Kelib chiqishi qul, amirlikda 25 yil vazir bo‘lgan Ostonaqulbiy taqdiri


Saqlash
16:04 / 17.04.2024 4445 1

Milliy tariximiz aks etgan manbalarga e’tibor berib qaraydigan bo‘lsak, ularning aksarida ko‘proq hukmdorlar, hukmron sulola vakillari haqida so‘z boradi. Ammo avom, ayollar, amaldorlarga oid qaydlar salmoq jihatidan ancha oqsaydi. Yaqin tariximizga qadar bu hol kuzatilganining ma’lum sabablari bor. Misol uchun, hukmdorlar tarixchi va kotiblarning bosh homiysi sanalgan, undan quyi turuvchi amaldorlarda asar yozdirish imkoni bo‘lsa-da, manbalarda ularga atab bitilgan hamd hukmdorlarga nisbatan yuqori kelishidan hayiqishgan. Jumladan, Nizomulmulkning “Siyosatnoma”, Xondamirning “Dastur al-vuzaro”, shuningdek, muallifi noma’lum “Hikoyat ul-qirq vazir” singari asarlarni keltirish mumkin. Qolaversa, muayyan amaldorlarga bag‘ishlab doim ham maxsus asar yozilmagan, tarixiy manbalardan ayrim hukmdorlar xususida qimmatli ma’lumotlarni olish mumkin. Shunday amaldorlardan biri Ostonaqulbiy (1860–1923) sanaladi. Ushbu shaxs haqidagi ma’lumotlarni siz bilan o‘rtoqlashamiz.

 

 

Kelib chiqish tarixi

 

Ostonaqulbiyning asl kelib chiqishi qullardan bo‘lib, bobosi Mashhaddan Buxoroga olib kelingan. Uning davlat ishlaridagi iste’dodi qo‘l kelib, amir nazariga tushadi, mansab pillapoyalarini birin-ketin tez fursatlarda bosib o‘tadi. Bu sharoitning yuzaga kelishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, amir faqatgina taxtga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan mahalliy amaldor va zodagonlarga suyanishni istamay, turli yo‘llar bilan Buxoroga olib kelingan qullardan o‘zi uchun amaldorlar sinfini shakllantirgan. Bu toifa odamlarning aksari etnik turkmanlar deya talqin qilinadi. Ularning diniy e’tiqodi masalasida ham turli xil qarashlar mavjud. Safaviylar hukmronligi davrida o‘zlari boshqargan hududlarda total shialashtirish siyosatini yuritgan, xususan, mavzuimizning bugungi qahramonining ajdodlari istiqomat qilgan Mashhadda ham uni qabul qilmagan aholi qattiq ta’qib ostiga olingan. Shu boisdan ularning shia bo‘lish ehtimoli yuqori. Uning lavozimidan ketishiga ham aynan diniy omil sabab bo‘lgan. Bu toifa qullarning ko‘pchiligi Nodirshoh bosqini va keyinchalik Amir Shohmurod davrida ko‘chirib keltirilgan. Bir qism aholi esa Xiva xonligining bosqinchilik yurishlari o‘ljasi sifatida olib kelinib, ma’lum qismi Buxoro bozorlarida sotilgan. Shu tariqa Ostonaqulning bobosi Muhammadbiy (taxminan 1811 yoki 1813–1889-y.y.) Buxoro amirligiga kelib qolgan.

 

U amir Nasrullo davrida sotib olingan. Keyinchalik Muzaffar boshqaruvi davrida qo‘shbegi lavozimiga ko‘tarilgan. U hatto amir Muzaffarga ruslarga qarshi urushida hamrohlik qilgan, keyinchalik, Amir Abdulahadxonning taxtga o‘tkazilish marosimida ham ishtirok etgan. Uning o‘g‘li Muhammad Sharif (1837–1888) inoq (oliy darajadagi harbiy amaldor unvoni) bo‘lib, uning besh o‘g‘li (Ostonaqulbiy, Haydarqulibek, Latifbek, Orifbek, Sodiqbek) va ismi hozircha noma’lum bir qizi bo‘lgan. Ular orasida Ostonaqul, Haydarqulibek, Latifbeklar yuqori davlat lavozimlariga ko‘tarilgan. Xususan Haydarqulibek akasi Ostonaqul Rossiya safarida bo‘lgan kezlarda bosh zakotchilik vazifasini bajarib turadi. Bu ma’lumot Ostonaqulbiy oilasining amirlikdagi o‘rni ancha mustahkam bo‘lganidan darak beradi. Abdulahadxonning onasi Shamshot asli kelib chiqishi eronlik qullardan ekani hamda amirning 1894-yildagi sunniy ulamolar bilan tortishuvi Ostonaqul qo‘rboshining amirlik boshqaruvida eng ishonchli vakil bo‘lishida muhim rol o‘ynagan. Bu voqeadan so‘ng amir Abdulahadxon Karmanada hayot kechira boshlagan.

