Talabaligimda Abdulla Qahhor uy-muzeyida ilmiy xodim boʻlib ishlaganman. Baxtimga uy-muzey taʼmirda edi, kunim bir-ikki qoʻngʻiroqlarga javob berish va adib kutubxonasidagi kitoblarni oʻqish bilan oʻtardi. Mana shu maʼnaviy qarzdorlik boismi yozuvchiga doir neki gap-soʻz boʻlsa hech biri meni chetlab oʻtolmasdi. “Haqiqat – mendan ustun” hujjatli filmining ssenariysini yozish uchun Abdulla Qahhor dunyosiga yana bir bor shoʻngʻishimga toʻgʻri keldi. Oʻtgan yillar ichida Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim Haqqul va Erkin Aʼzam ardogʻidagi Qahhor domlani anglash bilan birga Naim Karimov, Shuhrat Rizo, Suvon Meliyev bilgan qahrli Qahhorni ham tanigandek boʻldim. Har birida jon bor edi, goʻyo. Haqiqat kim tomonda? Asl qiyofa qanday? Ruhimda tinimsiz kurashgan ikki toʻlqin orasidan koʻzida yigʻi qotib qolgan, siniq tabassumli, bemahal mayiz boʻlgan moʻysafid siymosi chiqib kelaverardi. Fursat va imkon berilganda edi, hujjatli film toshbaqa kosasi misol gunohini bir umr koʻtarib yurgan ziyolining mahzun dramasiga bagʻishlanardi.
Muzeyda ishlab yurgan paytimda adibga tegishli qoʻlyozmalarni topish uchun Markaziy Arxivga kirishimga toʻgʻri kelgan. Oʻshanda shoir Elbek soʻroq qilingan stenogrammani oʻqib qoldim. Ilk bor nomaʼlum Qahhorga duch kelganimdan anchagacha oʻzimga kelolmadim. Qanday sir bor bilmayman, vaziyat taqozosidan Abdulla Qahhor dunyosiga qayta-qayta yuzlanyapman. Birida haqgoʻy, oqil odam gʻolib kelar, yana birida esa iblis aqliga ega usta… Lekin yuragimda oʻgaylik emas, girya qotib qoldi. Aslida oʻsha oʻkirikni chiqarishim kerak edi. “Oʻtmishdan ertaklar” qissasi koʻksimdagi giryani koʻzimga koʻchirdi. Men xalos boʻldim.
***
“Oʻtmishdan ertaklar” avtobiografik qissasi yozuvchi umrining adogʻida yozilgan. Asar usta Abduqahhorning sotqinligiga ishora bilan, boshi xam oʻgʻilning “Endi nima boʻladi?” savoli bilan yakunlanadi. “Endi nima boʻladi”ning qat-qatlaridan “buyogʻiga men qanday yashayman?” degan hasratli sadoni eshitganday boʻlaman. Yozuvchi bu savolni oʻziga koʻp berganga oʻxshaydi. Adib bolaligini otaning xorlanishi, onaning kamsitilinishi, jigardorlikning achchiq judosi, haydalish azobi, hissiz toʻda dedi-dedisi, qashshoqlikning qattiq noni va aybdorlik hissi barbod qildi. Diydasi temirga aylanib boʻlgan temirchi otaning tirikchilik uchun kurashlari oʻgʻilning qismatida bir muncha mahobatliroq, bir muncha mashʼumroq tus oldi, bir umrlik ogʻir iz qoldirdi. Sarson bolalikning chang koʻchalari va ota tanlagan yoʻl uni firqa-shoʻro internatiga, “Kommuna” maktabiga olib boradi, chigal TUZOQqa tushiradi. Temirchi ota qizillar xizmatiga oʻtganidan keyingina ular roʻshnolik rangini koʻrgandek boʻladilar. Kirmoq boru chiqmoq yoʻq. Yer-suvlar kambagʻallarniki, tenglik kabi gʻoyalar qanchalar jozibali a?
