyat, tarbiya sohasidagi xodimlar, ruhshunoslar, arxeologlar avtomatlashtirishga eng kam moyil sohalar sifatida tan olindi.

 

Demak, to‘rtinchi sanoat inqilobi ortga qaytmaydigan jarayon ekan, har bir soha taraqqiyoti texnologik inqiloblar bilan chambarchas bog‘liq ekan, aytish mumkinki, avtomatlashtirishga kam moyil sohalar xodimlarining o‘z ish faoliyatini samarali tashkil qilishiga alohida e’tibor berish talab etiladi. Ma’naviy-tarbiyaviy, madaniy sohalardagi ishlar samarasi pastligi, ijtimoiy tarbiya sohasida ishlovchilar faoliyatining ko‘pincha arxaik-konservativ mazmunga ega ekani odamlar, ayniqsa, yoshlarda bu tadbirlarga ommaviy qiziqishni susaytirayotganiga ham alohida e’tibor berish lozim deb o‘ylaymiz. Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan qator jiddiy ishlar olib borilayotganini ta’kidlash lozim.

 

Masalan, markaz hozirgi zamon talablaridan kelib chiqqan holda targ‘ibot usulini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda, raqamli formatdagi loyihalarni ko‘rib, ularning ta’sirchanligiga qarab, ko‘nglingiz ko‘tariladi. Yaqin-yaqingacha ham markaz, asosan, an’anaviy yig‘ilishlar, turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazuvchiga aylanib qolgandi. Endi esa markaz faoliyatining 70 foizidan ortig‘i ijtimoiy tarmoqlar vositasida, ta’sirchan usullarda olib borilmoqda.

 

Oxirgi paytlarda markaz tomonidan zamonaviy, yoshlarni tashabbuslar, islohotlarga safarbar etishga undaydigan 10 dan ortiq ijtimoiy rolik, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan animatsion roliklarni ko‘rib ko‘z quvonadi, ulardagi yigit-qizlarni vatanparvarlik, milliy o‘zlikka chorlaydigan g‘oyalar esa barchada ko‘tarinkilik ruhini shakllantirmoqda.

 

Yana bir loyihani ko‘rib, ochig‘i, xursand bo‘ldim: “Vatan” qo‘shiqlar to‘plami yaratilib, yoshlarning gadjetlaridan o‘rin olgan musiqiy platformalarga joylashtirilibdi. Sun’iy intellekt yordamida ijtimoiy roliklar tayyorlash an’anaga kirib borayotganini alohida qayd qilish kerak.

 

Ha, bu dunyo raqobatli dunyo. Zamondan ortda qolganni bugun hech kim kechirmaydi. Madaniyat va ma’naviyat sohalarida zamonaviy, ilg‘or, innovatsion usullarda ishlayotgan mustaqil ijodiy guruhlar paydo bo‘layotgani, ular o‘z faoliyatini yoshlarning tobora o‘sib borayotgan ma’naviy-madaniy ehtiyojini hisobga olgan holda tashkil etayotgani ham e’tiborga molik. Ular raqamli texnologiyalardan keng foydalanyapti. Natijada davlat va nodavlat madaniyat, boshqa ijodiy tashkilotlar orasida o‘ziga xos musobaqa boshlanmoqda.

 

Shu ma’noda, madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat va tarbiya sohasida faoliyat yuritayotgan, yuqorida aytganimizdek, avtomatlashtirishga kam moyil sohalar xodimlarining yangi texnologiyalarni o‘rganishga qiziqishini kuchaytirish maqsadga muvofiq. Mazkur soha vakillari raqamli texnologiya mutaxassislari bilan o‘zaro hamkorlikda bo‘lishi kerak. Kurashish, raqobat qilish emas, aynan hamkorlik gumanitar sohada kutilgan samaraga yaqinlashtiradi.

 

Shuni yodda saqlash kerakki, hamkorlik faqat ishlab chiqarishga taalluqli emas. Hamkorlik barcha sohalar uchun zarur. Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt asosida qilinayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar masalaga innovatsion yondashuvi bilan odamlarni o‘ziga rom qilishi mumkin. Biroq bu jarayonda sof insoniy qarashlar, o‘zaro munosabatlar, odamlarning bir-biriga dardkashligi kabi sifatlarni topish mushkul.

 

Boshqacha aytganda, tom ma’nodagi sun’iy intellekt, texnologik inqilob tufayli yaratilgan turli dasturlar insoniy hissiyot, qalb kechinmalaridan muayyan ma’noda uzoq turadi. Nazarimizda, avvalo, biz oladigan axborot, ma’lumotlar, bilimlar, shubhasiz, tafakkur tarzimizni boyitadi, bilimimizni kengaytiradi. Ammo o‘sha jarayonlar inson qalb hissiyotlari bilan uyg‘unlashsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki qalb his qilmay qolsa, aql kuchi ortadi. Biroq aql kuchi qalbsiz ortsa, donolik yo‘qoladi, kishi kelajagini ko‘rmay qoladi. Donolik faqat his qila oladigan odamda bo‘ladi, lekin his qilolmagan inson uni “ko‘rolmaydi”.

 

Shu nuqtayi nazardan, sun’iy intellekt, texnologik inqiloblar tufayli yaratilgan asarlar, dasturlar sof insoniy hissiyotlar, qalb qo‘ri bilan boyitilsa, shubhasiz, yoshlarimiz bir tomonlama “ketib qolishi”ning oldini olamiz, turli mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

 

Biz bugun tan olishimiz shart bo‘lgan ijtimoiy, jahoniy haqiqat shuki, to‘rtinchi sanoat inqilobi natijasida hayotimizga jadal, shiddat bilan kirib kelayotgan sun’iy intellekt, yangi texnologik inqilob barchamizning hayotga, turmushimiz, qadriyatlarimizga munosabatlarimizni o‘zgartirmoqda. Bu hali boshlanishi. Kelajakda yuqorida ta’kidlaganimiz kabi nima bo‘lishini tasavvur qilish mumkin. Ma’naviyatdagi turbulentlik holatini e’tiborga olmasak, girdobga tushib qolish, tartibsiz hayot kechirish xavfidan ogoh bo‘lmasak, yangi texnologik inqilob tomonidan yaratilgan dasturlar, yangiliklarni e’tirof etmasak, pirovard natijada ko‘p narsalarni yo‘qotamiz.

 

Shuning uchun yangi O‘zbekistonda bu masalaga davlat tomonidan keng e’tibor berilmoqda. Joylarda yoshlar texnoparklari, AT parklar, “Raqamli texnologiyalar” o‘quv markazlari tashkil etilib, “Bir million dasturchi” kabi o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz aytganidek, bugun yoshlarimiz ilm-fanning barcha sohalarida dadil qadam tashlab, jahonda yuz berayotgan texnologik inqilobda faol ishtirok etmoqda.

 

Ma’nan boy, mafkuraviy immuniteti mustahkam, har bir sohada an’anaviylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtira olish imkoniyatiga ega yoshlar bilan texnologik inqiloblar, globallashuv tufayli muayyan ma’noda paydo bo‘layotgan turbulentlik holatini bartaraf etish, turli mafkuraviy tahdidlardan xoli bo‘lish mumkin.

 

Abduxalil MAVRULOV,

tarix fanlari doktori, professor

 

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2025-yil 12-dekabr, 257-son.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

San’at

16:12 / 12.12.2025 0 13
Nasriddin Afandi qozi boʻlganmi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//