 

 

Ostonaqulbiyning siyosiy faoliyati

 

Buxoro amirligida yaxshigina obro‘ga ega oila farzandining mansab pillapoyalarini tez orada zabt etishiga hech kimda shubha yo‘q edi. Ostonaqulbiy 1879–1886-yillar oralig‘ida strategik muhim sanalgan Qarshi va Chorjo‘y hokimi vazifasini bajaradi. Otasining vafotidan so‘ng chin inoq, devonbegi, qushbegi (1906–1910) va bosh zakotchi (zakotchiyi kalon) kabi ota lavozimlarini egallaydi. Shu o‘rinda lavozimlar ko‘pligi borasida o‘quvchida savol tug‘ilishi tabiiy. Amirlikda bir nechta lavozim vorisiylik asosida bir vaqtning o‘zida bir kishiga biriktirib berilishi mumkin edi – bu Ashtarxoniylar davridan saqlanib qolgan an’ana bo‘lgan. Ushbu tizimning yanada rivoj topishida hududlarning aksari Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib olinishi va doimiy tushumlar miqdorining kamayishi sabab bo‘ldi. Ayni vaqtda qo‘shbegi lavozimining vakolatlari ham kengayadi. Qo‘shbegi Buxoro amirligida mang‘itlar sulolasi davrida bosh vazir, amirdan keyingi oliy mansab hisoblangan. Unga barcha viloyatlar va bekliklarning hokimlari, beklari bo‘ysungan hamda amirning poytaxtda bo‘lmagan paytida u amirlikning barcha ishlarini boshqargan.

 

Ma’lumot o‘rnida, Buxoro amirligida Qo‘shbegilar ikkita bo‘lgan: “qo‘shbegiyi bolo” (yuqori Qo‘shbegi) va “qo‘shbegiyi poyon” (quyi Qo‘shbegi). Qo‘shbegiyi bolo arkda, ya’ni baland qo‘rg‘onda yashagan va saroy ishlarida yetakchi mavqeni egallagan. U doimiy ravishda arkda amir bilan muloqotda bo‘lib turgan. Qo‘shbegiyi poyon – bosh zakotchi esa ark quyisidagi hovlilardan birida yashab, amirlik hududidagi butun soliq ishlarini nazorat qilib turgan. Favqulodda vaziyat yuz bersa yoki urush boshlansa har ikki lavozim birlashtirilib “kulli Qo‘shbegi” (“kull” arabcha so‘z bo‘lib, “barcha” degan ma’noni bildirgan) lavozimi joriy qilinganligi Mirzo Salimbekning “Tarixi Salimiy” asarida keltiriladi. Kulli Qo‘shbegi amirlikda butun hukumat ishlarini o‘z qo‘lida to‘plagan va shoshilinch qarorlar qabul qilgan. Ayni paytda Amir Abdulahadxonning Karmanadan turib davlatni boshqarishi ortidan Buxoroni idora etish ham qo‘shbegi zimmasidagi vazifalardan biri edi.

 

Lavozimidan chetlatilganidan so‘ng (1910) ham u siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Dastlab Amir buyrug‘i bilan Xatirchiga chaqirib olinadi. Xatirchi hamda Ziyovuddin bekliklarida hokimlik qiladi, keyinchalik taxt valiahdi Said Olimxon tomonidan qamoqqa tashlanadi. Bu hodisani uning siyosiy raqib sifatida ko‘rilishi bilan izohlasa bo‘ladi.

 

1920-yilda amirning poytaxtdan qochishi ortidan tuzilgan yangi hukumatda Ostonaqulbiy Muhammad Yunus devonbegi bilan “ushr” markaziga rahbar etib tayinlanadi.

 

Rossiya siyosiy agentligi ochilishi bilan Ostonaqulbiyning zimmasiga yana bir mas’uliyat yuklangan, ya’ni vaqtida otasi bajargan vazifa – mazkur davlat bilan siyosiy aloqalar o‘rnatishga kirishadi. Bunda u Buxoro nomidan ish yuritgan, shartnomalar tuzgan va kelishuvlarga bosh bo‘lgan. Mazkur lavozimlarni u o‘limiga qadar egallagan. Uning siyosiy faoliyatida Rossiya imperiyasi bilan olib borilgan aloqalar ham muhim o‘rin egallaydi. Ostonaqulbiy amirning 1893 va 1903-yillardagi safarlarida hamrohlik qilgan. Bu safarlar Rossiya tashabbusi bilan amalga oshirilgan va davlat tashrifi hisoblangan. Ahmad Donish bu safarlarga ta’rif berar ekan, asosiy maqsad Turkiston va islom javohiri sanalgan Buxoroning ularga tobe’ ekanini ko‘rsatish bo‘lgan, deydi. Ostonaqulning diplomatik aloqalarga “qo‘shgan hissasi” Rossiya imperiyasining “Muqaddas Aleksadr Nevskiy” hamda “Muqaddas Anna” imperatorlik ordenlari bilan taqdirlangan.

