Tarozibon Yunus Xojizoda qanday qilib milliy armiya asoschilaridan biriga aylangandi?


Saqlash
14:04 / 22.04.2024 281 0

Yunus Narimonov 1898-yil 25-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Muso hoji Toshkent shahrining Sebzor dahasidagi taniqli tikuvchi-hunarmandlardan bo‘lib, o‘g‘lining yaxshi ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratgan. Yunus Muso o‘g‘li avval yangi usuldagi jadid maktabida o‘qib savod chiqardi. Rus-tuzem maktabini 1913-yil bitirib, mehnat faoliyatini boshlaydi. 1913-1914-yillarda Toshkent temiryo‘l stansiyasida tarozibon, 1914–1917-yillarda esa toshkentlik Abdumalikboy ismli savdogar qo‘lida ishchi bo‘lib ishlagan. 

 

Toshkent jadid taraqqiyparvarlari ta’sirida Yunus Muso o‘g‘lining dunyoqarashi shakllandi. U 1917-yil avgustdan 1918-yil fevral oyigacha Toshkent shahridagi Ishchi va xizmatchilar kasaba uyushmasida kotib vazifasida faoliyat yuritdi. Turkiston muxtoriyati qonga botirilgach, bolsheviklar Turkistonda o‘z hokimiyatlarini saqlab qolish maqsadida mahalliy yoshlarni ham qizil qo‘shinga jalb etishga kirishadilar. Shunday bir sharoitda Yunus Muso o‘g‘li Toshkent jadid taraqqiyparvarlarining yetakchilaridan Nizomiddin Xo‘jayevning tavsiyasi bilan kompartiyaga kiradi. Keyin esa, Hojizoda Yunus Musayevich nomi balan Turkiston frontiga xizmatga otlanadi.

 

 

Yunus Hojizoda 1918-yilning fevral-avgust oylarida Turkiston fronti partiya drujinasida vzvod komandiri bo‘ldi. U 1918-yilning avgustidan 1919-yil sentabriga qadar Toshkent shahridagi Turkiston fronti harbiy instruktorlar kursida tahsil olgach, 1919-yilning sentabridan 1920-yilning dekabrigacha Turkiston fronti hududiy polkining rota komandiri vazifasida faoliyat yuritadi. 1920-yilning dekabridan Turkiston frontiga qarashli 29-Мusulmon piyoda qo‘mondonlik kursi komissari, 1921-yil sentabridan 1923-yilgacha esa O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi boshlangan Qurolli qarshilik harakatiga qarshi kurashuvchi Turkiston fronti ko‘ngilli otryadining siyosiy qo‘mondoni vazifasida ish olib bordi. Yunus Hojizoda 1923–1925-yillarda 2-otliq brigadasi siyosiy bo‘lim boshlig‘i va maktab instruktori, 1925-yil aprelidan 1927-yil martigacha alohida birlashgan o‘zbek brigadasi va Turkiston fronti alohida o‘zbek o‘qchi batalonining harbiy komissari kabi mas’ul lavozimlarda xizmat qiladi.

 

Yunus Hojizoda 1927-yil martidan 1929-yilning iyun oyigacha alohida birlashgan o‘zbek brigadasi bosh kotibi, 1929-1930-yillarda o‘zbek birlashgan milliy brigadasi harbiy prokurori, 1930-yildan esa ushbu brigadada siyosiy bo‘lim boshlig‘i kabi lavozimlarda ishlagan. Umuman, Yunus Hojizodani o‘zbek milliy armiyasining asoschilaridan deyish mumkin. U mas’ul lavozimlarda ishlar ekan muttasil zamonaviy armiya asoslari haqida o‘ylar va bir vaqtlar jadid taraqqiyparvarlari orzu qilgan milliy hurriyat va milliy qo‘shin orzusida yonar edi. Uning maqsadidan xabardor O‘zbekiston hukumati rahbariyati harbiy harakatlardagi ishtiroki va jangovar namunasi uchun 1928-yil “Mehnat Qizil bayroq” ordeni bilan mukofotlaydi.