Sovetning jahannamini ham, jannatini ham koʻrgan bu avlod ustidan hukm oʻqishdan oldin haqiqatga olib boruvchi iztirob ildizini izlash zarur, deb oʻylayman. Abdulla Qahhor yuragidagi achchiq alam bilan Demon, Pechorin yoki Dorian Greyning emas, faqat Nastasya Filippovnaning isyoni boʻylasha olardi. “Valineʼmat” Afanasiy Toskiy gʻoʻr Nastasyaning bolaligini badnom qildi, tuygʻularini toptab, maʼsumiyatdan butkul mosuvo etdi. Gunoh atalmish laʼnati yoziqni qismatiga bitdi, evaziga unga hasham hayotni, kibor doiraning xonimi maqomini tuhfa etdi. Shuning uchun ham qurboni oldida oʻzini zarracha aybdor sezmaydi. Biroq hamma ayol ham bunday “muruvvatni” badbaxtlik demaganidek, tuzum toskiylari toʻlayotgan tovonni, yaʼni saltanat sadaqasini marhamat deb koʻziga surtgan ijodkorlar ham hamma zamonda yetarlicha topiladi. Nastasya Toskiy atalmish nusxaning ichak-chavogʻini qanchalar nafrat bilan koʻrgan boʻlsa, Abdulla Qahhor ham oʻzi sajda qilgan siyosat qanday gunohlar evaziga gurkirayotganini ming bir nadomat bilan koʻradi.
Sinchi adib Sharof Rashidovning kimligini, uning imkoniyatlarini, oʻzbekning peshonasidagi sharafli oʻrnini bilmasligi mumkin emas edi, nazarimda. Rashidovning asarlariga munosabati sof adabiyot uchun kurash ekanini ham inkor etolmaymiz. Lekin bu yerda yana bir ogʻriq koʻzga tashlanadi: u Rashidov timsolida oʻzini bir umrlik vijdon azobiga mahkum etgan, qoʻlini qonga botirgan tuzumni koʻrmaganmikan? Asl isyonning ildizini shunda topgandek boʻlaman. Rashidovning “aybi” oʻrtamiyona yozuvchiligida emas, siyosat sarvari ekanligida edi!
***
Isteʼdod – makoning qayerda? Qay jonda ildiz otasan? Kuch-qudratni nimadan olasan? Gʻij-gʻij maʼlumotga toʻla boshdanmi? Yoki dargohing – mehr-muhabbatga boy qalbmi? Menimcha, SEN ozod ruhda qoʻnim topsang kerak. Boʻy-bastingni, sir-sinoatingni parvozga shaylangan ruhda koʻrsatasan. Tutqun bosh+u qoringa qaram vujud falaj fikrlar, toʻmtoq tuygʻular ishlab chiqaradigan bir korxona, xolos. Yosh isteʼdodlarning najot qoʻrgʻoniga aylangan Abdulla Qahhor uchun yoshlarning oʻzi najot farishtasi edi. U oʻzlarining avlodlari yoʻl qoʻygan xatoliklarni adabiyot kelajagida koʻrishdan qoʻrqardi. Xoh ijtimoiy boʻlsin, xoh ijodiy. “Men adabiyotni propaganda quroli deb bilganman, lekin senlarni bunday oʻylashga haqqing yoʻq!”. Aforizmga aylangan “Adabiyot atomdan kuchli, uning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak” fikri, avvalo Qahhorning oʻziga aytgan dashnomi edi. Targʻibot-tashviqot vositasiga aylangan adabiyot tarix axlatxonasidagi chiqindi ekanini oʻzining ishlari misolida tan oladi. Avvalida adabiyotni siyosatning soʻzi deb adashgan yozuvchi bora-bora uning sanʼat ekanini anglay boshlaydi. Jahon adabiyotini idrok etish orqali oʻzi va safdoshlari notoʻgʻri yoʻldan ketayotganini anglaydi, zamondoshlari uni “soʻz zargari” deya eʼtirof etadilar. Erkin aka Aʼzam “oʻzini bilgan odam” deya baho bergan insonni “soʻz zargari” boʻlishning oʻzigina qoniqtirganmikan? Biroq bundan-da balandlash uchun endi na tanda, na ruhda mador qolgan.
Ijtimoiy buyurtmalar isteʼdodning kushandasi. Ijodkordagi neki oʻziga xoslik boʻlsa barini bittalab tozalab chiqadi. Ruhiy quvvati soʻngan, qiyofasini yoʻqotgan qalamkashning har bir qoralamasi egasini hechlik tomon sudrashga xizmat qiladi. Abdulla Qahhor harholda haddini va oʻrnini oʻz vaqtida bildi.Yozuvchida isteʼdodni ilgʻash qobiliyati kuchli edi. U adabiy maydonga kirib kelayotgan hurfikr yoshlarni siyosatning nafaqat tazyiqidan, balki minnatli saxovatidan ham asramoqchidek tasavvur uygʻotadi. Zamondoshlarining xotiralarini sinchiklab oʻqisangiz, adib yosh ijodkorlarni ham maʼnaviy, ham moddiy qoʻllashga harakat qilgan. Non va nom gʻavgʻosini adabiyotga aralashtirmaslikni talab qiladi. Ularning tepaga talpinishini istamaydigandek, hukumat himmatidan qizgʻanadigandek taassurot qoldiradi. Albatta, bu ham kimlar uchundir gʻayirlik boʻlib koʻrinishi mumkin.
Odil Yoqubov bilan Ozod Sharafiddinov tabiatidagi yovqurlikni taniydi va teppa-teng hisoblashadi. Shukur Xolmirzayevning ijodiy salohiyatini sezib, uzrxohlik va istihola ila “bizlar savodsiz boʻlganmiz bolam, faqat Gogol bilan Chexovni oʻqib yozuvchi boʻldik”, deydi. Uchqun Nazarov va Oʻlmas Umarbekovga talabi yanada qatʼiylashadi, adabiyotni joʻn tushunishga, oʻzi qilgan xatoliklarni ular takrorlashiga haqqi yoʻqligini bot-bot taʼkidlaydi. Erkin Vohidov haqidagi fikrida burgutnigoh donishmand chiqib keladi: “Erkin juda aqlli, bilimdon, oʻta serandisha, yetti oʻlchab bir kesadigan yigit koʻrinadi. Buni sheʼrlaridan ham bilsa boʻladi… Lekin oʻta ehtiyotkorlik har doim ham oʻzini oqlayvermaydi...” Mana shu ehtiyotkorlik qachondir va qayerdadir pand berishini, shoirning ijodiy va insoniy parvozidagi katta gʻov ekanini bashorat qilgandi goʻyo.
***
2003-yil. Rahmatli Kibriyo opaning sargʻish tusga kirgan gazeta-jurnallarini saralayapman. Qayta qurish yillaridagi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining bir nashrida Aleksandr Fadeyevning oʻzini otishdan oldin yozgan xatiga koʻzim tushib qoldi. Yutoqib oʻqiyman… “Meni kirakash aravani tortadigan otga aylantirdilar, butun umrim keraksiz, yarim chaqaga ham arzimaydigan “yuklarni tashish” bilan oʻtdi. Bu rasmiyatchi toʻrachilikning behisob, nozarur ishlarini har qanday odam ham eplay olardi. Vaholanki adabiyotga katta, goʻzal niyatlar bilan kelgandim…” Oʻshanda oʻq ovozini yuragim bilan eshitdim. Hamon oʻylayman, nega taqdir menga bu vasiyatni aynan Abdulla Qahhorning ijodxonasida oʻqishni buyurdi? “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining tahririyatida yoki dadamning kutubxonalarida ham oʻqib qolishim mumkin edi-ku! Oʻzimcha javob topgandek boʻlaman. Tushlarimda ham taʼqib etadigan sochlari oppoq, siniq tabassumli, koʻzlari maʼyus, nurli qariya elliginchi yillardayoq oʻziga hukm oʻqib boʻlgandi. Fadeyev yetib kelgan haqiqatga u bora olmasmidi? Bora olardi! Boshqalarni bilmayman-u, lekin Abdulla Qahhor oʻziga shafqat qilmaslikka qodir shaxs edi. Shuning uchun ham hayotining soʻnggi oʻn yilida uning uchun ikki dunyo bir qadam boʻlib qolgandi…
Iqbol QOʻSHSHAYEVA,
“Hurriyat” gazetasi.
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q