 

 

Siyosiy hokimiyatdan ketishi

 

Ostonaqulbiy 1908-yil shialarning muqaddas bayramlaridan biri “Ashuro[1]”ni shahar ko‘chalarida nishonlashga izn beradi. Shu vaqea sabab unga qarshi kuchlar tomonidan bir yil davomida fitna tayyorlanadi. 1910-yilgi “Ashuro” marosimida sunniy talabalarning shialarni mazahlashi ortidan o‘zaro janjal kelib chiqadi va buning natijasida bir talaba vafot etadi. Janjalni boshlagan talabalarning uch nafari shialar tomonidan tutiladi. Ayni vaqtda sunniylardan iborat jamoa ham Amir qabuliga kirishga kirishadi, amir Karmanadagi rezidensiyasida bo‘lgani bois Arkdagi vaziyatni Ostonaqul qo‘shbegi nazorat ostiga olishga harakat qiladi. U shialardan iborat kichik qo‘shinni olomonni tarqatish uchun yuboradi. Kelishmovchilik bozorga ko‘chadi va 240 nafar atrofidagi sunniylar o‘limiga sabab bo‘ladi. Va sunniylar barcha shialarni o‘ldirishga kirishishadi. Vaziyat izdan chiqqanligi bois Ostonaqul qo‘rboshi Rossiya imperiyasining siyosiy agentligi rahbari Yakov Lyutshdan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. Tabiiyki bu murojaat Agentlik rahbari tomonidan ijobiy hal etiladi, 1- yanvar kuni O‘rta Osiyo temir yo‘li orqali F.Panov qo‘mondonligi ostida Samarqand va Kattaqo‘rg‘ondan (Turkiston o‘lkasi) II Ural kazaklari polki qo‘shini Buxoroga yetib keladi, tartibsizliklarni bostiradi. Ammo bu xabar Sankt-Peterburgga yetib borishi ortidan imperiya mudofaa vaziri P.Stolipin Turkiston armiyasi bosh qo‘mondoni general-mayyor G.Liliyental boshchiligida qo‘shin yuboradi. Uni taxt valiahdi Amir Sayyid Olimxon kutib oladi va olomon tinchlanishiga erishiladi. 15-yanvarda tomonlar o‘rtasida tinchlik marosimi o‘tkaziladi. Mazkur jarayon ommaviy ravishda Ostonaqul boshchiligidagi shia amaldorlarining ishdan olinishiga sabab bo‘ladi. Y.K.Mixaylovskiyning mudofaa vaziriga yozgan hisobot qaydnomasidan bu birinchi navbatda Rossiya imperiyasining mag‘lubiyati sifatida ham baholanganini bilib olish mumkin. Ushbu voqealar sabab o‘sha davrdagi Turkiston general-gubernatori I.V.Samsonov Buxoroni to‘liq imperiya tarkibiga qo‘shib olish taklifini bildiradi.

 

Etnik ozchilik vakili sanalgan Ostonaqul o‘z oilasining amirlikdagi mavqeini saqlashda Rossiya imperiyasi va uning amaldorlariga suyanishni lozim topgan. Ammo o‘zi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato tufayli amirlik taqdirining salbiy ko‘rinishda yakunlanishiga sabab bo‘lishi ham mumkin edi. Shuningdek, uning siyosat masalasidagi iste’dodiga shubha yo‘q – 25 yillik bosh vazirligi davrida Amir Abdulahadxon biron marotaba Buxoro shahriga g‘alayon sabab tashrif buyurmagan.

 

Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Ismoil G‘aspiralining Ostonaqulga bergan ta’rifini so‘ngso‘z o‘rnida keltirib o‘tsak: “Juda yosh va fahmi o‘tkir odamdir. Buxoroning moliya boshqaruvi va xazinasining hisob-kitobi uning qo‘lida”.

 

Jahongir OSTONOV,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti

tayanch doktoranti

 

Akbar IDIYEV,

O‘zRFA Sharqshunoslik instituti

kichik ilmiy xodimi



[1] Shialarda xalifa Alining o‘g‘li Husaynning Karbalo yonidagi jangda halok bo‘lganligi xotirasiga bag‘ishlab muharram oyining dastlabki o‘n kunligida o‘tkaziladigan motam marosimlari. Eron va Iroqda Ashuro kuni masjid va madrasa hovlilarida, takyaxona va husayniyaxonalarda imom Husayn va safdoshlari chekkan azob-uqubatlar haqidagi qissalar jamoat orasida o‘qiladi. Ko‘chalarda shialar yurish qilib, motam tug‘lari va shiorlarini ko‘tarib: “Shoh Husayn, voh Husayn” so‘zlarini takrorlab, nola chekishadi. Ayrimlari ko‘kraklariga to‘xtovsiz musht urib, zanjir va xanjarlar bilan badanlarini tilkalaydilar.

Ashuro kunida islom mamlakatlaridan minglab shialar Karbalo sh. ga yig‘ilishib, imom Husayn va safdoshlari qabrini ziyorat etishadi. Sunniylarda Ashuro kuni odatdagi diniy ma’rakalardek o‘tadi, ayrim joylarda “ashur oshi” ulashiladi.

1 Izoh

Samandar Salimov

19:04 / 17.04.2024

Qaysi manbalardan olingan maʼlumotlarni yozvorsangiz

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

18:05 / 24.05.2024 0 314
Ma’naviyat – inson bo‘lib yashash degani





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19523
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16964
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi